II.2. Zamonaviy ta’lim texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish.
Pedagogik texnologiyalarning asosiy jihatlari quyidagilardan iborat:
Ilmiy jihati. Pedagogik texnologiyalar pedagogika fanining asosiy sohasi bo‘lib, o‘qitish maqsadi, mazmuni va metodlarini o‘rganadi. Pedagogik texnologiyalar yordamida o‘qitish metodlari ilmiy asoslanadi va pedagogik jarayonlar loyihalanadi.
Jarayonli-ifodali jihati. Aniq ta’limiy natijaga erishishni kafolatlaydigan pedagogik jarayonni, uning maqsadi, mazmuni, metodi va vositalari majmuyini ifodalaydi.
Jarayonli-mazmunli jihati. Texnologik (pedagogik) jarayon amalga oshiriladi, barcha shaxsiy, instrumental va metodologik pedagogik vositalar ishga tushiriladi.
Pedagogik texnologiyalarning darajalari:
Lokal (mahalliy) pedagogik texnologiyalar. Didaktik va tarbiyaviy vazifalarning alohida qismlari (faoliyatning alohida turlari), tushunchalarni shakllantirish, shaxsda alohida sifatlarni rivojlantirish, dars texnologiyasi, yangi bilimlarni o‘zlashtirish, takrorlash va bilimlarni nazorat qilish texnologiyasi va boshqalar.
Xususiy metodik pedagogik texnologiyalar xususiy metodika ma’nosini anglatadi, ya’ni bunda o‘qitish va tarbiyalashning ma’lum mazmunini jorish etish maqsadida usul va vositalar majmuyi biror o‘quv predmetni o‘qitish, muayyan sinf o‘quvchilari, o‘qituvchi, tarbiyachi uchun ishlab chiqiladi va amalda qo‘llaniladi.
Umumpedagogik (umumdidaktik, umumtarbiyaviy) texnologiyalar muayyan mintaqada, o‘quv muassasasida ta’limning ma’lum bosqichidagi yaxlit ta’limiy jarayonni tavsiflaydi. Bu yerda pedagogik texnologiya pedagogik tizim sifatida qaraladi.
Shunday qilib, pedagogik texnologiyalarning muhim jihatlaridan biri, ta’limiy jarayonda talaba tutgan mavqe, o‘qituvchining talabaga munosabati hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan pedagogik texnologiyalarni quyidagi turlarga ajratish mumkin:
1. Avtoritar texnologiyada pedagog o‘quv-tarbiya jarayonining yagona subyekti hisoblanib, talaba bor-yo‘g‘i “obyekt”, bo‘ysunuvchi shaxs. Bu texnologiya talaba tashabbuskorligini va mustaqilligini chegaralab qo‘yishi jarayonning qat’iyatliligi bilan ajralib turadi.
2. Didaktikotsentrik texnologiyada ham “subyekt” nisbati o‘qituvchi va talaba faoliyatida ustunlikka ega bo‘lish bilan birga didaktik vositalar asosida bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga e’tibor qaratiladi.
3. Shaxsga yo‘naltirilgan texnologiyalar aynan shaxs manfaatini qanoatlantiradi, mamlakatimizda belgilangan ta’lim-tarbiya tizimining bosh maqsadi - mustaqil fikrlovchi shaxslarni shakllantirishga keng imkoniyatlar yaratadi, milliy ta’lim modeli tuzilmasiga mos keladi.
XULOSA
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkin ma’lumki, darslik, o‘quv qo‘llanmalar, ilmiy-uslubiy va ommabop adabiyotlarda pedagogik texnologiya bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan «o‘qitish texnologiyasi, ta’lim texnologiyasi, tarbiya texnologiyasi, rivojlantirish texnologiyasi» kabi atamalar keng qo‘llanilmoqda. Biroq hali ularning bir- birlaridan farqi va chegaralari qat’iy aniqlanib berilgani yo‘q. Pedagogik texnologiya borasida aniq qarashlar va konsepsiyalar shakllanmoqda. Masalan, bugungi kunda dastlabki paytlarda ta’lim-tarbiya uchun umumiy hisoblangan pedagogik texnologiyalarni ayrim pedagog-tadqiqotchilar tarbiya sohasiga qo‘llash mumkin emasligini e’tirof etmoqdalar. Gap shundaki, har qanday pedagogik texnologiyalar pedagogik faoliyat jarayonida tashxislanuvchan maqsadni aniqlash va unga erishishni oldindan rejalashtirishni taqozo etadi.
Birinchidan, tarbiya jarayonida tashxislanuvchi maqsadni qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki har bir (ta’lim oluvchi yoki tarbiyalanuvchi) inson ko‘p omilli tizim bo‘lib, alohida psixologik, psixofiziologik va shaxsiy xususiyatga ega.
Ikkinchidan, har qanday pedagogik texnologiya qo‘yilgan maqsadga erishishni kafolatlashi zarur. Biroq hozirgi vaqtgacha pedagogikada insonning tarbiyalanganlik darajasini va unda shakllangan muayyan shaxsiy sifatlar va insoniy qadriyatlarni, umuman unga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish natijalarini aniqlash mezonlari ishlab chiqilmagan.
Uchinchidan, bu yerda gap ta’lim oluvchilarda ma’lum shaxsiy sifatlarni shakllantirish haqida emas, balki ularning o‘z-o‘zini rivojlantirishi va kamol toptirish uchun eng maqbul shart-sharoitlarni yaratib berish haqida ketmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |