TA'LIM-TARBIYA VA KADRLAR TAYYORLASH TIZIMINI TUBDAN ISLOH QILISH, BARKAMOL AVLODNI VOYAGA YETKAZISH TO'G'RISIDA
Mavjud ta'lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilish, uni zamon talablari darajasiga ko'tarish, milliy kadrlar tayyorlashning yangi tizimini barpo etish, kelajak uchun barkamol, salohiyatli avlodni tarbiyalash maqsadida:
1. "Ta'lim to'g'risida"gi Qonun va Kadrlar tayyorlash bo'yicha milliy dasturni hayotga tatbiq etish ishlari davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi deb hisoblansin.
Respublikada ta'lim-tarbiya tizimini tubdan o'zgartirish yo'lida olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish va bu borada qabul qilingan hujjatlar mohiyatini keng jamoatchilik tomonidan chuqur anglab olinishiga har tomonlama sharoit yaratish - davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qilish idoralari, ta'lim-tarbiya muassasalari xodimlarining eng dolzarb vazifalari etib belgilansin.
2. Kadrlar tayyorlash bo'yicha milliy dasturni amalga oshirish Respublika komissiyasi ilovaga muvofiq tuzilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
"Ta'lim to'g'risida"gi Qonunni amalga oshirish ishlarini muvofiqlashtirish, ta'lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash sohasida davlat siyosati tamoyillarini hayotga tatbiq etish;
respublika vazirliklari, idoralari va muassasalari hamda mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarning ta'lim-tarbiya va kadrlar tayyorlash tizimini isloh etish bilan bog'liq faoliyatini muvofiqlashtirish;
kadrlar tayyorlash tizimi huquqiy-me'yoriy asosini Milliy dastur talablariga mos ravishda qayta ko'rib chiqishni tashkil qilish;
uzluksiz ta'limning barcha bosqichlari uchun davlat ta'lim standartlarini ishlab chiqish,
tasdiqlash va amaliyotga tatbiq etishni ta'minlash;
uzluksiz ta'lim tizimining Milliy modelini amalga oshirishni ta'minlash;
kadrlarga bo'lgan talab va taklifni o'rganish asosida ta'lim tizimining istiqbolli yo'nalishlarini belgilash;
uch yillik akademik liseylar va kasb-hunar kollejlari, oliy ta'lim muassasalari tizimini Milliy dastur talablari asosida tashkil etish va takomillashtirish bo'yicha takliflar kiritish;
xalqaro donorlar, xorijiy investorlar, jamg'arma va jamoat tashkilotlarining mablag'larini jalb etish va ulardan unumli foydalanishga sharoit yaratish;
Kadrlar tayyorlash milliy dasturining monitoringini olib borish;
Milliy dasturning bajarilishi haqida ommaviy axborot vositalari orqali muntazam ma'lumot berib borishni tashkil etish.
3. O'zbekiston Respublikasi Kadrlar tayyorlash milliy dasturining ustuvor vazifalari bo'yicha Vazirlar Mahkamasining qarorlari loyihalari va ular uchun mas'ul ishchi guruhlari tarkibi tasdiqlansin.
Ishchi guruhlar faoliyatiga yuqori malakali mutaxassislar va olimlar hamda xorijiy ekspertlarni keng jalb etish nazarda tutilsin.
4. Ta'lim muassasalari, birinchi navbatda oliy ta'lim muassasalari professor-pedagogik xodimlari safidan yetuk o'qituvchi kadrlar tayyorlash, ularning rivojlangan xorijiy mamlakatlar ta'limidagi ijobiy tajribalarni o'rganishi, o'qitishning yangi pedagogik texnologiyalari bilan tanishishi va chet ellarda tajriba orttirishini ta'minlash maqsadida "Ustoz" respublika jamg'armasi tashkil etilsin.
5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mazkur Farmonda belgilangan vazifalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilsin.
O'zbekiston
Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent shahri, 1997 yil 6 oktyabr, № PF-1869
Do'stlaringiz bilan baham: |