Frantsiyada ta’lim tizimi
Frantsiya ta’lim tizimi ham qadimiy va boy tarixga ega. Bu mamlakatda «Ta’lim haqida»gi Qonun dastlab 1955 yilda qabul qilinib, 1975 yilda unga qator o’zgartirishlar kiritilgan.
Frantsiya davlatining hozirgi davrda amal qilinayotgan «Ta’lim haqida»gi Qonuni 1989 yil 10 iyulda qabul qilingan bo’lib, uning o’zgartirilishiga ta’lim strategiyasida ro’y bergan o’zgarishlar, mamlakatning ichki, tashqi siyosatdagi islohatlar, yuzaga kelgan iqtisodiy sharoitlar, chet el pedagogikasidagi ilg’or tajribalarning mamlakat ta’lim tizimlariga kirib kelishi, o’quv predmetlarining integratsiyalari va boshqalar sabab bo’ldi.
Frantsiyada ta’limning asosiy maqsadi shaxsning har tomonlama kamol topishini ta’minlash, uni mustaqil faoliyatga tayyorlash, bozor munosabatlari sharoitida o’quvchilarni tadbirkorlikka, ishbilarmonlik va omilkorlikka o’rgatish, shunga yarasha kasb-korga ega qilishdan iboratdir. Bu yerda:
Davlat maktablari;
Xususiy maktablar;
Oraliq maktablari mavjud.
O’qitiladigan predmetlar ichida frantsuz tili va adabiyoti, o’qish va yozuv alohida ahamiyatga molik bo’lib hisoblanadi. Ular uchun dars vaqtining 30% ajratiladi. O’rtacha haftalik soatlar 26 soatdan iborat, darsning davomiyligi esa 60 minut. O’quv yili 5 chorakka bo’linadi. Frantsuz maktablari boshlang’ich sinflarida o’qish ertalabki va tushdan keyingi qismlarga bo’linadi. Ertalab o’quvchilar ona tilidan, tushdan keyin esa matematika va boshqa predmetlardan saboq oladilar. Matematika, ona tili va adabiyoti baza predmeti, tarix, geografiya, mehnat, jismoniy tarbiya predmetlari esa rivojlantiruvchi predmetlar hisoblanadi.
Frantsiya ta’limida bolalarning go’daklik chog’idanoq maktabda o’qitish uchun tayyor holda olib kelish g’oyat muhim masala hisoblanadi. Bu bosqichda tarbiyalanuvchilar quyidagicha tabaqalashtirilgan: kichik guruh (2-4 yosh), o’rta guruh (4-5 yosh), katta guruh (5-6 yosh). Maktabga tayyorlov guruhi (5-6 yosh) bo’lib, ularga Frantsiyada 100% shu yoshdagi bolalar qamrab olingan. Bolalarni maktabga tayyorlash uchun alohida dastur va darsliklar mavjud.
Frantsiyada boshlang’ich ta’lim maktablariga 6 yoshdan 11 yoshgacha bo’lgan bolalar jalb qilinadilar. Boshlang’ich maktab bepul va majburiy. Uning vazifasi o’qish, yozish, hisoblash malakasini berishdir. O’quv mashg’ulotlari ertalab soat 9 dan 12 gacha, hamda soat 14 dan 16 gacha 5 soat davom etadi. Maktabda ovqatlanish pullik, lekin juda arzonlashtirilgan narxlarda. Boshlang’ich sinflarda o’qish uch bosqichda amalga oshiriladi:
Tayyorlov bosqichi;
Elementar kurs (bu bosqich ikki yil davom etadi);
CHuqurlashtirilgan bosqich.
Dasturlarda o’quv predmetlarning barchasiga uch bosqich bo’yicha aniq, alohida-alohida talablar qo’yiladi.
1990 yildagi hukumat qarorida bolalarni bilimiga, qobiliyatiga qarab dars jadvalini tabaqalashtirgan holda tuzish huquqi berildi.
O’quvchilar 11 yoshda boshlang’ich maktabni tugallab o’rta maktabga o’tadilar. O’rta ta’lim esa kollejlar va litseylarda amalga oshiriladi. O’rta ta’lim ikki bosqichda beriladi. Birinchi bosqich (11 yoshdan 15 yoshgacha) 4 yil bo’lib, eng kichik sinf 6-sinf, 5-4 o’rta sinf, 3-sinf esa katta sinf hisoblanadi. Demak sinflarni raqamlash yuqoridan pastga qarab amalga oshiriladi. 6-5 sinflar umumiy o’rta ta’lim, 4-3 sinflar esa o’quvchilarning moyilligiga qarab beriladi. Bu birinchi bosqichni tugatgach, o’quvchilar kasbiy yo’nalishlari bo’yicha guvohnoma oladilar. So’ngra ikkinchi bosqich boshlanadi. Bu bosqichda 15-18 yoshgacha bo’lgan bolalar ta’lim oladilar. Ular uch yil o’qib bakalavr unvoni va diplomi uchun imtihon topshiradilar. Ana shunda diplom olgan o’quvchilargina oliy o’quv yurtlarga qabul qilinish huquqiga ega bo’ladilar. Frantsiyada talabalar pedagogika, politexnika instituti, oliy ma’muriy maktablarga kirish uchungina imtihon topshiradilar. Bundan tashqari shu kasbga moyilligi ham alohida sinab ko’riladi. Boshqa oliygohlarga va universitetlarga esa bakalavr diplomi bo’lgan yoshlar imtihonsiz qabul qilinaveradi.
Oliy ta’lim universitetlarda uch turkumda amalga oshiriladi.
Birinchi turkum: umumiy bo’lib, o’qish muddati ikki yil davom etadi.
Ikkinchi turkum: o’qish bir yil davom etadi. Talabalar uni magistr darajasi bilan yakunlaydi.
Uchinchi turkum: o’qish 1—2 yil davom etadi. Bu tsiklda:
biron bir predmetni chuqurlashtirib o’rganilganligi haqida diplom 1 yil;
ixtisoslashtirilgan oliy ma’lumot to’g’risida diplom 1-yil;
uchinchi turkum doktorlik dissertatsiyasi 1—2 yil;
davlat doktorlik dissertatsiyasi biron-bir sohani mukammal o’rganib dissertatsiya yozish kabi hujjatlar olish mumkin.
Frantsiyada oliy ma’lumot va ixtisos beruvchi oliy texnologik institutlar mingdan ortiq. Ular odatda sanoat, maishiy xizmat ko’rsatish, informatika mutaxassisliklariga ixtisoslashgan. O’qish muddati 2 yil bo’lib, sakkiz xaftalik ishlab chiqarish amaliyotini ham ko’zda tutadi.
Sirtqi ta’lim shoxobchalari juda keng bo’lib, u 500 turdagi o’rta, oliy professional ma’lumot berishni tavsiya eta oladi.
Frantsiyada maktab rahbarligi lavozimiga erishmoq uchun ta’limga rahbarlik qilishdan saboq beruvchi maxsus markazlarda o’qiydilar. Bunday markazlarda ular rahbarlik qilish, maktab iqtisodiyotini boshqarish, ta’limdagi yuridik masalalar, qonunchilik, ota-onalar bilan ishlash, madaniy oqartuv ishlarini tashkil etish, jamoada yaxshi psixologik muhitni barpo etish kabi jihatlarni o’rganadi. O’qishni yakunlagach, suhbatdan, test imtihonlaridan o’tadilar. Direktor dars bermaydi. Uning ish faoliyatini ikki yil davomida diqqat bilan kuzatib boriladi. SHu ikki yil davomida maktab direktori talantli tashkilotchi, yetuk rahbar sifatida faoliyat ko’rsata olmasa, u bu lavozimidan olib tashlanadi. Maktab o’quvchilariga qo’yilgan talab Frantsiyada o’ta yuqori. Ayniqsa, boshlang’ich maktablarda o’qituvchi o’z kasbini ustasi, ajoyib notiq, san’atkor, musiqachi, sportchi, tashkilotchi, namunali xulq-atvor egasi bo’lmog’i lozim.
O’qituvchilar o’z nazariy — uslubiy malakalarini oshirishga ahamiyat beradilar. Malaka oshirish kurslaridan o’tish uchun aniq muddat belgilab qo’yilmagan. O’qituvchilar o’z ixtiyorlari bilan test markazlarida imtihon topshiradilar.
SHu imtihonlar davrida o’qituvchi faoliyatida ayrim nuqsonlar sezilib, malaka oshirishga ehtiyoj aniqlansa, o’z vaqti va mablag’lari hisobiga malaka oshiriladi.
2000 yilda Frantsiya maktablaridagi ahvol sinchiklab o’rganilib, o’quvchilarning ko’pchilik darslarga kirmay boshqa ishlar bilan mashg’ul bo’lib yurishi aniqlangach, bu kamchilikni tuzatish uchun jiddiy choralar ko’rilmoqda. Politsiyani bu ishga jalb etib, dars vaqtida boshqa joylarda yurgan bolalarni tutish, ularga jarima solish va maktabga eltib qo’yish yuklatiladi. O’z farzandlarini maktabga yubormogan ota-onalarni esa sud hukmi bilan jazolanadi. Unda hatto qamoq jazosi ham belgilab qo’yilgan. CHunki aynan darsga qatnashmay yurgan bolalar o’rtasida narkomaniya va huquqbuzarlik kabi holatlar ko’p uchraydi. Umuman Frantsiyada ta’lim tizimini rivojlantirish uchun bu yil juda katta mablag’ ajratilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |