Kar`yer haqida tushuncha. Pog’ona elementlari
Yerning ustki qismida ochiq kon ishlari olib borilishi natijasida katta chuqurliklar paydo bo’ladi. Chuqurliklarning yig’indisi kar`er (ochiq kon ishlari korxonasi) deb aytiladi. Bu chuqurliklarning ko’ndalang kesimi chegarasi tutashmagan bo’ladi.
Ma`muriy-xo’jalik tushunchasida esa kar`er deb konni ochiq usulda qazib olishni tashkil etadigan kon korxonasiga aytiladi. Ko’mir sanoatida va sochilma konlarni ochiq usul bilan qazib olishda kar`erni kesim (razrez) deb ataladi.
Foydali qazilmalarni, qkoplovchi va o’z ichiga oluvchi tog’ jinslarini qazish ishlari tabaqalangan holda yuqoridan pastga qarab olib boriladi. Natijada qazish ishlari olib borilayotgan tog’ jinslari massivi pog’ona shaklini egallaydi.
Aloxida qazish, yuklash va tashish vositalariga ega bo’lgan (ta`minlangan) va pog’ona shaklidagi ishchi yuzaga ega bo’lgan tog’ jinsi qkatlamining bir qismiga pog’ona deyiladi.
Har bir pog’ona unda transport vositalarining gorizont bo’yicha joylashuviga mos keluvchi balandlik belgisi bilan xarakterlanadi. Pog’ona belgilari (otmetka) absolyut, ya`ni mutlaq (dengiz satxiga nisbatan) yoki shartli (yuzadagi doimiy punktga nisbatan) bo’lishi mumkin.
Aloxida qazish vositalari bilan qazib olinadigan, lekin barcha pog’onalar uchun umumiy bu’lgan transport vositalari bilan xizmat ko’rsatiladigan pog’onaning balandligi bo’yicha qismiga pog’onacha (podustup) deyiladi.
Pog’onalarning ish olib boriladigan va ish olib borilmaydigan turlari mavjud. Ish olib boriladigan pog’onada qoplovchi tog’ jinslarini olib tashlash yoki foydali qazilmalarni qazib olish ishlari amalga oshiriladi.
Pog’ona ostki va ustki maydonchalar, qiyalik va brovkalardan iborat (10.2- rasm) bo’ladi. Pog’onaning qazib olingan tomoni bo’yicha burchak ostida chegaralovchi qiyalik pog’ona qiyaligi deyiladi. Pog’ona qiyaligini uning ostki va ustki maydonchalari bilan kesishgan chizig’iga mos ravishda ustki (s) va ostki (d) brovkalar deyiladi.
10.2 – rasm. Pog’ona elementlari va parametrlari.
Pog’ona balandligi Nu ish olib borish xavfsizligini hisobga olgan holda o’rnatiladi va ekskavator o’lchamlari hamda tog’ jinslarining fizika-texnik xususiyatlariga bog’liq bo’ladi. Ko’plab kar`erlarda pog’ona balandligi 10-15 m ni tashkil etadi, ba`zan esa 20-40 m ga etadi. Ish olib boriladigan pog’onaning qiyalik burchagi odatda 65-80˚ ga teng, ish olib borilmaydigan pog’onada bu ko’rsatkich 45-60˚ ni tashkil etadi.
Ish olib boriladigan pog’onani uning balandligi bo’yicha chegaralovchi gorizontal yuzaga ustki (a) va ostki (v) maydonchalar deyiladi. Qazib olish uchun mo’ljallangan jixozlar (burg’ulash dastgoxlari, ekskavatorlar, transport vositalari va b.) joylashgan maydon ishchi maydon deyiladi. Ishchi maydon kengligi 40-70 m ni tashkil etadi. Agar maydonda kon ishlari to’xtatilsa, u holda ish olib borilmaydigan maydon deyiladi.
Pog’ona odatda ketma-ket ravishda parallel tasmalar (polosa), 10-20 m kenglikdagi ba`zan esa undan kengrok bulgan zaxodkalar bilan qaziladi. Zaxodkalarning boshi berk qismi (e) kovjoy (zaboy) deyiladi. Zaboyda bevosita foydali qazilma yoki qoplovchi jinslarni qazish-yuklash ishlari amalga oshiriladi. Natijada zaboy siljib boradi va zaxodka qazib olinadi, so’ngra esa yangi zaxodkaga o’tiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |