3.Boborahim Mashrab. Boborahim Mulla Vali (Valibobo) oʻgʻli
Mashrab oʻz ijodi bilan oʻzbek adabiyotida xalqchillik, ijtimoiylik va
dunyaviylikning chuqurlashuvida, jaholat va bidʼatta qarshi kurash
gʻoyalarining kuchayishida, sheʼriyat shakllarining takomillashuvi
hamda badiiyatning kamolga erishuvida katta oʻrin tutgan soʻz
ustalaridan biridir.
Mashrab faqat otashzabon ijodkor sifatidagina emas, balki, ayni
zamodda, adolatsizlik va zoʻravonlik, qabohat va jaholat bilan aslo
kelisha olmaydigan dovyurak shaxs sifatida ham dong taratgan. Xalq
tasavvurida u johil amaldorlar ustidan kuluvchi, axloqan tuban
kishilarni, munofiq din arboblarini ayovsiz fosh qilib, mehnatkashlar
manfaatini himoya etuvchi botirsoʻz, tadbirkor kurashchi tarzida
shakllangan: oddiy xalq Mashrab timsolida oʻz ishonchli vakilini, oʻz
orzu intilishlarini baralla ayta oluvchi otashin siymoni koʻrgan.
Boborahim Mashrab hayoti va ijod yoʻli haqida maʼlumot beruvchi
tarixiy manbalar koʻp emas. Uning nomi XVIII–XIX asrlardatuzilgan
ayrim tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda (Muhammad Bade
Malehonning “Muzakkir ul-asʼhob”, “Tazkirai Fah-miy”, “Musavvai
Abdushshukur Ziyo”, “Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy”) zikr
etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan
maʼlumotlar nihoyatda kam, uzuq-yuluq va biri-biriga zid.
Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq maʼlumot
beruvchi manba yoʻq. Uning oʻz asarlarini toʻplab devon yoki biror
majmua tuzganligi maʼlum emas. Faqat “Devoni Mashrab”, “Devonai
Mashrab”, “Eshoni Mashrab”, “Hazrati shoh Mashrab” nomlari ostida
xalq orasida qoʻlyozma va toshbosma shaklida juda keng tarqalgan
qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi aniq
belgilangan emas) shoirning hayot yoʻli va ijodiy faoliyati maʼlum
tartib va izchilikda bayon etiladi, asarlaridan namunalar keltiriladi.
Mashrab faoliyatining qator nuqtalari aniq va tarixan toʻgʻri qayd
etilganidan qissaning birinchi nusxalari shoirni yaqindan bilgan va
asarlaridan yaxshi xabardor shaxs tomondan, oʻsha davrlardayoq
yaratilgan, deb taxmin etish mumkin. Ayni zamonda, u uzoq yillar
davomida oʻzgartirish va tuzatishlarga duch kelgan, turli toʻqimalar,
yangi-yangi rivoyat, naqllar, sarguzasht va latifanamo lavhalar bilan
toʻldirila borilgan. Natijada qissalarda tarixiy Mashrab faoliyati xalq
tasavvuridagi toʻqima Mashrab hamda u haqidagi sarguzasht –
rivoyatlar bilan qorishibchatishib ketgan. Shunday boʻlsada, Mashrab
haqidagi qissalar shoir hayot yoʻlini nisbatan toʻla va bosqichma-
bosqich oʻzida jamlovchi adabiy tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat
kasb etadi.
Boborahim Mashrab 1640 yilda (hijriy hisob bilan 1050) Namanganda
kambagʻal kosib boʻzchi Valibobo oilasida dunyoga keldi. Qissa
maʼlumotlariga koʻra, Boborahim otadan yosh yetim qoladi, oilaning
moddiy qiyinchiliklari yanada ortadi. Onasi ip yigirib tirikchilik
oʻtkazadi. Qissada boʻlajak shoirning goʻdakligidanoq nihoyatda halol,
ziyrak, toʻgʻrisoʻz boʻlganligi, hozirjavob va mushohadaligi bilan
tengqurlaridan ajralib turishi alohida taʼkidlanadi. Har holda oʻz davri
bilimdonlaridan, xususan din asoslari va falsafadan durustgina
boxabar boʻlgani uchun Namanganning soʻfiy eshoni Mulla Bozor
Oxund nomi bilan shuhrat qozongan Xoʻja Ubaydullo qoʻliga tahsil
takmiliga topshirilgan. Boborahim maʼlum muddat Mulla Bozor
Oxundda diniy taʼlimot va soʻfiy tariqatlari boʻyicha bilimini oshiradi,
forsiy tilni oʻrganadi, ayni zamonda, Sharq sheʼriyatini, xususan,
uning yirik vakillari merosini qiziqish bilan mutolaa qiladi.
Taxminan 1665 yillarda Mulla Bozor Oxund tavsiyasiga qoʻra oʻsha
zamonda katta obroʻga ega boʻlgan yirik din arbobi koshgʻarlik
Hidoyatullo Ofoq Xoja eshon huzuriga boradi. Boborahim koʻp
bilimlar sohibi, fozil Ofoq Xojaga sidqididdan murid tushadi, uni
oʻziga murshidi komil deb qabul qiladi va yetti yil uning dargohida
xizmatini oʻtaydi, yumushlarini bajarib, saboq oladi, muridlari
qatorida kun kechiradi. Qissalarda taʼkidlanishicha, sheʼriyatni yuksak
qadrlagan Ofoq Xoja Boborahimning ijodiy iqtidorini yuqori
baholaydi, hatto “Mashrab” taxallusini ham u tavsiya etadi. Mashrab
gʻazallarining birida uchrovchi mana bu baytda ham xuddi shu
mazmun ifodalangan:
Quddisa sirrihu Xojam otimni “Mashrab!” dedilar,
Koshgʻaru Yorkand ichida sohibi guftor oʻzim!
Shoir adabiy merosidagi diniy mazmun va tasavvufiy yoʻnalish
ruhidagi sheʼrlarning koʻpchilik qismi Ofoq Xoja dargohida va uning
targʻibot saboqlari taʼsirida yaratilgan desak, xato boʻlmas. Ofoq
Xojaning shaxsiy xislat fazilatlarini madh etuvchi, uni “piru rahbar”
deb tan oluvchi baytmisralarining tarkibida jamʼ etgan gʻazal va
muxammaslar ham (“Koshki”, “Oʻzim” radifli gʻazallar, “Qolmadi”
radifli muxammas) shu muridlik yillari mahsulidir.
Mashrab taxminan 1672–73 yillarda OfoqXoja dargohini tark etishga
majbur boʻldi. Shoir hayot yoʻlini bayon etuvchi qissalarda qayd
etilishicha, bunga Mashrabning piri dargohidagi kanizlarining biriga
koʻngil qoʻygani, sevibsevilgani rasmiy sabab boʻlgan. Ammo
Mashrabning ogʻir jismoniy jazolanib quvilishi zaminida pir bilan
murid oʻrtasidagi jiddiy gʻoyaviy ziddiyatlar boʻlgan deyilsa haqiqatga
muvofiq boʻladi.
Mashrab Koshgʻardan 1673 yilda Namanganga – onasi yoniga
qaytadi. Kasalmand onasining vafotidan keyin hech kimi qolmagan
shoirning qoʻnimsiz hayoti boshlanadi. Uning keyingi deyarli qirq yillik
umri doimiy safarda, darbadarlikda, turli oʻlkalardamusofirliqdaoʻtdi.
Turli adabiy tarixiy manbalar, shuningdek, kissa nusxalari Mashrab
borgan shahar yurtlari, safar tartibi haqida xilma xil, koʻpincha
biribiridan farkli maʼlumotlar beradi. Ularda shoirning Samarqand,
Xoʻjand, Toshkent, Turkiston, Buxoro, Andijon, Badaxshon,
shuningdek, Yaqin Sharqning qator oʻlkalariga borganligi haqida
soʻzlanadi. Mashrabning adabiy merosida hayot yoʻlining qator
nuqtalari jumlasida yuqorida sanalgan shaharoʻlkalarning koʻplari zikr
etiladi. Mashrabning biror shahar-qishloqqa kelishi izsiz oʻtmas edi,
maʼlum shov-shuvlarga sabab boʻlardi: oddiy xalq samimiyat va
xursandchilik bilan, hokim, amaldorlar, riyokor kishilar esa hadiksirab,
dushman koʻzi bilan sovuq qarshi olardilar. Mashrab qoʻnimsiz
hayotining soʻngi nuqtasi Balhda ham xuddi shunday boʻldi: hokim
tabaqa va bir guruh riyokorlar unga oʻzlarining ashaddiy dushmani
deb qaradilar va jisman yoʻqotish niyatida boʻldilar. Natijada,
“Tazkirai Fahmiy”da qayd etilganidek, “dar soli 1123 hijriy dar
Qunduz bafatvoi ulamo va hukmi Mahmudbiy Qatogʻon shahid karda
shuda”, yaʼni “1123 hijriy (1711 milodiy) yilida Qunduzda (Balx
viloyatida) ulamolarning fatvosi va Mahmudbiy Qatogʻon (Balx,
Qunduz hokimi)ning hukmi bilan shahid boʻldi”. Otashin shoir,
dovyurak shaxs, jasur qalb sohibi Boborahim Mashrab osib oʻldirildi.
Boborahim Mashrab mumtoz adabiyotimiz buyuk namoyandalarining
ilgʻor anʼanalarini oʻrganib yirik shoir boʻlib shakllandi, kamolga yetdi.
U qoddirgan merosda, birinchi navbatda, ishqiy mavzudagi
gʻazalmuxammaslardan ana shu anʼanalarning barakali taʼsirini aniq
kuzatish mumkin. Masalan: Mashrab Lutfiyning mashhur:
Sen-san sevarim, xoh inon, xoh inonma,
Qondur jigarim, xoh inon, xoh inonma –
matlaini oʻzgartirmay kabul qilib, uni shu oʻynoqi vazn, shu qofiya va
radif, shu ruhda davom ettiradi, buyuk ustoziga hurmat hamda
sanʼatini tan olishi belgisi sifatida oʻxshatma gʻazal yaratadi.
Mashrabning ijodiy kamolotida, ayniqsa, Navoiy merosining ijobiy
taʼsiri katta boʻldi. Shoirning eng yaxshi asarlarida biz Navoiy ijodiga
xos falsafiylik va dunyosevarlikni koʻramiz, mazmunning hayotiyligi,
xalqchilligini, vazn ravonligi va oʻynoqiligini qayd etamiz, mavzu
tanlash va uni badiiy talqinida yaqinlik va oʻxshashlikni uchratamiz.
Mashrab muxammaslaridan birida maʼshuqaning uchrashuv haqida
oshiqqa vaʼda bergani, oshiqning tunlarni bedor oʻtkazib, intizorlik
bilan vasl daqiqalarini kutishi toʻgʻrisida soʻz boradi. Ammo, maʼshuka
vaʼdani buzadi, vafosizlik koʻrsatib uchrashuvga kelmaydi.
Muxammas oshiqning ana shu holatdagi hayajonini, histuygʻularini,
hijronda yorni kutishdagi nozik kechinmalarini yuksak badiiylik bilan
nihoyatda jonli ifodalaydi:
Vaʼda qildi bir kelay deb, koʻzga uyqu kelmadi,
Telmurub yoʻlida qoldim, shoʻxi badxoʻ kelmadi,
Necha keldi shum raqiblar, ul pariroʻ kelmadi,
Dardidin oʻldim, tabib, dardimgʻa doru kelmadi,
Men shahidi ishq boʻldim, qatrai suv kelmadi.
Oʻn ikki band davomida mavzuni shu yuksak saviyada badiiy tahlil
etuvchi bu muxammas Mashrab ijodiga Navoiyning barakali taʼsirini
koʻrsatuvchi yaqqol misol boʻla oladi. Bunda ulugʻ shoirning: “Kecha
kelgumdur debon ul sarvi gulroʻ kelmadi” misrasi bilan boshlanuvchi
mashhur gʻazalidan Mashrab ilhomlanganligi koʻzga ravshan
tashlanadi.
Mashrab Navoiy merosidan lirikada jiddiy ijtimoiy mazmun
ifodalashni, norozilik ohanglari va tanqidiy fikrlarni ishq-muhabbat
mavzuidagi sheʼrlar jismiga “joylab yuborish” mahoratini ham
oʻzlashtirdi, ijodiy rivojlantirdi.
Mashrab ijodidagi ijtimoiy mazmundorlik va kuchli tanqidiy yoʻnalish
shoirning ilgʻor dunyoqarashi, xalqchil falsafasi, zamonasidagi salbiy
voqea-hodisalarga aniq tanqidiy munosabatidan shakllangan. Qatiy
aytish mumkinki, chuqur ijtimoiylik va kuchli tanqidiy munosabat
Mashrabning umumijodiy faoliyatida ustivorlik qilgan hamda
yaratgan koʻpdan-koʻp asarlarining asl fazilati darajasiga koʻtarilgan.
Shahar va qishloqlar ezilgan ommasining gʻamu hasratlarga toʻla
kulfatli hayotini badiiy tasvirlash xalqchil shoir ijodida yetakchi
mavzulardan biri boʻlgan. Doimo xalq ichida yurib, uning yashash
sharoiti va orzu-intilishlaridan yaqindan xabardor boʻlgan Mashrab
mashaqqatli hayotni haqqoniy badiiy lavhalarda mahorat bilan
tasvirladi, nihoyatda sodda, ravon, ammo mazmunan zalvorli
misralarda samimiy hamdardlik va yurakdan achinish tuygʻularini
taʼsirchan ifodaladi. Sheʼrlaridan birida “Azaddin men dili gʻamgin
xaloyiq xaylini sevdim!” deb yozgan shoir boshqa bir oʻrinda
“Oʻzimdek xonavayronlarni koʻrsam zor yigʻlarman!” deya ezilgan
ommaga toʻla xayrixoh ekanligani alohida taʼkidlaydi.
Mashrab sheʼriyatida “koʻzi yoshli”, “baxti qaro”, “dard axdi”ga,
“gʻam xayli”ga hamdardlik, ular bilan hamdamlik gʻoyalari qayta-
qayta takrorlanishi bejiz emas.
Mashrabning “Tanho” radifli muxammasida bevosita xalq va uning
turmush sharoitini haqqoniy koʻrsatuvchi lavhalar chizilgan. Har bir
oʻquvchi yuragini oʻrtovchi mana bu misralar shoir ijodining toʻla
xalqchil mohiyatiga ishonchli dalildur:
Dili tigʻi sitamdin pora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Tanu dardu alamdin yora boʻlgan xalqni koʻrdim,
Koʻzi vaqti sahar sayyora boʻlgan xalqni koʻrdim…
Boborahim Mashrab qoldirgan ijodiy merosda diniy va tasavvufiy
gʻoyalar ham, oʻsha zamonda keng tarqalgan qalandarlik tariqatining
ayrim ohanglari ham sezilarli oʻrin egallaydi. Shoir islomning asosiy
nazariy qoidalarini shubhasiz qabul etadi. Ammo, ayni zamonda,
islom taʼlimotining bir qator zohiriy belgilarini, birlamchi deb
hisoblangan qonun-qoidalarini, shariatning ayrim koʻrsatma
talablarini, farz sunnatlarini tan olmaslik va past nazar bilan qarash
ham koʻzga tashlanadi, ayrim diniy rukn tushuncha va muqaddas deb
bilingan marosim va odatlarga, talqin va aqidalarga shubha bilan
qarash, hatto, ochiqdan-ochiq mensimaslik va masxaraomuz
munosabat ancha-muncha uchraydi.
Turli-tuman shakl va talqinlarda jilovlanuvchi bu dunyoqarashning
butun mohiyat magʻzi shoirning quyidagi qatʼiy eʼtirofida nihoyatda
yaqqol va loʻnda ifodalangan:
Bir Xudodin oʻzgasi barcha gʻalatdur, Mashrabo,
Gul agar boʻlmasa ilkimda tikonni na qilay?!
Ha, birgina qudratli Yaratuvchidan boshqa hamma-hammasi “gʻalat”,
yaʼni xatodir, deydi shoir. Baytda Mashrab birinchi misra mazmunini
ikkinchi misrada hayotiy va tasavvufiy ramz timsollar vositasida
namoyon etadi.
Umuman tasavvuf taʼlimotida boʻlganidek, Mashrab ijodida ham,
faqat Allohnigina tan olish, yakka ungagina chin muhabbat qoʻyish va
uning vasliga talpinish jarayonida barcha “gʻalat”larni rad etish soʻfiy
adabiyotda asrlar davomida qaror topgan ramz-timsollar, tushuncha-
boralar (“Ishq”, “Muhabbat”, “Yor”, “Jonona”, “Gul”, “May”, “Boda”,
“Visol” va boshqalar) vositasida amalga oshirilgan. Shoir sheʼrlarida
bu mazmun qatiy keskin ruhda, baʼzan, hatto qoʻpol, dagʻal ohangda,
ammo doimo ravshan ifodasini topgan: …Yorsiz ham bodasiz
Makkaga bormoq ne kerak?! …Urayinmu boshima sakkiz behishtu
doʻzaxin?! …Koʻrmasam bir dam Seni bayt ul-haramni naylayin?!
…Ikki dunyodin koʻzum yumdum Sening zavqing bilan! …Meni
devona Mashrabgʻa muhabbatdin bayon aylang…
Yuqorida aytilganlar toʻla nazarda tutilsagina, Mashrab ijodiy
merosida koʻplab uchrovchi bu kabi xitob taʼkidlarning asl mazmuni,
tasavvufiy mohiyati yuzaga chiqadi, faqat shundagina shoir falsafasi,
kuzatayotgan bosh maqsadi toʻgʻri baholanadi.
Albatta Mashrab sheʼriyatining har bir namunasidan tasavvufiy
mazmun va soʻfiy ramz timsollarni qidirish, har bir holatda maʼshuqa
madhi va uning vasliga intilish zaminida Yaratuvchi madhi va unga
sigʻinish, talpinishni tushunish xatodir.
Mashrab qoldirgan ijodiy merosda hayotiylik, tirik inson va uning
insoniy kechinmalarini ifodalash, xislat fazilatlarini taʼriflash, orzu-
umidlari, shodlik-quvonchlari va gʻam-tashvishlarini haqqoniy
tasvirlash ham salmoqli oʻrin egallaydi. Bu mavzu asosan, hayotiy
ishq-muhabbatni ulugʻlash, goʻzal yorni – maʼshuqa husnu latofatini
taʼriflash, oshiqning sevgi-sadoqatini, yor vasliga intilishini ishonchli
tasvirlash jarayonida tahlil etiladi.
Hayotiy ishq-muhabbat mavzui Mashrab ijodida Sharq sheʼriyatining
gʻazal, mustazod, murabbaʼ va muxammas, shuningdek, musaddas va
musabbaʼ turlarida ishlandi. Bu guruh asarlari asosida tashvish va
lazzatlarga toʻla insoniy sevgi yotganligini koʻramiz. Shoir maʼshuqa
siymosini chizar ekan, shunday badiiy mahorat namoyish etadiki,
natijada lirik “men” koʻnglini zabt etgan yor oʻquvchi koʻzi oddida
oʻzining butun ayollik latofati, nazokati, ichki hissiyoti, xulq-atvori,
sharmu hayosi, nozu jilvasi, kiyinishi, yurish turishi bilan jonli
gavdalanadi; oʻquvchi ham uni oshiq qatorida sevib qoladi, oʻzida
ham qandaydir latif hissiyot joʻsh urayotganini, koʻnglida nozik
kechinmalar tugʻyonga kelayotganini sezadi. Xuddi shuning uchun
ham oʻquvchi oshiqning alam-iztirobiga, hijronda cheksiz
qiynalayotganiga ishonadi, oshiq bilan hamkorlikda xayolga
choʻmadi, ezgu orzularga beriladi, uning qaygʻusiga sherik boʻladi.
Chindan ham Mashrabning ishqiy lirikasi, uning barcha sheʼrlari kabi,
hayotiy mavzui va joʻshqinligi, nihoyatda ravon va oʻynoqiligi, xalq
qoʻshiqlari kabi sodda va samimiyligi bilan tinglovchilar qalbiga tezda
yoʻl topa biladi, ularga badiiy zavq baxsh etadi. Shoir agar taʼbir joiz
boʻlsa, asarlarining shu fazilatlari bilan sheʼriyatda Mashrabona uslub
yaratdi. Aytilgan fazilatlar jumlasiga shoʻx vazn va jarangdor
radifqofiyalar tanlash, xalq jonli tilidan oʻrinli va unumli foydalanish,
har bir misraga surʼat va joʻshqinlik baxsh etish mahoratini ham
kiritish joiz.
Mashrabning adabiy merosi toʻgʻrisida soʻz borganda uning mustazod
va murabbaʼlari xususida alohida toʻxtash zarurati bor. Taʼkidlash
lozimki, shoir oʻtmish sheʼriyatimizda eng koʻp va har jihatdan yetuk
mustazod yaratgan ijodkor sifatida bu oʻynoqi va shoʻx lirik turning
adabiyotimizda uzilkesil mustahkamlanishi va boyishiga katta hissa
qoʻshdi. Mashrab mustazodlarida insoniy sevgi-muhabbatni kuyladi,
shu zamin goʻzalini madh etdi, uning barkamol chiroyi va latofatini
ulugʻladi, sadoqat va vafodorlikni chin ijobiy fazilatlar sifatida targʻib
etdi.
Shoirning butun ijodiy faoliyatiga xos boʻlgan xalqona uslub va badiiy-
tasviriy vositalar rang-barangligi uning murabbaʼ va muxammaslarida
ham koʻzga ravshan tashlanadi. Ayniqsa, har bir bandi:
– Ey bod, yetkur, yora salomim!
– Yorga yetar kun bormu, yoronlar?! –
misralari bilan yakunlanuvchi romantik ruhda bitilgan murabbalari oʻz
gʻoyaviybadiiy kamoloti jihatidan alohida ajralib turadi.
Mashrabning lirik shoir sifatida yuksak badiiy mahorati uning sakkiz
band – ellik olti misradan tashkil topgan musabbasida ham butun
fazilatlari bilan yuzaga chiqqan.
Vah-vah, na goʻzalsan, na ajoyib, na qiyomat!
Hay-hay, na jafo qilsa sanam – jonima rohat!
Bayt radifi har bandida takrorlanuvchi bu musabbani umuman
oʻtmish sheʼriyatimizda yaratilgan bu tur asarlarining eng yetuk
namunalari qatoriga kiritish mumkin. Mashrab koʻp boʻlmasada, fors
tilida ham qalam tebratdi, qator gʻazal, muxammaslar yaratdi, “shiru
shakar” (mulammaʼ) shaklida namunalar bitdi.
Koʻp asrlik adabiyotimiz tarixining eng yorqin namoyandalaridan biri
boʻlgan Boborahim Mashrab ijodi sheʼriyatimizni koʻpdan-koʻp yetuk
asarlar bilan boyitdi, uning keyingi rivojiga barakali taʼsir koʻrsatdi.
Tabiiy gʻurur bilan faxriya uslubida:
– Shuhrati sheʼr bobida, Mashrabo, moʻtabar oʻzum!
– Mashrabo, har bir soʻzingdur gavhari qimmatbaho! –
misralarini bitgan shoirning badiiy barkamol asarlari xalqimiz
maʼnaviy mulkining muqaddas va moʻtabar bir qismiga aylangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |