Hujum davomida texnik ta’minotni boshqarish
TEGning (Ta’mirG) ishini batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari TKPdan turib boshqaradi. TKP bo‘linmalarning texnik ta’minotini boshqaruvchi asosiy organdir. Jang davomida TKP batalonning hujum yo‘nalishida (polosasida) texnik razvedka olib boradi.
TKPning tarkibi turlicha bo‘lishi mumkin va aniq sharoitga bog‘liqdir. TKP tarkibiga kiruvchi ta’mirlovchilar texnik razvedka olib borishi mumkin, zarur hollarda safdan chiqqan ekipaj a’zolarini almashtiradilar va shikastlangan va tiqilib qolgan mashinalarning ekipajlariga texnik yordam ko‘rsatadilar. TKPning atakadan oldin va hujum davomida joylashgan o‘rni, batalon hujum qilayotgan butun uchastkani yoki uning katta qismini yaxshi ko‘rinib turishini, TKPning yashirin joylashuvi va uni dushman o‘tidan himoyalanganligini ta’minlashi kerak. TKPni batalonning qKP yaqinida joylashtirish maqsadga muvofiq, chunki bu komandirning qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosariga vujudga kelayotgan vaziyat va komandirning bu haqidagi qaroridan doimo boxabar bo‘lish imkonini beradi.
Hujum davomida TKP pana joydan-pana joyga ko‘chib yuradi. Uni jangovar tartibdan uzoq-yaqinda joylashishi jang maydonidagi vaziyat va kuzatish sharoitlariga bog‘liqdir. Odatda TKPning oldingi (ilg‘or) bo‘linmalardan uzoqligi 1-1,5 kilometrdan oshmaydi.
Batalon komandirining qaroriga ko‘ra komandirning qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari ixtiyoriga BTR yoki aloqa vositalari va tungi ko‘rish asboblari bilan jihozlangan boshqa zirhli mashina ajratiladi. Bu TKP boshlig‘iga jang maydonida harakatlanish, joyda shaxsan o‘zi vaziyatni baholashi va tez qaror qabul qilishi talab etiladigan uchastkalarga tez etib borish imkonini beradi.
Agar vzvod batalonning asosiy kuchlaridan ajragan holda jang olib borayotgan bo‘lsa, hamda joyning sharoitiga ko‘ra biron bir bo‘linmani kuzatish qiyin bo‘lsa, unda vzvod TKPsi tashkil etilishi mumkin. Vzvod TKP tarkibiga vzvodning texnigidan tashqari 1-2 ko‘chma aloqa vositalari bilan kiritilishi mumkin.
Tanklari vzvod vzvod qilib motoo‘qchi batalonlarga qo‘shib beriladigan tankchi batalonda, qo‘shib berilayotgan vzvodlarda vzvod TKPlari tashkil etilishi mumkin, ular motoo‘qchi batalon TKPsi bilan yoki undan alohida ravishda o‘z vzvodlari hujum qilayotgan yo‘nalishda harakatlanadilar.
TKP vositalari tarkibida ikkita radiostansiya yoki radiostansiya va priemnik bo‘lishi kerak. Bitta radiostansiya batalon komandirining radiotarmog‘iga, ikkinchisi esa batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosarining radiotarmog‘iga ulanadi. Jangga tayyorgarlik davrida texnik ta’minot bo‘yicha vazifa qo‘yishda barcha ekipajlarga batalonni texnik ta’minoti tarmog‘ining radioma’lumotlari etkazilishi kerak.
Mashinalarning safdan chiqqanligi yoki to‘xtab qolganligi haqidagi ma’lumotlar TKPga turli usullar bilan kelib tushishi mukin:
mashina komandirining batalon komandiri radiotarmog‘ida bo‘linma komandiriga bergan axboroti (batalon komandirining radiotarmog‘ini tinglab turish);
shikastlangan mashina komandirining texnik ta’minot radiotarmog‘ida batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosariga axboroti (mashinanig raqam belgisi, uning texnik holati, turgan o‘rni, talab qilinayotgan yordam);
oldindan belgilangan signallar bilan (turli birikmadagi signal raketalari bilan, tutun raketalari, rangli tutun granatalari, bashnyadagi signal bayroqchalari, gabarit chiroqlarini o‘chib yonishi va h.k.);
ekipajning va mashinaning holatini aniqlash uchun bo‘linma komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosarini (texnikni, ta’mirlovchini va h.k.) shikastlangan mashina oldiga kelishi (shikastlangan mashina bilan aloqa bo‘lmasa).
Agar shikastlangan mashinani dushman o‘tga tutishda davom etayotgan bo‘lsa, bu mashinaning texnik holatidan qat’iy nazar uni pana joyga evakuatsiya qilinadi. TEG tarkibiga kiruvchi shatak yuboriladi, bunda shatakning harakatlari batalon komandiri ajratgan vositalarning o‘ti yoki tutunli parda qo‘yish va batalonning hujumini qo‘llab turgan artilleriya va minometlarning o‘ti bilan pana qilib turiladi.
Mashinalarni dushman o‘ti ostidan evakuatsiya qilgach batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari ularni keyinchalik ta’mirlash tartibi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Agar mashinalarni ta’mirlash uchun maxsus moslamalar va yuk ko‘tarish vositalari talab etilmasa, u holda bunday mashinalarda 1-2 ta’mirlovchini ehtiyot qismlar bilan qoldirish mumkin yoki shikastlangan mashinalar harakatlanuvchi ta’mirlash vositalaridan foydalangan holda ta’mirlash mumkin bo‘lgan joylarga evakuatsiya qilinadi.
Batalonning kuchi bilan tiklab bo‘lmaydigan qurol-aslaha va harbiy texnika yaqindagi pana joylarda qoldiriladi va imkoniyat tug‘ilishi bilan katta boshliqning vositalariga topshirish uchun harbiy qismning evakuatsiya yo‘liga evakuatsiya qilinadi.
Har bir shikastlangan va tiqilib qolgan mashina, uning turgan joyi, holati va ta’mirlash va evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilgan choralar haqida batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari harbiy qismning texnik qismi va komandirning qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosariga bildiruv beradi.
Qo‘yilgan vazifani bajarib bo‘lgach batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari qurol-aslaha va harbiy texnikani keyingi jangovar harakatlarga tayyorlashni tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |