Dushmanni o‘z vaqtida payqash va uni o‘t ochib yo‘q qilishga uzluksiz kuzatuv olib borish va o‘z qurolidan mohirona foydalanish tufayli erishiladi. Motoo‘qchi (tank) guruhida erdagi va havodagi dushmanni kuzatib turish uchun kuzatuvchilar tayinlanadi, jang vaqtida esa dushmanni kuzatish komandir hamda motoo‘qchi (tank) guruhi (seksiya, tank) ning butun shaxsiy tarkibi tomonidan amalga oshiriladi.
Piyodalarning jangovar mashinalaridan (bronetransportyordan), tankdan barcha holatlarda ham tevarak-atrof to‘liq kuzatib turiladi. Kuzatuv sektorlari kuzatish asboblarining, o‘q otish tuynuklari va shaxsiy tarkibning joylashuvi bilan bog‘liq ravishda belgilanadi.
Dushmanni yo‘q qilish uchun motoo‘qchi (tank) guruhi (seksiya, tank) piyodalarning jangovar mashinalariga (bronetransportyorlarga) va tanklarga o‘rnatilgan qurollardan hamda avtomat, pulemyot, merganlik miltiqlari, granatomyotlar, qo‘l granatalari kabi shaxsiy qurollardan, qo‘l jangida esa nayza va qo‘ndoq zarbalaridan foydalanadi.
Motoo‘qchi (tank) guruhi (seksiya, tank) tomonidan o‘t ochilishi jangovar vazifani bajarish davomida dushmanni yo‘q qilishning asosiy vositasi hisoblanadi. Dushmanni uzil-kesil yakson qilishga: nishonlarni o‘z vaqtida razvedka qilish, o‘t ochish vositalaridan ularning jangovar imkoniyatlariga mos ravishda mohirona foydalanish, o‘t ochganda mo‘ljalni aniq olish, kutilmaganda o‘t ochish hamda uning zichlik va eng yuqori sur’atda olib borilishi, jangda o‘t ochishni mohirlik bilan boshqarib turish orqali erishiladi.
Piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar) va tanklardan o‘t ochish vaziyatning sharoitlaridan kelib chiqqan holda yurish jarayonida, qisqa to‘xtash vaqtida va joylardan turib amalga oshiriladi.
Piyodalarning jangovar mashinalari va tanklardan o‘t ochish orqali dushman tanklari, boshqa zirhli mashinalari, o‘t ochish vositalari va tirik kuchi yo‘q qilinadi, uning istehkom (fortifikatsiya ) inshootlari vayron etiladi hamda past uchuvchi samolyotlar, vertolyotlar, havodagi boshqa kuchlari urib tushiriladi. Dushmanni tirik kuchlarini, olov tizimlarini va boshqa nishonlarini bronetransportyorlardan o‘t ochish orqali yo‘q qilinadi.
Avtomat va pulemyotlar dushmanning tirik kuchi va o‘t ochish vositalarini yo‘q qilish uchun qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ulardan past uchuvchi havodagi nishonlarini yakson qilishda ham foydalanish mumkin.
Merganlik miltiqlari dushmanning muhim, yakka nishonlari (ofitserlar, kuzatuvchilar, merganlar, o‘t ochish qurollarining raschyotlari, pastlab uchuvchi apparatlari) ni yo‘q qilishda qo‘llaniladi.
Tankka qarshi granatomyotlar va tankka qarshi granatalar dushmanning tanklari va boshqa mashinalarini yo‘q qilish uchun, avtomatik (stvol osti) granatomyotlar va qo‘l oskolka granatalari uning pana joylardan tashqarida, ochiq okoplarda va pana joylar ortida (pastqamliklarda, jarlarda, tepaliklarning orqasidagi qiyaliklarda) joylashgan tirik kuchi va o‘t ochish vositalarini yo‘q qilishda qo‘llaniladi.
O‘t ochishni, nishonni yakson qilishning zarur bo‘lgan darajasiga bog‘liq ravishda, yo‘q qilish, buzish, bostirish va holdan toydirish (charchatish) vazifalarini o‘z oldiga qo‘ygan holda olib borish mumkin.
O‘t ochish: qurol turlari bo‘yicha – o‘q otish qurollari, granatomyotlar, piyodalarning jangovar mashinalari (bronetransportyorlar), tanklar, artilleriya, zenit vositalaridan va hokazolardan; olib borish usullariga ko‘ra – to‘g‘ridan-to‘g‘ri, yarim to‘g‘ri mo‘ljal bilan va yopiq o‘t ochish pozitsiyalaridan o‘t ochish usullariga ko‘ra farqlanadi.
O‘q otish qurollaridan o‘t ochish turlari ham bo‘linadi: taktik vazifasiga ko‘ra – xanjarsimon o‘t ochish (o‘t birdaniga, yaqin masofadan turib bir yo‘nalishda ochiladi) va bir nuqtaga jamlangan o‘t ochish (o‘q otish qurollarining bir nechta turlaridan seksiya yoki butun motoo‘qchi guruhning kuchlari bilan bitta nishonga qarab o‘t ochish); otish yo‘nalishi bo‘yicha – frontal (nishonga front bo‘ylab perpendikulyar tarzda), qanotdan (nishonning qanotiga qarab, uning frontiga parallel tarzda); kesuvchi o‘t ochish (bitta nishonga qarab eng kamida ikki yo‘nalishdan olib boriladi); otish kuchi bo‘yicha – yakka o‘q otish bilan, qisqa va uzun sidirg‘a bilan hamda o‘q otar qurollarning barcha turlaridan uzluksiz o‘t ochish; otish usullariga ko‘ra – joydan turib, to‘xtash joyidan turib (qisqa to‘xtashdan), yurish davomida, bortdan turib, nuqtaga qarab o‘t ochish, front bo‘ylab yoyilgan holda o‘t ochish, ichkariga qarab, maydon bo‘ylab yoyilgan o‘t ochish va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |