Xarbiy topografiya – joyning taktik xususiyatlarini jangovar harakatlarning olib borilishiga ko‘rsatadigan ta’sirini o‘rganuvchi fan bo‘lib, harbiy bilimlar turkumiga kiradi, shu bilan birga, umumiy topografiyaning bir qismi hisoblanadi.
Jangovar harakatlarni olib borish joyning xususiyatlari va ularning jang harakatlarini olib borishga ko‘rsatadagan ta’sirini mukammal bilishni talab qiladi. Bu omilni o‘z vaqtida juda ustamonlik bilan baholagan buyuk bobokalonimiz sohibqiron Amir Temur o‘z qo‘shinlarini notanish joylarga safarga chiqarishidan qat’iy nazar, doimo zafar quchgan. Joyning taktik xususiyatlaridan Bobur, Jaloliddin Manguberdi va Temurmalik kabi sarkardalar ham juda puxta foydalanishgan.
So‘nggi yillardagi qurolli to‘qnashuvlar shuni ko‘rsatadiki, joyning taktik xususiyatlarini noo‘rin ishlatish, karta (joyning fotohujjatlari) bilan ishlash jarayonida amaliy malakaning etishmasligi, nishonni aniq ko‘rsatishda xatoga yo‘l qo‘yish kabi nuqsonlar kurol-yaroqning, yoqilg‘ining behuda sarflanishiga, hattoki qo‘shinlarning qirilib ketishiga olib keladi. Ta’kidlab o‘tish joizki, har qanday sharoitda joyda mo‘ljallanish, jangdan oldin joyning taktik xususiyatlarini o‘rganish, uni baholash, nishonni aniq ko‘rsatish uchun nishonning koordinatalarini topish, joyning fotohujjatlari va kartasi bilan ishlashni chuqur o‘rganish hamda qo‘llay bilish lozim.
Kurolli Kuchlar bo‘linmalarining komandirlari joyning qaysi ma’lumoti haqida bilishlari kerak? Bunday ma’lumotlar Qanday hujjatlar va vositalar orqali bo‘linmalarga etkaziladi? Joyda qanday mo‘ljallaniladi va unga qay tarzda erishiladi? YUqoridagilar va boshqa savollarga mazkur qo‘llanmada batafsil javob beriladi.
Joy – bu er yuzasida joylashgan barcha ob’ektlar va bu ob’ektlarni o‘z ustida joylashtirgan relefni o‘zida mujassam etgan er yuzasining kichik bir qismidir.
Joyning mahalliy elementlari mavsumiy va davriy o‘zgarishlarga tez duchor bo‘ladi. Relef esa asrlar davomida o‘zgaradi. Relef qo‘shinlarning joydan o‘tishi, kuzatish sharoiti, joylashuvi, uning dushman kurolidan himoyalanishi va muhandislik qurilmalari bilan jihozlanish sharoitiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Joyning taktik xususiyatlaridan ustamonlik bilan foydalanish – harbiy texnika va qurollarning eng samarali qo‘llanilishiga, qo‘shinlarning yashirin harakat qilib, dushmanga qo‘qqisdan zarba berishi, uning kuzatuvidan bekinishi va o‘t ochishidan himoyalanishiga olib keluvchi muhim vositalardan biridir. Tabiiyki, bunday mukammal darajaga erishish har bir harbiy xizmatchidan joyni tezkorlik bilan o‘rganish va uning taktik xususiyatlarini to‘g‘ri baholashni talab qiladi.
Joy to‘g‘risida axborot beruvchi vositalarning eng muhimi – bu topografik kartalardir. Biroq joy davriy ravishda o‘zgarar ekan kartalar hamma vaqt ham uni aks ettira olmaydi. Ayniqsa, harbiy harakatlar bo‘lib o‘tgan joylarda ko‘plab buzilishlar mavjud bo‘ladi. SHuning uchun bunday vaziyatlarda joyning aerofotosur’atlari va kosmik suratlaridan foydalaniladi hamda o‘z navbatida ular asosida maxsus kartalar tuziladi.
Joyni kartalardan foydalangan holda o‘rganish bilan birga, joyni bevosita kuzatish orqali va dala o‘lchash ishlari vositasida ham o‘rganiladi. O‘lchashlar mo‘ljallanishda, azimutlar bo‘ylab harakatlanishda, nishonlarning joylashuv o‘rnini aniqlashda va o‘t ochishda ko‘proq zarur bo‘ladi.
SHunday qilib, harbiy topografiya jang olib borish san’ati bo‘lmish taktika bilan uzviy aloqador bo‘lib, jangovar topshiriqlarni bajarish jarayonida joyning xususiyatlaridan samarali foydalana bilishning asosiy usullarini ishlab chiqadi.
YUqori aniqlikdagi qurollar davri sanalmish hozirgi davrda joy to‘g‘risida axborot beruvchi manbalar – kartalar, aerofotohujjatlar va kosmik sur’atlardan xuddi shunday aniqlikni talab qiladi. Bu darajaga qo‘shinlarni doimiy va kechiktirmasdan topogeodezik ta’minlash orqaligina erishish mumkin.
Qo‘shinlarni topogeodezik ta’minlash nazariyasi harbiy boshqaruv organlari va qo‘shinlarni joy to‘g‘risida aniq, to‘liq va ishonchli axborot beruvchi ma’lumotlar (topografik va maxsus kartalar, fotohujjatlar, kosmik sur’atlar) bilan kechiktirmasdan ta’minlashga asoslanadi. Bu vazifani bajarish bilan topografiya xizmati organlari shug‘ullanadi.
SHunga ko‘ra, harbiy topografiyaning eng muhim vazifasi – joyni o‘rganish, joy to‘g‘risida axborot beruvchi manbalardan foydalana bilish va dala o‘lchash ishlarini bajarishning eng samarali usullarni topishdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |