Masofani qadamlab o‘lchash – asosan jangovar vaziyatlar talab qilgan hollarda, chizma hujjatlarni (chizma, varaqa va abris) tuzish, shuningdek, o‘quv maqsadlarida bajariladigan nazorat o‘lchash ishlarini olib borish jarayonlarida foydalaniladi.
Masofani o‘lchashda qadamlar juftlab sanaladi (ko‘pincha chap oyoqdan boshlab). Hisob har 100 ga etgandan so‘ng qaytadan boshlanadi. Adashmaslik uchun hisob har 100 ga etgandan so‘ng daftarda yoki barmoqlarni bukish yo‘li bilan belgilanadi.
Qadamning o‘rtacha uzunligini 75 sm, juft qadamnikini esa 1.5 m deb qabul qilish hisoblash jarayonini osonlashtiradi, ya’ni juft qadamlarning yakuniy hisobi 1.5 ga ko‘paytiriladi va natija keltirib chiqariladi.
Masofani qadamlab o‘lchashning aniqligini oshirish uchun quyidagilarga amal qilish zarur:
yurishda, xususan, noqulay sharoitlar (ko‘tarilish, tushish, o‘nqir-cho‘nqir erlar va o‘tloqlar)da yurishda teng qadam tashlashni mashq qilish;
o‘z qadamining haqiqiy uzunligini bilish (bunga masofasi aniq va kamida 200 m bo‘lgan oraliqlarda mashq qilish bilan erishiladi).
Tekis va to‘g‘riligi tekshirilgan qadamlar bilan masofani o‘lchash aniqligi umumiy masofaning 2–4 % ni tashkil qiladi.
8.5.Topografik kartalar, ularning mazmuni, maqsadiga ko‘ra tasniflanishi va mo‘ljallanishi
Karta – er shari yoki kichik bir qismining qog‘ozdagi kichraytirilgan va ma’lum bir matematik qonuniyatlar asosida ishlab chiqilgan, kartografik proeksiyalar asosida tushirilgan hamda shartli belgilar vositasida tasvirlangan ko‘rinishidir.
Kartalarning joy to‘g‘risida axborot beruvchi boshqa turdagi manbalar va vositalardan asosiy farqi quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
joy tasvirining matematik qonuniyatlar asosida qurilishi hamda uning aniq bir masshtabidan foydalanishda va joyning tabiiy egri yuzasini tekis qog‘ozga tushirish uchun kartografik proeksiyaning ishlatilishida;
joy elementlarining generalizatsiya usulida tasvirlanishi – ya’ni, bir necha ob’ekt yonma-yon joylashganda ularning eng kattasi yoki karta masshtabi, tasvirlanayotgan joyning xususiyatlari hamda karta nimaga mo‘ljallanib nashr qilinsa, o‘sha turdagi ob’ektning birinchi navbatda tushirilishida;
barcha ob’ektlarning shartli belgilar bilan tasvirlanishida.
Topografik kartalarning asosiy xususiyatlari – bu ularning ishonchliligi, aniqliligi, namoyishkorligi, boshqa masshtabdagi kartalar bilan o‘zaro muvofiqligi va axborotga boyligidir.
Kartaning ishonchliligi deganda, kartada tasvirlangan ma’lumotlarning joyning haqiqiy holatiga qay darajada mos kelishi tushuniladi.
Joy holatiga to‘g‘ri kelmaydigan karta joyning taktik xususiyatlarini o‘rganishni qiyinlashtiradi va buning oqibatida jangovar buyruqning yanglish bo‘lishiga olib keladi. Kartaning to‘la ishonchliliga ularning davriy ravishda yangilab turilishi orqali erishiladi. Juda tezkor vaziyatlarda va jangovar harakatlar oldidan kartalar aerofotosur’at hamda razvedka ma’lumotlari asosida tezkor ravishda to‘g‘rilanadi.
Kartaning aniqligi – shartli belgi bilan tasvirlangan joy tasvirining joydagi haqiqiy holatiga qanchalik to‘g‘ri kelishidir. Topografik kartalarda tasvirlangan joy ob’ektlari joydagi o‘rniga, shakliga va o‘lchamlariga eng katta aniqlikda mos kelishi shart.
Kartaning namoyishkorligi – ya’ni yaqqol ifoda etilganligi deganda, ishlatilayotgan shartli belgilarning ob’ektning tabiiy xususiyatlariga qanchalik yaqin kelishi va ularni ko‘z bilan o‘qiganda odamlar qay tarzda idrok qilishi tushuniladi.
YAqqollikka shartli belgilar tizimini ishlab chiqish orqali erishiladi. Misol uchun: gidrografik ob’ektlar suvga xos bo‘lgan moviy rangda tasvirlanadi. Kartaning boshqa masshtabdagi kartalar bilan o‘zaro muvofiqligi deganda, bitta ob’ektning barcha masshtabdagi kartalarda bir xilda tasvirlanishi tushuniladi. Misol uchun tepalikning mutlaq balandligi 100.0 m, demak, u 1:25 000 masshtabli kartada ham, 1:50 000 masshtabli kartada ham 100.0 m, deb belgilanishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |