Yo‘riqnomada quyidagilar ko‘rsatiladi:
- marshning uzunligi va bo‘linmaning harakat marshruti;
- marshrutdagi o‘tish qiyin uchastkalar va ulardan o‘tish usullari;
- marshda mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish hajmi, joylari va tartibi;
- texnikani yonilg‘i bilan to‘ldirishni tashkillashtirish;
- nosoz va tiqilgan mashinalarning ekipajlariga (raschet, haydovchilariga) yordam ko‘rsatish tartibi;
- mashinalarning tizimlari, uzellari va agregatlarining ishini nazorat qilish tartibi;
- marsh intizomiga rioya qilish bo‘yicha tadbirlar;
- harakat vaqtida xavfsizlik choralari.
Batalon komandirining qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari texnik ta’minot bo‘linmalari shaxsiy tarkibi bilan to‘xtash manzillari va kunduzgi (tungi) hordiq rayonlarida mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni bartaraf etish va ta’mirlashda ekipajlarga yordam ko‘rsatish, ularning marsh davomida kolonnani tugallovchi bo‘linma tarkibidagi harakatlari bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi.
Bo‘linmalarning qurol-aslaha va harbiy texnikasini tayyorlash marshga tayyorgarlikdagi asosiy texnik ta’minot tadbiri bo‘lib mashinalarning marsh davomida ishonchli va to‘g‘ri ishlashini ta’minlash, harakat marshrutlarida ekspluatatsiya sabablariga ko‘ra to‘xtashlarning oldini olish maqsadida o‘tkaziladi.
Qurol-aslaha va texnikani tayyorlashni tashkil etishda, komandirning qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosari batalon komandirining va katta boshliqning ko‘rsatmalari asosida quyidagilarni aniqlaydi:
- mashinalarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarning hajmi, vaqti va mazmunini;
- mashinalarning texnik holatidan yoki bo‘lajak ekspluatatsiya sharoitlaridan kelib chiqib ularni tayyorlash bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlarni;
- mavjud ta’mirlash fondini tiklash tartibi va muddatlari hamda o‘z kuch va vositalari bilan ta’mirlab (evakuatsiya qilib) bo‘lmaydiganlarini katta boshliqning vositalariga topshirish tartibini;
- qurol-aslaha va harbiy texnikaning marshga tayyorligini nazorat qilish tartibini.
Tayyorgarlik davrida bo‘linma komandirlari va ularning qurol-aslaha bo‘yicha o‘rinbosarlari qurol-aslaha va harbiy texnikani tayyorlash marsh davomida ishonchli ishlashini va ularni tayinlangan rayonga (ko‘rsatilgan rubejga) etib kelganidan so‘ng jangovar vazifalarni bajarishga shayligini ta’minlaydigan hajmda bajarilishi uchun barcha choralarni ko‘rishga majburdirlar.
Texnik xizmat ko‘rsatishning turi va hajmi mashinaning navbatdagi texnik xizmat ko‘rsatishdan keyin o‘tgan yo‘li, navbatdagi ta’mirlashgacha yurish zahirasi, marsh davomidagi resurslarning taxminiy sarfiga bog‘liq.
Marshga tayyorgarlik muddatlari cheklangan hollarda birinchi navbatda raqamli texnik xizmat ko‘rsatishning asosiy ishlari, uncha muhim bo‘lmaganlari esa – marsh davomidagi to‘xtashlar, kunduzgi (tungi) hordiq rayonlarida bajariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |