Boshlang‘ich sinflarda ingliz tili o‘qitishning didaktik tamoyillari
Ingliz tili o‘qitish amaliyotida taklif etilgan qoidalar va qarashlar lingvodidaktik (tillar ta’limshunosligi) tamoyillar maqomida umumlashtirilgan va ilmiy asoslangan. Masalan, J.Jalolov nomlanishi va mohiyatida tafovutlar bo‘lishiga qaramay, quyidagi didaktik tamoyillarni umumlashtirgan: tarbiyaviy ta’lim, onglilik, faollik, ko‘rgazmalilik, sistemalilik (izchillik), individual yondashish, (bilimlarni) puxta o‘zlashtirish, o‘quvchi kuchiga moslik kabilar.
N.A.Gorlova boshlang‘ich ta’limda xorijiy tillarni o‘qitishning didaktik
tamoyillarini quyidagicha umumlashtirgan: faollik, ko‘rgazmalilik, o‘quvchi salohiyatiga moslik, individual yondashish, sistemalilik.
Ilmiy manbalarni o‘rganib chiqib boshlang‘ich ta’limda xorijiy tillarni o‘qitishning didaktik tamoyillarini quyidagicha umumlashtirish mumkin:
O‘quvchilarning ingliz tilio‘rganish usullari, strategiyalari va qobiliyatini inobatga olish.
Tinglab tushunish mashqlariga ustuvor ahamiyat qaratish.
Darslarda ma’noli kontekstlar va mavzuga oid nutq vaziyatlarini yaratish.
Mashg‘ulotlarda texnik vositalardan keng foydalanilish.
O‘quvchilarning yoshiga mos autentik materiallaridan foydalanish.
Nutq namunalari asosida ingliz tilio‘rgatish.
Mavzularni obrazlashtirish (gapiruvchi qo‘g‘irchoqlar yordamida). Boshlang‘ich sinflarda ingliz tili o‘qitishning psixolingvistik tamoyillari Til o‘rganish aqliy faoliyat bo‘lganligi tufayli uning psixologik asoslari
mavjud. Aqliy faoliyat ruhshunoslikda ilmiy jihatdan tekshiriladi. Shu munosabat bilan ingliz tilio‘qitishning psixologik tamoyillarini tadqiq etish ehtiyoji tug‘iladi. Ilmiy manbalarda ingliz tili o‘qitishning ikkita psixologik tamoyillari ishlab chiqilgan. Psixologik tamoyillar «verbalizatsiya» (o‘zga til amalda faqat og‘zaki nutq orqali o‘rganiladi) va «korrelatsiya» (ingliz tili materialining muayyan chegarasi aniqlanadi, birinchi galda nutq malakalarini hosil qilish uchun mo‘ljallangan til birliklari majmuyi shakllanadi) nomlarini olgan. Ingliz tilio‘qitishning tilshunoslik asoslari birmuncha tadqiq etilganligiga qaramay, metodika fanida ingliz tili o‘qitishning lingvistik tamoyillari masalasiga kam e’tibor qaratilgan.
Metodika tamoyillari mohiyatini yoritishda psixologik va lingvistik qonun- qoidalarga suyanib ish ko‘rildi va quyidagi psixolingvistik tamoyillar umumlashtirildi:
O‘quvchilarning ingliz tili o‘rganish, o‘zlashtirishga motivatsiyasi (ichki turtkisi)ni oshirish.
Mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning yoshiga mos jismoniy harakatlarini rag‘batlantirish.
O‘quvchilarni ona tili va o‘rganilayotgan chet tilning o‘xshash jihatlaridan xabardor etish.
O‘quvchilarning vositachi til (metatil) tajribalarini rivojlantirish.
O‘quvchilarni ona tili va o‘rganilayotgan chet tilning aloqadorligidan foydalanishga o‘rgatish.
O‘quvchilarni o‘rganilayotgan ingliz tili tuzilmasi bilan umumiy tanishtirish.
Individual yondashish, ya’ni o‘quvchilarning xos xususiyatlari (har qaysi o‘quvchining tabiati, nimalarga qodirligi, qiziqishi, kim bilan do‘stlashishi, nimalarga salbiy munosabatda bo‘lishi)ni inobatga olib psixo-pedagogik tadbirlar olib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |