Tafakkur – bu tashqi dunyo va uning qonuniyatlarini umumlashtirilgan, vositachilik bilan aks ettirish, ijtimoiy shartli bilish jarayoni, uning eng yuqori darajasi. Tafakkur bolaning ontogenezida doimiy ravishda rivojlanib, ko‘rgazmali-harakatli, ko‘rgazmali-obrazli va so‘z-mantiqiy kabi tafakkur turlari bir-biriga o‘zaro ta’sir o‘tkazadi, o‘zaro bir-birini to‘ldiradi. Ammo, bir-birining o‘rnini bosmaydi va bolaning butun hayoti davomida takomillashib boradi. Maktabgacha yosh davrida (3-7 yoshgacha bo‘lgan davrida) bolalarda ko‘rgazmali-obrazli tafakkur ustunlik qiladi. Bu tafakkurning qay darajada rivojlanishi va shakllanishi, bolaning kelgusi qobiliyatlarini nomoyon bo‘lishiga, aqliy rivojlanishiga, maktab hayotida erishadigan yutuqlariga ham ta’sir etadi.
Ushbu muammoni tadqiq etar ekanmiz, dastlab uning tarixiy ildizlariga nazar tashladik. O‘rganilgan manbalar tahlili shundan dalolat berdiki, yunon olimlaridan Geraklit, Demokrit, Aristotel, Epikur, Bekon, Gobbs, Lokk va boshqalar inson va uning tafakkuri, sezgilar, idrok va buning nutq bilan bog‘liqligini payqashgan va o‘z nazariyalarini tatbiq etishgan. Bu borada ayniqsa, Aristotelning fikrlari ahamiyatlidir.
Aristotel (eramizgacha bo‘lgan 384-yilda tug‘ilgan) ta’limotida yana ham kengroq tek-shirildi. Aristotel fanning turli masalalariga doir juda boy ilmiy meros qoldirdi. Uning logikaga oid “Orgapon”, “Kategoriyalar”, “Birinchi va ikkinchi Analitika”, “Ritorika”, “Jon haqida”, “Idrok va idrok etiladigan narsalar haqida”, “Xotira va esdaliklar haqida” kabi asarlari biz uchun ahamiyatli. Aristotel sezgilar bilan tafakkur aloqasini quyidagicha aniqlaydi: aftidan, hissiy qabul qilingan miqdorlardan tashqari hech qanaqa yakka buyumlar mavjud bo‘lmaganligi uchun, aqliy fahmlangan narsalar hissiy bilinadigan shakllarda bo‘ladi: abstraksiyalar ham, xossa, holatni tashkil etuvchi hissiy bilingan narsalar ham shunga kiradi. Shuning uchun ham his etmagan (kishi) hech narsani bila olmaydi va aqlan fahmlay olmaydi ham”. “Agar hissiy qabullash bo‘lmasa, bilim ham bo‘lmasligi zarur... Hissiy qabullash yakka narsalarga qaratilgan bo‘ladi, aks holda ular haqida bilimga ega bo‘lish mumkin emas”. Biroq bir tomondan umumiyni yakka narsalarni his etmay turib bilib bo‘lmasa, Aristotslning fikricha, ikkinchi tomon-dan, yakka narsani his etishning o‘zi hali umumiy bilimii tashkil eta olmaydi. Bilim eng zarur va umumiy narsaga qaratilgan bo‘ladi. Ammo biz bilamizki, har qanday umumiy yakkalarda mavjuddir. Mana shu umumiy va zarur narsalarni bilish qobiliyatini Aris-totel (aql yoki) tafakkur deb ataydi. Tafakkur fikrlovchi mavjudot, xususan, odamga xos bo‘lish bilan xarakterlanadi, chunki faqat odamgina istagan paytida fikrlay oladi.
Aristotelning ta’kidlashicha: “tafakkur umumiylikni o‘rganadi va tafakkur qilish uchun biron bir buyumni bevosita his etish shart emas, mazkur buyum yoki hodisalarning obrazlari bo‘lsa bas. Shuning o‘zi tafakkurni imkoniyatdan voqyelikka aylanishi uchun kifoya qiladi. Chunki u yoki bu narsa yoki hodisa yo‘q bo‘lgan taqdirda ham bari-bir uning obrazi tafakkur obyekti sifatida qoladi, deydi. Aristotelning obraz haqidagi fikri ham diqqatga sazovordir. U: “…konkret narsadan boshqa biror narsa mavjudmi yoki yo‘qmi degan savol tug‘iladi. Men konkret deb materiyani va hamma moddiy narsalar-ni tushunaman. Agar u mavjud bo‘lmasa, u holda hamma narsa o‘tkinchidir, chunki hamma moddiy narsalar har holda o‘tkinchidir. Agar konkret narsadan boshqa biror narsa mavjud bo‘lsa, bu narsa, aftidan forma va obrazdir” – bundan ko‘rinadiki Aris-totel insonda obrazli tafakkurning bilvosita hodisalarga bog‘liq holda yuzaga kelishini birinchilardan bo‘lib ifodalagan olimdir. Shuningdek, u: “Fikrlovchi (kishi) avvalo, mana shu obrazlar shaklida fikr yuritadi, aqlda mazkur shakllardan nimaga ahamiyat berish va nimalarni tashlab yuborish ravshanlashgach (fikrlovchi kishida), ana shu obrazlar bo‘lganda sezgilar bo‘lmagan paytda ham u harakatga keladi”, deydi.
Sharq mutafakkirlaridan O‘rta Osiyo xalqlar ijtimoiysiyosiy va falsafiy fikrlar taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shgan Farobiy, Ibn Sino, Beruniy, kabi mutafakkirlar mana shu antik dunyo faylasuflarining tafakkur va til haqidagi ilg‘or qarashlarini qunt bilan mutolaa qilganlar va mazkur muammoni o‘z asarlarida nisbatan chuqurroq tasvirlagan hamda takomillashtirganlar. Bu borada, ayniqsa, Abu Nasr Farobiyning qarashlari ahamiyatlidir. Abu Nasr Farobiy (873—950 y.) o‘zining “Falsafiy savollar va ularga berilgan javoblar”, “Mantiqqa kirish”, “Mantiq to‘g‘risidagi risolaga muqaddima”, “Ixso al-ulum”, “Fozil odamlar shahri” kabi risolalarida tafakkur va til masalasiga alo-hida e’tibor beradi. Mazkur muammo ustimda fikr yuritar ekan, bunda u o‘z davrida erishilgan tabiiy-ilmiy yutuqlarga asoslanadi va o‘zining falsafa, mantiq, psixologiya, til ilmi, fiziologiya va shu singari fanlar sohasidagi bilimlaridan o‘rinli foydalanadi. Tafakkur va til, Farobiyning qarashicha, faqat odamga xos xususiyatdir. Uning tushuntirishicha, odam – bu avvalo hayvondir. His etish odamga ham, hayvonga ham xosdir, ammo odamning aqli bor. Shuning uchun ham u “hayvonni ikkiga: aqlli va aqlsiz hayvonga bo‘ladi va “odam — bu aqlli hayvondir”, deydi. Ammo mutafakkirning yozishicha, odam kamol topib, haqiqiy insonga aylanishi uchun aql, tafakkurning o‘zi kifoya qilmaydi, buning uchun u o‘z aql, tafakkuri ifodalanadigan tilga, so‘zga (nutqqa) ehtiyoj sezadi.
Bu fikrni u “Falsafaning asosiy g‘oyalari to‘g‘risida” deb nomlangan asarida “Odam – bu nutqli mavjudot”dir deyish bilan qat’iy ta’kidlaydi. Binobarin, odam, Farobiy ta’limoticha, sezish, hissiy qabullash, tasavvurga, eng muhimi aql, tafakkur va nutqqa (tilga) ega bo‘lgan tabiat taraqqiyotiiing yakuni, tojidir.
Farobiy aqliy bilish jarayonida odam oldin sezilgan va ayni vaqtda uning faoliyati-dan tashqarida bo‘lgan buyumlar obrazini o‘z xotirasida saqlab qolish xususiyatiga ega ekanligini ham aniq tushungan va buni u “xayol quvvati” deb atagan. “Xayol quvvati”, Forobiyning ta’kidlab ko‘rsatishicha, his etilgan narsalarning obrazini turli tartibda joylashtirib (ya’ni qo‘shish), biriktirish (sintez qilish) yoki bo‘lmasa ajratish vazifasini o‘taydi. Shundan so‘ng bilishnnig aqliy bosqichiga o‘tiladi. Buni olim “aqliy quvvat” deb nomlaydi. Aqliy quvvat, ya’ni tafakkur yordamida odam ongli ravishda abstraksiya, tushuncha vositasida fikr yuritadi. Bilishning mana shu bosqichida “go‘zal narsani yomon narsadan farq qiladi”, boshqacha qilib aytganda u o‘z amaliy faoliyatida tafakkurning muhim xislati bo‘lgan abstraktlashtirishdan foydalanadi. Ma’lumki, insonning beshta sezgi a'zosining har biri muayyan vazifani o‘taydi, ular orqali tashqi olamdan olingan xabarlar kishi tafakkuri organi – miyaga kelib tushadi va shu yerda umumlashtiriladi.
Binobarin, inson sezgi a’zolarini hammasi mana shu miyaga tobedir, ularning ustidan hamisha miya nazorat qilib turadi. Shu ma’noda Farobiy “miya... sezgilarga rahbarlik qiladi, (ularni) o‘z buyrug‘iga bo‘ysundiradi va ma’lum mo‘tadillikda ushlab turadi” deydi.
O‘rta asr sharoitida bunday fikrlarni ilgari surish, ular har qancha sodda bo‘lmasin, fanda juda katta jasorat edi. Farobiy tafakkur haqidagi ta’limotining muhim ilmiy qimmati ham shundadir. Farobiyning qarashicha, atrofni qamrab olgan buyumlar va hodisalarning hammasi “sezgi va aql” orqali bilinadi. Farobiy bilishni muhr bilan mumga o‘xshatadi, ya’ni muhr mumga bosilib, unda o‘z izini qoldirganidek, insondan tashqarida bo‘lgan buyum, hodisalar ham uning sezgi a’zolariga ta’sir etib, miyasida o‘z nusxa, obraz, suratlarini qoldiradi. Olim shuni ham ta’kidlab ko‘rsatadiki, “muhr bosilmasa, mumda uning izi paydo bo‘lmaydi”. Ajoyib o‘xshatish! Axir bizdan tashqaridagi biror obyektiv buyum yoki hodisa bizning sezgi a’zolarimizga ta’sir etmasa, bizning miyamizda ular haqida hech qanaqa obraz, surat, nusxa paydo bo‘lishi mumkin emas. Buni Farobiy juda yorqin va aniq anglagan. Yuqorida biz Aristotel haqida gapirib uning “his etmagan (kishi) hech narsani bila olmaydi va aqldan fahmlay olmaydi ham”, degan fikrini keltir-gan edik. Farobiyning hozirgina keltirilgan fikri ham Aristotelning ana shu qarashiga juda o‘xshab ketadi va undan ko‘ra aniqroq sharhlangandir. Bundan tashqari, Farobiy o‘zining “Mantiqqa kirish”, “Mantiq to‘g‘risidagi risolaga muqaddima” va Aristotelning logikaga oid bir qator asarlarida yozgan sharhlarida ham tafakkurga doir fikrlarni ilgari suradi. Olim haqiqatni faqat tafakkur orqali bilish mumkin deb, unga alohida e'tibor bilan qaraydi. Shuning uchun ham Farobiyning tafakkur na uning murakkab xususiyatlari yuzasidan yuritgan mulohazalari chuqur va ilmiy asoslangandir. Bu jihatdan olimning tafakkurning abstraktlashtirish, umumlashtirish va shu kabi boshqa xususiyatlariga doir qarashlari alohida ilmiy qimmatga egadir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ahmedova M. Umumiy tahrir ostida. Falsafa. O‘zbekiston faylasuflari milliy
jamiyati nashriyoti. – T., 2006-y.– B 506, 495-bet.
2. Nazarov Q. Bilish falsafasi (Gnoseologiya). – T.: Universitet, 2005. – 348 b.
3. Falsafa. Qomusiy lug‘at. – T.: Fan, 2000. – 492-b.
4. Abu Nasr Farobiy. Fozil odamlar shahri. – T.: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2004. – 160-b.
Do'stlaringiz bilan baham: |