Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, YUnon-Baqtriya davlatining salavkiylardan ajralib chiqishi yunon zodagonlarining qo‘zg‘oloni xususiyatiga ega bo‘lib, unga Baqtriya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Diodot boshchilik qiladi.
Tadqiqotchilar YUnon-Baqtriya davlati paydo bo‘lgan turli sanalarni belgilaydilar (mil.avv. 256, 250, 248 va 246-145 yy). Bu davlatning asosi Baqtriya bo‘lib, ba’zi hukmdorlar davrida (Evtidem, Demetriy, Evkratid) Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismi, Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi katta erlar qo‘shib olinadi.
YUnon-Baqtriyada davlat podsho tomonidan boshqarilgan bo‘lib, tangashunoslik ma’lumotlari Diodot I,II,III, Evtidem I,II, Demetriy, Geliokl, Platon kabi podsholari haqida xabar beradi. Salavkiylar kabi YUnon-Baqtriya podsholari ham davlatni satrapliklarga bo‘lib idora etganlar.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, YUnon-Baqtriya mulklarining chegaralar doimiy mustahkam bo‘lmasdan, harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib o‘zgarib turgan. Mil.avv. III asrning oxirlari O‘rta Osiyo janubidagi harbiy-siyosiy vaziyat haqida Polibiy ma’lumotlar beradi.
Uning yozishicha, salavkiylar tomonidan Baqtrada qamal qilingan Evtidem ularning hukmdori Antiox III ga «chegarada ko‘chmanchi qabilalar turganligi va ular chegaradan o‘tadigan bo‘lsa har ikkala tomonning ham ahvoli og‘ir bo‘lishi mumkinligini» bildiradi.
. Polibiy ma’lumot bergan ushbu ko‘chmanchilar mil.avv. III asrning oxirlarida Zarafshon daryosiga qadar deyarli butun Sug‘dni egallagan bo‘lib, bu hududlar YUnon-Baqtriya davlatining vaqtinchalik shimoliy chegarasi bo‘lib qoladi. SHuningdek, g‘arbiy Hisor tog‘lari ham shimoliy chegaralar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
YUnon-Baqtriya davlatining gullab yashnagan davri III asrning ikkinchi yarmi va mil.avv. II asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Janubiy hududlardan bu davrga oid Jondavlattepa, Dalvarzin (pastki qatlamlar), Oyxonim, Qorabog‘tepa kabi yodgorliklardan hokimlar saroylari, ibodatxonalar, turar-joylar, mehnat va jangovar qurollar, turli hunarmandchilik buyumlari hamda ko‘plab tanga pullarning topilishi bu hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi rivojlanish jarayonlaridan dalolat beradi.
YUnon-Baqtriya markazlashgan davlat bo‘lib, hokimiyatni podsho boshqarar edi. Davlat bir nechta viloyat (satrapiya) larga bo‘lingan bo‘lib, bu viloyatlar boshqaruvchilari yoki hokimlari podshoga bo‘ysunar edilar. Ammo, bu davrda davlat nechta satrapiyalar bo‘lganligi va ular qanday nomlanganligi ma’lum emas., Strabon ma’lumotlariga ko‘ra satrapiyalarga noib satraplarni tayinlashda qarindoshchilik an’analariga amal qilingan bo‘lishi mumkin.
YUnon-Baqtriya podsholigi davlat tuzilishining muhim tomoni – qo‘shin va uni tashkil etish edi. Avvalo, ta’kidlash lozimki, yunon-baqtriya qo‘shinlarining katta qismini baqtriyaliklar va boshqa mahalliy aholi tashkil etgan. Qo‘shinning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari otliq-suvoriylardan iborat bo‘lgan. Qo‘shinlar tarkibida harbiy fillar ham bo‘lgan.
O‘z vaqtida V. V. Grigorev Baqtriyadagi yunon hokimiyati yagona monarxiya tomonidan amalga oshirilmay davlatlar uyushmasi (ittifoqi) tomonidan amalga oshirilgani dastavval, nisbatan kuchlilar, ular orasidan «baqtriyaliklar», keyin esa «ularga tobe bo‘lganlar» haqidagi konsepsiyani ilgari surgan edi.
Hozirgi vaqtda ko‘pchilik tadqiqotchilar YUnon-Baqtriya podsholarining boshqargan hududlari SHimoliy Afg‘oniston, Janubiy O‘zbekiston va Hindiqushdan janubdagi ayrim viloyatlar bo‘lganligini e’tirof etadilar. Bu hududlardagi markazlashagn davlatda Diodot I, keyin esa Evtidem I (ya’ni, mil.avv. III asrning ikkinchi yarmi) davrlarida kuchli podsho hokimiyati mavjud edi. Mil.avv. II asrning ikkinchi choragidan boshlab YUnon-Baqtriya podsholigining inqiroziga qadar davlatda mutlaq birlik va barqarorlik bo‘lmagan.
E.V.Rtveladzening fikricha, mil.avv. 250-140/130 yillar davomida YUnon-Baqtriya davlati mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lib, bu davrda Diodot, Evtidem, Evkratid, Geliokl kabi podsholar hokimiyatni boshqarganlar. Mil.avv. II asrning ikkinchi yarmiga kelib ko‘chmanchilar zarbalari va o‘zaro taxt uchun kurashlar natijasida YUnon-Baqtriya davlati inqirozga uchradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |