vakolatli tashkilotlar — qonun hujjatlari bilan davlat soliq xizmati organlarida, davlat statistika organlarida davlat hisobiga qo‘yish, tadbirkorlik subyektlariga ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar, litsenziyalar berishga doir funksiyalar zimmasiga yuklangan davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek qonun hujjatlarida belgilangan tartibda baholash, matbaa, bank faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari;
elektron hujjatlarning repozitoriysi — elektron hujjatlarni qayta ishlashni va saqlashni ta’minlovchi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (keyingi o‘rinlarda Yagona portal deb ataladi) shakllantirilgan elektron hujjatning haqiqiyligini tekshirish vositalarini taqdim etuvchi axborot resursi;
Foydalanuvchilarni identifikatsiya qilish yagona axborot tizimi (Yagona identifikatsiya qilish tizimi) — jismoniy va yuridik shaxslarni haqiqiy identifikatsiya qilishni, shuningdek idoralararo elektron hamkorlikda mansabdor shaxslarning axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan ruxsat olib foydalana olishlarini ta’minlovchi davlat axborot tizimi.
4. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq quyidagi usullardan biri bilan amalga oshiriladi:
Internet jahon axborot tarmog‘i orqali Tizim vositasida Yagona portalda;
ushbu Nizomning 5-bobiga muvofiq o‘zi kelgan holda.
5. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan ma’lumotlar berish uchun tegishlicha ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan stavkalar bo‘yicha davlat bojlari va yig‘imlar to‘lanadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
Ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan davlat bojlari, yig‘imlar elektron to‘lov tizimlari orqali to‘langanda ariza beruvchidan Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar va vakolatli tashkilotlar hamkorlik reglamentida belgilangan tartibda mutanosib ravishda taqsimlanadigan to‘lov summasining bir foizi miqdorida vositachilik haqi ushlab qolinadi.
6. Tizim orqali quyidagilar amalga oshiriladi:
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
qayta tashkil etish yo‘li bilan tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
qayta ro‘yxatdan o‘tkazish;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun davlat bojini to‘lash;
ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani erkin olish;
yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turish va tiklash to‘g‘risida ariza topshirish;
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar va vakolatli tashkilotlarning belgilangan tartibdagi hamkorligi;
ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar va vakolatli tashkilotlarni, shuningdek davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarini tadbirkorlik subyektining manzili (joylashgan joyi, yashash joyi) o‘zgarganligi to‘g‘risida xabardor qilish;
“tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”ni ochish va undan erkin foydalanish;
Reyestrdan ko‘chirma, so‘ralayotgan hujjat, tadbirkorlik subyektlarining ro‘yxati yoki so‘ralayotgan ma’lumotning va (yoxud) hujjatning mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma shaklidagi aniq tadbirkorlik subyektlari haqida ma’lumot so‘rash va olish.
7. Ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun ariza beruvchi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 17-dekabrdagi 365-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektron hukumat” tizimining jismoniy va yuridik shaxslar markaziy ma’lumotlar bazalarini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomda nazarda tutilgan tartibda tegishlicha foydalanuvchining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lishi kerak.
8. Ariza beruvchi ushbu Nizomning 6-bandida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshirish uchun foydalanuvchining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”dan erkin foydalanish imkoniga ega bo‘lgandan so‘ng “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” — davlat xizmatini tanlaydi.
2-bob. Ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
9. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza beruvchi “biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish” — davlat xizmatini tanlaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun quyidagi belgilangan ariza shakllari bo‘yicha:
ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik subyektlarining (keyingi o‘rinlarda yakka tartibdagi tadbirkor deb ataladi);
ushbu Nizomga 5-ilovaga muvofiq tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarning uni ko‘rsatishga so‘rovnomani (keyingi o‘rinlarda so‘rovnoma deb ataladi) shakllantiradi.
10. Ariza beruvchi tomonidan so‘rovnoma shakllantirilishi bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Ariza beruvchi so‘rovnomani so‘ralayotgan ma’lumotlarni kiritish va Tizim tomonidan umumiy ma’lumotnomadan taklif etilayotgan ma’lumotlarni tanlash yo‘li bilan shakllantiradi. Ariza beruvchi so‘rovnomani shakllantirishni istalgan bosqichda to‘xtatish yoki davom ettirish huquqiga ega.
Davlat axborot resurslarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar, ariza beruvchining Yagona identifikatsiyalash tizimidan olingan haqiqiy shaxsiy ma’lumotlarini inobatga olgan holda Tizim tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Tizim har bir bosqichda so‘rovnomada shakllantirilgan ma’lumotlarni saqlab boradi.
11. Ariza beruvchi tomonidan firma nomini tanlash bir xilligining tekshirilishi Tizim tomonidan avtomatik tarzda amalga oshiriladigan, lotin alifbosidagi erkin firma nomlaridan so‘rovnoma shakllantirilganda amalga oshiriladi.
Ariza beruvchi u tomonidan firma nomi tanlanayotganda O‘zbekiston Respublikasining “Firma nomlari to‘g‘risida”gi Qonuni, shuningdek yuridik shaxslar nomlari to‘g‘risidagi boshqa qonun hujjatlari talablariga rioya etmaganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
So‘rovnoma shakllantirilganda tanlangan firma nomi Tizim tomonidan 60 kalendar kuniga ariza beruvchi nomiga saqlanib turadi.
Agar ariza beruvchi shakllantirilgan so‘rovnomani ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ushbu bandda ko‘rsatilgan muddat mobaynida jo‘natmagan bo‘lsa, ariza beruvchi tomonidan tanlangan firma nomining belgisi Tizim tomonidan bekor qilinadi. Bunda ariza beruvchi tomonidan shakllantirilgan boshqa ma’lumotlar ularni ochib ko‘rish, o‘zgartirish va so‘rovnomani shakllantirishni davom ettirish imkoniyati bilan Tizim tomonidan tegishlicha foydalanuvchining shaxsiy kabineti yoki “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”da saqlanib turadi.
Firma nomini qayta tanlash ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
12. Tizim vositasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun tegishlicha so‘rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
davlat tilidagi ta’sis hujjatlari;
topshirish dalolatnomasi — qo‘shib yuborilganda;
taqsimlash balansi — bo‘lishda va ajratib chiqarishda.
Topshirish dalolatnomasi va taqsimlash balansi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar bo‘yicha, huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak — qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, unda yangidan paydo bo‘lgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning o‘z kreditorlari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.
Ariza beruvchi ta’sis hujjatlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra qonun hujjatlari talablarini inobatga olgan holda namunaviy shakllar asosida yoki boshqa shakllarda rasmiylashtirish huquqiga ega.
13. So‘rovnomaga ilova qilinayotgan hujjatlar elektron hujjat shaklida bo‘lishi kerak.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga so‘rovnomani qog‘ozda rasmiylashtirilgan hujjatlarning “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalari shaklida ilova qilgan holda jo‘natishga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) uchun yuborilgan so‘rovnomalar:
ikki va undan ortiq muassislari bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarda muassisning so‘rovnomada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga Tizim tomonidan yuborilgan xabarnoma va uning muassisligini Yagona identifikatsiyalash tizimi orqali identifikatsiyalashni tasdiqlash yo‘li bilan har bir muassisning muassislar tarkibiga kiritilganligiga roziligi mavjud bo‘lishi kerak, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar bundan mustasno;
muassislari tarkibida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ko‘rsatilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar, chet el sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar, boshqa tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslarda majburiy tartibda ko‘rsatilgan shaxslarning elektron raqamli imzosi (keyingi o‘rinlarda ERI deb ataladi) bilan imzolanadi.
Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga yuborilayotgan har bir alohida hujjat barcha autentik belgilari haqiqiyligi saqlanishini ta’minlovchi (har bir dyuymga 200 nuqtadan kam bo‘lmagan) alohida fayl ko‘rinishida so‘rovnomaga ilova qilinishi kerak. Har bir fayl o‘lchami 10 Mbdan oshmasligi kerak.
14. Ariza beruvchi so‘rovnoma shakllantirilishi oxiriga yetganidan so‘ng stavkasi ushbu Nizomga 2-ilovaga muvofiq Tizim tomonidan avtomatik tarzda aniqlanadigan davlat bojini Tizim tomonidan taklif etilayotgan quyidagi to‘lov usullari orqali to‘lashni amalga oshiradi:
Internet jahon axborot tarmog‘i orqali real vaqt rejimida — bank kartasi va ulangan “SMS xabar berish” xizmati yordamida naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida;
O‘zbekiston Respublikasi banklarining kassalari orqali — Tizim tomonidan shakllantirilgan so‘rovnomaning noyob raqami ko‘rsatilgan holda naqd yoki naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida;
hisob raqamidan bank o‘tkazmasi yordamida naqdsiz hisob-kitob ko‘rinishida.
To‘langan davlat boji qaytarilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ortiqcha to‘langan summalar bundan mustasno.
15. Davlat boji to‘langan paytdan boshlab ushbu Nizomning 9 — 14-bandlari talablari inobatga olingan holda so‘rovnoma Tizim foydalanuvchisiga — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimining shaxsiy kabinetiga avtomatik tarzda xabarnoma yuboradigan Tizim tomonidan saqlanadi.
16. Tizim ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazish muddatlarida ariza beruvchi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni tekshiradi va ular Tizimning tegishli ma’lumotlar bazalariga muvofiq bo‘lganda:
Reyestrga avtomatik tarzda tegishli yozuvlar kiritish yo‘li bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiradi;
ushbu Nizomga 6, 6a, 6b-ilovalarga muvofiq tegishli shakllar bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani shakllantiradi;
ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, ta’sis hujjatlarini elektron hujjatlar repozitoriysida saqlaydi;
elektron hujjatlar depozitoriysida davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga rad etishni shakllantiradi va saqlaydi.
Yuridik shaxslar uchun — ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaga, ta’sis hujjatlariga havola (giperhavola) shaklidagi xabarnoma avtomatik tarzda Tizim foydalanuvchisining — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimining ERIsi bilan imzolanadi va “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti”ga, shuningdek so‘rovnomada ko‘rsatilgan elektron pochta manziliga jo‘natiladi.
Ariza beruvchi tomonidan tegishli elektron hujjatlar Yagona portaldagi “tadbirkorlik subyektining shaxsiy kabineti” orqali qabul qilib olingan payt ushbu bandda nazarda tutilgan elektron hujjatlar berilgan vaqt bo‘lib hisoblanadi.
17. Ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomada, ta’sis hujjatlarida Tizim foydalanuvchisining — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimining ERIsi va QR-kod (matritsali shtrix kod), shuningdek identifikatsiya raqamlari bo‘lishi kerak.
QR-kod tegishli dasturiy-apparat vositalari bilan o‘qilganda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning, ta’sis hujjatlarining identifikatsiya raqamlari va Yagona portaldagi elektron hujjatlar repozitoriysiga havolalar (giperhavolalar) bo‘lishi kerak.
18. Ariza beruvchi yuridik shaxslar uchun — Yagona portaldagi elektron hujjatlar repozitoriysida saqlanayotgan ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani, ta’sis hujjatlarini erkin olish, shuningdek ularning nusxalarini qog‘ozda chop etish huquqiga ega.
19. Davlat ro‘yxatidan o‘tganidan so‘ng tadbirkorlik subyekti qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bank hisob raqamlarini ochish uchun banklarga murojaat qiladi. Bank hisob raqamlarini ochish uchun ro‘yxatdan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning, ta’sis hujjatlarining asl nusxalarini va nusxalarini taqdim etish talab qilinmaydi.
20. Kichik tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, shuningdek ular tomonidan tadbirkorlik faoliyati amalga oshirilganda muhr va shtamplar, shuningdek ularning eskizlarini tayyorlash talab qilinmaydi.
3-bob. Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi
21. Ushbu Nizomga 7-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlariga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar majburiy qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Ariza beruvchi davlat xizmatini tanlaganidan so‘ng ushbu Nizomga 7-ilovada nazarda tutilgan muddat mobaynida ushbu Nizomga 8 va 9-ilovalarga muvofiq belgilangan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun arizalar shakllari bo‘yicha ushbu Nizomning 10, 11, 13, 14-bandlarida nazarda tutilgan talablarni inobatga olgan holda so‘rovnomani shakllantiradi.
Qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Tizim vositasida ushbu Nizomning 13-bandida nazarda tutilgan talablarni inobatga olgan holda quyidagi hujjatlar so‘rovnomaga ilova qilinadi:
tadbirkorlik subyekti vakolatli boshqaruv organining ta’sis hujjatlariga ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarori;
davlat tilidagi ta’sis hujjatlari;
topshirish dalolatnomasi — qo‘shib yuborilganda va qayta tuzilganda;
taqsimlash balansi — ajratib chiqarishda;
tadbirkorlik subyekti vakolatli organining ta’sis hujjatlarida e’lon qilingan ustav fondi miqdori shakllantirilganligi to‘g‘risidagi hujjat — ustav fondi miqdori oshirilganda;
tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs ishtirokchilari tomonidan qo‘shimcha hissalar va uchinchi shaxslar tomonidan to‘la miqdordagi hissalar kiritilganligini tasdiqlovchi hujjatlar — ustav fondi miqdori oshirilganda;
ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tganligini tasdiqlovchi hujjat (shartnoma, xat, huquqiy vorislik, meros, sud qarori va shu kabilar) — ulush (hissa) boshqa shaxsga o‘tganda.
Topshirish dalolatnomasi va taqsimlash balansi qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarning barcha kreditorlari va qarzdorlariga nisbatan barcha majburiyatlari bo‘yicha, shu jumladan taraflar bahslashayotgan majburiyatlar bo‘yicha, huquqiy vorislik to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak — qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlari uchun.
Agar taqsimlash balansi qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning huquqiy vorisini aniqlash imkonini bermasa, unda yangidan paydo bo‘lgan yuridik shaxslar qayta tashkil etilgan yuridik shaxsning o‘z kreditorlari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha solidar javobgar bo‘ladilar.
Ta’sis hujjatlariga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish ushbu Nizom 12-bandining yettinchi xatboshida nazarda tutilgan huquqni inobatga olgan holda ta’sis hujjatlarni yangi tahrirda qabul qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Aksiyadorlik jamiyati qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan taqdirda, ushbu bandning to‘rtinchi xatboshida ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tish qismida, to‘qqizinchi, o‘ninchi xatboshilarida nazarda tutilgan hujjatlar talab etilmaydi.
22. Davlat boji to‘langan paytdan boshlab Tizim ushbu Nizomning 15 va 16-bandlarida nazarda tutilgan harakatlarni bajaradi.
23. Ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish amalga oshirilgan taqdirda Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi xabarnoma olganidan so‘ng ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan muddatlarda taqdim etilgan hujjatlarni ushbu Nizomning 44-bandida ko‘rsatilgan rad etish uchun asoslar mavjud emasligi yuzasidan ko‘rib chiqishi va qayta ishlashi shart.
24. Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda so‘rovnomani ko‘rib chiqish va qayta ishlash uchun:
ma’lumotlar va hujjatlar qonun hujjatlari talablariga muvofiq bo‘lgan taqdirda, Tizim vositasida Reyestrga kiritiladigan yozuvni shakllantiradi va kiritilishini tasdiqlaydi, bunda Tizim ushbu Nizomning 16-bandida nazarda tutilgan harakatlarni bajaradi;
ma’lumotlar va hujjatlar qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, Tizim ushbu Nizomning 47-bandida nazarda tutilgan harakatlarni bajaradi.
4-bob. Qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
25. Qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlarini — yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish Tizim vositasida amalga oshiriladi.
26. Tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs:
ajratib chiqarish yo‘li bilan qayta tashkil etilganda — qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxsga nisbatan uning ta’sis hujjatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, ajratib chiqarilayotgan tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxsga nisbatan esa — yangidan tuzilgan tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amalga oshiriladi;
qo‘shib olish yo‘li bilan qayta tashkil etilganda — qo‘shib olish amalga oshirilayotgan tadbirkorlik subyektining — yuridik shaxsning ta’sis hujjatlari bilan bog‘liq bo‘lgan qayta ro‘yxatdan o‘tkazish Reyestrga qo‘shib olingan yuridik shaxs faoliyatini tugatish to‘g‘risida yozuv kiritish bilan amalga oshiriladi;
qo‘shib yuborish, bo‘lish va o‘zgartirish yo‘li bilan qayta tashkil etilganda — yangidan tuzilgan tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish amalga oshiriladi.
27. Qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlarini — yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tegishlicha ushbu Nizomning 2 va 3-boblarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
Yangidan paydo bo‘lgan yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan qayta tashkil etish natijasida tugatilayotgan aksiyadorlik jamiyatining chiqarilgan qimmatli qog‘ozlari bekor qilinganidan, shuningdek u Reyestrdan chiqarilganidan so‘ng amalga oshiriladi.
28. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun so‘rovnoma yoki ariza yuborilishidan oldin qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs tomonidan kreditorlarni tanishtirish uchun ushbu Nizomga 10-ilovaga muvofiq rasmiylashtirilgan xabarnoma Yagona portalda e’lon qilinadi. Bunda ko‘rsatilgan xabarnomani bosma ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish talab etilmaydi.
Agar qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs aksiyadorlik jamiyati bo‘lsa, tegishli axborot qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida — Korporativ axborot yagona portalida, shuningdek aksiyadorlik jamiyatining korporativ veb-saytida e’lon qilinadi
29. Ushbu Nizomning 5-bobida nazarda tutilgan holatlarda:
qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlarini — yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar joylashgan joydagi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi;
agar qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar joylashgan joy qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs joylashgan joydan farq qilsa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish qayta tashkil etish yo‘li bilan tuzilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar joylashgan joyda amalga oshiriladi.
5-bob. O‘zi kelgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish
Oldingi tahrirga qarang.
30. Ariza beruvchilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun tegishli (pochta manziliga muvofiq joylashgan joydagi — yuridik shaxslar uchun yoki doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan yoxud doimiy yashash joyidagi — jismoniy shaxslar uchun) ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zlari kelib murojaat qilish huquqiga ega.
(30-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son)
31. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga o‘zi kelib murojaat qilinganida qog‘oz hujjatlarning asl nusxalari bir nusxada taqdim etiladi.
Agar Tizim foydalanuvchisiga — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimiga hujjatlar o‘zi kelib ariza beruvchining vakili tomonidan taqdim etilsa, shuningdek uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport, harbiy bilet, haydovchilik guvohnomasi, shaxsini va O‘zbekiston Respublikasidagi yashash joyini tasdiqlovchi boshqa hujjat) va ariza beruvchi vakilining vakolatlarini tasdiqlovchi hujjat (ishonchnoma, shartnoma, tadbirkorlik subyekti — yuridik shaxs muassislarining qonun hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan qarori, qonun hujjatlariga muvofiq boshqa hujjatlar) taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu Nizomga 2-ilovada nazarda tutilgan stavka bo‘yicha davlat boji to‘lanadi. Bunda davlat bojini to‘lash O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining budjetdan tashqari jamg‘armasi shaxsiy hisob raqamiga amalga oshiriladi.
(31-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-yanvardagi 40-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 23.01.2018-y., 09/18/40/0609-son)
32. Tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga tegishlicha ushbu Nizomning 12 va 21-bandlarida nazarda tutilgan hujjatlarni, shuningdek davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoki belgilangan davlat boji miqdori to‘langanligi to‘g‘risida bank to‘lov hujjatining (keyingi o‘rinlarda to‘lov hujjati deb ataladi) nusxasini taqdim etadi.
33. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun ariza beruvchi ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga pasportini — O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun, shaxsini va O‘zbekiston Respublikasidagi yashash joyini tasdiqlovchi pasportni yoki boshqa hujjatni — chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun, shuningdek davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yoxud to‘lov hujjati nusxasini taqdim etadi.
34. Qayta tashkil etilayotgan tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga ushbu Nizomning 32-bandida nazarda tutilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda qo‘shib yuborilayotgan, qo‘shib olinayotgan, o‘zgartirilayotgan, bo‘linayotgan, ajratib chiqarilayotgan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar muassislarining (ishtirokchilarining) yoki ta’sis hujjatlari bilan bunga vakolat berilgan organlarning tegishli qarorlari taqdim etiladi.
35. Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘zi kelib taqdim etilgan hujjatlar va ma’lumotlarni olganidan so‘ng tegishli ariza shaklini to‘ldiradi.
Tizimdan foydalanuvchi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi ushbu bobda nazarda tutilgan harakatlarni faqat ariza beruvchi tomonidan belgilangan davlat boji miqdori Tizim vositasida to‘laganidan so‘ng amalga oshiradi.
36. Hujjatlar o‘zi kelib taqdim etilgan taqdirda Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari kiritilayotganda Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi taqdim etilgan hujjatlar mazmunini ushbu Nizomning 6-bobida nazarda tutilgan rad etish uchun asoslarning mavjud emasligi yuzasidan ko‘rib chiqishi shart — ustav fondi miqdorining oshirilishida, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishida qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asoslarni o‘rganish bundan mustasno.
37. Ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlarini Tizimga kiritish oxiriga yetganidan so‘ng Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi Tizim tomonidan unga kiritilgan ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari asosida shakllantirilgan arizani, unda ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan rozi bo‘lgan taqdirda arizani o‘z qo‘li bilan imzolovchi ariza beruvchi uni tekshirib chiqishi uchun arizani qog‘oz ko‘rinishida chop etadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni (ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bundan mustasno) rad etish uchun asoslar mavjud bo‘lmaganda, ariza ariza beruvchi tomonidan imzolanganidan so‘ng Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi barcha qog‘oz ko‘rinishida taqdim etilgan hujjatlarni (pasport va to‘lov hujjatining nusxalari bundan mustasno) skaner qiladi, Tizimga kiritadi va ularni ariza beruvchiga qaytarib beradi, to‘ldirilgan ariza bundan mustasno.
38. Ariza ariza beruvchi tomonidan imzolanganidan so‘ng Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi tomonidan Tizimga kiritilgan ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlari buzib ko‘rsatilgan, o‘zgartirilgan va (yoki) qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ javob beradi.
39. Tizim, Tizim foydalanuvchisi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan muddatlarda tegishlicha ushbu Nizomning 16, 23 va 24-bandlarida nazarda tutilgan harakatlarni amalga oshiradilar.
6-bob. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asoslar
40. Quyidagilar davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘ladi:
davlat boji to‘lanmaganligi yoki uning to‘liq bo‘lmagan miqdorda to‘langanligi;
ushbu Nizomning 5-bobida nazarda tutilgan holatlarda tegishli bo‘lmagan ro‘yxatdan o‘tkazish organiga murojaat qilinganligi;
ushbu Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar va (yoki) ma’lumotlar to‘liq bo‘lmagan hajmda taqdim etilganligi;
qonun va ta’sis hujjatlari bilan vakolat berilmagan organ tomonidan ta’sis hujjatlarini tasdiqlash (xulosaga kelish), ularga o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinganligi — ustav fondi miqdori oshirilgan, ulush (hissa) boshqa shaxsga o‘tgan, qayta tashkil etilgan taqdirda;
davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda qonun hujjatlari bilan ustav fondining miqdoriga doir talablar belgilangan tadbirkorlik subyektlari — yuridik shaxslar uchun ta’sis hujjatlarida ushbu Nizomga 11-ilovada nazarda tutilgan ustav fondining eng kam miqdoridan kam bo‘lgan miqdorning belgilanganligi.
41. Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonani davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun ushbu Nizomning 40-bandida ko‘rsatilgan asoslarga qo‘shimcha ravishda quyidagilar asos bo‘ladi:
ta’sis hujjatlarida ko‘rsatilgan xorijiy investitsiyalar ulushi miqdorining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar uchun qonun hujjatlarida belgilangan ulushi miqdoriga nomuvofiqligi;
xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxona muassislarining tarkibida xorijiy yuridik shaxsning mavjud emasligi.
42. Bozorni, shuningdek faoliyat yuritayotgan bozor negizida qayta tuzilgan savdo majmuasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun ushbu Nizomning 40-bandida ko‘rsatilgan asoslarga qo‘shimcha ravishda bozor va savdo majmuasi muassislari tarkibida ustav fondida ellik bir foizdan kam bo‘lmagan ulushga ega bo‘lgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining mavjud emasligi asos bo‘ladi.
43. Aksiyadorlik jamiyatini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun ushbu Nizomning 40-bandida ko‘rsatilgan asoslarga qo‘shimcha ravishda jamiyat ustav fondida o‘n besh foizdan kam bo‘lmagan ulushga ega bo‘lgan bir yoki undan ortiq xorijiy investorlarning mavjud emasligi asos bo‘ladi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
44. Ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun ushbu Nizomning 40-bandida ko‘rsatilgan asoslarga qo‘shimcha ravishda taqdim etilgan hujjatlarning va (yoki) ma’lumotlarning qonun hujjatlari talablariga nomuvofiqligi asos bo‘ladi.
45. Yakka tartibdagi tadbirkorni, tadbirkorlik subyektini — yuridik shaxsni, ro‘yxatdan o‘tkazish ma’lumotlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va (yoki) qo‘shimchalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni boshqa asoslarga, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi sabablariga ko‘ra rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
46. Davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish rad etish asoslari bartaraf etilishi sharti bilan hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qaytadan topshirishga to‘siq bo‘la olmaydi.
47. Tizimdan foydalanuvchi — ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ mas’ul xodimi tegishlicha so‘rovnomani, arizani olgan paytidan boshlab ushbu Nizomga 3-ilovada nazarda tutilgan muddat mobaynida Tizim vositasida ushbu Nizomga 12-ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga, qayta ro‘yxatdan o‘tkazishga rad etishni rasmiylashtiradi va Tizim vositasida so‘rovnomada, arizada ko‘rsatilgan usullar bilan bu haqida ariza beruvchini xabardor qiladi.
48. Ariza beruvchilar to‘langan davlat bojini qaytarishni talab qilish huquqiga ega emas, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ortiqcha to‘langan summalar bundan mustasno.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgan taqdirda to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.
7-bob. Yakunlovchi qoidalar
49. Tadbirkorlik subyektlari unga taalluqli bo‘lgan hujjatlar va (yoki) ma’lumotlar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar hamda vakolatli tashkilotlar tomonidan so‘ralganligi holatlari to‘g‘risidagi axborotni Tizim imkoniyatlaridan foydalanish vositasida real vaqt rejimida bepul va to‘siqsiz olish huquqiga ega, tadbirkorlik subyektlarining bu kabi axborotni olish imkoniyati qonun hujjatlariga muvofiq cheklangan holatlar bundan mustasno.
50. Tizimdan o‘z manfaatlari yoki uchinchi shaxslar manfaatlarida foydalangan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ, vakolatli tashkilot xodimlari qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
51. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar, vakolatli tashkilotlar tegishli Tizimdan foydalanuvchilar tomonidan amalga oshirilgan harakatlar uchun javob beradilar.
52. Tizimdan foydalanuvchi telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanilganda operator va (yoki) provayderning aybi bilan elektron hujjatlar va (yoki) ma’lumotlarni jo‘natishda (olishda) yuzaga kelish ehtimoli bo‘lgan to‘xtalishlar uchun javob bermaydi.
53. Ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organlar davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan ma’lumotlar va hujjatlar haqiqiyligini tekshirishni amalga oshirmaydilar, shuningdek ularning to‘g‘riligi hamda qonun hujjatlariga nomuvofiqligi uchun javoblar bermaydilar.
54. Ariza beruvchilar ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi, aniqligi, buzib ko‘rsatilganligi, shuningdek ta’sis hujjatlarining qonun hujjatlariga muvofiqligi uchun javob beradilar. So‘rovnoma interaktiv tarzda shakllantirilgan va ta’sis hujjatlari namunaviy shakllar asosida rasmiylashtirilgan taqdirda, ariza beruvchilar Tizim tanlashi uchun noaniq va buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar taklif etilganligi uchun javobgarlikdan ozod etiladilar.
55. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish
SXEMASI
* Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazish ushbu sxemaga muvofiq quyida belgilangan muddatlardan oshmagan holda amalga oshiriladi:
30 minutda, ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazish bundan mustasno;
ustav fondi miqdorining oshirilishi, ulushning (hissaning) boshqa shaxsga o‘tishi bilan bog‘liq bo‘lgan davlat ro‘yxatidan qayta o‘tkazilganda 16 ish soatida.
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan ma’lumotlar berilganligi uchun undiriladigan davlat bojlari va yig‘imlar
STAVKALARI
Oldingi tahrirga qarang.