Firmalarning ixtisoslashishi va ular o‘rtasidagi aloqadorlik.
Firmalarning asosiy shakllari
Firma – inglizcha so‘zdan olingan bo‘lib, tijorat maqsadlarini ko‘zlovchi korxona, kompaniya va boshqa xo‘jalik tashkiloti degan ma’noni anglatadi. Firma – bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishning asosiy shakli va bevosita ishlab chiqarish jarayonini amalga oshiruvchi milliy iqtisodiyotning asosiy bo‘g‘ini sifatida namoyon bo‘ladi.
Firmalarning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga mos va xos ravishda ma’lum sohalarga ixtisoslashadilar. Korxonada ixtisoslashuv uning darajasi, faoliyat yo‘nalishi va ishlab chiqarish omillariga qarab uyg‘unlashadi. Ya’ni unda muayyan texnika-texnologiya birlashadi va ma’lum kasbiy malaka hamda mahoratga ega kishilar mehnat jarayonlariga kirishadilar. Mehnat taqsimoti korxona va turdosh korxonalar guruhiga faqat ularga xos, ya’ni boshqalar bajarmaydigan vazifalarni biriktirib qo‘yadi. Korxonalar o‘zaro hamkorlik tamoyiliga asoslangan holda boshqa korxonalar bilan bog‘lanadilar va bir-birlarining xizmatlaridan bahramand bo‘ladilar.
Korxonalar ma’lum bir sohalarga ixtisoslashadilar va mahsulotlarning ayrim qismlarinigina yaratadilar. Tayyor mahsulotning murakkabligiga qarab, uni ishlab chiqarishda yuzlab, hatto minglab, bir yoki bir necha mamlakatlarning korxonalari ishtirok etadilar.
Korxonalar mehnat faoliyati sohasi va ixtisoslashuviga qarab sanoat, transport, qurilish, aloqa, qishloq xo‘jaligi, savdo, tijorat, maishiy xizmat, davolash, o‘qitish va boshqa korxonalarga bo‘linadi.
O‘tish davrida erkinlik darajasiga qarab korxonalar uch toifaga bo‘linadi: davlat buyurtmasi saqlangan korxona, ham buyurtma, ham bozorga ishlovchi korxona, faqat bozorga ishlovchi korxona.
Ma’muriy-buyruqbozlik iqtisodiyotidan bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida korxonalarning erkinligi cheklangan bo‘ladi. Hattoki, jamoa mulki ham amalda davlatlashtirilgan bo‘ladi. Shu sababli ko‘pgina korxonalar «davlat buyurtmasi saqlangan korxonalar» maqomini oladilar. Ular davlatning nazorati ostida bo‘ladi va u belgilagan faoliyat bilan mashg‘ul bo‘ladi. Lekin korxonalar doimo davlatning nazorati ostida qolmaydi va asta-sekinlik bilan bozor munosabatlariga tortila boshlaydi. Mazkur korxonalarda ishlab chiqarish ikki yoqlama tus oladi:
birinchidan, korxona davlat buyurtmasi topshirig‘i bilan ishlaydi;
ikkinchidan, buyurtma hajmi qisqartirilib, mahsulotning bir qismi bozorda o‘z bilganicha sotila boshlaydi. Bu holda korxonaning ham davlat buyurtmasiga, ham erkin bozorga ishlashi imkoniyati yaratiladi.
Bozor iqtisodiyotining rivojlanishi korxonaning iqtisodiy mustaqil bo‘lishini ta’minlaydi. Nimani qancha, qanday usullar bilan, qancha miqdorda ishlab chiqarish va uni ishlatishni korxonaning o‘zi hal qiladi. Yoki boshqacha so‘z bilan aytganda, korxona faqat bozorga ishlay boshlaydi.
Yuqoridagi xususiyatlarning mavjudligi korxonaning turli shakllarda faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi.
Firmadagi xususiyatlarning mavjudligi quyidagicha bo‘ladi:
xususiy firmalar;
mas’uliyati cheklangan jamiyatlar;
mas’uliyati cheklanmagan firmalar, ya’ni shirkatlar;
davlat korxonalari – firmalar;
aralash korxonalar;
korxonalar birlashmasi;
firmalar shoxobchasi va vakolatxonasi.
Do'stlaringiz bilan baham: |