Molibden (Mo). Molibdenning eng ko‘p miqdori dukkakli o‘simliklarda uchraydi. Dukkakli o‘tlar urug‘ida 1 kg quruq vazn hisobiga 0,5 mg dan 20 mg gacha molibden bo‘lishi, g‘allasimonlar urug‘ida esa 1 kg quruq vazn hisobiga 0,2 mg dan 1,0 mg gacha molibden bo‘lishi mumkin. Molibden o‘simliklarga boshqa elementlarga nisbatan kamroq yutiladi. o‘simlik barglarida molibden boshqa a’zolariga nisbatan ko‘proq to‘planadi. Aksariyat o‘simliklarda molibden miqdorining quyi chegarasi 1 kg quruq moddada 0,1 mg hisoblanadi. Dukkakli ekinlarda bu ko‘rsatkich 0,4 mg/kg ni tashkil etadi. Molibden dukkakli o‘simliklarning ildizidagi tuganaklarning rivojlanishini kuchaytiradi, oqsil tarkibidagi azotning o‘zlashtirilishiga yordam beradi. Dukkakli o‘simliklarning tuganaklarida molibden birikmasi to‘planadi.
M.Ya. Shkolnik va M.M. Steklovalarning tekshirishlari molibden birikmalari qo‘llanilganda donli o‘simliklarning yarovizatsiya davrini tezlashishini ko‘rsatadi. Beda ustida olib borilgan tajribalar ham molibden birikmasining ahamiyatini ko‘rsatadi.
A.A. Drobkov ma’lumotlariga ko‘ra, molibden ta’siri ostida bedaning yer sirtidagi qismi 70% ga, urug‘ liosili esa 90% dan ko‘proqqa ko‘payadi. Turli ekinlar no‘xat, loviya, pomidor, qand lavlagi, beda, lyupin va baqlajon hosilini oshirishda molibden mikroelementining ijobiy ta’siri isbotlangan. Molibden o‘simliklardagi nitratreduktaza fermenti tarkibiga kiradi va nitratlarning nitritlargacha qaytarilishida ishtirok etadi. Umuman olganda, molibdenni o‘simliklardagi azot almashinish jarayoni mikroelementi deb atash mumkin.
Molibden fotosintez, nafas olish, vitamin va fermentlar sintezida faol ishtirok etadi. O‘simliklardagi molibdenning eng kam miqdori 1 kg quruq vazn hisobiga 0,10 mg bo‘lgan chegara hisoblanadi,boshqa o‘simliklar va dukkaklilar uchun 1 kg ga 0,40 mg ni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan miqdor molibdenning tanqisligidan dalolat beradi. Bug‘doyning o‘rtacha hosili bilan 1 gektar yer hisobiga 6 g molibden, bedaning hosili bilan esa 10 g gacha molibden olib chiqib ketiladi.
Oziq muhitidagi molibdenning tanqisligini tadqiq etish shuni ko‘rsatadiki, o‘simliklarda azot almashinuvi izdan chiqadi, to‘qimalarda ko‘p miqdorda nitratlar to‘planadi. Hayvon va odam organizmida ko‘p miqdorda iste’mol qilish tufayli konserogen birikmalar nitrozaminlarning hosil bo‘lishi kuzatiladi.
Molibdenning oshiqcha miqdori o‘simlikka toksik ta’sir ko‘rsatadi. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarida molibdenning bo‘lishi odam va hayvonlarning sog‘lig‘iga putur yetkazadi. 1 kg quruq massada 1 mg molibden bo‘lsa, odam va hayvonlar uchun zararli hisoblanadi. o‘simliklar tarkibida 1 kg quruq massasi hisobiga 20 mg va undan ko‘proq miqdorda molibden bo‘lgan hollarda: hayvonlar molibdenli toksikoz, odamlar endemik padagra kasalliklariga duch keladi.
Molibdenli o‘g‘it sifatida tarkibida 53% molibden bo‘lgan ammoniy molibdat qo‘llaniladi. Molibdenli mikroo‘g‘itlarning turi ko‘p bo‘lsa ham, sanoatda ko‘proq tarkibida 52-53% molibden saqlaydigan ammoniy molibdat ishlab chiqariladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |