19-bob. Davlat byudjeti tizimi va byudjet tuzilmasi85
Davlat byudjeti tizimi: ta’rifi, printsiplari, boshqarish sohasidagi vakolatlar
Turli darajadagi byudjetlar va davlat byudjeti mablag’lari oluvchilar yig’indisini, byudjetlarni tashkil etishni va tuzish printsiplarini ifodalaydigan, davlat byudjeti jarayonida ular o’rtasida, shuningdek, byudjetlar hamda davlat byudjeti mablag’lari oluvchilar o’rtasida vujudga keladigan o’zaro munosabatlar majmui davlat byudjeti tizimi deyiladi. Ko’pchilik hollarda, soddaroq tarzda, davlat byudjeti tizimi deyilganda esa mamlakatdagi mavjud byudjetlar to’plami (majmui) tushuniladi.
Davlat byudjeti tizimi mamlakat davlat byudjeti tuzilishining tarkibiy qismi bo’lib, uning ma’lum bir qismini o’zida ifoda etadi. Shu ma’noda, davlat byudjeti tizimi davlat byudjetiningo’zaro bog’liqlikda bo’lgan bo’g’inlarining o’zaro yig’indisidan iboratdir. Mamlakatning davlat byudjeti tizimi jamiyatning siyosiy tuzilishiga, davlatning iqtisodiy tizimiga va uning ma’muriy-hududiy bo’linishiga bevosita bog’liq.
U yoki bu mamlakatning davlat byudjeti tizimi ikki yoki uch bo’g’inli bo’lishi mumkin. Unitar davlatlarda davlat byudjeti tizimi ikki bo’g’indan (markaziy va mahalliy byudjetlar), federativ davlatlarda esa uch bo’g’indan (markaziy byudjet, federatsiya a’zolari byudjetlari va mahalliy byudjetlar) iborat bo’lishi mumkin.
Davlat byudjeti tizimi ma’lum bir printsiplarga asoslanib tashkil etiladi. O‘zbekiston Respublikasining “Byudjeti kodeksi”da mamlakatimiz davlat byudjeti tizimi shakllantirilishi va faoliyat yuritishining printsiplari belgilab berilgan:
davlat byudjeti tizimining yagonaligi;
davlat byudjeti tizimining O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy- hududiy tuzilishiga muvofiqligi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarining balansliligi va o’zaro bog’liqligi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish;
davlat byudjeti tizimi byudjetlari mablag’laridan foydalanishning aniq yo’naltirilganligi va maqsadlilik xususiyati;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarining mustaqilligi;
85 Darslikning 19-20-boblarini yozishda “O‘zbekiston Respublikasining Byudjeti kodeksi” asos qilib olindi. Bu o’rinlarda “Byudjet tizimi” va “Davlat byudjeti tizimi” iboralari bir xil tarzda talqin qilinadi.
davlat byudjeti tizimi byudjetlari mablag’laridan foydalanishning natijadorligi;
kassaning yagonaligi;
davlat byudjeti jarayoni ishtirokchilarining javob-garligi;
ochiqlik.
Davlat byudjeti tizimining yagonaligi printsipi huquqiy bazalar, pul tizimi, davlat byudjeti hujjatlari shakllari, davlat byudjeti jarayoni printsiplari, davlat byudjeti qonunchiligini buzganlik uchun sanktsiyalarning yagonaligi, mamlakat davlat byudjeti tizimi barcha darajalari byudjetlari xarajatlarini moliyalashtirish va davlat byudjeti mablag’lari buxgalteriya hisobini yurgizish tartibining yagonaligi bilan belgilanadi.
Davlat byudjeti tizimining O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy- hududiy tuzilishiga muvofiqligi har bitta ma’muriy-hududiy birlikning o’z mustaqil byudjeti bo’lishi shartligi bilan izohlanadi. Ma’muriy – hududiy birlik o’z byudjetini tashkil etish va uning mablag’laridan foydala-nishda muayyan vakolatlarga ega bo’ladi.
Davlat byudjeti tizimi byudjetlarining balansliligi va o’zaro bog’liqligi printsipining mazmuni shundaki, har bitta davlat byudjeti mutlaqo balansli holda tashkil etilishi shart, ya’ni unda amalga oshirilishi mo’ljallangan xarajatlar moliya yilida olinajak daromadlar miqdoriga teng bo’lishi kerak.
Byudjetlarning balansliligi printsipi byudjetda ko’zda tutilgan xarajatlarning hajmi davlat byudjeti daromad-lari va uning defitsitini moliyalashtirish manbalaridan tushadigan tushumlarning jami hajmiga teng bo’lishi kerak-ligini bildiradi.
Byudjetni tuzish, tasdiqlash va ijro etish jarayonida vakolatli organlar davlat byudjeti defitsiti miqdorini minimallashtirish masalasiga alohida e’tibor berishlari kerak.
Bundan tashqari, daromadlarni yig’ish va mablag’larni xarajat qilishda byudjetlarning bir-biriga bo’ysunadigan yuqori va quyi zvenolari qat’iy o’zaro bog’liqlikda harakat qiladi.
Moliya tizimining tarkibiy qismi sifatida davlat byudjeti tizimi byudjetlari daromadlarini prognoz qilish va xarajatlarini rejalashtirish o’ta muhim printsiplardan biri hisoblanadi. Daromadlarni prognoz qilishning asosi bo’lib mamlakatni ijtimoiy – iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining natural ko’rsatkichlari hisoblanadi. Ular bazasida kelgusi davrda olinishi mumkin bo’lgan daromad-larning miqdorlari prognoz qilinadi. Xarajatlar ham o’z-o’zidan amalga oshirilmaydi, balki oldindan hisob-kitob qilingan aniq miqdorlar asosida
byudjetlarga ajratiladi. Daromadlar ularning aniq manbalari bo’yicha prognoz qilinsa, xarajatlar yo’nalishlar bo’yicha rejalashtiriladi.
Davlat byudjeti tizimi byudjetlari mablag’laridan foydalanishning aniq yo’naltirilganligi va maqsadlilik xususiyati printsipi davlat byudjeti mablag’larini konkret oluvchilar ixtiyoriga ularning aniq maqsadlarni moliyalash-tirilishi oldindan belgilangan holda bo’lib berilishini nazarda tutadi. Byudjetda ko’zda tutilgan mablag’lar manzilliligini yoki yo’nalishini ko’zda tutil-magan maqsad-larga o’zgartirish borasidagi har qanday xatti-harakat mamlakat davlat byudjeti qonunchiligini buzish hisob-lanadi.
Davlat byudjeti tizimi byudjetlarining mustaqilligi printsipi qonunchilik va davlat hokimiyatining ijroiya organlari hamda mahalliy o’zini o’zi boshqarish organ-larining mamlakat davlat byudjeti tizimining tegishli darajalarida davlat byudjeti jarayonini mustaqil amalga oshirish borasidagi huquqlarini bildiradi. Bu printsipning amal qilishi qonunchilikka muvofiq mamlakat davlat byudjeti tizimining har bir darajasida byudjetlar daro-madlarining o’z manbalariga egaligini, byudjetlarning tartibga keltiruvchi daromadlarini, qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli byudjetlarning daromadlarini shakllan-tirish bo’yicha vakolatlarni, davlat hokimiyat organlari va mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarining qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli byudjetlar xarajatlarining sarflanish yo’nalishlarini mustaqil aniqlash huquqini qonuniy biriktirilishini, byudjet to’g’risidagi qonunlarni ijro etish jarayonida olingan qo’shimcha daromadlar, davlat byudjeti daromadlarining xarajatlaridan oshgan qismi summalari va davlat byudjeti xarajatlari bo’yicha iqtisod qilingan summalarni olishning mumkin emasligini, davlat byudjeti to’g’risidagi qonunlarning ijro etilishi jarayonida vujudga kelgan daromadlardagi yo’qotmalar va qo’shimcha xarajatlarni davlat byudjeti tizimining boshqa daraja-lari hisobidan kompensatsiya qilishga yo’l qo’ymas-likni (qonunchilikning o’zgarishiga bog’liq holda vujudga kelgan holatlardan tashqari) taqozo etadi. Baxtga qarshi, 2016 yilga qadar o’tgan davrda mamlakatimiz davlat byudjeti tizimida byudjetlarning mustaqilligi printsipiga rioya qilinmagan holatlar yuz berdi.
Davlat byudjeti tizimi byudjetlari mablag’laridan foydalanishning natijadorligi printsipining mazmuni shundan iboratki, unga muvofiq ravishda vakolatli organlar va davlat byudjeti mablag’larini oluvchilar byudjetlarni tuzish va ularning ijrosini ta’minlashda, avvalo, ko’zda tutilgan maqsadlarga erishishda mablag’larning kamroq hajmidan yoki
ma’lum bir hajmdagi mablag’lardan foyda-langan holda yuqori natijaga erishish zarurligidan kelib chiqishi kerak.
Kassaning yagonaligi printsipi davlat byudjeti tizimi byudjetlarining barcha daromadlari Yagona g’azna hisobva-rag’iga kiritilishi va ularning xarajatlarini to’lash ushbu hisobvaraqdan amalga oshirilishini anglatadi.
Davlat byudjeti jarayoni ishtirokchilarining javobgar-ligi printsipi davlat byudjeti jarayonining har bir ishtirokchisi davlat byudjeti jarayonining har bir bos-qichida o’z harakatlari uchun javobgar bo’lishidan iboratdir.
Davlat byudjeti tizimidagi ochiqlik printsipi ochiq matbuotda tasdiqlangan davlat byudjeti va uning ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni, albatta, e’lon qilinishini, davlat byudjeti ijrosi jarayonida ma’lumotlarning to’liq va to’g’ri berilishini, davlat hokimiyati qonunchilik organlari va mahalliy o’zini o’zi boshqarish organlarining qarorlariga oid boshqa ma’lumotlarni olish imkoniyatining yaratilganligini, davlat byudjeti loyihasi bo’yicha qarorlarni ko’rib chiqish va qabul qilish tartiblarining (jumladan, davlat hokimiyati qonunchi-lik organi ichida yoki davlat hokimiyatining qonunchilik va ijroiya organlari o’rtasidagi qarama-qarshiliklarni ifodalovchi masalalar bo’yicha ham) jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun albatta, ochiq bo’lishini ko’zda tutadi. Bundan tashqari, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari ijrosi to’g’risidagi axborot Moliya vazir-ligining rasmiy veb-saytida ham joylashtirilishi va yangilanib borishi kerak.
Maxfiy moddalarni tasdiqlash, odatda, faqat respub-lika byudjeti tarkibida amalga oshiriladi.
Mamlakat davlat byudjeti tizimini boshqarish sohasida tegishli hokimiyat organlari alohida vakolatlarga egadir. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat byudjeti tizimini boshqarish sohasidagi vakolatlari quyidagilardan iborat86:
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari, shuningdek soliq va davlat byudjeti siyosa-tining asosiy yo’nalishlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiqlashtirib boradi;
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari, shuningdek soliq va davlat byudjeti siyosa-tining asosiy yo’nalishlari loyihalarini ko’rib chiqish hamda tegishli xulosa taqdim etish uchun O‘zbekiston Respub-likasi Hisob palatasiga yuboradi;
86 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti kodeksi” 25 modda: T.: “Adolat”, 2014 y. - 9-b.
byudjetnoma loyihasini ko’rib chiqadi va tasdiqlaydi;
byudjetnomani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majli-sining palatalariga taqdim etadi;
davlat boshqaruvi organlarining Davlat byudjetini va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarini ijro etish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi hamda nazorat qiladi;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni har chorakda ko’rib chiqadi;
o’tgan moliya yili uchun Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi to’g’risi-dagi hisobotlarni tashqi audit o’tkazish hamda baholash uchun O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasiga yuboradi;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining tegishli davrdagi ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;
Qonunchilikda nazarda tutilgan holatlarda moliya yili mobaynida Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’ar-malari byudjetlari parametrlariga o’zgartirishlar kiritish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining qo’shimcha manbalaridan foydalanish to’g’risida qarorlar qabul qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg’armasi mablag’laridan foydalanish to’g’risida qarorlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq davlat byudjeti sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining davlat byudjeti sohasidagi vakolatlari quyidagilardan ibo-rat:87
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari, shuningdek soliq va davlat byudjeti siyosa-tining asosiy yo’nalishlari loyihalari bo’yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi;
Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlarining ijrosi to’g’risidagi yillik hisobot bo’yicha tashqi audit va baholashni amalga oshiradi hamda ular yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga xulosa taqdim etadi;
87 “O‘zbekiston Respublikasining Byudjeti kodeksi” 26 modda: T.: “Adolat”, 2014 y. - 9-b.
vazirliklar, davlat qo’mitalari, idoralar hamda bank-larning davlat byudjeti tizimi byudjetlari daromadlari va xarajatlari moddalarining maqsadli ijrosini boshlang’ich ma’lumotlar bo’yicha nazorat qilish imkonini beruvchi axborot tizimlari va resurslariga kirish imkoni-yatiga ega bo’ladi;
Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari daromad qismining ijrosi yuzasidan moni-toring o’tkazadi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlari mablag’laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshi-radi.
O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi qonun hujjat-lariga muvofiq davlat byudjeti sohasida boshqa vakolat-larni ham amalga oshirishi mumkin.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining davlat byudjeti sohasi-dagi vakolatlari esa quyidagilardan iboratdir88:
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjetini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarini, tumanlar va shaharlar byudjetlarini tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimno-masiga muvofiq ko’rib chiqadi va qabul qiladi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shahar-lar byudjetlarining tegishli davrdagi ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokimlarining taqdimnomasiga muvofiq har chorakda ko’rib chiqadi va tasdiqlaydi;
mahalliy soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarning stavkalarini qonun hujjatlarida belgilangan miqdorlar doirasida belgilaydi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlari qonun hujjatlariga muvofiq davlat byudjeti sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Shuningdek, Qoraqalpog’iston Respublikasi va joylardagi davlat hokimiyat organlari ham davlat byudjeti tizimini boshqarish sohasida bir necha vakolatlarga ega. Jumladan, Qoraqalpog’iston Respublikasi
88 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti kodeksi” 27 modda: T.: “Adolat”, 2014 y. - 9-b.
Jo’qorg’i Kengesi va mahalliy hokimiyat vakillik organlari uchun bu borada quyidagi vako-latlar xosdir89:
tegishli davlat byudjeti loyihasini ishlab chiqish va uni ijro etish jarayonini tashkil etadi hamda muvofiq-lashtirib boradi;
davlat byudjeti so’rovi olinishiga qarab tegishli byudjetlarning loyihalarini tuzish to’g’risida qarorlar qabul qiladi, ularni tayyorlash tartibi va muddatlarini belgilaydi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti loyihasini, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tuman-lar va shaharlar byudjetlari loyihalarini tegishincha Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga ko’rib chiqish va qabul qilish uchun taqdim etadi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlarining qarorlariga muvofiq Qoraqalpo-g’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shaharlar byudjetlari parametrlarini tasdiqlaydi;
Moliya yili mobaynida Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjet-lari, tumanlar va shaharlar byudjetlari parametrlariga o’zgartirishlar kiritish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqadi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari, tumanlar va shahar-lar byudjetlarining tegishli davrdagi ijrosi to’g’risidagi hisobotlarni Qoraqalpog’iston Respublikasi Jo’qorg’i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga tasdiqlash uchun taqdim etadi;
Davlat byudjetiga va davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlariga tushumlar to’liq va o’z vaqtida tushishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
davlat byudjeti mablag’larining maqsadli sarfla-nishi ustidan nazoratni tashkil etadi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti-ning, viloyatlar viloyat byudjetlarining va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining qo’shimcha manbalaridan foydalanish to’g’risida qarorlar qabul qiladi;
qonun hujjatlarida belgilanadigan alohida soliqlar bo’yicha belgilangan stavkalarga pasaytiruvchi va oshib boruvchi
89 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti kodeksi” 28 modda: T.: “Adolat”, 2014 y. - 9-b.
koeffitsientlarni kiritish to’g’risida hududlarning faoliyatni amalga oshirish joyining xususiyatlarini inobatga olgan holda qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi respublika byudjeti-ning, viloyatlar viloyat byudjetlari va Toshkent shahri shahar byudjetining, tumanlar va shaharlar byudjetlarining zaxira jamg’armalari mablag’laridan foydalanish to’g’risida qarorlar qabul qiladi.
Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hokim-lari qonun hujjatlariga muvofiq davlat byudjeti sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
O‘z navbatida, mamlakat davlat byudjeti tizimini boshqarishda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi muhim rol o’ynab, u bu sohada quyidagi vakolatlarga egadir90:
Davlat byudjeti hamda soliq va davlat byudjeti siyo-satining asosiy yo’nalishlari loyihalarini tayyor-laydi;
davlat maqsadli jamg’armalari byudjetlari loyiha-larini ko’rib chiqadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga byud-jetnoma loyihasini ko’rib chiqish uchun taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasi va Davlat bojxona qo’mitasiga O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti daromadlari prognozini har chorakda etkazadi;
davlat byudjeti mablag’larini taqsimlovchilarga va davlat maqsadli jamg’armalarini taqsimlovchi organ-larga ular uchun nazarda tutilgan byudjetdan ajratiladigan mablag’lar hajmlarini etkazadi;
davlat byudjeti mablag’larini taqsimlovchilarning xarajatlar smetalari va jamlanma xarajatlar smetalari, shtat jadvallarini, shuningdek ularga kiritilgan o’zgartirishlarni ro’yxatdan o’tkazadi;
O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetining xara-jatlari yoyilmasiga moliya yili mobaynida o’zgarti-rishlar kiritadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat byudjeti, O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjet-lari parametrlariga o’zgartirishlar kiritish bo’yicha takliflar taqdim etadi;
90 “O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti kodeksi” 29 modda: T.: “Adolat”, 2014 y. - 9-b.
Moliya yili mobaynida Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Qoraqalpog’iston Respublikasi byud-jeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjet-larining tasdiqlangan parametrlariga o’zgartirishlar kiritish to’g’risidagi takliflarini ko’rib chiqadi;
soliqlar va boshqa majburiy to’lovlarni ularning man-balari kesimida to’liq va o’z vaqtida tushishi ustidan monitoringni amalga oshiradi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarining mablag’laridan maqsadli foydalanilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
Qoraqalpog’iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining ijrosi to’g’risidagi hisobotlar, shuningdek davlat byudjeti tashkilotlari hamda davlat byudjeti mablag’lari oluvchilarning moliyaviy hisobotlari shakllarini va ularni taqdim etish tartibini tasdiqlaydi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg’armalari byudjet-larining tegishli davrdagi ijrosi to’g’risida hisobot taqdim etadi;
byudjetdan tashqari maxsus hisobvaraqlarda zaxiralar tashkil etadi;
Davlat byudjetini ijro etish jarayonida unga tushum-larni ko’paytirish bo’yicha qo’shimcha zaxiralarni aniq-laydi;
davlat byudjeti tashkilotlari va davlat byudjeti mablag’lari oluvchilarning xarajatlarini maqbullash-tirishni amalga oshiradi;
davlat byudjeti ssudalarini beradi;
davlat tomonidan mablag’lar jalb qilish bo’yicha O‘zbe-kiston Respublikasining shartnomalari va davlat kafolatlarini ro’yxatdan o’tkazadi;
davlat qarzining hisobini va monitoringini yuritadi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarining kassa ijro-sini yuritadi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarining Yagona g’azna hisobvarag’idagi va boshqa bank hisobvaraqlaridagi mablag’larini boshqaradi;
davlat byudjeti tashkilotlari va davlat byudjeti mab-lag’lari oluvchilarning tovarlarni (ishlarni, xizmat-larni) etkazib beruvchilar bilan tuzilgan shartno-malarini ro’yxatdan o’tkazadi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlarida mablag’lar nazarda tutilgan yuridik yoki jismoniy shaxslar nomidan va ularning topshirig’iga ko’ra to’lovlarni amalga oshiradi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlari ijrosining davlat byudjeti hisobini yuritadi va davlat byudjeti hisobotini qabul qiladi;
davlat qarzi bo’yicha xizmat ko’rsatadi, O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini bajaradi;
O‘zbekiston Respublikasiga kelayotgan insonparvarlik yordami hamda texnik ko’maklashish mablag’lari hisobini yuritadi;
davlat byudjeti tizimi byudjetlari daromadlari va xarajatlarining balansliligiga ta’sir ko’rsatuvchi normativ-huquqiy hujjatlarni moliyaviy hamda iqtisodiy ekspertizadan o’tkazadi;
o’z vakolatiga kiradigan masalalarga doir normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq davlat byudjeti sohasida boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |