Mavzu: Sug'urta munosabatlarini tartibga solish
Reja:
Sug‘urtaning shakllari haqida tushuncha
Majburiy va ixtiyoriy sug‘urta tamoyillari
Tayanch iboralar
Sug‘urtaning shakllari haqida tushuncha
Turkumlanishning barcha bo‘g‘inlari sug‘urtani amalga oshirish shakllarini qamrab oladi, ya’ni majburiy va ixtiyoriy. Tomonlarning xohish-irodasiga ko‘ra amalga oshiriladigan sug‘urta ixtiyoriy sug‘urta hisoblanadi.
Ixtiyoriy sug‘urtaning shartlari tomonlarning kelishuviga asosan belgilanadi. Sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchining huquqlari hamda burchlari, shuningdek, har bir sug‘urta turining aniq shartlari tegishli sug‘urta shartnomalari bilan belgilab quyiladi.
Ixtiyoriy sug‘urta turlarining umumiy shartlari va uni amalga oshirishning tartiblari sug‘urta qoidalarida o‘z aksini topadi. Ixtiyoriy sug‘urta turlarining qoidalari sug‘urtalovchilar tomonidan qonunchilik talablariga muvofiq tarzda mustaqil ishlab chiqiladi hamda sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqini olish uchun sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan nazorat qiluvchi organdan litsenziya olish paytida kelishilinadi.
O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiq majburiy sug‘urta amalga oshiriladi. Majburiy sug‘urta turlari, shartlari va uni amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Majburiy sug‘urtani amalga oshirish huquqiga davlat sug‘urta tashkilotlari ega bo‘lib kelganlar, biroq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 27 noyabrdagi 413-sonli «Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ustav kapitali hajmini 500 ming AQSh dollariga teng miqdorga yetkazgan har qanday sug‘urta kompaniyasi litsenziya asosida majburiy sug‘urta bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega bo‘ldilar (2010-yil 1 yanvardan 1500 ming yevroga ekvivalent summada). Shu bilan birga sug‘urta tashkilotlari majburiy sug‘urta qilinishi lozim bo‘lgan obyektlarning but saqlanishi ustidan nazorat o‘rnatishga haqlidirlar.
Majburiy sug‘urta sug‘urta bo‘lgan ijtimoiy (umumdavlat) talabni aks ettiradi. Davlat qonunchilik asosida ushbu maqsadlar uchun sug‘urtaning majburiyligini o‘rnatadi. Buning natijasi o‘laroq, tegishli majburiy sug‘urta turi haqidagi qonun qabul qilinadi. Shunday qilib, majburiy sug‘urta – qonun kuchidagi sug‘urtadir.
Majburiy sug‘urta, sug‘urtani tashkil etish shakli sifatida, umumiylik sifatidagi muhim xususiyatga egadir. Majburiy sug‘urtaning obyekti hayot, sog‘lik, mol-mulk, fuqarolik javobgarligi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlar hisoblanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasida amalda bo‘lgan majburiy sug‘urta turlariga quyidagilar kiradi: yo‘lovchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; parvozlarda qatnashuvchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; harbiylarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; ko‘mir, neft, gaz konlarida ishlovchilarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; soliq organlari xodimlarining davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; temir yul texnika xizmat ko‘rsatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning davlat majburiy shaxsiy sug‘urtasi; transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi; auditorlarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi; notariuslarning fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi va boshqalar.