Bog'liq Sug’urta ishi” fanidan 1-qismi o’quv tarqatma materiallari
2.Sug‘urta nazariyasi fanining predmeti va ob’ekti Sug‘urta haqida, uning jamiyatga qanday naf keltirishi haqida fikr-mulohaza yuritar ekanmiz, beixtiyor, xalqimiz orasida tez-tez ishlatib turiladigan bir naql xayolimizga keladi; «Falokat oyoq ostida». Bu naql bizga juda ham tanish va uning zamirida chuqur bir ma’no borligini ilg‘ab olish qiyin emas. Haqiqatan, biz yoki siz kundalik turmush yumushlari bilan band bo‘lib, bizni oldinda nimalar kutayotganligini gohida unutib ham qo‘yamiz. Ishonchimiz komil bo‘ladiki, bizga hech narsa xavf solmaydi. Ba’zan, to‘satdan baxtsiz hodisa yoki boshqa kutilmagan falokat ro‘y berishi natijasida sog‘ligimizga putur etsa uni tiklash uchun ko‘p xarajat ham qilamiz. Avvalo, har bir insonni xudo o‘z panohida asrasin, deymiz. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadi, «ko‘za kunda emas, kunida sinadi». Xuddi shunday, falokatning ham qachon bo‘lishini oldindan bashorat qilish murakkab. YUqorida qayd etganimizdek, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan voqea-hodisalarni ro‘y berishi natijasida ko‘rilgan zararni qoplash uchun insonlar o‘z hayotlarini baxtsiz hodisalardan, korxona va tashkilotlar esa tabiiy hamda boshqa xavf-xatarlarni ro‘y berish holatlaridan sug‘urta qilishadi.
Umuman, sug‘urtaning insoniyat hayotidagi va iqtisodiyotni uzluksiz rivojlanishini ta’minlashdagi ahamiyati beqiyos. Buni e’tiborga olib, mamlakatimizda bozor infratuzilmasining ushbu bug‘inini rivojlantirishga katta e’tibor berilyapti. Bugungi kunda sug‘urta xizmatlari bozori o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga ko‘tarildi, deb aytish uchun ham bizda asos bor. Faqat bugina emas. To‘g‘ri, bizda hayotni sug‘urta qilish, ayniqsa uzoq muddatli sug‘urta turlarini rivojlantirishda ba’zi muammolar mavjud. Bu sug‘urta turini amalga oshirish uchun fuqarolarda sug‘urta tashkilotlariga ishonch bo‘lishi bilan bir qatorda etarli miqdorda mablag‘ ham bo‘lishi zarur. Faqat hayot sug‘urtasi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatishda emas, balki korxona va tashkilotlarning mol-mulki hamda boshqa ixtiyoriy sug‘urta turlarini o‘tkazishda ham talay muammolar mavjud. Bu muammolarni hal etish sug‘urta tashkilotlari va ularning salohiyatli mijozlari bo‘lmish ko‘p ming sonli aholi, yuridik shaxslar rahbarlarining o‘zaro hamkorligiga bog‘liq. Jamiyatda aholi va korxona hamda tashkilot rahbarlarining sug‘urtaga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirish lozim. Bu o‘z navbatida sug‘urta tashkilotlari tomonidan faol tushuntirish, targ‘ibot ishlarini olib borishni taqoza etadi.
Hayotiy tajribadan ma’lumki, har qanday korxona, tashkilot yoki fuqaro o‘z mol-mulkini avaylab-asrashga harakat qiladi. Ammo, oldindan ko‘rib bo‘lmaydigan ko‘ngilsiz voqealarning tasodifan sodir bo‘lishi oqibatida bu mol-mulklar zararlarlanadi yoki butunlay nobud bo‘ladi. Rejali iqtisodiyot tizimida barcha korxonalar davlat tasarrufida bo‘lganligi bois bunday voqelarning ro‘y berishi natijasida etkazilgan zararlar, aksariyat holatlarda, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplangan.
Sug‘urta faoliyati hamma mamlakatlarda ham davlat nazorati ostidagi faoliyatlardan biridir. Bu holat jamiyatning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida sug‘urtaning naqadar ahamiyatli ekanligini bildiradi. Sug‘urtaning rivojlanishida davlatning bu sohani amal qilishini kuzatib turishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnashishini taqozo qilishi jamiyat manfaatlaridan kelib chiqadi. Bu manfaat ikki holatda ko‘rinadi. Birinchidan, sug‘urta zararlarini qoplash va investitsion resurslarni to‘ldirish bilan xalq xo‘jaligining muhim vazifalarini bajaradi. Ikkinchidan, sug‘urta qildiruvchilar o‘z mablag‘larini sug‘urta kompaniyalariga ishonib topshirish bilan sug‘urtachilarni zarar sodir bo‘lganda aniq yordamga etib kelishlariga ishonishadi va himoyaga muhtoj bo‘ladilar. SHuning uchun har bir mamlakatda sug‘urta kompaniyalarini nazorat qilish to‘g‘risidagi qonunchilik bazasi mavjud va shu orqali nazorat tizimi poydevori quriladi.9 Sug‘urta munosabatlarini boshqarish jarayoni o‘z ichiga:
sug‘urta faoliyatini amal qilishini me’yoriy-huquqiy bazasini ta’minlash;
sug‘urta bozorining professional ishtirokchilarini tanlash;
sug‘urta munosabatlarining barcha ishtirokchilari qonunchilik talablarini to‘g‘ri bajarishlarini ustidan nazorat qilish;
mulkiy manfaatlarning sug‘urta himoyasi tizimini rivojlanishida davlatning ishtirokini ta’minlash;
sug‘urta faoliyati ustidan davlat nazoratini olib borish kabilarni qamrab oladi.
Sug‘urta qonunchiligi talablariga rioya qilinishi, sug‘urta qildiruvchilarning, manfaatdor shaxslar va davlatning qonuniy manfaatlarini himoya qilinishi, sug‘urta ishini samarali rivojlanishi maqsadida sug‘urta faoliyati ustidan davlat nazorati qonuniylik, oshkoralik, tashkiliy birlik tamoyillari asosida olib boriladi.
Sug‘urta bozorini rivojlantirish iqtisodiyotni modernizatsiya qilish jarayonining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda. U ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyotini shakllantirish maqsadida yangi iqtisodiy institutlar va xo‘jalik yuritish sharoitlarini yaratishda davlatning etakchi rolini nazarda tutuvchi tub o‘zgarishlarning milliy modeliga muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning barcha bosqichlarida davlat darajasida sug‘urta xizmatlari bozorining shakllanishi ijtimoiy barqarorlashtirish, biznes infratuzilmasini yaratish va rivojlantirish chora-tadbirlarining tarkibiy qismi sifatida ko‘rib chiqildi, u quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshirildi: sug‘urtalovchilar va sug‘urta qildiruvchilar mulkini huquqiy ta’minlash va sug‘urta xizmatlari bozorini faoliyat ko‘rsatishi, sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan boshqarish mexanizmlarini o‘z ichiga oluvchi rivojlangan jahon bozori tizimiga mos keluvchi yangi sug‘urta institutlarining shakllanishini nazarda tutuvchi o‘ziga xos yangi milliy sug‘urta tizimi yaratildi.
Davlat tomonidan tartibga solish sohasida sug‘urta qildiruvchilar huquqlari, sug‘urta kompaniyalari tomonidan o‘z majburiyatlarining bajarilishini ta’minlash mexanizmlarining yaratilishiga alohida ahamiyat berildi:
davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishtiroki va ko‘magida rivojlanayotgan xususiy biznes va aholining qaltisliklarini o‘z bo‘yniga olishga qodir bo‘lgan yangi sug‘urta kompaniyalari shakllandi;
yangi xususiy sug‘urta tashkilotlarining rivojlanishi va xududiy filiallar tarmog‘ini tashkil etilishi rag‘batlantirildi;
aholining yangi sug‘urtalovchilar va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchini oshirish, sug‘urta madaniyatini oshirish chora-tadbirlari ko‘rildi.
Davlat sug‘urta bozorida davlat sug‘urta kompaniyalari orqali va sug‘urta faoliyatini turli qonun va me’yoriy hujjatlar orqali tartibga solish yo‘li bilan qatnashadi. CHet mamlakatlar sug‘urta bozoridagi ildam o‘zgarishlar o‘sha davlatlarning sug‘urta konunchiligini puxta tayyorlanganligini va amaliyotda qo‘llanilishi uchun barcha sharoitlar yaratilganligini ko‘rsatadi. Qonunlar va qonun osti hujjatlar sug‘urta sohasining rivojlanishini asosiy omilidir.
Ammo, iqtisodiyotni bozor munosabatlariga o‘tkazish bilan bog‘liq iqtisodiy islohotlar mulkiy munosabatlarni tubdan o‘zgartirib yubordi. Mulklar davlat tasarrufidan chiqarilishi tufayli xususiy va boshqa mulkchilik shaklidagi korxona va tashkilotlar barpo etildi. Tabiiyki, yangi sharoitda davlat xususiy sektordagi korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlariga etkazilgan zararlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmaydi. Bir tomondan, bozor sharoitida raqobatning mavjud bo‘lishi hamda turli ichki va tashqi xavf-xatarlar tadbirkorlik faoliyatini bir maromda amalga oshirishga tahdid solsa, ikkinchi tomondan, yuqori foyda olishga intilish katta tavakkalchiliklar qilishni talab etadi.
Sug‘urta korxona va tashkilotlarning mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya etuvchi samarali vosita sifatida bozor iqtisodiyoti sharoitida muhim ahamiyat kasb etadi.