68-modda. Sudyalik lavozimiga saylanadigan, tayinlanadigan shaxslarga qo‘yiladigan talablar
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida o‘n besh yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida o‘n yillik ish stajiga, shu jumladan, qoida tariqasida, sudya sifatida kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudining, viloyat, Toshkent shahar sudining, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudining sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ushbu Qonunning 67-moddasi talablariga javob beradigan, o‘ttiz besh yoshga to‘lgan va yuridik ixtisoslik bo‘yicha kamida yetti yillik ish stajiga ega bo‘lgan shaxs tumanlararo, tuman, shahar sudining, hududiy harbiy sudning sudyasi bo‘lishi mumkin.
Ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlanadigan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qishi shart. O‘qish davrida ular asosiy ish joyi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi saqlanmagan holda mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod etiladi, biroq o‘qishning butun davrida ish joyi (lavozimi) saqlanadi.
69-modda. Sudyalarni saylash va tayinlash tartibi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining tavsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan saylanadi.
Viloyat, Toshkent shahar sudi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, viloyat, Toshkent shahar ma’muriy sudi, tumanlararo, tuman, shahar sudi, hududiy harbiy sud sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlararo, tuman, shahar sudi sudyasi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimnomasiga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan lavozimga tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan yoki kelishib olinadigan lavozimlarda faoliyat yuritayotgan va benuqson obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar, istisno tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida majburiy tartibda o‘qitilmagan holda ilk bor sudyalik lavozimlariga tayinlanishi mumkin.
Sudyani lavozimga tayinlash tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi inobatga olingan holda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |