ADVOKATLAR TOMONIDAN KO‘RSATILGAN YURIDIK YORDAM UCHUN DAVLAT HISOBIDAN HAQ TO‘LASH MEXANIZMINI TAKOMILLASHTIRISH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksiga, “Advokatura to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida advokatura institutini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2008-yil 1-maydagi PF-3993-son Farmonini bajarish yuzasidan hamda kam ta’minlangan shaxslarning advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik yordamdan foydalanishini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki:
fuqaroni yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi, prokurorning qarori, sudning ajrimi gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokat tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish uchun asos hisoblanadi;
oilasida har bir oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan yalpi oylik daromad yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lashdan ozod qilish to‘g‘risida qaror (ajrim) qabul qilingan kundagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,70 foizidan ortiq bo‘lmagan shaxslar advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lashdan ozod qilinadi va xarajatlar davlat hisobiga o‘tkaziladi;
gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyachidan voz kechishi bilan bog‘liq protsessual harakatda advokat ishtirok etishi hollarida, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi 52-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq jinoyat ishida himoyachining qatnashishi majburiy deb hisoblangan hollarda ham yuridik yordam uchun haq to‘lash bo‘yicha xarajatlar davlat hisobiga o‘tkaziladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
har yili Davlat budjetining xarajatlari parametrlarida advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lashga mablag‘larni nazarda tutsin;
advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun advokatlik tuzilmasi tegishli moliya organiga murojaat qilgandan keyin o‘ttiz kundan kechikmay Moliya vazirligining qaror (ajrim) chiqargan organ joylashgan joydagi G‘aznachiligi hududiy bo‘linmasi orqali haq to‘lanishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi bir oy muddatda:
advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun to‘lanadigan haqning amaldagi miqdorini 25 foizga ko‘paytirishni nazarda tutgan holda Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni belgilangan tartibda tasdiqlasinlar;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning belgilangan tartibda ushbu qaror talablariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasinlar.
4. Quyidagilar:
Vazirlar Mahkamasining “Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga advokat tomonidan huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha xarajatlarni davlat hisobiga o‘tkazish tartibi to‘g‘risida” 1997-yil 16-iyundagi 297-son qarori;
Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat budjetining g‘azna ijrosi tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 28-fevraldagi PQ-594-son qarori)” 2007-yil 26-iyundagi 129-son qaroriga ilovaning 3-bandi (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 6-son, 35-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
182)Advokatura faoliyatining turlari.?
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI