Ishlab chiqarishga jalb qilingan resurslar uning omillariga aylanadi. Ularning umumiy kattaligi iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyatini tashkil qiladi. ishlab chiqarish omillarining turli tasnifi mavjud. Fanda an’anaviy boshlang‘ich bo‘lib 200 yil ilgari fransiyalik iqtisodchi J.B.Sey tomonidan taklif etilgan “ishlab chiqarishning uch omili” nazariyasi hisoblanadi. U o‘z ichiga mehnat, er va kapitalni oladi. Ular ishlab chiqarishning asosiy omillari bo‘lib hisoblanadi. Zamonaviy sharoitlarda ular tadbirkorlik faoliyati, texnologiyalar, energiya, axborot va ekologiya bilan to‘ldiriladi.
Keling, ishlab chiqarishning yuqorida keltirilgan barcha omillariga tushuncha beraylik.
Mehnat – bu inson tomonidan uning jismoniy, aqliy va ma’anaviy energiyasining yaratuvchanlik maqsadida sarflanishidir. Ishlab chiqarish jarayonidagi mehnat o‘zining intensivligi (jadalligi) va unumdorligi bilan ajralib turadi.
Mehnat intensivligi (jadalligi) – bu mehnatga sarflangan kuch bo‘lib, ishchi kuchining vaqt birligida sarflanish darajasi bilan o‘lchanadi.
Mehnat unumdorligi – uning vaqt birligida ishlab chiqilgan boyliklarning miqdori bilan o‘lchanadigan natijadorligi.
Er – tabiiy resurslar.
Kapital – insonlar tomonidan yaratilgan, tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan ishlab chiqarish vositalari va pullar.
Tadbirkorlik – daromad, foydani olishga qaratilgan faoliyat. Tadbirkorlik faoliyati ishlab chiqarishni oldiga qo‘yilgan maqsadlarga mos holda tashkillashtirishda ifodalanadi.
Texnologiya – ishlab chiqarish jarayonida resurslarga ta’sir qilish usullari. Inson tomonidan yaratilgan yangi texnologiyalar resurslarning hususiyatlaridan foydalanish imkoniyatlarni kengaytiradi va chiqindisiz yoki kam chiqindili texnologiyalarni rivojlantirishga imkon beradi.
Energiya –boyliklarni yaratish maqsadida tabiiy resurslarni o‘zgartiradigan harakatlantiruvchi kuch. YAqin vaqtlargcha mazkur omil mustaqil omil sifatida ajralib turmas edi, chunki moddiy boyliklarni ishlab chiqarishda harakatlantiruvchi kuch bo‘lib, asosan inson yoki hayvonning jismoniy kuchi xizmat qiladi.
Axborot omili – insonning ishlab chiqarish faoliyati uchun zarur bo‘lgan foydali ma’lumotlarni izlash, to‘plash, qayta ishlash, saqlash va tarqatish. Ushbu omilning zamonaviy sharoitlardagi roli ham keskin ortgan va mikroiqtisodiyot dajarsida iste’molchilar va ishlab chiqaruvchilarning tanlovini belgilangan holda butun bir bozor iqtisodiyotiga ta’sir o‘tkazadi.
Ekologiya – insonning atrof tabiat bilan o‘zaro aloqasi. Insonning istalgan ishlab chiqarish faoliyati bevosita yoki bilvosita atrof-muhitga ta’siri bilan bog‘langan.
Ishlab chiqarish omillarining o‘zaro aloqasining natijasida boylik yaratiladi.