4.8. Tasvirli (suratli) diagrammalar
Grafiklarning ta’sirchanligini kuchaytirish uchun diagrammalar o‘rganilayotgan hodisalarning tasvirlari (suratlari) ni chizish yo‘li bilan tuziladi. O‘lchov birligi qilib shartli ravishda tasvirlanayotgan hodisa surati (figurasi) olinadi. Masalan, temir yo‘lda yuk aylanmasining o‘sishini tasvirlash uchun yuk vagonlari chiziladi. Buning uchun 1 ta vagon qanchadir yuk aylanmasi hajmini bildiradi deb belgilab, tasvirlanuvchi ma’lumotlarni shu masshtabga bo‘lib, chizilishi kerak bo‘lgan vagonlar soni aniqlanadi.
4.9. Statistik xaritalar
Jo‘g‘rofiy tuzilishga ega bo‘lgan statistik qarorlar statistik xarita shaklida tasvirlanadi. Bu xaritalar o‘rganilayotgan hodisalarning hududiy taqsimlanishida qanday xususiyat va qonuniyatlar mavjudligini oydinlashtiradi. Ular ishlab chiqaruvchi kuchlarni iqtisodiy mintaqalar bo‘yicha joylashtirish va rivojlantirish masalalarini o‘rganishda, iqtisodiy resurslardan foydalanishni hududiy kesimda qarab bu boradagi miqdoriy nisbatni va qonuniyatlarni belgilashda juda qo‘l keladi.
Statistik xaritalar iqtisodiy jo‘g‘rofiy xaritalardan farq qiladi. Iqtisodiy-jo‘g‘rofiy xaritalar ishlab chiqaruvchi kuchlarni sifat jihatdan tavsiflab va chamalab (baholab), ularning jo‘g‘rofiy joylanishini katta aniqlik bilan mufassal tavsiflaydi. Statistik xaritalar esa shu masalalarga oid statistik ma’lumotlarni umuman hududiy kesimda fazoviy miqdoriy nisbatlarni yaqqolroq tasavvur qilishga imkon beradi. Demak, iqtisodiy jo‘g‘rofiy xaritalar iqtisodiy resurslarning joylanishini sifat tomondan ta’riflab bersa, statistik xaritalar esa uni miqdor jihatidan ifodalaydi. Bu o‘rinda statistik xaritalarni, umuman jo‘g‘rofiy kesimda tuzilgan statistik jadvallar mazmunini tasviriy ifodalash deb ta’riflash mumkin bo‘lar edi. Ammo ular bunday jadvallarga nisbatan bir muncha sermazmundir, chunki tasviriy til jadval tiliga qaraganda jo‘g‘rofiy jadvallarda ifodalangan miqdor va nisbatlarni fazoda belgilab olish uchun yaxshiroq moslashgandir. Demak, statistik xaritalar jo‘g‘rofiy tartibda tuzilgan jadvallarni zo‘raytirib beradi.
Statistik xarita shunday konturli jo‘g‘rofiy xaritaki, unda faqat ma’muriy bo‘linmalarning konturlari (ayrim hollarda yana suv arteriyalari) mavjud bo‘lib, ular chegarasida statistik ma’lumotlar shartli belgilar bilan tasvirlanadi.1
Statistik xaritalar ko‘zlangan maqsad va vazifalarga qarab uch turga – xaritogramma, xaritodiagramma va markazgrammalarga bo‘linadi. Agarda biror hodisaning hududlar bo‘yicha taqsimlanishini tasvirlash zarur bo‘lsa, u holda xaritogramma qo‘llaniladi. Ammo maqsad ayrim mintaqalarni berilgan belgilar asosida to‘laroq ta’riflashdan yoki mintaqalararo aloqalarni tasvirlashdan iborat bo‘lsa, u holda xaritodiagramma tuziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |