Bu – “Bevafo” nomli sheʼrning yakunlovchi bandi. Lirik qahramon nima vaj bilandir “bevafolik”
yuzing erta soʻladir, Baxting soʻnib, qadring sinadir” deya shoirona “qargʻishlar” yuboradi. Uning
holati misoli burgaga achchiq qilib koʻrpaga oʻt qoʻyayotgan kishiga oʻxshaydi. Bevafo yoriga
oʻchakishib odamni odam etguvchi axloq meʼyorlariga tupuradi. Axir, odam degani muhabbatsiz,
nikohsiz “yot quchogʻda yorin quchaversa”, hech bir cheklovsiz “oʻzgalarga mehrini sochaversa” –
hayvondan farqi qoladimi?! Eng yomoni, bu daʼvatning ochiqchasiga, baralla aytilayotgani.
“Mendan oʻzgani sevma” sheʼridagi “Hammasiga ishq kerak, Ahadga oshiq kerak” misralarini oʻqib,
bir muddat hayron qotib qolsangiz, ajab emas. Matnda “oshiq” emas, “maʼshuqa” soʻzi oʻrinliroq
boʻlsa kerak, yana bilmadim. Bu shunchaki eʼtiborsizlikmi yoki “erkinlik”larni qonuniylashtirayotgan
Gʻarb taʼsirimi? Ishqilib, birinchisi boʻlsin, yoʻqsa, bong urayotganlarim bekor…
* * *
Bozorda “asl mahsulot” ancha qimmat yuradi, inja xaridor uni “ommaviy mahsulot”ga nisbatan
yuksak qadrlashi maʼlum. Menimcha, buning bosh sababi: birinchisi, ijodiy ruhga yoʻgʻrilgan;
ikkinchisi, ruhsiz, unda qolipning jonsiz izlari qolgan, xolos. Shunga qaramay, ommaviy mahsulot
xaridorgir boʻladi, bunda molning sifati emas, xaridorning sotib olish imkonidan kelib chiqadigan
talabning kattaligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu qonuniyat bugungi adabiy jarayonda
ham toʻla amal qilayotgandek. Xususan, Ahad Qayum sheʼrlari bugungi qoʻshiqchilik talablarini ayni
kundagi didiga yarasha. Qoʻshiqchilik “mahsuloti” esa, badiiy didi oʻtmaslashib borayotgan
yoshlarga moʻljallangan. Boshqacha aytsak, shoir “kerak pardani topgan”, shu bois, sheʼr bitib,
bastakor kuy bastalab, xonanda yonib-yondirib kuylab yotibdi… Shou biznes industriya, uning
hududida amal qiluvchi asosiy qonun – “xaridorgir mahsulot”. Bas, uning fuqaroligini qabul qilgan
shoir, bastakoru qoʻshiqchi ham shunga amal qilishi shart, sanʼat qonunlari esa bu hududda faqat
tavsiya kuchiga ega…
Fikrimizni asoslash maqsadida Ahad Qayumning “Qizmi bu, kiyikmi bu?!..” toʻplamini koʻzdan
kechiramiz. Avvalo, shoir kuy va xonish uchun eng qulay sheʼriy shakllarni tanlagani eʼtiborni
tortadi. Ular xalq ogʻzaki ijodi hamda mumtoz sheʼriyatdagi murabbaʼ va mustazodni eslatuvchi
sheʼrlar. Xususan, 39 ta sheʼr xalq dostonlaridagi “faloniy bir soʻz aytib turgan ekan” tarzida
boshlanuvchi toʻrtliklar shaklida keladi. Dastlabki uch misra oʻzaro qofiyalanib, toʻrtinchisi barcha
bandlar oxirida tarjeʼ sifatida takrorlanadi. Dostonlardagi bunday oʻrinlar oʻqilganda beixtiyor
xirgoyiga oʻtib ketilgani kabi, anʼana taʼsiri ushbu shakldagi zamonaviy sheʼrlarda ham saqlanadi.
Toʻplamdagi 25 ta sheʼrning ritmik-intonatsion qurilishi murabbaʼ shaklida, farqi – tarjeʼ misraning
yoʻqligi. Moʻjazgina toʻplamdan joy olgan sheʼrlarning qariyb 60 foizi shu shaklda. Umuman
olganda, u yoki bu shaklni suyish va undan keng foydalanishning hech aybli joyi yoʻq. Biroq, shakl
ijodkor uchun shunchaki toʻldirib, paydar-pay tashlanaveradigan qolipga aylanib qolsa-chi? Unda
ijod ruhi oʻladi, bir-biridan farqsiz narsalarning tussiz qatori vujudga keladi…
Qoʻshiqbop shaklning qolipga aylanishidan eng avval sheʼrning mazmuniy-mantiqiy tomoni jabr
koʻradi. Mazkur shakl mazmun butunligi va ifoda izchilligini taʼminlashda muayyan qiyinchiliklar
tugʻdiradi. Zero, tarjeʼ misra oʻzidan avvalgi uch misraning oʻzi bilan mazmuniy bogʻlanishini taqozo
etadi, ayni paytda, bitta misra bilan tugallanayotgani holda bandlar bir-biriga mazmunni izchil
rivojlantiradigan tarzda bogʻlanishi zarur. Agar shu talablarni eʼtiborga olsak, aslida bu shaklda
mukammal sheʼr bitish ancha mushkul ekanligi ayon boʻladi. Aytilganlar nuqtai nazaridan “Sizni
menga Xudo uchratdi” sheʼrini koʻrib chiqaylik. Birinchi band:
Do'stlaringiz bilan baham: