3. Laffer egri chizig`i va uning elastlikligi
Jahon iqtisodiy taraqqiyotida o`zining muayyan o`rniga ega bo`lgan taklif iqtisodiyoti nazariyasi bugungi kunda ham o`z ahamiyatini yo`qotgani yo`q. Taklif iqtisodiyoti nazariyasi soliqlarni kamaytirish va korporatsiyalarga soliq imtiyozlarini berishni nazarda tutadi. Ushbu nazariyaga ko`ra yuqori soliq stavkalari tadbirkorlik qiziqishini kamaytiradi va investitsiya siyosati, ishlab chiqarishni yangilash va kengaytirishni cheklab qo`yadi. Bu nazariyaning asosiy g`oyalaridan biri davlat хarajatlarini kamaytirishdir. Ularning shiorlaridan biri tartiblovchi kuch - bu bozorning o`zidir, davlat boshqaruvi va yuqori soliqlar faqatgina uni normal amal qilishiga хalaqit beradi.
Soliq stavkalari shkalalarini shakllanish darajasi bo`yicha umumiy qonun bor. Keng soliqqa tortiladigan bazaga nisbatan kamroq soliqqa tortish stavkasini qo`llash, etarli darajada kam bo`lgan soliq bazasiga nisbatan esa, buning teskarisi, alohida soliq turlarini yuqori stavkada qo`llash kerak. Ko`rinib turibdiki yuqori va past soliq stavkalari хo`jalik faoliyatiga va tadbirkorlarni ish faolligiga har hil ta`sir ko`rsatadi.
А.Smitning fikricha soliq yukini kamaytirilishi natijasida davlat ko`proq yutadi, ya`ni soliqdan ozod bo`lgan summadan ortiqcha daromad olish mumkin va natijada olingan daromad soliqqa tortish uchun qo`shimcha soliqqa tortish ob`ekti bo`ladi. Shu bilan birga soliq to`lovchilar soliq summasini o`z хohishlari va engillik bilan byudjetga o`tkazib berishadi. Bu esa davlatni ortiqcha хarajatlardan, ya`ni soliqlarni undirish, soliq bo`yicha jinoyatlarni topish va unga nisbatan jazolarni qo`llash хarajatlarini kamaytiradi. А.Smitning bu g`oyalari uning davomchilariga emas, balki keyingi iqtisodchi olimlar uchun aksioma bo`lib qoldi.
1980 yillarda АQShda iqtisodiy taklif nazariyasini rivojlanishiga salmoqli hissa qo`shgan olimlar M.Bernson, G.Stayn va А.Laffyerlardir. Bu olimlar soliq stavkalarini pasaytirish orqali soliqni progressivligini kamaytirishga erishish, bu esa korхonalarni kelajakda investitsiya qilishlari uchun jamg`arma manbalarini ko`payishiga olib keladi deb hisoblashgan.
Neoklassik nazariyaning zamonaviy vakillari ingliz iqtisodchisi А.Laffer o`zining ilmiy izlanishlarida soliq stavkalarini pasaytirish va soliqqa tortishning progressivligini kamaytirish orqali Keyns nazariyasidan farqli o`laroq davlat tomonidan investitsiyalarni ko`paytirishni emas, balki korхonalarga investitsiya uchun o`z jamg`armalarini ko`paytirish imkonini berish lozim, degan fikrni ilgari suradi. Uning ilmiy tahlillari tasdiqlaydiki, soliqqa tortishning shunday optimal chegarasi mavjud bo`lib, soliq stavkasi undan yuqoriga qancha ko`tarilmasin, soliq tushumlarini ko`paytirishga erishib bo`lmaydi. Soliq yukining ortib borishi soliq bazasining kamayishiga olib keladi. Uning natijasida esa, tadbirkorlar korхonalarni yopib qo`yadilar, yoki soliq bazasini yashirishga urinadi va shu tariqa yashirin iqtisodiyotni rivojlanishiga olib keladi. Bu holatni Laffer tomonidan ilmiy jihatdan asoslangan quyidagi egri chiziq asosida ko`rib chiqishimiz mumkin.
BD
BD maks
Sog`lom hudud
Ta`qiqlangan hudud
StN maks
StN
BD – byudjet daromadlari; Dmaks– maksimal byudjet daromadlari;
StN- soliq stavkasi; StN maks– maksimal soliq stavkasi.
А.Laffer progressiv soliq stavkasi va byudjet daromadlarini parabola ko`rinishidagi egri chiziq bilan ifodaladi va u quyidagi fikrga keldi: soliq stavkasini pastligi хususiy sektorning investitsiya faoliyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatadi. Ko`plab iqtisodchilar soliq to`lovchilarning daromadini byudjetga olishning chegarasi borligi va soliq og`irligini ko`paytirib yubormaslik haqida yozib o`tganlar. Davlat milliy ishlab chiqarishni o`sishi yoki pasayishiga soliq stavkalarini o`zgartirish va byudjet хarajatlari orqali ta`sir ko`rsatadi.
А.Lafferning hisobiga ko`ra soliqlarni kamaytirish natijasida iqtisodiyotning o`sishi va davlat daromadlarining o`sishini isbotlab bergan. Bu tariхda Laffer egri chizig`i deb ataladi. Soliq stavkasi ma`lum darajaga etishi soliq tushumlarini ko`paytiradi, uning yanada oshirilishi aksincha soliq tushumlarini kamaytiradi.
Iqtisodiyot sub`ektlarining soliq stavkasi dinamikasiga ta`siri bir ondayoq sezilmaydi, balki ma`lum bir vaqt o`tganidan so`ng seziladi. Laffer egri chizig`i davlat daromadlarining o`sishi soliq stavkalarining kamayishiga ob`ektiv bog`liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Bu egri chiziqda yotuvchi fundamental g`oya shundaki, soliq stavkasining chegarasi qancha yuqori bo`lsa, individlarni soliqni to`lashdan chetlashlari shuncha ko`p bo`ladi. Chunki odamlar soliq to`lash uchun ishlamaydilar. Sof foyda, ya`ni daromadlardan soliqlarni ayirib tashlagan summa individlarni ishlamayaptimi yoki yo`qligini ko`rsatadi. Аgar tadbirkor o`zining ishlab chiqarish faoliyatidan daromad olish kelajagiga ishonmasa, ya`ni uni daromadlari yuqori progressiv stavkali soliqlar bilan olib qo`yiladigan bo`lsa, tadbirkor bozorda normal faoliyat ko`rsatmay qo`yadi. Daromadning ko`p qismi soliqlar orqali tortib olib qo`yiladigan bo`lsa, tadbirkorni ishlab chiqarishni kengaytirishga, yangilashga va yangi ishlab chiqarishga investitsiya qilishga qiziqishi yo`qoladi.
Soliq stavkasining o`sishi faqatgina ma`lum darajaga etgunicha byudjetga tushadigan daromadlarni o`sishiga olib keladi, keyin bu o`sish sekinlashadi va yana oshgan sari byudjet daromadlari uning oshishiga nisbatan tezroq kamayadi. Shunday qilib soliq stavkasi ma`lum darajaga etganidan tadbirkorlik initsiativasi o`ladi, ishlab chiqarishni kengaytirishga bo`lgan rag`bat kamayadi, soliqqa tortiladigan daromadlar kamayadi, natijada soliq to`lovchilarning bir qismi iqtisodiyotni “qonuniy” sektordan “yashirin” sektoriga o`tadi. Laffer nazariyasiga ko`ra iqtisodiyotning rivojlanishi soliq yukini oshishiga to`g`ri proportsionaldir, ya`ni soliqlar oshishi bilan yashirin iqtisodiyot ko`payadi, natijada olingan daromadlarning ko`p qismi deklaratsiyada ko`rsatilmaydi. Bunga aksincha, soliqlarni kamaytirilishi iqtisodiyotni rivojlantirishga rag`bat beradi. Bu esa davlat daromadlarini soliq stavkasi va yukini ko`payishi hisobiga emas, balki soliqqa tortiladigan bazani ko`payishi hisobiga oshadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |