Hisobotni davlat soliq xizmati organiga taqdim etish sanasi quyidagilardir:
shaxsan olib borib berilganda - hisobot davlat soliq xizmati organi tomonidan qabul qilib olingan sana;
pochta orqali buyurtma xat bilan taqdim etilganda - aloqa tashkilotining tamg’asida ko’rsatilgan, pochta jo’natmasi jo’natilgan sana;
elektron hujjat tarzida taqdim etilganda - elektron hujjat davlat soliq xizmati organi tomonidan olingan sana.
Davlat soliq xizmati organi shaxsan olib borib berish tartibida taqdim etiladigan hisobotni qabul qilib olishni rad etishga haqli emas hamda soliq to’lovchining talabiga binoan hisobotning nusxasiga hisobot qabul qilib olingan sana to’g’risida belgi qo’yishi shart. Hisobot telekommunikatsiya aloqa kanallari orqali elektron hujjat tarzida qabul qilib olinganda davlat soliq xizmati organi soliq to’lovchiga bu haqda tasdiqnoma yuborishi shart.Hisobot dastlabki tarzda kameral nazorat qilinmasdan va uning mazmuni muhokama etilmasdan qabul qilinadi.
MISOL. Yagona soliq to’lovi to’lovchisi bo’lgan xizmat ko’rsatuvchi korxona 1-chorak yakuni bo’yicha 25 aprel kuni soliq organiga quyidagi hisobotlarni shaxsan olib borib taqdim qilmoqda: - YaSТ hisob-kitobi - YaIТ hisob-kitobi - JSHDS hisob-kitobi - sug’urta badali hisob-kitobi. Soliq organi xodimi YaIТ hisob-kitobining 50-satrida YaIТ summasining noto’g’ri hisoblanganini payqab qoldi. Bu holda soliq organi xodimi hisobotni qabul qilib olishni rad etmasdan, soliq to’lovchining talabiga binoan hisobotning nusxasiga u olingan sana to’g’risida belgi qo’yib qabul qilib olishi shart. Aniqlashtirilgan soliq hisobotini taqdim etish.Soliq xizmati organlariga hisobot taqdim etilgan davrga taalluqli xatolarni o’zi mustaqil ravishda aniqlagan soliq to’lovchi Soliq kodeksining 38-moddasida belgilangan soliq majburiyati bo’yicha da’vo qilish muddati ichida (ya’ni 5 yil) o’sha davr yuzasidan aniqlashtirilgan hisobotni taqdim etish huquqiga ega. Mazkur norma soliq xizmati organlari tomonidan moliya-xo’jalik faoliyati tekshiruvi (taftishi) doirasida tekshirish o’tkazilgan davr uchun soliqlar va boshqa majburiy to’lovlar summasining kamayishini nazarda tutuvchi aniqlashtirilgan hisobot taqdim etiladigan hollarda qo’llanilmaydi.
Aniqlashtirilgan hisobotda ilgari taqdim etilgan hisobotdagi ma’lumotlar, aniqlashtirilgan ma’lumotlar va ulardagi tafovutlar ko’rsatilishi kerak.
Agar aniqlashtirilgan hisobot bo’yicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasi ilgari taqdim etilgan hisobot bo’yicha hisoblab chiqarilgan va to’langan soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasidan ortiq bo’lsa, tegishli soliq yoki boshqa majburiy to’lovni to’lash bo’yicha soliq majburiyatlariga penya hisoblangan holda mazkur tafovut qo’shiladi.
Agar aniqlashtirilgan hisobot bo’yicha hisoblab chiqarilgan soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasi ilgari taqdim etilgan hisobot bo’yicha hisoblab chiqarilgan va to’langan soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasidan kam bo’lsa, aniqlashtirilgan hisobot taqdim etilgan kundan e’tiboran shaxsiy varaqada soliq yoki boshqa majburiy to’lov summasi tafovut miqdoriga kamaytirilganligi aks ettiriladi. Soliqlar, boshqa majburiy to’lovlar, penyalarning ortiqcha to’langan summasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda hisobga olinadi yoki qaytariladi.
MISOL. Yagona soliq to’lovi to’lovchisi bo’lgan xizmat ko’rsatuvchi korxonaning buxgalteri 2011 yil uchun hisobotni tuzish paytida 3-chorakda ko’rsatilgan xizmat bo’yicha taqdim qilingan 100 ming so’mlik hisobvaraq-fakturaning YaSТning 3-chorak hisobotida aks ettirilmaganligini aniqlab qoldi. Mazkur 3-chorak uchun aniqlashtirilgan hisobot 2012 yilning 31 yanvarida soliq organiga taqdim qilindi, yagona soliq to’lovi 6 ming so’mga (100 x 6%) oshirildi. Bu yerda soliq organi faqat YaSТ belgilangan muddatda to’lanmagani uchun korxonaga nisbatan moliyaviy sanksiya sifatida penya hisoblaydi va u 291 so’mni (6000 x 0,05% x 97 kun) tashkil qiladi.