Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ochiq ko'ngil - ochiq sandiq - elniki,
Atirgulning sarin bo'yi - elniki.
Yelga, elga, selga ketdi meniki,
Sizning saqlab qolganingiz sir bo'ldi.
Ko'ngil so'rab, ko'ngil buzdi do'stlarim,
Ko'nglim so'rab, ko'ngil uzdi do'stlarim,
Ko'ngillarin engil uzdi do'stlarim,
Barin mendan hafsalasi pir bo'ldi.
Parilarki, dil qonidan pardozi,
Joning kuysa hamki, kelmas parvosi,
Kulim ko'kka sochar har gal parvozi,
Ko'zlariga boqsam, ko'zim kir bo'ldi.
Orziqaman eslab tandir, savatni,
O'zim tashlab keldim shunday jannatni.
Oldim shoir degan tavqi la'natni,
Endi menga ikki dunyo bir bo'ldi
2002
Do'stlaringiz bilan baham: