O'TYAPMAN
Bag'rimdan biyobon yaralgani chin,
Bir yon - Dashti qipchoq, bir yon - Chin-Mochin.
Qo'ng'iroq ovozing, qo'ng'iroq soching.
Qo'ng'iroqlaringni kutib o'tyapman.
Behad saboq bermish menga gardi dun,
O'tdi Aflotun ham, ketdi Faridun.
Ularga boqmasdan hanuz bag'ri xun
Hijron kitoblarin titib o'tyapman.
Sen kecha xonzoda eding bepisand,
Qul edim oyog'u ko'ngli kishanband.
Hazratdan qolgan ishq dostonin band-band,
So'zma-so'z qaytadan bitib o'tyapman.
Yuzingdagi parda - mavjlangan sarob,
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Simlarin cho'g' qilib ekmoqda oftob.
Ochiqsam, ich-etim yerman, ey mohtob,
Chanqasam, ko'z yoshim yutib o'tyapman.
Qayrilma kipriging haqqiga qasam,
Dunyo gumroh edi gar men kelmasam.
Dilda gohi umid, gohida alam,
Dunyoning qo'lini tutib o'tyapman.
1994
METRODA
Metroda sayr qilib yurmaydi hech kim,
Birov ishdan qaytar, birov sayrdan.
Kimdir hamrohlarin kuzatadi jim,
Kimdir ro'znomani ikki ayirgan.
Men ham qaytayotgan edim uyimga,
Yumushlardan tolib, xayolga tolib.
Bekatdan sen chiqding oppoq quyunday,
Ko'nglimga chirpirak g'alayon solib.
Go'yo tanimading. Tutqichni tutib,
Ma'yus jilmaygancha tolding xayolga.
Turgim, borgim keldi. Elni unutib,
Seni ko'mgim keldi ming birsavolga.
Yodimda chaqnadi qasamyodlarim,
Bir zamon seniki bo'lgan hayotim...
Yoningga bormadim, bora olmadim,
O'zimni ayadim, seni ayadim.
Keyin tushib ketding. Sezmading go'yo,
Qayrilib boqmading, ey sun'iy yo'ldosh.
Meni ayadingmi, o'zingnimi yo?
Qiz qalbi qizg'aldoq emas, tilsimtosh!
Muhabbat - puch narsa, muhabbat - yolg'on!
Orzular, qayg'ular, tuyg'ular - mayda.
Bilaman, poyimda yig'laydi xazon,
Negadir uyga hech borgim kelmaydi...
1994
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
AFSUS
Telefon gardishini aylantiraman,
Qo'ng'iroq chorlaydi seni behuda.
Men seni judayam yaxshi ko'raman,
Ovozing eshitgim keladi juda.
Na chora?
Kechmishdir endi hammasi,
Labingga lab qo'yib ichganim bo'sa...
Bizni bog'larmidi shu chuvalgan sim,
Taqdir rishtalari uzilgan bo'lsa.
Taqdirga tadbir yo'q.
Xoh yig'la, elan,
Bu epkin o'ynaydi ko'ngil kulini.
Axir to'solmaysan kipriging bilan
Ko'zlaringga to'lgan qayg'u selini.
Men seni haliyam yaxshi ko'raman,
Tovushing eshitgim keladi juda.
Telefon gardishini aylantiraman,
Qo'ng'iroq chorlaydi, ammo behuda.
Ko'hi qofga qadar ketardim, Laylim,
Ko'zingni bir bora ko'rmoqlik uchun.
Na chora?..
Bu charxga qurbim kelmaydi,
Afsus, bu gardishga etmaydi kuchim.
1994
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Do'stlaringiz bilan baham: |