CHORLASANG
Chorlasang bormasmi edim gulyorim,
Shiddatdan ko'zimni og'ritib, yoshlab.
Ikkala kaftimda tutib bahorni,
Tishimda labingdek g'unchani tishlab.
O'rtada qir kabi yotar qirq fasl,
Kechib bo'larmidi qirqta anhorni.
Ammo seni o'ylab yashnayverar dil,
Men qayga qo'yay bu ulkan bahorni?!
Isming - shahristonni isitgan bayzo,
Aytsam, sen kelmaysan - bitmas karashma.
Oddiy bir hikmatni bilarmisan yo:
Shahar osmoniga oy ham yarashmas.
Men tokay yasharman o'zimni quchib,
Ovunib gardunning hiylosi bilan.
Chorlasang, borardim toyirdek uchib,
Qo'ynimda ko'klamning havosi bilan.
Qanoti bo'lsa ham uchmas baliqlar,
Ismimni tutmasang, qushligim bekor,
Shijoat ummonning tubinda uxlar,
Men bilan qo'shilib qariydi bahor.
Bilaman, qismatim ko'zingdek qaro,
Meni chorlamassan, uchib bormasman.
Sen mening ismimni bilmassan hatto,
Sen o'zing bahorsan, menga zormassan!
1990
ARAZ
Hurkak xavotirda ko'changdan o'tdim,
Labimni tirs yorib, qiynab chanqog'ing.
Havoni ho'pladim, ho'pladim o'tni,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog'ing?
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
Ko'changni tuprog'i olovmi deyman,
Quyoshniyam menda qasdi bor chog'i.
Qaysarman, ters qilib suv ham ichmayman,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog'ing?
Bilasan, ko'changdan o'tyapman kuyib,
Kulgungdan bir cho'chib ketar chorbog'ing.
Chiqsang-chi, ko'zangni elkangga qo'yib,
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog'ing?
Quyoshni so'kindim xo'rligim kelib.
Changini chiqardim otash tuproqning.
Seniyam sochingni olardim yulib!
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog'ing?
Tundayam yuragim bir yomon kuydi,
Tongdayam tomog'im qaqrab uyg'ondim.
Men o'zi qanaqa olovni suydim -
Shunchalar qiyinmi suvga chiqmog'ing?
... Bizniyam ko'chadan o'tib qolarsan!..
1987
GUNOH
Siniq oy sarg'ayib kezarkan ko'kda,
Tomlarda shu'lalar arpasin ilg'ab,
Zanjirini siltab, ayqirdi ko'ppak:
- Xavf!
- Xavf!!
- Xavf!!!
Ayol miskin edi.
His qildi ayol -
Qaydadir erini o'pardi bir qiz.
Keng hovlida yomon siqildi ayol,
Bir kechada quvrab, to'kildi nargis...
Tonggacha hovlida tinmadi zanjir,
Ko'ppak sahargacha betoqat hurdi.
Ayol ham gunohga qo'l berdi oxir -
Tushida birinchi sevgisin ko'rdi.
1992
Sizni kuylayman (she'rlar to'plami). Iqbol Mirzo
SO'NG SO'Z
Xazon lashkari kelgan -
Yaproqlar to'kiladi.
Eng so'nggi o'qi bilan
Sadoqlar to'kiladi.
Muhabbat borasida
Biz hanuz norasida.
Bulutlar orasidan
Saboqlar to'kiladi.
Loylar qordim yoshimdan,
Somon qildim sochimdan.
Uyga kirsam, boshimdan
Tuproqlar to'kiladi.
Senga tegmadi nafim,
Ichimda qoldi gapim.
Tegib-tegmasdan labim
Qadahlar to'kiladi.
Eslamaysan kelmasam,
Jilmayasan yig'lasam,
Sochlaringni silasam,
Nigohlar to'kiladi.
Xazon lashkari kelgan -
Yaproqlar to'kiladi.
Yonoqlaru barmoqlar,
Dudoqlar to'kiladi...
Ey gul, qaytgil izingga,
Rahming kelsin o'zingga.
Yuzingni qo'y yuzimga -
Gunohlar to'kiladi.
1991
Do'stlaringiz bilan baham: |