MIRZO ULUG’BЕK NOMIDAGI O'ZBЕKISTON MILLIY UNIVЕRSITЕTI
GEOGRAFIYA VA TABIIY RESURSLAR FAKULTETI GEOGRAFIYA YO’NALISHI
2-KURS TALABASINING
SIYOSIY GEOGRAFIYA FANIDAN TAYYORLAGAN
MUSTAQIL ISHI
MAVZU: O'ZBEKISTONNING GEOSIYOSIY O'RNI
Bajardi: Fattahov N.
Tekshirdi: Nazarov M.
Toshkent-2020
Reja:
1. Mustaqil O'zbekistonning geosiyosat ahvoli va uning xususiyatlari
2. Geosiyosiy joylashuvi, ahvoli, hudud, iqtisod, tarixiy-madaniy an'ana
3. Ozbekistonning AQSh, Rossiya, Yevropa davlatlari bilan munosabatlari
4. Regional darajada O'zbekistonning geosiyosiy ahvoli
5. O'zbekistonning yaqin qo'shni davlatlar bilan munosabatlari
Hozirgi dunyo murakkab tuzilishga ega bo'lib, unda turli ko'rinishdagi davlatlar yonma-yon yashagan holda biri-biriga ta'sir etib kelmoqda. Bunday jarayonda davlatlarining geografik joylashuvi va imkoniyatlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati bugungi kunda sezilarli darajada ortib bormoqda. Sobiq ittifoqning parchalanishi natijasida dunyoning geosiyosiy holati tez sur'atlar bilan o'zgardi. Dunyodagi ko'plab mintaqalardan biri bo'lgan Markaziy Osiyoning O'zbekiston hamkorlik va xavfsizlik siyosatida tutgan o'rni haqida so'z yuritar ekanmiz, turli-tuman bahsga sabab bo'lmaslik uchun uning ayrim jihatlariga e'tibor qaratish lozim. Agar sof geografik nuqtai nazardan qaraydigan bo'lsak, Markaziy Osiyoning hududi taxminan 6 mln. km kvadratni tashkil etadi. U sobiq SSSR harobalarida vujudga kelgan yangi mustaqil davlatlardan (O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston) tashqari Afg'oniston, Nepal, Butan, Mo'g'uliston, Xitoyning Sinzyan-uyg'ur avtonom viloyati, Eron va Pokistonning bir qismini o'ziga qamrab oladi. Shu tarzda ushbu geografik makon biror bir bahsga sabab bo'lgani yo'q. Chet el adabiyotlarida odatda O'rta Osiyo va Markaziy Osiyo tushunchalari bir ma'noda ishlatiladi. 1924 yildagi milliy hududiy chegaralanish natijasida sobiq O'rta Osiyoning tarkibiy qismi Qirg'iziston tarkibiga kirdi. Rasmiy hujjatlarda va kundalik hayotda O'rta Osiyo respublikalari va Qozog'iston degan ibora va tushuncha keng o'rin oldi. Lekin sobiq ittifoqning parchalanishi natijasida O'rta Osiyo va Qozog'iston tushunchasi o'rnini Markaziy Osiyo tushunchasi egalladi. O'rta Osiyo geografik tushuncha, Markaziy Osiyo esa siyosiy-geografik tushuncha bo'lib qoldi. Mustaqillik sharofati bilan bu besh davlat (O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston) o'z muammolarini hal etishda birgalikda harakat qilishlari ma'qul ekanligi ma'lum bo'lib qoldi. Shu munosabat bilan bu besh davlat joylashgan hudud Markaziy Osiyo deb atala boshlandi.
Hamkorlik va xavfsizlikni ta'minlash nuqtai nazaridan O'zbekiston uchun barcha mintaqalardagi siyosiy-harbiy vaziyat bir xil ahamiyatli, ya'ni mamlakatimizning milliy manfaatlarini ta'minlash dunyodagi barcha davlatlar bilan qanday munosabat o'rnatishimizga bog'liq. Zotan, hamkorlik va xavfsizlik had - hududsizdir. Ammo bu vaziyat yon qo'shni, ko'plab parametrlar bo'yicha tarixan bir-biriga chambarchas bog'liq davlatlar bilan aloqalarning ustuvorlik kasb etishiga xalal bermaydi. Shu bois O'zbekiston mustaqilligining birinchi kunlaridan e'tiboran, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikiston bilan munosabatlarga ustuvorlik berildi va bugungi kunda ham shunday bo'lib qolmoqda.
Ushbu besh davlatlarning milliy manfaatlarimiz va xavfsizligimizni ta'minlashda ustuvorligini aniqroq tasavvur etish uchun ayrim jihatlarini hisobga olish lozim. Markaziy Osiyo boshqa ko'plab mintaqalardan farq qilib, o'zaro xavfsizlik va hamkorlikni ta'minlash uchun anchagina qulay imkoniyatlarga ega. Jumladan, mintaqada butun taraqqiyot davomida etnolingvistik turmush tarzi va xo'jalik yuritish uslublari tarixiy-siyosiy o'tmishi va tajribasi, diniy va boshqa sohalarda bir-biriga juda yaqin xalqlar, millatlar istiqomat qilib kelmoqdaki, u o'z navbatida xavfsizlik va hamkorlikni ta'minlash borasida qo'shimcha imkoniyatlarni vujudga keltiradi. Chunki, har qaysi siyosat, xususan, xavfsizlik va hamkorlikni yo'lga qo'yish siyosati ham faqat bugungi vaziyatdan kelib chiqib qolmasdan, balki boshqa, ya'ni sosial soha, madaniyat va an'analardagi bog'liqlikka ham ko'p jihatdan bog'liq bo'ladi.
Markaziy Osiyoning bugungi xalqaro siyosatdagi geosiyosiy ahamiyatini hisobga olib, shuni ta'kidlash lozimki, mazkur mintaqada yadro qurolidan holi zonaning faoliyat ko'rsatishi, ya'ni O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Turkmaniston, Tojikistonning bu boradagi faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. 1997 yil 15-16 sentyabrda Toshkentda Markaziy Osiyo yadro qurolidan xoli zona xalqaro konferensiyasining bo'lib o'tishi, shuningdek, 2006 yil 8 sentyabr kuni Qozog'iston Respublikasining Semipalatinsk shahrida Markaziy Osiyoning beshta mamlakati tashqi siyosat mahkamalari rahbarlari tomonidan Markaziy Osiyoni yadro qurolidan xoli hududga aylantirish to'g'risidagi Shartnomani imzolanishi bu yo'nalishdagi muhim bosqich hisoblanadi.
Markaziy Osiyo davlatlari mana shu yuqorida zikr etilgan omillardan oqilona foydalanishlari lozim bo'ladi. Xususan, mana shu omillar, bir makonda ularning o'zaro munosabatlarini uzoq muddatga belgilab bersa, ikkinchi tomondan, mintaqadagi har bir davlat va shu jumladan O'zbekiston Respublikasi o'z milliy manfaatlari xavfsizligini ta'minlash jarayonida ana shu muhim omildan foydalanishi uni mintaqa xavfsizligini mustahkamlashi yo'lida ishlata bilishi bugungi kunda ulkan ahamiyat kasb etmoqda. Yangi vujudga kelgan tarixiy jarayonlar Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarining kelib chiqishi, ularning tarixi, o'ziga xos turmush tarzlari va yaqin qo'shnichilik munosabatlariga yangi umidlar bilan qarashni taqazo etmoqda. Chunki, ularning tarixiy ildizlari bir-biriga yaqin va bir muhitda shakllangan madaniyatiga ega bo'lgan davlatlar hisoblanadi.
Markaziy Osiyo mintaqasining o'ziga xos noqulayliklari ham mavjud bo'lib, bu vaziyat mintaqada joylashgan mamlakatlarning xavfsizligi va hamkorligiga qiyinchiliklar keltirmoqda. Ular quyidigilardan iborat:
Birinchidan, agar geostrategik nuqtai nazaridan olib qarasak, Markaziy Osiyoda kommunikasiyalar nomaqbul rivoj topgani va uning tarmoqlari ancha buzilganligini ko'rish mumkin.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyoda suv resurslari cheklangan va Orol dengizi bilan bog'liq ekologik muammo mavjud bo'lib, bu masalani hal etish imkoniyati bo'lmayapti.
Uchinchidan, bu mintaqada yoqilg'i va energetika manbai sifatida quyosh kuchidan keng foydalanish yo'lga qo'yilmagan. Bu sohani yo'lga qo'yish natijasida Markaziy Osiyoda yoqilg'i va energetika resurslarini tejash imkoniyatlari paydo bo'ladi.
To'rtinchidan, Markaziy Osiyoda xavfsizlik tizimi masalasi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu erda atrofdagi kuchli davlatlar va siyosiy kuchlar markazlarining bir - biriga mos kelmaydigan ta'sir etish istaklari borligini ham hisobga olmasdan bo'lmaydi.
Beshinchidan, mintaqada turli etnik, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa muammolar ichida qolgan davlatlar ham mavjud. Xususan, Afg'oniston va Tojikiston davlatlari ham shu mintaqadadir.
Xavfsizlik va hamkorlik, undan kelishi mumkin bo'ladigan samaralarni anglash jarayoni, odatda, barcha darajalarda sinxronlik kasb qilishi mushkul. Misol uchun, ayrim paytlarda, xavfsizlik yoki hamkorlikka intilish sosial, ya'ni oddiy insoniy munosabatlar doirasida chuqur xis etishi siyosiy elita darajsida ham aynan shu darajaga ko'tarilmaslik holati bilan duch kelishi mumkin. Muammo echimi qiyin bo'lgan muammolardan emas. Uning yechimi, ya'ni ham sosial ham siyosiy darajalarda hamohanglikka erishish uchun siyosiy elita ham ana shu darajaga ko'tarilishiniing o'zi kifoya. Nazarimizda, Markaziy Osiyo davlatlari darajasida bu muammo jiddiy echimini topmoqda. Terrorizm, narkoagressiya, diniy ekstremizm, separatizm, yadroviy xavf va boshqa muammolarni barcha davlatlarning bir xil xis etishi yuqoridagi jarayonning yanada chuqurlashuviga imkoniyatlar ko'lamini kengaytirmoqda.
O'zbekiston davlati tarixida 1991 yil 1 sentyabr tengi yo'q, beqiyos sana hisoblanadi. Milliy davlatchilik nuqtai nazaridan 1 sentyabrgacha O'zbekiston yo'q edi, 1 sentyabrdan boshlab O'zbekiston siyosiy voqelikka aylandi. Shu sanadan boshlab, O'zbekistonning geosiyosiy qiyofasini, ya'ni dunyoda kechayotgan jarayonlarni sarhisob qilish, anglash orqali O'zbekistonni, uning manfaatlarini anglab etish vazifasi ko'ndalang bo'ldi. Mamlakatimiz hayotida 1 senyabrda yuz bergan tarixiy voqea hamda butun dunyoda aynan o'sha paytda mavjud jarayonlardan kelib chiqib, O'zbekistonni, uning manfaatlarini belgilash kerak edi. Shunday noyob sharoitda boshqa har bir milliy davlatning oldida yuqorida zikr etilgan muammo paydo bo'ladi. Bu holat geosiyosat leksikonida geosiyosiy ongning uyg'onishi deb aytiladi.
O'zbekiston o'z istiqloliga erishganidan so'ng mustaqil ravishda tashqi siyosat va faoliyat yuritish imkoniyatiga ega bo'ldi. Istiqlolning dastlabki davrlaridanoq mustaqil O'zbekiston rahbariyati Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan davlatlar hamda jahon hamjamiyati bilan aloqalarni o'rnatishga kirishdi. Xalqaro munosabatlarni yo'lga qo'yish va rivojlantirish borasida ko'plab amaliy tadbirlar amalga oshirildi. Respublika tashqi siyosatiga tinchlik, barqarorlik, hamkorlik yo'li asos qilib olindi. Buning natijasida O'zbekistonning dunyo miqyosidagi obro'si oshib, jahonda uni tez sur'atlar bilan tan olinishi ta'minlandi. O'zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini 165 ta davlat tan oldi. 1991 yil 26 sentyabrda O'zbekiston Resspublikasining birinchi diplomatik aloqalari yo'lga qo'yildi. Ushbu kunda mustaqil O'zbekiston bilan Avstraliya o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatildi. 1992 yildan boshlab O'zbekiston tashqi siyosati va diplomatiya sohasidagi faoliyati yanada kengayib birin ketin Xitoy, Yaponiya, Angliya, AQSh, Fransiya, Turkiya, Germaniya singari jahonning rivojlangan etakchi davlatlari bilan diplomatik, iqtisodiy va madaniy aloqalar yo'lga qo'yildi. Ushbu davlatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz hozirda yuqori darajaga ko'tarildi.
Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi jahonning 142 davlat bilan diplomatik aloqalarni o'rnatdi. Toshkentda 43 mamlakatning elchixonalari, 3 ta savdo vakolatxonasi (Vengriya, Belgiya, AQSh savdo palatasi), 10 ta xalqaro tashkilotning vakolatxonasi ishlab turibdi. Mamlakatimizda 7 ta faxriy konsullar ishlab kelmoqda. O'zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi Favqulodda va Muxtor Elchilarining soni 38 taga etgan bo'lsa, elchixonalarining soni esa 27 tani tashkil etadi. Shuningdek, 11 ta bosh konsulxonasi mavjud. Respublikada 88 ta xorijiy mamlakat vakolatxonalari akkreditasiya qilingan. O'zbekiston 41 ta nufuzli xalqaro iqtisodiy va moliya tashkilotlarining teng huquqli a'zosi. Hozirda ulardan beshtasining vakolatxonasi respublikada faoliyat ko'rsatmoqda. Mustaqil O'zbekistonning xalqaro obro'si jahon hamjamiyatidagi o'rni va nufuzining ko'tarilishida uning BMT (2.03.1992), YEXHT (30.01.1992) kabi eng obro'li ta'sirga ega bo'lgan xalqaro tashkilotlar tarkibiga kirishi ham muhim rol o'ynamoqda.
O'zbekiston tashqi siyosatida iqtisodiy omillarning xal qiluvchi ahamiyatga ega bo'lishi muhimdir. Mamlakatimiz mana shu muhim sohani o'zlashtira borib, o'z mustaqilligini uning eng jiddiy yo'nalishi bo'lgan iqtisodiyotida mustahkamlanmoqda. Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Jahon iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bilan yaqindan va mustaqil aloqalar o'z samarasini bermoqda. O'zbekistonning chet davlatlar, yirik-yirik xorijiy korporasiyalari, kompaniyalari, nufuzli banklari bilan turli sohalarda aloqalar bog'lashi va bu jarayonning kengayib borishida respublikada yangidan tashkil etilgan Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi hamda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki singari davlat organlari bo'g'inlari alohida rol o'ynamoqda.
Ma'lumki, u yoki bu davlatning umumjahon tizimida egallab turgan mavqeini belgilash uchun ko'p yillar mobaynida ishlatib kelingan bir necha mezonlarni bilamiz. Ular asosan, aholining soni, armiyaning soni, geografik joylashishi, foydalanib kelinayotgan infrastruktura va aloqa vositalarining darajasidan iborat. XXI asr bo'sag'asiga kelib olamda shunchalik ulkan siljishlar sodir bo'ldiki, endilikda yuqorida keltirilgan to'rtta mezon davlatning kuch-qudratini belgilashda, birdan-bir bosh mezon bo'lishi mumkin bo'lmay qoldi. Bu masalaning bir jihati.
Masalaning ikkinchi muhim jihati shundaki, musataqil davlat sifatida o'n besh yillik davrni bosib o'tgan O'zbekistonni bugun uning mavjud imkoniyatlaridan tashqari, mana shu imkoniyatlar doirasini yana kengaytirish, ya'ni ma'rifiy davlat sifatida jahon hamjamiyatida o'z o'rni va obro'siga ega bo'lish, masalasi ham qiziqtirishi tabiiy. Gap mavjud milliy salohiyatni jahonda o'zi uchun qulay makon yaratish orqali yanada oshirishga qaratilgan konkret faoliyat to'g'risida bormoqda. Bugunning paradoksi shundaki, dunyo har doimgidan ko'ra murakkab va tahdidlidir. Imkoniyatlarning ozgina bo'lsa ham kengayishiga ko'maklashishga tayyor sherikni topishning o'zi qiyin. Shunday murakkab sharoitda dunyoda o'z o'rnini belgilash yo'lida bekamu ko'st ish olib borish mumkin emas. Ayniqsa, mustaqillikning dastlabki paytlarida O'zbekiston ham bu tabiiy jarayondan chetda qolmadi. Xalqaro tizimda o'zining o'rnini aniq belgilashda yanglishish hollari ham sodir bo'ldi. Ammo keyingi taraqqiyot tajribasi O'zbekiston uchun bu borada ulkan saboq bo'ldiki, bundan o'z manfaatlari va xavfsizligini ta'minlash borasida zarur xulosalar chiqarishga erisha oldi.
Hozirda halqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash bo'yicha jahonda turli halqaro va mintaqaviy tashkilotlar mavjud bo'lib, ularning orasida Mustaqil Davlatlar Hamdo'stdigi (MDH) o'ziga hos ko'rinishga ega. MDH mintaqaviy tashkiloti bir butun davlat yoki federasiya emas, harbiy blok ham emas. Balki u o'zining mohiyatiga ko'ra ixtiyoriy iqtisodiy uyushma sifatida vujudga kelgan davlatlar hamdo'stligining yangicha shakli va ko'rinishidir.
MDH 1991 yil 8 dekabrda Minskiga yaqin Belovejskoe Pushcheda uch slavyan respublikalari Rossiya, Belorus va Ukraina davlatlari boshliqlari Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi (MDH)ni tuzish to'g'risidagi shartnomani imzolashi asosida shakllandi. Uni imzolagan dalatlarning hududiy butunligini tan olish, hurmat qilish hamda amaldagi chegaralar, ularning ochiqligi va fuqarolarning harakati erkinligi e'tirof etildi.
1991 yil 21 dekabrda Almatida 11 davlat Rossiya, Ukraina, Belorussiya, Qozog'iston, O'zbekiston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston, Moldaviya boshliqlarining Kengashi bo'lib o'tdi. O'sha kuni ular Belovejskoe Pujche shartnomasi yuzasidan protokol imzolab, Teng huquqli va ahdlashayotgan oliy tomonlar maqomida MDH muassisi bo'ldilar. 1993 yilda MDHning Nizomi qabul qilingan bo'lib, unda davlatlarining o'zaro hamkorlik aloqalarining holati va yo'nalishlari belgilab qo'yildi.
1993 yil 24 dekabrda Ashgabatda bo'lib o'tgan MDH dalatlari boshliqlarining Kengashi bo'lib o'tdi. Unda Gruziya Prezidenti E. Shevernadze qatnashdi va Gruziya MDHga a'zo etib qabul qilindi. Shu munosabat bilan MDHning tarkibi 12 davlatga etdi. Mustaqil Davlatlar Hamdo'stdigining Oliy organlari quyidagilardan iborat:
- Davlat boshliqlari Kengashi;
- Hukumat boshliqlari Kengashi;
- Tashqi ishlar vaziri Kengashi;
- Davlatlararo iqtisodiy Kengash;
Markazi Sankt-Peterburgda bo'lgan Parlamentlararo Assambleya (uning tarkibiga 1995 yildan Rossiya, Belorussiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Armaniston, 1997 yildan Ozarbayjon, Moldaviya, Gruziya, 1999 yildan Ukraina kirgan);
- Mudofaa vazirlari Kengashi. Uning qoshida doimiy sekretariat va MDHning harbiy hamjamiyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Shtabi (ShKVS) joylashgan;
- Chegara qo'shinlariga boshchilik qiluvchi Kengash;
- Iqtisodiy sud;
- Davlatlararo statistik komitet;
- Inson huquqlari komissiyasi;
MDHning doimiy faoliyat ko'rsatuvchi organi Muvofiqlashtiruvchi konsultativ qomitasi (Minskda joylashgan);
2000 yil hamdo'stlik davlatlari MDHning terrorchilikka qarshi kurash Markazini tuzish to'g'risida shartnoma imzoladilar.
MDHning raisi lovozimi navbat bilan bir davlat rahbaridan keyingi davlat rahbariga o'tadi. Davlat boshliqlari Kengashi bir yilda kamida ikki marta o'tkaziladi. Bundan tashqari Kengashning navbatdan tashqari majlisi ham o'tkazilishi mumkin. U MDH a'zosi bo'lgan har qanday davlat tashabbusi bilan chaqiriladi. Davlat boshliqlari Kengashida ayrim davlatlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etadi. Organlarining faoliyati MDH Nizomi bilan tartibga solinadi. MDHda faoliyat ko'rsatayotgan a'zolar bilan bir qatorda, uning muayyan bir faoliyati bilan shug'ullanuvchi a'zolar ham mavjud. MDH organlarining faoliyatini mablag' bilan ta'minlash (xarajatlari) a'zo davlatlarning xizmat yuzasidan bo'lgan ishtiroki tartibi bo'yicha taqsimlanadi va MDH organlari byudjeti to'g'risidagi maxsus bitim asosida o'rnatiladi.
MDH a'zolarining birgalikdagi faoliyati sohasiga quyidagi tadbirlar kiradi:
- tashqi siyosiy faoliyatlarni muvofiqlashtirish, mudofaa siyosati va tashqi chegarani muhofaza qilish;
- umumiy iqtisodiy muhitni shakllantirish va rivojlantirish, UmumYevropa va Yevrosiyo bozorini shakllantirish;
- iqtisodiy islohotlarni o'tkazish;
- bojxona siyosatini birga olib borish;
- transport va aloqa hamda energetika tizimini rivojlantirish;
- salomatlik, atrof-muhit va ekologik xavfsizligini saqlash;
- uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash.
MDHning asosiy maqsadlarini amalga oshirish uchun hamdo'stlik davlatlari o'zaro munosabatlarida quyidagi qoidalarga rioya qiladilar:
- davlat suverenitetini o'zaro tan olish va hurmat qilish;
- teng huquqlilik va bir-birilarining ichki ishlariga aralashmaslik;
- iqtisodiy kuch yoki boshqa tazyiq uslublarini qo'llashdan voz kechish;
- bahsli muammolarni kelishtiruvchi vositalar va xalqaro huquqning boshqa hamma e'tirof etgan tamoyil va normalari asosida hal qilish.
Shuni ta'kidlash lozimki, MDH a'zolari xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, harbiy xarajat va qurollarni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirishda hamkorlik qilishga kelishib olganlar. Shu bilan birga, tomonlar bir-birining yadrosiz zona va beteraf davlat statusiga erishish uchun olib beriladigan harakatlarini qo'llab quvvatlaydilar.
MDHning 1991-2000 yillardagi holatini kuzatadigan bo'lsak, bu davr davomida davlat boshliqlarining 30 ga yaqin kengashi bo'lib o'tgan. Ularda hammasi bo'lib iqtisodiy, ijtimoiy, harbiy-siyosiy, texnikaviy, tashkiliy va boshqa sohalarga doir 1400 dan ortiq masalalar muhokama etilib, tegishli normativ va tavsifiy hujjatlar, bitimlar, shartnomalar qabul qilingan. MDHda hamjihatlikni mustahkamlash va rivojlantirish jarayoni davom ettirilib, yilda bir necha bor sammitlar o'tkazilib kelinmoqda. 2000 yilning o'zida Moskvada ikki marta, ya'ni 24-25 yanvar hamda 21 iyun kunlari MDH davlat boshliqlarining sammiti bo'lib o'tdi. 2001 yil 29-30 noyabr kunlari Moskvada MDH tashkil etilgan kunning 10-yilligiga bag'ishlangan yubiley sammiti bo'lib o'tdi. Sammit qatnashchilari Afg'oniston voqealari to'g'risida bayonot qabul qildilar. 2004 yil sentyabr oyida Qozog'iston poytaxti Astanada bo'lib o'tgan MDHning sammitida hamdo'stlikning strukturasini o'zgartirish masalasi ko'rilgan. Bunda terrorizmga qarshi kurash bo'yicha MDHning Xavfsizlik Kengashini tuzishga qaror qilinadi.
Shu bilan bir qatorda, MDH a'zolari hamkorlikning boshqa yo'llarini topmoqdalar. MDH doirasida bir necha tashkilotlar vujudga keldiki, ularning faoliyati umumiy maqsadlar va muammolarga qaratildi. Bunga Kollektiv xavfsizlik to'g'risidagi shartnoma tashkiloti (ODKB) va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (YEVRAZES)ni misol qilish mumkin. ODKBga Armaniston, Belorussiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston (O'zbekistonning kirishi yuzasidan hujjatlar tayyorlanmoqda) a'zo bo'lgan. Bu tashkilot 2002 yil 7 oktyabrda tuzilgan bo'lib, uning faoliyati xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyovandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasini bartaraf etishga qaratilgan.
Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (YEVRAZES) - 1992 yil tamojnya barerlarni pasaytirish maqsadida Bojxona ittifoqi shaklida vujudga kelgan. 2000 yilning 10 oktyabr kuni Qozog'iston poytaxti Ostonada u bojxona ittifoqidan MDH davlatlarining beshta a'zosi, ya'ni Belorussiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Rossiya va Tojikiston davlat rahbarlarining o'zaro shartnomasi asosida (jumladan, bu uyushmada Moldaviya va Ukraina kuzatuvchi a'zo maqomiga ega) hamjamiyat darajasiga etdi. Hozirda YEvrAzES tarkibiga - O'zbekiston Respublikasi (2005 yil 6 oktyabr) ham kiradi. Hamjamiyatning oliy organlari: Davlatlararo Kengash, Integrasion komitet, Parlamentlararo Assambleya, Hamjamiyat Sudi hisoblanadi.
Lekin MDH a'zo davlatlarning barchasi va har birining milliy manfaatlariga umuman mos kelgan bu tashkilot o'z rivojlanishi va mustahkamlanishi mobaynida jiddiy qiyinchiliklarga duch keldi. Shuni ta'kidlash kerakki, hamdo'stlik mamlakatlarining iqtisodiy integrasiyasi, madaniy aloqalari sekinlik bilan shakllanmoqda. Hamdo'stlik doirasida ko'plab hujjatlari qabul qilingan bo'lsada, ammo ularning aksariyat ko'pchiligi qog'ozda aks etib qolmoqda. Bu holatni keltirib chiqarayotgan sabab tomonlarning muammolarni echishni istamayotgani emas, aksincha, o'zaro hamkorlikni teng huquqli asosda, har bir mamlakatning milliy manfaatlarini hisobga olgan holda yuritilishiga intilayotgani bilan bog'liq. MDHning zaiflashtirishga uning ayrim a'zolari o'rtasida to'rtlar shartnomasi, ikkilar ittifoqi tarzida qayta guruhlanish ham sabab bo'lmoqda. Boshqa so'z bilan izohlanganda hamdo'slik doirasida guruhbozlik, mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan kelishuvlarga va bitimlarga to'liq amal qilmaslik holati kuzatilmoqda. Shu bilan birga masalaning boshqa tomonlari ham mavjud. Xususan, Moldaviya va Ukraina hamda Turkmaniston MDH Nizomini ratifikasiya(tasdiqlash) qilmagan. Bu esa mazkur davlatlarning rasmiy jihatdan hamdo'stlik a'zosi emasligini bildiradi. Biroq Ukraina MDHni tashkil etgan davlat darajasiga ega. 2005 yil avgustda Turkmaniston MDHning rasmiy a'zosi darajasidan chiqib, hamdo'stlikning tashkiliy a'zosi-kuzatuvchi maqomini oladi. MDHda kuzatuvchi davlat sifatida Mo'g'iliston ham ishtirok etadi. Parlament ratifikasiyasiga qadar Ozarbayjon (1993 yilning sentyabrigacha) va Moldaviya (1994 yilning apreligacha) MDHning tashkiliy a'zosi edi. Hozirgi kunda Gruziya, Moldaviya va Ukraina davlatlarining MDHdan chiqib ketish holati yoki ularning tashkiliy a'zo darajasi(status)ga o'tishi ehtimoli ham mavjud.
Ayrim paytlarda MDHning zarur va zarur emasligi to'g'risida achchiq, shuningdek, haqqoniy fikrlar ham bildirildi. Umuman, MDH davlatlararo ma'rifiy hamkorlikni yo'lga qo'yishi lozim bo'lgan tashkilot sifatida krizisli holatni kechirmoqdaki, bu o'z navbatida, o'z zimmasiga yuklangan vazifani ado etish yo'lida uning uchun jiddiy qiyinchiliklar tug'dirmoqda. Albatta, qiyinchiliklarning zamirida turli tuman ob'ektiv hamda sub'ektiv omillar yotadi. Jumladan, ob'ektiv qiyinchiliklarga kelsak, ulardan ikkitasini ko'rsatish alohida amaliy jihatga ega deb o'ylaymiz. Aniqrog'i, a) MDH davlatlari boshidan kechirayotgan davrning nihoyatda shiddatli va muammoli ekanligi b) o'zaro munosabatlarni batamom yangi asosga qo'yish zarurati bilan bog'liq qiyinchiliklar to'g'risida bormoqda. Tizimlararo yoki davlatlararo munosabatlar tarixi va bu boradagi insoniyat orttirgan tajriba shuni ko'rsatdiki, odatda, mustaqillik endigina qo'lga kiritilgan tezkor mahalda har bir mustaqil davlat uchun uning milliy davlat manfaatlari haddan ziyod ahamiyat kasb etish holati yuz beradi. Bu o'z navbatida mustaqil davlatlarning har birida ma'lum bir davrdan so'ng biridan yiroqlashish, ko'proq o'z guruhiy manfaatlari to'g'risida o'ylashiga moyillikni shakllantiradi. Demak, ularning tutash ya'ni umumiy manfaatlar, qolaversa umumsayyoraviy ideallar ustida jiddiy o'ylab ko'rishlari uchun nisbatan osoyishtaligi, barqarorligi va xavfsizligi kafolatlangan bo'lishi zarur.
MDH davlatlari hamkorligining mustahkamlanishi yo'lida bugungi kunda mavjud ikkinchi toifa qiyinchiliklari ilgari ta'kidlaganimizdek, ular o'rtasidagi o'zaro munosabatlarning hanuzgacha eski ko'nikmalar, xatti-harakat iskanjasidan chiqib keta olmaganligiga borib taqaladi. Xolbuki, masalaga batamom yangi yondashuvlar tizimi zarurligini a'zo davlatlarning barchasi ham bir xil aniq anglab etishganicha yo'q. Natijada, har qanday mustahkam davlatlararo munosabatlarning asta-sekin zaiflashtiruvchi salbiy omil, ya'ni hayot-mamot ahamiyatiga ega bo'lgan u yoki bu muammoga har xil ziddiyatli yondashish, unga har xil echimlar bilan kirib kelish amaliyoti kuchayadi. Xalqaro, davlatlararo munosabatlar tizimi, mintaqaviy hamkorlik tashkilotlarining achchiq tajribasi shuni ko'rsatmoqdagi, bu vaziyat davlatlarning bir-biri, qolaversa xalqaro hamjamiyat oldida o'z zimmasiga olgan mas'uliyatini ayrim davlatlar tomonidan deyarli unutilishi kabi ko'ngilsiz hodisani yuzaga keltiradi. o'zaro ishonchsizlik, shubha bilan qarash holati avjiga chiqadi. Lekin buni bartaraf qilish imkoni yo'q emas. Hozirda MDH a'zolari hamkorlikning Shanxay Hamkorlik Tashkiloti(ShHT) bilan ham olib bormoqda.
O'zbekiston milliy xavfsizlikni ta'minlashda Markaziy Osiyo Hamkorlik (MOH) tashkiloti muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tashkilot 1994 yil iyul oyi boshida O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston prezidentlarining Almati shahrida bo'lib o'tgan uchrashuvi asosida tashkil topgan Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyati (MOIH) zaminida vujudga kelgan. 2001 yil 28 dekabr kuni Toshkentda MOIH davlat boshliqlarining navbatdagi kengashi bo'lib o'tgan. Mazkur kengashda MOIH tashkiloti faoliyatini to'xtatishga qaror qilinadi. O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov taklifiga ko'ra Markaziy Osiyo Iqtisodiy Hamjamiyati negizida Markaziy Osiyo Hamkorlik tashkilotini tuzishga kelishib olinadi. 2002 yil 28 fevral Almati shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchrashuvi bo'lib o'tadi. Muzokaralarning yakuni bo'yicha prezidentlar Markaziy Osiyo Hamkorlik tashkilotini ta'sis etish to'g'risidagi shartnomani imzolaydilar. Shu tariqa MOH tashkiloti huquqiy jihatdan rasmiylashtirilgan. Tashkilotning raisi etib Islom Karimov saylangan. Bu tashkilot endi iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bilan birga siyosiy-ijtimoiy, madaniy, texnikaviy va boshqa aloqa turlarini kengaytirish masalalari bilan shug'ullanadigan bo'ldi. Uning ishlash tartibi quyidagilardan iborat. Har bir a'zo mamlakatdan bevosita davlat rahbariga hisobot berib turadigan bittadan muvofiqlashtiruvchi vakil tayinlanadi. To'rtta vakil MOH tashkiloti faoliyati samaradorligini oshirish, a'zo tomonlarning integrasiya jarayonlarini faollashtirish borasidagi manfaatlarini yaqinlashtirish, qabul qilingan hujjatlarning ijrosini nazorat qilish va umumiy vaziyatni tashkil etish bilan shug'ullanadi. MOH tashkilotining tashkil etilishi, uning a'zolari bo'lgan Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va O'zbekiston o'rtasidagi o'zaro manfaatli aloqalarni yangi pog'onaga ko'tarmoqda.
O'zbekiston milliy xavfsizlikni ta'minlashda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tashkilot subregional xalqaro tashkilot bo'lib, uning tarkibiga dastlab 6 ta davlat (Qozog'iston, Xitoy, Qirg'iziston, Rossiya, Tojikiston va O'zbekiston) kirdi. ShHT tarkibiga kirgan davlatlarning hududi Yevrosiyo hududining 61% ni egallaydi. Uning iqtisodiy imkoniyatlari AQSh va Xitoydan keyingi o'rinda. ShHTning rasmiy tili rus va xitoy tili, ramzi esa oq bayroq bo'lib, uning markazida tashkilotning gerbi joylashgan. Tashkilotning shtab-kvartirasi Pekinda joylashgan. 1996 yil Shanxayda Xitoy, Rossiya, Qozog'iston, Qirg'iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining sammiti bo'lib o'tdi. Sammitda chegara hududlari bo'yicha harbiy sohada o'zaro ishonchni mustahkamlash bilan bog'liq shartnomani (1996 yil 26 aprel) imzolanishi natijasida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti vujudga keldi. Lekin u Shanxay beshligi nomi bilan shakllandi. 1997 yil Moskvada yuqorida nomlari ko'rsatilgan besh davlat rahbarlarining ishtirokida sammit bo'lib o'tgan. Sammitda chegara hududlarida qurolli kuchlarni qisqartirish to'g'risida shartnoma (1997 yil 24 aprel) imzolanadi. Almati (1998), Bishkek (1999)da bo'lib o'tgan sammitlarda Shanxay beshligining holati yanada mustahkamlanib, o'zaro ishonch va hamkorlik munosabatlari yangi bocqichga ko'tarildi. 2000 yil 5 iyun Dushanbeda Shanxay beshligi davlatlari boshliqlarining uchrashuvi bo'lgan. Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi birinchi marta kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan. Shuni aytish lozimki, Shanxay beshligi Dushanbeda Shanxay forumiga aylantiriladi.
2001 yil 14-15 iyun kunlari Xitoyda navbatdagi Shanxay sammiti bo'lib o'tadi. Uning ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etadi va O'zbekistonning Shanxay forumiga to'la huquqli a'zo bo'lishi to'g'risida Bayonot imzolanadi. O'zbekiston Shanxay forumiga kirishi munosabati bilan uning nomi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti - ShHT, deb o'zgartirildi. O'zbekiston uning asoschilaridan biriga aylandi. Sammit yakunida ShHTni tuzish to'g'risida deklarasiya hamda Terrorchilik, ayrimachilik va ekstremizmga qarshi kurash to'g'risida Shanxay konvensiyasi imzolangan.
- ShHTning Oliy organlari quyidagilardan iborat:
- Davlat boshliqlari Kengashi;
- Hukumat boshliqlari Kengashi;
- Tashqi ishlar vizirlarining Kengashi (2002 yil noyabrda birinchi majlisi bo'lib o'tgan);
- Tarmoq vazirlari va idoralari rahbarlari Kengashi (2000 yil birinchi uchrashuvi amalga oshirilgan);
2002 yil tuzilgan Mintaqaviy Antiterror tuzilmasi (MATT);
2004 yil yanvar oyidan ish boshlagan Kotibiyat (Pekinda joylashgan bo'lib, uning tarkibi 40 kishiga mo'ljallangan)va boshqalar.
Hozirga kunga qadar ShHT doirasida ko'plab amaliy tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, davlat va hukumat, tashqi ishlar va mudofaa vazirlari, huquq - tartibot, xavfsizlik organlari rahbarlari va ekspertlarining uchrashuvlari, muhokamalari va maslahatlashuvlari muntazam ravishda o'tkazilib kelinmoqda. Hamkorlik faoliyatini mustahkamlash, tegishli organlarning bahamjihat harakatini taminlash maqsadida a'zo davlatlarning Milliy muvofiqlashtiruvchilar Kengashi (MMK) tashkil etilgan. MMK 2001 yilning iyun oyida Tashqi ishlar vazirlari imzolagan Nizom asosida faoliyat yuritmoqda. 2002 yil 6-7 iyun kunlari ShHTga a'zo mamlakatlar rahbarlarining Sankt-Peterburg shahrida navbatdagi sammiti bo'lib o'tdi. Muzokaralar yakuniga ko'ra uchta hujjat: ShHTga a'zo davlatlar rahbarlarining Deklarasiyasi, ShHT Xartiyasi, ShHTga a'zo davlatlar o'rtasida Mintaqaviy antiterror tuzilmasi (MATT) haqidagi Bitim imzolangan. 2003 yil 29 mayda Moskvada bo'lib o'tgan sammitda ShHT oliy organlarining ish tartibi, byudjetni yo'lga qo'yish va boshqa masalalar bilan bog'liq hujjatlar ishlab chiqiladi. Shu bilan birga tashkilotning gerbi va bayrog'i qabul qilinadi. ShHTning birinchi ijro etuvchi kotibi Xitoy Xalq Respublikasining Rossiyadagi elchisi Chjan Deguan saylangan. 2003 yilning sentyabrida ham Pekinda sammit bo'lib o'tgan. Unda ShHTga a'zo davlatlarning 20 yilga mo'ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlik dasturi qabul qilinib, maxsulot, sarmoya, texnologiya va xizmatlar erkin aylanishi shartlari belgilab olinadi, tashkilotning moliyaviy byudjeti ko'riladi. 2004 yil 17 iyunda ShHTning Toshkent sammiti tashkilot faoliyatidagi muhim bosqich bo'ldi. Unda tashkilotning Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi, Toshkentda tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari ShHTning Mintaqaviy Antiterror tuzilmasini ochdilar. 2005 yil iyulda Ostona sammitida Eron, Pokiston va Hindiston, Mo'g'iliston kuzatuvchi maqomga ega bo'lib tashkilot tarkibiga kirdi. Oliy darajadagi bu uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash masalalari, jumladan, Afg'onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, uning iqtisodiy infratuzilmasini birgalikda tiklash yuzasidan fikr almashilgan.
2007 yil 1 yanvargacha ShHTning ijro etuvchi kotibi lavozimida Xitoy Xalq Respublikasi vakili Chjan Deguan turdi. 2007 yil 1 yanvaridan ShHTning bosh kotibi lavozimi joriy etildi. Bu lavozimni Qozog'iston Respublikasi vakili Bulat Nurgaliyev egalladi.
Hozirda tinchlik, barqarorlik va mintaqaviy hamda milliy xavfsizlikni ta'minlashda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti roli va ahamiyati yildan yilga oshmoqda. Bevosita bu tashkilotga a'zo bo'lgan davlatlarning soni ham oshdi. Ularning soni 10 taga (Rossiya, Xitoy, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, O'zbekiston, Hindiston, Eron, Pokiston va Mo'g'iliston) yetdi. O'zbekiston Respublikasi ushbu tashkilot doirasida mustaqil harakat qilib, ShHTning faoliyatida faol qatnashib kelmoqda.
Adabiyotlar:
1. Karimov I.A. O'zbekiston XXI asr bo'sag'asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari
va taraqqiyot kafolatlari.- T.:O'zbekiston,1997.
2. Jalilov A., Markaziy Osiyoning geosiyosiy mavqei // Jamiyat va boshqaruv, 2006, Maxsus son.
3. Djaffe E. Raspechatat` bogatstva: energonositeli i budushee Sentral`noy Azii i Kavkaza
// Sentral`naya Aziya 2010. Perspektivi chelovecheskogo razvitiya. Obzor Regional`nogo Byuro
Yevropi i SNG, PROON.- T., 1997.
4. Suyumbaev M., Mamitova A. Prirodnie resursi kak faktor razvitiya Sentral`noy Azii //
Sentral`naya Aziya i Kavkaz, 1998.
5. Stabil`nost` v Sentral`noy Azii v postkonfliktniy period. Materiali mejdunarodnoy
konferentsii (14-15 iyun` 2002 g. Tashkent). Sentral`naya Aziya. -T., 2003.
Do'stlaringiz bilan baham: |