SB va ibora. SB a‘zolari tobe munosabatli mustaqil so’zlar bo’lsa, iboralar ham mustaqil so’zlar birikuvidan tashkil topsa-da, ular orasida sintaktik aloqa so’ngan, bu so’zlar o’zaro yaxlitlanib, o’zida tayyorlik, majburiylik, barqarorlik kabi belgilarni tashiydigan lisoniy birliklar qatoridan joy olgan. Iboralar tashkil etuvchilari (zohiriy) jihatidan SB ga o’xshasa-da, mohiyatan leksemalarga yaqinlashadi. Zero, tarvuzi qo’ltig’idan tushdi iborasi bilan bo’shashmoq so’zining ma‘noviy mohiyati yaqindir. Leksemalar ajdodlardan avlodlarga buzilmasdan yuborilganligi kabi iboralar ham yaxlit holda keyingi avlodga uzatiladi. So’z birikmasi esa vaqtinchalik va o’zgaruvchandir. So’z birikmasini tashkil etgan so’zlar nutqda o’z mustaqil ma‘nolari bilan qatnashgani holda iboralarning tarkibidagi so’zlar o’zlarining xos ma‘nolaridan judo bo’lgandir (tarvuzi qo’ltig’idan tushdi iborasida tarvuz, qo’ltiq, tushmoq so’zlari o’zlarining xos ma‘nolariga ega emas).
Bitishuvli birikmalar
Bitishuvda a‘zolarning hokim-tobelik holatni, asosan tartib va joylashuv omillari asosida belgilanadi: (tobe a‘zo + hokim a‘zo), ya‘ni tobe so’z oldin, hokim so’z keyin keladi, hamda a‘zolar orasiga boshqa so’zni kiritib bo’lmaydi. (kumush qoshiq birikmasini kumush o’nta qoshiq deb o’zgartirib bo’lmaydi. Ba‘zan bitishuvda ham tartib ikkinchi o’ringa tushib qolgandek tuyuladi: Majlis bo’ladi - Majlis kechqurun bo’ladi. Lekin bunda majlis so’zi fe‘lga bitishuv asosida emas, balki bosh kelishikda bog’lanayotganligini esdan chiqarmaslik lozim.
Demak, bitishuv aloqasida tartibi va ohang muhim rol o’ynaydi. Bunda tobelik tartibi va joylashuvdan, so’zlarning grammatik xususiyati va ma‘nosidan anglashilishi ayon bo’lib turadi.
Kelishik affiksi o’z ma‘nolarini yo’qotgan tezda kelmoq, o’z-o’zidan raqsga tushib ketmoq, birdan gapirmoq birikuvlarini ham bitishuv aloqasi sifatida qaramoq lozim. Chunki kelishik qo’shimchasi bu SBlarda o’z tizimidan ajralib, so’z tarkibida «qotib qolgan». Bu so’zlar kelishik qo’shimchalarini olgan holda ravishga ko’chgan so’zlardir.
Boshqaruv aloqasi bir tomonlama shakllangan SBlar tarkibida amal qiladi. Birikish uchun faqat tobe a‘zolar tobelovchi qo’shimcha olgan Sblar boshqaruv yo’li bilan bog’langan deyiladi. Bunda hokim so’z tobe so’zning qanday shaklda bo’lishini boshqaradi. Masalan, kitobni o’qimoq birikmasida tobe so’zning tushum kelishigi shaklida kelishi o’qimoq fe‘lining o’timliligi bilan belgilangan. Agar bu fe‘l o’timsiz fe‘lga aylantirilsa, (o’qildi) tobe so’zdagi tushum kelishigi shakli o’z-o’zidan g’oyib bo’ladi: kitobni o’qimoq - kitob o’qildi.
Boshqaruv aloqasida tobe so’zni har xil turkumdagi so’zlar boshqarishi mumkin. Misollar: uyga bormoq (fe‘lli boshqaruv), mendan katta (sifat boshqaruvi), tovushdan tez (ravishli boshqaruv), o’qishda birinchi (son boshqaruvi), aytgan bola (otli boshqaruv).
Boshqaruv uni amalga oshirayotgan vositaga bog’liq ravishda kelishikli boshqaruv, ko’makchili boshqaruv, ravishdoshli boshqaruv, sifatdoshli boshqaruv kabi turlarga ajraladi.
Moslashuv. SBlarning ikki tomonlama grammatik shakllangan turi bo’lib, bunda tobe a‘zo hokim a‘zoga, hokim a‘zo tobe a‘zoga muvofiq ravishda bog’lovchi vosita oladi. Masalan, ukamning daftari, sizning uyingiz kabi. Moslashuv atamasi har ikkala a‘zoning bir-birini taqozo qiluvchi morfologik vositalarga egaligi ma‘nosini anglatadi. Moslashuv aloqasida tobe a‘zo qaratuvchi, hokim a‘zo qaralmish deb yuritiladi.
Moslashuv aloqasida tobe a‘zo belgisiz (Navoiy g’azali) bo’lganligi kabi, hokim a‘zo ham ko’rsatkichsiz qo’llanishi mumkin: sizning uyingiz-sizning uy, bizning kitobimiz-bizning kitob kabi. Bu siz olmoshi va -ngiz qo’shimchasi, bu olmoshi va -miz ko’rsatkichining tarixiy genetik bog’lanishining hozir ham ko’rinib turganligiga bog’liqdir. Zero, ularning kitobi birikmasini ularning kitob tarzida qo’llab bo’lmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |