Bog‘langan qo‘shma gaplar
Teng munosabatdagi sodda gaplarning o‘zaro teng bog‘lovchilar yordamida bog‘lanishidan tuzilgan qo‘shma gap bog‘langan qo‘shma gap deyiladi: Kechasi qalin qor yog‘di, lekin havo sovimadi.
Tarkibidagi sodda gaplarning o‘zaro mazmun-munosabatiga ko‘ra bog‘langan qo‘shma gaplar quyidagi turlarga bo‘linadi:
1) Biriktiruv munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar: Bunday bog‘langan qo‘shma gaplar tarkibidagi sodda gaplar o‘zaro va, hamda bog‘lovchilari, ham, -u(-yu), -da yuklamalari yordamida bog‘lanadi va bir paytda yoki ketma-ket ro‘y bergan voqea-hodisalarni ifodalaydi: Mashg‘ulotlar tugadi va hamma o‘z uyiga tarqaldi. Odam qo‘li tegdi-yu, tashlandiq yerlar obod bo‘ldi. Qattiq izg‘irin ko‘tarildi-da, hech kim uydan chiqmay qo‘ydi.
2) Zidlov munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar va ularda tinish belgilarining ishlatilishi.Bunday gaplar tarkibidagi sodda gaplar o‘zaro ammo, lekin, biroq bog‘lovchilari, -u(-yu) yordamida bog‘lanadi: Yurtimizning bu kuni chiroyli, lekin ertasi, indini yanada chiroyliroq, baxtliroq bo‘ladi. Havo ochildi-yu, harorat sezilmadi. Ba’zan zidlik mazmunini kuchaytirish uchun zidlov bog‘lovchisi va bu vazifada qo‘llangan -u(-yu)yuklamasi birga ishlatiladi: Kechasi qor yog‘di-yu, lekin havo unchalik sovimadi. Yozuvda zidlov bog‘lovchilaridan oldin, yuklamalardan keyin vergul qo‘yiladi.
3) Ayiruv munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar va ularda vergulning ishlatilishi. Bunday ishlardagi sodda gaplar o‘zaro ayiruv bog‘lovchilari – goh…goh, yoki…yoki, ba’zan…ba’zan, dam…dam, yohud…yohud yordamida bog‘lanadi. Ayiruv bog‘lovchili bog‘langan qo‘shma gaplar voqea-hodisalarning galma-gal bo‘lishini yoki ulardan biri bo‘lishini ifodalaydi: Goh osmonni tutib ashula yangrar, goh allaqayerdan garmon tovushi eshitilib qolar edi. Takrorlanib qo‘llangan ayiruv bog‘lovchilarining ikkinchisidan oldin vergul qo‘yiladi, ayiruv bog‘lovchilar yakka qo‘llansa, tinish belgisi qo‘yilmaydi.
4) Inkor munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar. Bunday gaplar qismlari o‘zaro na inkor yuklamasi orqali bog‘lanadi va orasiga vergul qo‘yiladi: Na suv bor, na biron yemish qolibdi.
4) Inkor munosabatli bog‘langan qo‘shma gaplar. Bunday gaplar qismlari o‘zaro na inkor yuklamasi orqali bog‘lanadi va orasiga vergul qo‘yiladi: Na suv bor, na biron yemish qolibdi.
5) Bo‘lsa, esa so‘zlari yordamida bog‘langan qo‘shma gaplar. Bunday gaplarda qiyoslash va zidlash munosabatlari mavjud bo‘ladi: Otabek sukutda, O‘zbek oyim bo‘lsa boshi bilan “shundog’” ishorasini berar edi. (A.Qod.)
Do'stlaringiz bilan baham: |