Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama munosabatlar masalalarining butun majmui boʻyicha strategik hamkorlikni mustahkamlashda xuddi shunday yutuqlar kuzatilmoqda. Bevosita Koreya investitsiyalari va ilgʻor texnologiyalarini, imtiyozli kreditlarini faol jalb qilish hamda sanoat, energetika, infratuzilma, avtomobilsozlik, fan va innovatsiyalar, sogʻliqni saqlash va turizmni rivojlantirish sohalarida yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun moliya-texnik yordam koʻrsatilishi mamlakatimiz manfaatlariga javob beradi.
Oʻzbekistonning Misr, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arablar Amirliklari, Kuvayt, Qatar, Oʻmon, Bahrayn, Iordaniya, Jazoir va boshqa Yaqin Sharq mamlakatlari bilan munosabatlari tubdan yangi darajaga chiqmoqda. Shuni qayd etish kerakki, Yaqin Sharq mamlakatlari bilan oʻzaro foydali va har tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekistonning tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.
Oʻzbekistonning yangi tashqi siyosiy yoʻnalishi mamlakatning regional va xalqaro tashkilotlardagi oʻzaro hamkorligi faollashuvida va pozitsiyalari mustahkamlanishida namoyon boʻladi.
Xalqaro maydon imkoniyatlaridan qanday foydalanilmoqda? Mamlakatimiz anʼanaviy ravishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan muloqotni va hamkorlikni rivojlantirishga muhim ahamiyat beradi. Soʻnggi yillarda BMT va uning institutlari, shu jumladan, Inson huquqlari boʻyicha oliy komissar boshqarmasi va Inson huquqlari kengashi bilan oʻzaro hamkorlik darajasini oshirishga erishildi.
Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo mamlakatlar bilan doʻstona munosabatlarni va oʻzaro foydali hamkorlikni mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida mamlakatning 2020-yilda MDHga birinchi raisligi strategiyasi haqida soʻz yuritib, jumladan, shunday degan: “Hamdoʻstlikda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, tashkilot tomonidan qabul qilingan qarorlar natijadorligini oshirish va ishtirokchi mamlakatlar oʻrtasida insonparvarlik aloqalarini yana-da mustahkamlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz”. Bugungi kunda Oʻzbekiston MDHda oʻz milliy koordinatori darajasini Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosaridan Bosh vazir oʻrinbosarigacha koʻtardi, MDH Iqtisodiy kengashidagi oʻz ishtirokini tikladi.
Turkiy mamlakatlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. 2019-yil sentyabrda mamlakat Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi(TTDHK)ga aʼzo boʻldi. Uzoq muddatli istiqbolda TTDHK Yevropa, Oʻrta Sharq, Kavkaz va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi keng makonda mintaqaviy hamkorlikning oʻziga xos mexanizmidan iborat subregional birlashmaga aylanishi kerak.
Tashkilot bilan hamkorlikning faollashuvi mamlakatimiz uchun qoʻshni mamlakatlar bilan ham, mintaqadan tashqari yaqin hamkorlar (Turkiya, Ozarbayjon) bilan ham koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Tashkilot ishida doimiy aʼzo sifatida ishtirok qilish Toshkentga xalqaro maydonda oʻz tashabbuslarini ilgari surish, shuningdek, mamlakatning turkiy-islom taraqqiyoti markazlaridan biri sifatida xalqaro nufuzi va maqomini mustahkamlash uchun qoʻshimcha siyosiy-diplomatik resurslar beradi.
Tarixiy oʻlchovlar boʻyicha nisbatan qisqa muddatda Shanxay hamkorlik tashkiloti obroʻli, nufuzli xalqaro tuzilma sifatida shakllandi. Oʻzbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotini terrorizm va ekstremizmga, narkotik va qurolning noqonuniy oborotiga, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishda hamkorlik uchun vosita sifatida baholaydi.
Oʻzbekiston uchun Shanxay hamkorlik tashkilotining iqtisodiyot, jumladan, transport kommunikatsiyalarini qurish va qayta tiklash sohasidagi faoliyatini ham faollashtirish, Shanxay hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikdan manfaatdor boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish ustuvor vazifa hisoblanadi.
Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkiloti bilan ham izchil oʻzaro hamkorlikni rivojlantirmoqda va uni muqaddas islom qadriyatlarini saqlash hamda rivojlantirish, musulmon xalqlar oʻrtasidagi birdamlikni mustahkamlash, ularning taraqqiyoti va ravnaqiga koʻmaklashishga qaratilgan samarali forum sifatida baholaydi. Oʻzbekiston Islom hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlarning taʼlim va maʼrifat, fan va texnikani rivojlantirish, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni joriy qilish sohasida faol oʻzaro hamkorligi tarafdoridir.
Respublika davlatlarning xavfsizlikni taʼminlash, iqtisodiyotni rivojlantirish hamda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari boʻyicha muloqoti uchun muhim xalqaro forum hisoblangan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan faol oʻzaro hamkorlikdan ham manfaatdordir. Oʻzbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari davlat boshqaruv institutlarini isloh qilish, sud-huquq va saylov tizimini takomillashtirish, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining roli va ahamiyatini oshirish, shuningdek, transmilliy xavflar va tahdidlarga qarshi kurashishda konstruktiv oʻzaro harakatlarni rivojlantirish sohalaridagi qoʻshma loyihalarni amalga oshirishdan iborat.
Mamlakatimizda 2019-yil dekabrda oʻtkazilgan parlament saylovlarida 50 ta mamlakat va 10 ta xalqaro tashkilotdan 825 nafar kuzatuvchi ishtirok qildi. Oʻzbekiston birinchi marta Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlari va inson huquqlari byurosining 316 kishilik tarkibidagi toʻlaqonli missiyasini qabul qildi.
Mamlakatimiz xalqaro moliya institutlari va savdo tashkilotlari — Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Jahon savdo tashkiloti va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikni sifatli kengaytirish va takomillashtirishga eʼtibor qaratgan. Yevropa qayta tiklash va taraqqiyot banki bilan hamkorlikning tiklanganligi muhim voqea boʻlib, buning natijasida ushbu institut tomonidan Oʻzbekiston hududlarida ijtimoiy ahamiyatli loyihalarning mablagʻ bilan taʼminlanishi tiklandi.
Oʻzbekistonning xalqaro moliya muassasalari bilan hamkorligi kun tartibida investitsiyaviy va amaliy muhitni yaxshilash, mamlakatning kredit reytingini oshirish, valyuta-kredit siyosatini takomillashtirish, bank-moliya sohasida milliy mutaxassislar malakalarini oshirish turibdi.
Yakuniy maqsad — milliy iqtisodiyotning modernizatsiya qilinishini jadallashtirish va uning raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun jalb qilinadigan xorijiy investitsiyalar va moliya mablagʻlari hajmini oshirish, mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirish va infratuzilmani takomillashtirish, turmush darajasini oshirish va aholining farovonligini taʼminlashdan iborat.