XAVF-XATARLAR — ularning tarmoqda uchta asosiy turi mavjud:
Kontent xavfi — yosh avlodning axloqiy va ma’naviy tarbiyasiga salbiy ta’sir etuvchi (matnlar, tasvirlar, audio, videofayllar, havolalar) noqonuniy, axloqsiz va zararli bo‘lgan turli axborotlarning (zo‘ravonlik, yovuzlik, hayosizlik, odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, irqiy, diniy va millatlararo nizolarni keltirib chiqaruvchi, terrorizm va diniy ekstremizm, narkotik va psixotrop moddalar targ‘iboti, joniga qasb qilish, taqiqlangan o‘yinlar) Internet tarmog‘ida doim mavjud.
Kommunikatsion xavf — Internet tarmog‘ida noma’lum (yaxshi tanish bo‘lmagan) shaxslar bilan muloqot jarayonida paydo bo‘ladi. Tarmoqdagi anonimlik va javobgarlikka tortilmaslikni anglash hissi ko‘p foydalanuvchilar tomonidan xaqorat, qo‘rqitish, kiberbulling, xiralik hamda shantaj qilish kabi holatlarga yo‘l ochadi.
Texnik xavf — zararli dasturlardan foydalanib (virus, bot, ayg‘oqchi dasturlar), dasturiy mahsulotlarga zarar yetkazish, maxfiy va shaxsiy axborotlar yoki shaxsga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlash, kiberfiribgarlik.
TAHDIDLAR — mutaxassislar tomonidan umumjahon «o‘rgimchak to‘ri»da bolalar duch keladigan va ularning ruhiyatiga so‘zsiz salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan tahdidlarning asosiy turlari tasniflanib berildi.
Mazmunan zo‘ravonlik, yovuzlik, hayosizlik, axloqsizlik, Internetdagi qimor o‘yinlar, narkotik moddalar to‘g‘risida axborot, huquqbuzarlik, irqiy nafratlanishga oid sayt va materiallarga (foto, video, audio va bosma materiallar) oson kira olish imkoniyati.
Notanish kishilar bilan elektron pochta, ijtimoiy tarmoqlar va turli shubhali forumlar vositasida muloqotlar qilish, turli yozishmalarni amalga oshirish.
Bolalar Internetdan foydalanganda duch kelishi mumkin bo‘lgan holatlar, ya’ni nazorat qilinmaydigan jarayon Internet orqali xarid qilish va onlayn o‘yinlarda nazoratsiz vaqt o‘tkazish.
TAHLIKALAR — axborot xavfsizligi ekspertlari tomonidan 5 ta asosiy tahlika tasnifi belgilab berildi. Agarda ularga befarqlik bilan qaralsa, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Internetdan nazoratsiz foydalanish oqibatida ota-ona obro‘sining zaiflashuvi. Gohida ota-onalar «farzandim ulg‘aydi yoki bolam biror-bir mashg‘ulot bilan band bo‘lib, menga xalaqit bermasin», deya uni global tarmoq bilan yolg‘iz qoldiradilar. Bunday holatlar bolalarning Internetdan nazoratsiz foydalanishining birinchi qadami hisoblanib, oqibatda, bolalar o‘z ota-onalarini tinglamay, ularni aldash va mensimaslikni odat qilib olishadi.
Madaniyat, g‘oya, mafkuralarning aksil tizimi. Hayotning ushbu murakkab davrida o‘spirin o‘zini ko‘rsatish va jamiyatda o‘z o‘rnini egallash yo‘llarini izlaydi. Mustaqil bo‘lish kayfiyatiga ehtiyoj sezadi. Ushbu yo‘lda Internet tarmoqlarida tarqalayotgan va targ‘ibot qilinayotgan aksilmadaniyat tizimi, xususan, «got», «emo» va boshqa submadaniyat oqimlari, diniy-ekstremistik oqimdagi mafkuralar hali shaxs sifatida barqaror shakllanib ulgurmagan yosh avlodga katta xavf tug‘dirmoqda. Bundan tashqari, tarmoqlarda odob-axloq me’yorlariga zid so‘zlashuv, tushkunlik, insoniyatga nafrat, jinoyat olamiga xos mazmundagi qo‘shiqlarni ham uchratish mumkin. Ayrim qo‘shiqlarda jamiyatga qarshi borish, qonunlarga hurmatsizlik, nizolar, jinoyat, suiqasd, narkotik moddalari iste’moli kabilar ham mavjud. Ularning ijobiy jihati mutlaqo bo‘lmagani bois, ularga ortiqcha ta’rifga hojat yo‘q.
Anonim Internet-muloqotlar. Ta’kidlash lozimki, onlayn muloqot o‘zining tabiati bilan jonli muloqotdan tubdan farq qiladi. Bu erda mutlaqo o‘zgacha xulq me’yorlari, etika standartlari, farqli mezonlar amal qiladi. Forumlar, chatlar, hamjamiyatlarda noma’lum shaxslar bilan muloqot qilishga to‘g‘ri keladi. Anonimlik holati foydalanuvchilarga Internetda real hayotda ayta olmaydigan fikrlar va harakatlar sodir qilishga izn beradi. Anonim muloqotlar haqorat, kiberbulling, kamsitish va xiralik qilish singari harakatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bolalarning xavfsizligi, ma’naviy va jismoniy sog‘ligi nuqtai nazaridan qaralganda, farzandlarining Internet orqali tanishuv masalalarini ota-onalar nazorat qilishlari lozim bo‘lgan jihatlardan biri hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |