«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
(rasmlar wikipedia, azu.uz, mg.uz, mir.travel saytlaridan olindi)
06.10.2018 10:51:05 http://uza.uz/uz/
“Shoshtepa“ning na hujjati bor, na...
Poytaxtimizning Sergeli tumanidagi Shoshtepa (Choshtepa), Kuygaytepa (Kultepa) hamda Xonobodtepa arxeologik yodgorliklari haqida bilasizmi? Agar bilsangiz uning bugungi holati, achinarli ahvolidan xabaringiz bormi?
Bu tarixiy joylar nigohimizdan chetda qolayotgani, eʼtibor talab hududga aylanib borayotganiga nima deysiz? Bu oʻz tariximizga nisbatan hurmatsizlik belgisi emasmi? Bugungi kunda turizm sohasini rivojlantirish diqqat markazida boʻlsa-da, mazkur maskanlar hamon qarovsiz yotibdi.
Bu kabi maskanlar sayyohlarni qiziqtirishi, yurtimiz tarixi haqida maʼlumot berishi mumkin. Bu kabi tarixiy maʼlumotlarni eshitgan, bilgan xorijliklar bu haqda oʻz yurtdoshlari, farzandlariga aytib berishi mumkin emasmi? Shunda Oʻzbekistonni butun dunyo ahli yana bir bor yodga olishi, unga qiziqish bildirishi mumkin-ku. Agar birorta xorijiy sayyoh: – “Bizni Toshkentning tarixi boshlangan obidaga olib boringlar”, – deb soʻrab qolsa bormi?..
Maʼlumki, Shoshtepa tashqi va ichki qishloq hamda baland ark-qalʼadan iborat shahar xarobasi hisoblanib, Joʻn kanali boʻyida joylashgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, yodgorlikdan Burganli madaniyati (miloddan avvalgi IX-VI asrlar)ga oid oʻtroq dehqonlar qishlogʻining qoldiqlari topilgan. Burganli qishlogʻi xarobalari oʻrnida miloddan avvalgi II asrda (yaʼni, 2200 yil avval) atrofi halqa devor bilan oʻralib, oʻziga xos xochsimon bino qurilgan. U xoch va halqa uygʻunligi – quyoshning eng qadimiy ramzi tamoyilida bunyod etilgan. Shunday qilib, kamida 2200 yil avval Toshkent hududida shaharsozlik sohasida birinchi tajriba amalga oshirilgan. III-VI asrlar Shoshtepa hayotining ikkinchi yirik jonlanish davri boʻlib, VII-VIII asr boshlarida ancha yuksalgan, soʻng vayron boʻlgan. XI-XII asrlarda undagi hayot biroz tiklangan.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish“ demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi tomonidan poytaxtimizdagi mavjud moddiy madaniy meros obyektlarini oʻrganish jarayonida olingan bu kabi maʼlumotlar, kelgusida oʻz samarasini berishi mumkin. Ammo faqat oʻrganishning oʻzi yetarli emas. Xulosalarni kerakli tashkilot va masʼul muassasalarga berish va nazorat qilish muhim.
– Bir necha yil oldin Toshkent shahrining 2200 yilligi xalqaro miqyosda keng nishonlangan edi, – deydi Xalq deputatlari Kengashi Sergeli tuman kengashi deputati Xirojiddin Ibragimov. – Tarixchi olimlarimiz poytaxtimizning yoshini aniqlashda aynan Shoshtepa va undan topilgan ashyolarni asos qilib olgan edi. Shunday uzoq tarixga ega boʻlgan Shoshtepaning bugungi ahvoli achinarli holatda. Yodgorlikning na birorta hujjati bor, na egasi.
Obida qarovsiz boʻlgani uchun borgan sari nurab boryapti. Bir paytlar 25 gektar hududga ega boʻlgan xarobaning bugunga kelib atigi 1 gektari qolgan xolos. Eʼtiborsizlik sabab bu hudud ham yoʻqolib ketishi mumkin. Chunki tepalik yaqinida koʻp qavatli uylar qurilmoqda, aholi hovlilari ham xarobaning shundoq chegarasida joylashgan.
Ishchi guruhi shu kuni Kuygaytepa (I-XII asrlar) yodgorligida ham boʻlib, bu tarixiy obidaning saqlanish holati talab darajasida emasligini aniqladi. Bu arxeologik yodgorlik holatidan ham faqat afsuslanish mumkin xolos. Qarovsiz boʻlgani uchun xarobaga aylanib bormoqda. Xonobodtepa (VI-XV asrlar) yodgorligi esa deyarli qabristonga aylanib boʻlgan.
Tarixiy yodgorliklarni oʻrganish ishlari davom etmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |