O’rmon-texnik melioratsiyaning qo’llanilish jarayoni Kimyoviy melioratsiya, tuprok tarkibiga maxsus kimyoviy moddalar kiritib, tuproqning kimyoviy xossalarini o’zgartirish bilan shug’ullanishdan iborat. Bunga: sho’rtob yerlarni yaxshilash uchun melioratsiya qilish, ya’ni kimyoviy birikmalar qo’shish yo’li bilan noqulay tuproq xossasini yaxshilash. Bunday melioratsiyaga achima, nordon tuproqni ohaklash, sho’rtob tuproqlarni gipslash va boshqa shu kabi tadbirlar kiradi
Madaniy-texnik melioratsiya, ekin ekiladigan tuproqning haydalma qatlamidagi noqulay sharoitlarni bartarf qilishdir. Ya’ni tuproqni toshlardan tozalash, to’nkalarni qo’porib tashlash, daladagi mayda tepalik va chuqurliklarni tekislash, loyli tuproqlarga qum qo’shish (qumlash) va qumli tuproqlarga og’ir tarkibli tuproqlar qo’shish (loylash), ko’chma qumlarni mahkamlash uchun mexanik ihotalar o’rnatish kabi tadbirlar ko’riladi
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORI QISHLOQ XO‘JALIGIGA MO‘LJALLANGAN YERLARNING SHO‘RINI YUVISH ISHLARINI TASHKIL ETISH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA Respublikada sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini va suv ta’minotini yaxshilash hamda mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning sho‘rini yuvish uchun foydalaniladigan va tasdiqlangan sho‘r yuvish normalari doirasida, shuningdek, kollektor va drenaj tarmoqlaridan ishlatiladigan suv resurslarini ulardan foydalanganlik uchun soliqdan ozod qilish, suvni tejaydigan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqa) sug‘orish texnologiyalarini joriy qilishga davlat tomonidan subsidiyalar ajratish hamda yer solig‘i bo‘yicha imtiyoz berish tizimi yaratildi.
Shu bilan birgalikda, yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini agrotexnik qoidalar asosida sifatli va tizimli tashkil etishga, suv iste’molini nazorat qilishga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Natijada agroklastyerlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvishda, ayniqsa, Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy tumanlarida, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida, shuningdek, Buxoro, Navoiy, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarining aksariyat tumanlarida agrotexnik qoidalar va muddatlar qo‘pol ravishda buzilib, suv isrofgarchiligiga yo‘l qo‘yilgan, sho‘r yuvish ishlarining samarasi pastligicha qolmoqda.
Suvni tejaydigan sug‘orish va lazerli yer tekislash texnologiyalari joriy qilingan maydonlarda yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish yuzasidan xorijiy tajribalarni o‘rganish, yangi ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish soha talablaridan ortda qolmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 11-dekabrdagi PQ-4919-son qarori ijrosini ta’minlash hamda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishda yerlarning sho‘rini yuvish, meliorativ holatini yaxshilash, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, bu boradagi ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish hamda sho‘r yuvish ishlarini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
yerlarning sho‘rini yuvish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan ishlab chiqiladigan va ilmiy asoslangan tavsiyalar bo‘yicha maqbul muddatlarda va sho‘r yuvish normalariga amal qilgan holda amalga oshiriladi;
yerlarning sho‘rini yuvish ishlari har uch yilda kamida bir marta lazer uskunali yoki uzun bazali yer tekislagichlar bilan tekislangan holda amalga oshiriladi;
sho‘r yuvish ishlari uchun suv olish xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlar (suv iste’molchilari uyushmalari) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq ajratilgan suv olish limiti doirasida amalga oshiriladi hamda suvning hisobi va hisoboti yuritiladi;
sho‘r yuvish uchun berilgan suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yishga va ularning texnik holatiga zarar yetkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Suv iste’molchilariga O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 442-moddasi talablaridan kelib chiqib, sho‘r yuvish ishlari uchun ajratilgan suv olish limitidan ortiqcha suv olingan taqdirda, belgilangan tartibda suvdan foydalanganlik uchun soliqqa tortilishi ko‘rsatib o‘tilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom (keyingi o‘rinlarda — Nizom) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
a) sho‘r yuvish ishlarini rejalashtirish, shu jumladan:
har yili 1-oktabrga qadar Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan suv resurslarining prognozlariga asosan xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlarning (suv iste’molchilari uyushmalarining) suv olish limitlari tasdiqlanadi va joylarga yetkaziladi;
har yili 20-oktabrga qadar agroklastyerlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlar bilan suv olish limitlari asosida suvdan foydalanish va suv iste’moli rejalari, shuningdek, tegishli shartnomalar belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi;
har yili 1-noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan hududlar bo‘yicha meliorativ kadastr hujjatlari ishlab chiqiladi;
har yili 10-noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining meliorativ ekspeditsiyalari tomonidan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqiladi, agroklastyerlar, fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi boshqa tashkilotlarga yetkaziladi;
har yili 20-noyabrga qadar suv iste’molchilari tomonidan xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlar (suv iste’molchilari uyushmalari) bilan birgalikda ularga berilgan tavsiyalar va suv iste’moli rejalariga asosan yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlari rejalari ishlab chiqiladi;
b) yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, yerlarning sho‘rini yuvish ishlari sho‘r yuvish rejalari bo‘yicha berilgan tavsiyalar asosida maqbul muddatlarda va ajratilgan suv olish limitlari doirasida sho‘r yuvish normalariga muvofiq amalga oshiriladi;
v) sho‘r yuvishda suvdan foydalanish va sho‘r yuvish monitoringini yuritish tartibi, shu jumladan, xizmat ko‘rsatadigan foydalanuvchi tashkilotlar (suv iste’molchilari uyushmalari) suv iste’molchilari bilan belgilangan tartibda sho‘r yuvish ishlari uchun olingan suvning hisobi va hisobotini yuritadi.
3. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi:
a) yerlarning meliorativ holatini nazorat qilish va baholash ishlarining tizimli ravishda sifatli amalga oshirilishini;
b) suv resurslarini oqilona boshqarishni va ajratilgan suv olish limiti doirasida suv yetkazib berilishini ta’minlasin;
v) Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda Innovatsion rivojlanish vazirligiga 2021-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Jizzax, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘oriladigan, shuningdek, lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislangan maydonlarda yerlarning sho‘rini yuvish bilan bog‘liq ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarishga qaratilgan ilmiy loyihalarga tanlov e’lon qilish uchun takliflar kiritsin.
4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda agroklastyerlar, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga:
sho‘ri yuviladigan maydonlarni har yili 1-dekabrga qadar sifatli shudgorlash va zarur hollarda chuqur yumshatish;
yerlarni har uch yilda kamida bir marta lazer uskunali yoki uzun bazali yer tekislagichlar bilan tekislash;
yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarini ilmiy asoslangan tavsiyalar bo‘yicha maqbul muddatlarda va sho‘r yuvish normalarida amalga oshirish;
suv olish joylarini suvni boshqarish va hisobga olish vositalari bilan jihozlash hamda ulardan samarali foydalanish ishlarini tizimli tashkil qilish va amalga oshirishda yaqindan ko‘maklashsin.
5. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi:
yerlarni sho‘r yuvishga tayyorlash va sho‘r yuvish ishlarida agrotexnik qoidalarga, suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibiga qat’iy rioya etilishi yuzasidan tizimli nazorat o‘rnatsin;
suvni kollektor-drenaj tarmoqlariga tashlab qo‘yishning har bir holatini favqulodda holat sifatida baholab, suvdan maqsadli va tejamli foydalanish hamda suvdan foydalanish va suv iste’moli tartibini buzganlarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda keskin choralar ko‘rib borsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida “Qishloq xo‘jaligida suvdan samarali foydalanish texnologiyalari” va “Sho‘r yuvish texnologiyalari” fanlari bo‘yicha o‘quv adabiyotlarining yangi avlodini yaratish choralarini ko‘rsin. Bunda mazkur sohadagi oliy ta’lim muassasalariga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, yuqorida ko‘rsatilgan fanlarni tegishli ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv rejalariga kiritish tavsiya etilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev hamda O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziri Sh.R. Xamrayev zimmasiga yuklansin.