Syurrealizm (fransuzcha surrealizme) — Fransiyada XX asrning 20- yillarida vujudga kelgan oqim. Syurrealizm intuitivizm falsafasi, sharq diniy falsafasi, freydizm ta'limotiga tayanadi. Syurrealizm estetikasi A. Bretonning «Syurrealizm manifest!» asarida o'zining ifodasini topgan. Ular insonning «men» iga erkinlik berishga, uni moddiyunchilik, insonning ijodiy imkoniyatlarini cheklovchi an'anaviy estetika zanjirlaridan xalos qilishga chaqiradilar. Hayotning asl mohiyati insonning ongdan tashqari g'ayrishuuriy olamida berkingan deb hisoblaydilar, adabiyot tartibotlarga, ko'nikma, axloqiy tushunchalar va mantiqqa bo'ysunuvchi hayotni emas, uning botindagi pinhon tuyg'ularini tasvirlashi lozim.
Shu sababli inson ruhining g'ayrishuuriy holatini namoyish etuvchi usul sifatida tush holati, go'daklik kechinmalari, gallyusinatsiya kabilardan foydalanganlar. Syurrealistik asarlar syujeti majoziylikka, paradoksga, kutilmaganlikka asoslanadi. Adabiyotda Appoliner, tasviriy san'atda S.Dali, X.Miro, I.Tangi, G.Arp, A.Masson, R.Magritt, kinematografiyada L.Bunyuel, absurd teatrida E.Inoyekso, S.Bekket ushbu oqim namoyandalaridir.
Modernizmga tushkunlik mafkurasini ifodalovchi hodisa sifatida salbiy baho berib kelindi. Biroq uning buyuk namoyandalari bu fikrning biryoqlamaligi, adolatsizligini isbotladi. Frans Kafka, Jeyms Joys, Alber Kamyu asarlarida chirigan jamiyatning inson shaxsiga ta'siri, uni mahv etishi o'zining yorqin ifodasini topsa-da, insonga, uning kelajagiga ishonch tuyg'usi ham ufurib turadi. Modernistik ijod mahsullarida fojiaviy taqdirga mahkum inson fojiaviylik zamirida ham baxtga intiladi, najot axtaradi.
Modernchi adiblarning qahramonlari ko'p hollarda favqulodda vaziyatga tushib qoladilar, ana shunday hollarda ularning qalbida ro'y berayotgan jarayonlar muallif diqqat markazida turadi. Ularning qahramonlari odatda halol, sofdil, beozor odamlar. Ruh hayoti bilan yashash, ko'ngil buyurganini qilish, soxtalik, sun'iylikni inkor qilish, qalbidagini yashirmaslik — F.Kafka, A.Kamyu kabi ijodkorlar asarlarining qahramonlarida ana shu jihatlar yetakchilik qiladi.
Modernistlar shaklga alohida e'tibor beradilar, shartli-ramziy usullarni qo'llaydilar, inson shaxsiga kutilmagan tomondau yondashadilar. Bu jihatdan, ayniqsa, avstriyalik yozuvchi F. Kafka, fransuz adibi A. Kamyu va amerikalik U. Folkner ijodi diqqatga sazovor.
Do'stlaringiz bilan baham: |