Bobur — badiiy tarjimon Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ubaydulloh Ahror va ularning farzandu nevaralariga hurmat-e’tibori katta bo‘lgan. Xoja nevaralaridan ikki kishi Bobur xizmatida bo‘lgan. Ayniqsa, Xoja Kalonning Bobur bilan qadrdonligi bir umrlik xizmati bilan izohlanadi. Bobur Xoja Ubaydulloh Ahrorning fors tilida nasrda yozilgan «Volidiya» asarini she’riy usulda o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xoja Ubaydulloh bu asarni otalarining tavsiyalari bilan yozgan: Otasi qilgan uchun taklife, Qildi oning otig‘a ta’life.
Bobur ota sifatida bu asardagi ota tilidan farzandga aytilgan diniy-tasavvufiy o‘gitlarni o‘z farzandlariga yetkazish uchun ushbu kitobni nazmda ona tiliga o‘girgan. Nega nasrda emas? Chunki nazmni xotirada saqlash imkoni kattadir. Qolaversa, nazmning hurmat va e’tibori nasrga nisbatan juda yuqori hisoblangan. Tarjimon tarjimani boshlash va oxiriga yetkazish sababini «Vaqoe’»da shunday bayon etadi(matn tabdili): «Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir bo‘ldi. Shunday bo‘ldiki, juma namozini masjidda qiynalib o‘qidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan so‘ng o‘qidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim. Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning «Volidiya» risolasini nazm qilmoq fikri ko‘nglimga keldi. Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko‘nglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga ma’qul bo‘lsa, xuddi «Qasidai Burda»ning qasidasi ma’qul bo‘lib, sohibi falaj kasalidan xalos bo‘lgani singari, men ham bu xastalikdan forig‘ bo‘lsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil bo‘lardi. Ushbu niyat bilan... risolani nazm etishga kirishdim. O‘sha kechaning o‘zida o‘n uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni o‘n baytdan kam bitilmas edi. Darvoqe’, bir kungina bu ish qilinmadi. O‘tgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun og‘rirdim. Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma to‘qqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ulavval oyining sakkizinchisida risola so‘zlarini she’rga solish nihoyasiga yetdi...». «Volidiya» risolasi inson ixtiyori va faoliyatini Olloh bilan bog‘lash, unigina zikr etish, so‘zi(«Qur’on»)ni yodlash va aytishni tavsiya etuvchi, insonning hayotiy faoliyati, yeb-ichish, maishatda o‘rtachalikka chorlovchi pandnoma, nasihatnomadir. Shuning uchun ham garchand asar she’rga solingan bo‘lsa-da, matnda asosiy diqqat shoirona sehrsozlik emas, balki Xoja nasihatlarini kitobxonga aniq yetkazishga qaratiladi. Shunday bo‘lsa-da, she’r sehriga qiziquvchilar, badiiy unsurlarga ahamiyat beruvchilar uchun asar boshidagi bir baytdagi lafziy va ma’naviy tasvir vositalarini kuzatamiz. Olloh hamdidan: Til aning hamdida qosirdur, bil, Bil, aning hamdida qosirdur til.
Ijodkor lafziy san’atlardan takrorning besh-olti xilidan foydalangan. Chunki takror san’atlari ta’kid va ta’sirchanlik unsurlaridan hisoblanadi. Avvalo bayt boshidagi va oxiridagi ostin va ustin ikki so‘zga ahamiyat beraylik. Birinchi misrada qatnashgan «til» va «bil» so‘zlari ikkinchi misrada o‘rin almashib takrorlangani tufayli tardu aks san’ati qo‘llanilgan. Baytni boshlagan so‘z(«til») bayt oxirida takror kelsa(«til») tasdir san’ati bo‘ladi. Birinchi misra oxiridagi so‘z(«bil») takrori bilan ikkinchi misra boshlansa tasbe san’atidan darakdir. Baytning boshi va oxiridagi so‘zlar o‘rtaga olgan so‘zlarga ahamiyat beramiz: «aning hamdida qosirdur» so‘zlari har ikki misrada qofiya oldidan takrorlanmoqda. Bu usul hojib san’ati namunasidir. «Til» va «bil» so‘zlarining bayt boshidagi ohangdoshligi muzoraa san’ati ishtiroki tufaylidir. Baytdagi fikrni «bil» deb buyurish esa amr san’atidan darakdir. Tilning Olloh maqtovida(hamdida) vosita ekanligi va ayni paytda qosirligi — tegishlicha maqtovga yaroqsizligiga ahamiyat berilsa: til, hamd va qosir so‘zlarining o‘zaro daxldorligi tufayli tanosib san’ati qo‘llanganiga amin bo‘lamiz. Nihoyat, birinchi va ikkinchi misralardagi barcha so‘zlarning ostin va ustin holatini nazarda tutsak: ular ohangdoshlik vaziyatidadirlar. Demak, baytdagi ostin va ustin turgan so‘zlarning o‘zaro ohangdoshligi(muzoraa, takror va qofiya) tarse’ san’ati ishtirokini ko‘rsatmoqda. Demak, Bobur bu baytda tardu aks, tasbe, tasdir, tarse’, muzoraa lafziy san’atlarini, amr va tanosib ma’naviy san’atlarini qo‘llagan ekan...
Do'stlaringiz bilan baham: |