she’riy Topishmoqlardan foydalanishning amaliy ahamiyati
Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining ta‘lim tizimidagi o‘zgarishlar umumiy o‘rta ta‘lim maktablari oldiga muhim vazifalarni qo‘ymoqda. Bu vazifalar yoshlarni har tomonlama barkamol, ma‘naviy yetuk, mustaqil fikrlaydigan, milliy merosimizni qadrlaydigan, ilmli, ijodkor, nozik didli qilib tarbiyalashni o‘qituvchilardan tinmay ijodiy izlanishlarni, fidoyilik ko‘rsatishni talab etmoqda.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish yo‘lida barcha fanlar qatori geografiyaning ham o‘rni kattadir. Chunki, geografiya yer yuzi tabiati, aholisi va uning xo‘jalik faoliyati haqidagi fandir. Bugungi kunga kelib, geografiyani takomillashtirishga yanada katta e‘tibor bilan qaralmoqda.
Ta‘lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati ta‘lim mazmunini va shaklini takomillashtirishga qaratilgan. Fan-texnika taraqqiyoti jamiyatimizning demokratlashuvi axborot miqyosining oshib borishi kabi omillar bolalarning shaxsiy xususiyatlariga jumladan, idrok eta olish, tasavvur va tafakkurlash aqliy qobiliyatining rivojlanishiga olib keladi. Bolalarning olamni bilishga bo‘lgan ehtiyoji avvalgi yillarga nisbatan keskin oshganligi hech kimga sir emas.
Biz kimni tarbiyalashimiz kerak, degan savol zamonaviy pedagogika, didaktika fanlarini o‘qitish metodikalarining bosh masalasiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning «Tarixiy xotirasiz – kelajak yo‘q» asarida komil inson tushunchasiga aniq ta‘rif keltirilgan: «Komil inson deganda biz eng avvalo, ongi yuksak, mustaqil fikrlay oladigan, o‘z xulq-atvori bilan o‘zgalarga ibrat bo‘ladigan bilimli, ma‘rifatli kishilarni tushunamiz».
Dars – ta‘limning asosiy shaklidir. Darsni mazmunan va shaklan takomillashtirish, bu didaktikaning bosh masalalaridan biri hisoblanadi. Faqatgina darsda emas, darsdan tashqari, ya‘ni sinfdan tashqari ishlarda noan‘anaviy interfaol usullarni qo‘llab sinfdan tashqari ishlarni tashkil etish va o‘tkazish, uni yuqori pog'onaga ko‘tarish o‘quvchilarda shu fanni o‘rganishga bo‘lgan havaslarini orttirish lozim.
Geografiya darslarini va sinfdan tashqari ishlarni hayotga tadbiq etish, ularni qiziqarli va ijodiy tashkil etish bosh masaladir. Darsda o‘yinlardan foydalanish muhim o‘rin egallaydi. Shu o‘rinda topishmoqlarni darslarga olib kirish ko‘zlangan maqsadga erishishda benihoyat katta yordam beradi. Sababi, topishmoqlar katta so‘z o‘yini asosida vujudga keladi. Bu qadimiy geografik o‘yin ham katta badiiy mahoratni va topqirlikni talab etadi. Topishmoqlar xalq ijodiga obrazli so‘zga muhabbat uyg'otadi. Bolalarga estetik zavq bag'ishlab, ularni she‘riyat dunyosiga olib kiradi. San‘atning o‘ziga xos turi bo‘lmish bu she‘rlar o‘sib kelayotgan avlodning ma‘naviy ehtiyojlariga ozuqa bo‘ladi. Ezgulikka chorlab, inson uchun eng aziz bo‘lgan ona tiliga, tug'ilgan yurtiga muhabbat uyg'otadi. Shuningdek, topishmoqlar darslarda olingan bilimlarni mustahkamlashga, fikrlashga o‘rgatib, fanga qiziqishini orttiradi.
Topishmoq, jumboq, matal – xalq og’zaki poetik ijodining eng qadimgi va ommaviy janri. Jahondagi barcha xalqlar folklorida uchraydi. Topishmoqlarda xalq hayoti, turmush darajasi madaniyati, urf-odatlari ma’lum darajada o‘z ifodasini topadi. Topishmoqda yechilishi mumkin bo‘lgan so‘roq majoziy shaklda bo‘lib, uning ma’nosi yashirincha bo‘ladi. Topishmoqda narsa yoki hodisa boshqa narsa yoki hodisaga o‘xshatish, o‘zaro qiyoslash, taqqoslash orqali gavdalantiriladi. Topishmoqlar ba’zan nasriy, ko‘pincha she’riy shaklda, kompozitsion va ritmik jihatdan ixcham, sodda va ohangdor bo‘ladi. Masalan, “Bir parcha patir, olamga tatir” (Oy).“Oppoq dasturxon yer yuzini qoplagan” (Qor).Topishmoqda metafora, o‘xshatish, mubolag’a, sifatlash, takror kabi ifoda vositalari keng foydalaniladi. Masalan, “Zil-zil gilam, zil gilam, zildan ham og’ir gilam”(Yer).
«Topishmoqlar» asosida tashkil etilgan dars o‘quvchilar ongini, tafakkur qobiliyatini o‘stirishga xizmat qiladi. Sababi, o‘quvchi har bir topishmoqqa mos javobni topishdan oldin mazkur jumboqqa taalluqli so‘z bilan barcha ma‘lumotlarni esga olishi, xaritalarni tasavvur qilishi, materiklar, davlatlar tabiatidagi o‘ziga xos xususiyatlarni esda saqlash qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Topishmoqni hozirjavoblik bilan topgan o‘quvchi o‘z bilimiga ishonch hislarini shakllantiradi, javob esa keyingi egallamoqchi bo`lgan bilimlariga kuch baxshida etadi. Bunda o‘quvchini fikrlashga, o‘qituvchining har bir so‘ziga e‘tibor berishga, o‘z fikrini ilmiy asoslab bayon etishga o‘rgatishdan iborat.
Topishmoqlar darsning boshlanishida o‘quvchi diqqatini jalb etish va o‘tgan mavzular bo‘yicha bilimini sinashga dars so‘ngida esa yangi materialni qay darajada qabul qilganligini bilish va o‘quvchilarga ijodiy dam berish maqsadida foydalaniladi.
Mamlakatimiz o‘z mustaqilligiga erishgach rеspublika xo‘jaligining barcha sohalarida bo‘lganidеk ta'limda ham tub islohatlar davri boshlandi. Bu davr esa o‘qituvchilarga ham ko‘plab ma'suliyatni yukladi. Chunki mustaqillikkacha ta'lim tizimida asosan bir xillik hukmron edi. Yangi pеdagogik tеxnologiya esa har bir darsning bir-biridan qiziqarli o‘tish imkoniyatini bеradi. Har bir darsning mazmun mohiyatidan kеlib chiqib, darsda o`quvchlarga sayyoramizning yer yuzi va uning shakllanish tarixi, iqlimi, suvlari va yer shari tabiat zonalari hamda tabiat resurslari haqidagi turli topishmoqlar matеriallardan foydalanish mumkin. Bunday dars o‘tish jarayonida o‘qituvchidan o‘z ustida muntazam ishlashi talab etiladi. Bu talab esa darsning samaradorligini oshiradi, uning sifatli bo‘lishini ta’minlaydi, o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarining, birinchi galda maktab o‘quv mashg’ulotlarini mustahkam egallab olishlarining manbaidir. Har bir pеdagogning ishga ijodiy yondashishini rivojlantirish juda muhimdir. Chunki dars jarayoni har yili bir xil ko‘rinish, bir xil andoza, bir xil tipda emas, balki har yili har- xil usul va uslublardan qo‘llanilgan holda tashkil etilishi lozim. Yangi darsning mazmuni, egallangan qamrovi, unda ko‘rgazmali qo‘llanmalar va vositalarning ishlatilishiga qarab o‘qituvchi turli didaktik tarqatma matеriallarni qo‘llashi mumkin. Bu esa o‘qituvchining izlanuvchanligini, o‘z ustida ishlashini, ijodkorligini, darsni yanada kеng qamrovli va qiziqarli qilib o‘tishda tajribasini oshiradi.
Ijodiy ishlaydigan o‘qituvchining darslari xilma-xil bo‘ladi. Bunda tasviriy vositalar va ko‘rgazmali qo‘llanmalarning ahamiyati katta. Masalan, o‘qituvchi bir darsda yangi mavzuni tushuntirishdan avval 5-6 minut tеzkor savollar orqali o‘quvchilar bilimini, o‘tgan mavzu va yangi mavzu yuzasidan so‘rab chiqadi, o‘zi fikrlarni to‘ldiradi, o‘quvchilarning diqqatini xaritaga jalb etadi, doskaga chizmalar chizadi va hokazo. Boshqa darsda o‘qituvchi videofilmlar ko‘rsatishi mumkin, bunda har bir kadrga bеrilganiga nisbatan kеngroq va to‘liqroq izoh bеradi, darslikda bеrilmagan yangi ma'lumotlarni aytib o‘tadi, so‘ngra darsni mustahkamlash uchun o‘quvchilarni bahs-munozaraga chorlaydi, ularning mustaqil fikrlarini tinglab, o‘zi to‘ldirib boradi. Agar o‘qituvchi o‘z bilimini to‘ldirib borishni to‘xtatib qo‘ysa, uning darslarida intizom yomonlashadi, darslari qiziqarsiz bo‘lib qoladi, o‘qituvchining obro‘siga o‘z hamkasblari va o‘quvchilar oldida putur yеta boshlaydi. Ko‘pchilik o‘qituvchilar har bir darsini faqat mazmunli qilib emas, qiziqarli qilib ham o‘tishga intiladilar. Bugungi kundagi zamonaviy darslarning talabi ham, mazmuni ham shunda. Chunki bugungi kun o‘quvchilarining darsga chaqqonliklari, e'tiborlari, qiziqishlari nihoyatda katta. Bizning fanimizning bu boradagi imkoniyatlari nihoyatda ulkan darajada. Fanimizning o‘ziga xos xususiyati ham qiziqarliligida bo‘lsa ajabmas.
Buni biz hayotiy kuzatishlarimiz orqali ham tushuntirib, asoslab bеrishimiz mumkin. Masalan, maktabni ancha ilgari bitirib kеtgan kishilardan, maktab gеografiyasi kursida nimalar esingizda qolgan dеb so‘rasak, ular sayyohlar haqidagi, tabiat sirlarini qanday ochilganligi to’g’risidagi hikoyalarini, darsda ko‘p kartochkalarga javob bеrganligini, turli xil krossvordlar yеchishgani, tabiatga bo‘lgan ekskursiyalari, topishmoqlar haqida qiziqib aytib bеrishadi. Suhbat oxirida esa «Gеografiya - qiziqarli fan» dеgan gapni eshitamiz. Shunday ekan fanimizning yanada qiziqarli, samarador va albatta o‘quvchilar yodida saqlanib qolishi uchun harakat qilishimiz lozim. Dars jarayonini yanada ko‘proq ko‘rgazmali qurollar, har-xil ko‘rinishdagi kartochkalar, diagrammalar, tеstlar, krossvordlar, tеzkor savollar, yozuvsiz xaritalar va hokazolar) tarqatma matеriallar bilan boyitib borishimiz kеrak. Gеografiya fanini o‘qitishda ko‘rsatmalilik, ommaboplik va qiziqarli bayon etish muhim rol o‘ynaydi.
Ko‘rsatmalilik va qiziqarlilik o‘qitishning barcha mеtodlarida o‘qituvchi hikoyasida, suhbatida, og’zaki va yozma tеkshirishda, geografik topishmoqlar ayniqsa sinfdan tashqari ishlarda muayyan o‘rin tutadi.
Geografik topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallardan dars jarayonida foydalanishning ijobiy tomonlari shundaki, bu jarayon o‘qituvchiga o‘quvchilarning o‘quv matеrialini egallash shakllaridagi o‘xshashlik va tafovut qiladigan muhitlarni chuqurroq anglab olishda hamda o‘z o‘qituvchilik faoliyatini muvaffaqiyatliroq tashkil etishda yordam bеradi.
Topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallarni, tеstlarni, diagrammalarni, ko‘rgazmali qurolarni tayyorlash va ular bilan dars o‘tish o‘qituvchilardan ko‘p vaqt va mahorat talab qilishi bilan birga o‘quvchida ham zarur bilimlar bo‘lishini taqozo etadi. Topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallarni tayyorlashda o‘qituvchi o‘quvchilarning bilish faoliyati, aqliy darajasi, bajara olish qobiliyatini ham e'tiborga olishi zarur. Chunki o‘quvchilar qanchalik bilimli va zukko bo‘lsalar darsda shuncha faol qatnashadilar va darsga bo’lgan qiziqishlari yanada ortib boradi. Topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallardan foydalanish o‘quvchilarni faqat darsga qiziqishlarini emas, balki, ularning dunyoqarashini, ya'ni gеografik dunyoqarashlarini, madaniyatni shakllantirishda ham yordam bеradi.
O‘quvchilarning fanga bo‘lgan gеografiyaga oid tushunchalarini shakllantirishda ham katta imkon bеradi.
Fanda tushunchalarini shakllantirish jarayoni boshqarilishi xususiyatiga ega bo‘lib, uni o‘qituvchi amalga oshiradi. O‘qituvchi qay yo‘sinda va tartibda amalga oshirishi esa uning pеdagogik mahoratiga bog’liq.
Fanga taalluqli tushunchalar ta'lim jarayonida sеkin-asta rivojlanadi. Darsni o‘tish jarayonida esa shu narsaga e'tibor bеrish kеrakki, dars ko‘rgazmali qurollar, xaritalar va tarqatmalar bilan boyib borishi kеrak. Fikrlar murakkablashib kеtmasdan balki, aniq va qisqa bo‘lishi kеrak. Gеografik obyеktlarni ko‘rgazmali qurollarsiz va xaritasiz o‘rganish ularga xos bo‘lgan bеlgilarni ajratishni birmuncha qiyinlashtiradi. Shuning uchun dars jarayonida xaritalarni o‘qish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Darsda faqat tarqatma matеriallar, o‘yinlar, tеstlar va diagrammalar emas, balki xaritalar va yozuvsiz xaritalarning ham ahamiyati katta. Dars jarayonida tarqatma matеriallarning alohida-alohida shakllari va turlar haqida quyida, ya'ni kеyingi boblarda alohida to‘xtalib o‘tamiz. Tarqatma matеriallar o‘quvchilarning mustaqil tayyorgarlik ko‘rishlari, o‘zlari ustida ishlashlari, qo‘shimcha adabiyotlarni o‘qishlari va izlanishlari uchun yordam bеradi.
Dars jarayonidagi topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallarga esa yozma yoki og’zaki javob bеrish mumkin. Ayrim o‘quvchilar tushungan mavzusini, olgan bilimlarini aytib bеrolmaydilar, yozma javob bеrganda esa fikrini jamlab batafsil bayon qiladilar.
Topishmoqlardan tuzilgan tarqatma matеriallar, ko‘rgazmali qurollar bilan birgalikda raqamli matеriallardan ham dars jarayonida foydalanadilar. Topishmoqlar hamda raqamli matеriallar ham bilim olishning asosiy manbasiga kiradi. Topishmoqlar hamda raqamli matеriallar raqamlarni eslab qolish, yodda saqlashni, birliklarni o‘rganishda o‘quvchilarga yordam bеradi.
Topishmoq aytish, asosan, bolalarning so‘z boyligini oshirish, hayot va uning hodisalari haqidagi tushunchalari va tasavvurlarini, idroki va mulohaza qobiliyatini kengaytirishdagi muhim tarbiya vositasi hisoblanadi. Geografiya darslarida nafaqat she’riy topishmoqlar, balki turli geografik she’rlardan shior sifatida yoki tashkiliy qismda foydalanilsa, o’quvchining ham, o’qituvchining ham ruhiyatida yengillik va zavq bag’ishlaydi. Natijada fanga bo’lgan e’tibor va qiziqish ortib boradi, bu esa o’z navbatida ustozu-shogirdlarning birdek izlanishlariga turtki bo’ladi. Yagona maqsadimiz- Vatanimiz kelajagi poydevori bo’lgan komil farzandlar tarbiyasi ekan, bu maqsad yo’lida bir lahzagada izlanishdan to’xtab qolishga haqqimiz yo’q, zero yurt ravnaqi o’sib kelayotgan yosh avlod qo’lidadir.
Dunyoni o‘rganmoq istasangiz gar,
Vaqtu mablag’ sarflab kezish shart emas.
Xayollaringizni aylaydi ro‘yo,
Geografiya kitobiyu, xaritani oling, bas.
GEOGRAFIYAM,MENING SUYUK GEOGRAFIYAM
Bog’liq erur barcha fanlar bir-biriga,
Birisini to’ldiradi ikkinchisi.
Bizni o’rab turgan borliq sinoatin,
Turli yoqdan talqin etar har birisi.
Shunday fan bor-fanlar ichra u yagona,
Butun olam sinoatin berar ochib.
Bobo yerning ilk yoshidan, havogacha,
Inson o’yu-xayollari, fazogacha.
O’rganadi tuproq, o’rmon, nabototni,
Dengiz, daryo, ko’lu-muzlik, hayvonotni.
O’rganadi hatto butun borliqniyam,
Meninig suyuk bo’lgan fanim-GEOGRAFIYAM.
GEOGRAFIYAM,MENING SUYUK GEOGRAFIYAM,
SENGA OBYEKT ERUR ASLI BUTUN OLAM.
V SINF GEOGRAFIYA KURSIGA DOIR SHE’RIY TOPISHMOQLAR
Geografiya otasi,
Ilk xaritani tuzgan.
Bizdan ancha ilgari
Yerni tasvirlab bergan.
Uning xaritasida
Bor Janubiy Yevropa,
Hatto G’arbiy Osiyo,
Ham Shimoliy Afrika.
U yerning kattaligin,
Ancha aniq o‘lchagan,
Nahot, topmoqlik qiyin
Bu olim- ___________
***************
Yerning sharsimonligin,
Asarlarida aytgan.
Hattoki eng mukammal,
Globusni yaratgan.
Amerika qit’asini
Aytib o‘tgan farazda.
Shu farazga tayanib,
Kolumb chiqqandi yo‘lga.
Hindistonni o‘rganib,
Shu nomli asar yozgan.
Toabad umri boqiy,
Bu olimdir-_____________
********************
Go‘zal yurt jannatmakon,
Boylikka kon Hindiston.
Beruniy taxminiga
Tayangan u begumon.
Amerikani kashf qilib,
Hindiston deb o‘ylagan.
Ne bo‘lsa ham u g’olib,
Bu sayyoh nomi - ________
********************************
Bir ming besh yuz o‘n to‘qqiz-
Ispaniya qirg’og’i.
Suzib borar bir kema,
Hilpiratib bayrog’in.
Yerning sharsimonligin,
Amalda isbotlagan.
Deydi:Yerning eng katta
Qismini suv qoplagan.
Sayohati vaqtida,
Okeanga nom bergan.
Bu sayyohni albatta,
Derlar-Fernan_______
********************************
U yerning tabiiy yo‘ldoshi,
Ba’zida yorug’u, ba’zan qorong’i.
To‘lin bo‘lganida ochadi chiroy,
Husnu latofatga boydir bizning- ________
***************************
Shimoliy-janubiy yarimsharlarga,
Ajratib turar u - yerning belbog’i.
Uning atrofida yog’mas aslo qor,
Nolinchi gradus budir- __________
********************************
Bobo quyosh atrofidan aylanadi Yer,
Uch yuz oltmish besh kun, olti soatda.
Bu olti soatlar to‘rt yil yig’ilsa,
Shu yili bo‘ladi albat-__________
********************************
Ba’zan boqsak keng maydonga,
Osmon ko‘rinar gumbazdek.
Mana shunday tutash chiziq,
Fanimizda bo‘lar-____________
************************
Uning 3 xil ko‘rinishi,
Border fanda: sonli, nomli,
Yana biri chiziqlidir,
U aslida kasrlidir.
U bir joyning aynan qancha,
Kichrayganini ko‘rsatar.
Yolg’on bo‘lsa ko‘ring o‘lchab,
Deysiz bu qanday ____________
********************************
DARYOLARGA OID TOPISHMOQLAR
Bor Oq va Ko‘k irmog’i,
Misr uning mahsuli.
Bir marta toshar har yil,
Bu daryoning nomi ____________
********************
Piranye balig’I bor,
Pasttekislik shu nomda.
Havzasi judа katta
Bu daryo _______________
********************
Yunonlarda Politimet,
Bizdachi “zar sochuvchi”,
Tog’lardan boshlansada,
Cho‘llar ichra singuvchi.
Oqdaryo, Qoradaryo
Irmoqlari oqqan joy.
Aylaydi bog’u-bo‘ston,
Bu daryodir-____________
GEOGRAFIK QOBIQ BOBIGA OID TOPISHMOQLAR
Uni yer sharidagi
Yaxlit qobiq deyishar.
Unga yaqin ilk g’oyani
Anuchindan olishar
Quyi qismi litosfera,
Hamda butun gidrosfera.
Biosfera, atmosfera,
Yuqorida troposfera.
Qalinligi emish 30,
Ba’zida esa 35,
Sodir bo‘lar unda modda
Va energiya almashish.
Uning rivoj topmoqligi
Bo‘linarkan 3 bosqichga,
Biogen va nobiogen,
So‘nggisi antropogen.
Bir butunlik va ritmiklik,
Zonallik va hududiylik,
Xislatlarni etadi jam,
Birlashtirar umumiylik.
Bu qandayin yaxlit qobiq-
Bu-chi-_________________ **************************
Oddiy bakteriyalar,
Va suvo‘tlar bo‘lgan paydo.
Davrlarga hech bo‘linmas,
Burmalanishlar ham bo‘lmas.
Eralardan eng qadimiy,
Uni deyishadi …..
************************
Paydo bo‘lgan bunda inson,
Yosh tog’lar ham ko‘tarilgan.
Yangi hayot deyishadi,
Buni yaxshi bilishadi.
Alp burmalanishi bo‘lib,
Ko‘tarilgandir Himolay,
3 davrga bo‘linadi,
Uni deyishar ….
***********************
Bu eraga tushib qolib,
Dinozavrlardan qo‘rqmang.
O‘rta hayotdaman deya,
Atrofga hech keskin boqmang
Bir davrini deyishar Bo‘r,
Qolgani Trias va Yura,
Tog’ burmalanishi Kimmeriy,
Bu era erur …………….
***********************
Litosfera va mantiya
Orasidagi qatlamdir.
Deyishar kuchsiz sfera
Bu erur ……………...
*************************
Saqlar sizni turli nurlardan,
Ammo uni qiynaymiz yomon,
Parda bo‘ib turar havoda,
Bu qatlamning nomidir …
********************
Yunonchadan o‘girsak,
Tarjima “tubsiz” bo‘lar.
6000 metrgacha,
Bo‘lar qatlam ….
**********************
Quruqlikning 11%in,
Egallovchi suv zahirasi,
Foydalanish birmuncha qiyin,
Cho‘qqilaru, qutb egasi.
Ular jamiyat uchun,
Emish eng katta boylik.
Sovuqni makon etar,
Bular abadiy …
***************************
Troposfera, stratosfera,
Mezosfera, ekzosfera.
Ozon hamda termosfera,
Birlashtirar atmosfera
Vegenerning aytishicha,
Ular dastlab yakka bo‘lgan.
Keyinchalik Gondvana,
Lavraziyaga bo‘lingan.
Asosiga bering izoh,
Mobilizm bo‘lar guvoh.
**************************
“Qit’alar go‘yoki suvdagi bargdir,
Goh yaqin, gohida uzoq bir-birdan.
Ammo harakatda ular abadiy”
Bu fikrni bergan __________
OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI BOBIGA DOIR SHE'RIY TOPISHMOQLAR
Olimlarning fikricha
Yunonchadan olingan,
Hadsiz, qirg’oqsiz dengiz,
Deya ta’rif berilgan.
U aslida bir butun,
Isbotlagan Magellan,
Yerni aylanib oqar,
Buyuk daryo-_______
*********************
Okennnig bir qismi,
U ham aslida hadsiz.
Jami oltmish yettita,
Nomi deyilar-_________
**********************
Dunyodagi eng katta ko‘l
Berk havzaning eng yirigi,
Suv yo‘lagi erur boqiy,
Ham dengizdir nomi _________
Ular bo‘lar iliq, sovuq,
O‘ziga xos suv yo‘llari,
Isitadi, sovutadi,
Bu okean _________
**********************
Hosil qilar uni vulqonlar,
Dahshahtlisi to‘lqinlarning,
Keltiradi ofatlarni,
Yaponchada-u-________
*************************
U peshqadam dengiz, orol soni bo‘yicha,
Unda kuchli shamol , baland to‘lqin bor,
Eng, chuqur, eng keksa, eng katta ummon,
Bu __________ okeani, shaksiz, begumon.
**************************
Soatiga tezligi-
30,50,ba’zan 100
Kilometrga borar,
Kuchli to‘lqinlar bo‘lar.
Xitoychadan tarjima,
“Katta shamolu epkin”
G’arbiy qismda esar,
Bu shamol nomi-_________
************************
Eng yirik port shaharlar,
Qirg’oqsiz dengizi bor.
Sersuv, uzun daryolar,
Shu ummonga quyilar.
Dengiz transportida,
U dunyoda birinchi,
Joylashgan besh materikda,
Bu okean_________
*********************
Uni okendagi
Deymiz “Qudratli daryo”.
U sabab Murmanskdagi,
Port muzlamaydi aslo.
Muz va aysberglarning
Erishiga u sabab.
O‘zi eng issiq oqim,
Nomi-chi- __________
************************
Ummonlar ichra issiq,
Va eng sho‘ri u shaksiz.
Sanskritcha u “daryo”,
Pushtu tilda “Abba –sind”.
“Daryolarning otasi”,
Bu ummonning nomi- _______
*********************
Eng ko‘p shelfi bor ummon,
Eng sovuq va eng sayoz.
Ko‘p yillik muzliklaru,
Hamda eng katta orol.
Hayvonlari ham siyrak,
Oq ayig’u, qo‘yho‘kiz.
Ummonlarning kichigi,
Deyilar- ____________
***********************
Okean botiqlari,
Deyilar ba’zan cho‘kma,
Ularning eng yirigi,
Albatta- _______
AFRIKA bobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Olmos qazib olishda,
U birinchi materik.
Yashar mitti odamlar,
Hayvonlarichi yirik.
Dunyodagi eng chuqur
Ko‘li bor-Tanganika.
Eng issiq, katta cho‘lli,
Materikdir-_________
**********************
Mukammal o‘rgangan olim bu.
Afrikaning o‘ziga xos tabiatini,
Kalaxari cho‘li, Kongo daryosi,
Tanganika ko‘lin jozibasini.
Ba’zan sinovlarni o‘tkazib boshdan,
Hatto sher og’zidan qolgandi omon.
Viktoriya sharsharasin ixtiro qilgan,
Ingliz olimi bu _____________
Nil daryosi bo‘yida,
Sath o‘lchovchi asbob bor,
Hozirda ham u mavjud.
Qizig’i ishga tayyor.
Ming yil oldin asbobni,
Qurgan Vatandoshimiz.
Nomini eslab boqiy,
Deymiz bu ______________
*************************
Unda yashar begemot,
Setse, tuyaqush, sherlar.
Jirafa, zebra, ilon,
Yashash uchun borar jang.
Afrika maydonining
40%i bu zona.
Eng yirik hayvonlarga,
Boy mintaqa- ___________
**************************
Uyqusizlik kasali,
Sizni qiynar u chaqsa.
Afrikaning yagona
Pashshasidir u ______________
********************
Hatto baland daraxtlar,
Unga qilmas balandlik.
Bo‘ynin cho‘zar bir pasda,
Bu hayvondir-___________
AVSTRALIYA VA OKEANIYA bobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Lotinchada “janubiy”
Ma’nosini beradi.
Yagona davlati bor,
Eng mitti deyiladi.
Eng quruq materikdir,
Hayvonlari xaltali.
Edi Yangi Gollandiya
Hozirda u _____________
**********************
Yevropaliklar ichida,
Ilk bora u qo‘ygan qadam.
O‘rganish bo‘lmagan oson,
Bu olim Vilyam _________
************************
O‘lik dengiz ham deyilar,
Materikning eng past joyi.
To‘lib turmaydi umrbod,
Bu ko‘l nomi- ________
***********************************
Avstraliya materigin ,
Eng yalqov, eng uyquchisi.
Umri o‘tar daraxtlarda,
Xaltali ayiq- __________
**********************
Gollandlarga aborigen,
Bilmasada uning nomin,
Juda qiziq ajabtovur,
Degan edi bu -____________
********************
Materikda bir daraxt bor,
Uzoq yashar qaddi ham tik.
150 metr bo‘lar,
Bu daraxtdir-________
*****************************
Tinch okeanida ko‘p
Katta kichik orollar.
Hammasin jamlab birga
Deymiz-_____________
***********************
Hududdagi tub joy xalqlar,
Deyiladi maoriylar.
Ikki yirik orollarda,
Budir -Yangi ____________
*********************
Okeaniya hududida,
Joylashgan 3 turkum orol,
Biri Melaneziyadir,
Ikkinchisi mitti orol,
Uchinchisi tarjimada
Deyiladi-ko‘p orollar.
Shu orollar gar jamlansa
Deyiladi- ____________
ANTARKTIDA bobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Tinchlik materigi deyishadi,
Unda ilmiy izlanishlar qilishadi.
Yer yuzasi qoplangandir muzlik bilan,
Kuchli shamol unga xosdir bilishadi.
Quyosh chiqib-botar ekan bir yilda bir,
O‘simligu hayvonotga juda faqir.
Buni barcha bilishi shart-sovuq juda,
Nomin toping, bu materik-____________
************************
Antarktida birmuncha kech kashf qilingan,
Bunga sabab suvlardagi muzlar ekan.
Ming sakkiz yuz yigirmanchi yil boshida,
Qaysi bir rus sayyohi kashf qilgan ekan.
************************************
Yangi kashfiyotlar sari intilib,
Janubiy qutbga yo‘l oldi Skott.
Voajab, qutbda norveg bayrog’i,
Kim edi qutbga ilk yoqqan mayog’in.
***********************
Gar yuzasi abad muzlik,
Yer ostida qaynar olov,
Eng balandga chiqqan vulqon,
_________ deb aytgin shu on.
**********************
Shamollar kuchini tog’ga ko‘rsatib,
Cho‘qqidagi qorni qilar chirpirak.
Natijada cho‘qqi ochilib qolar ,
Fanimizda derlar uni-____________
*****************
Hudduddagi “sovuqlik qutbi”
Ilmiy tekshirishlar olib borilar.
Harorat ilimas hattoki hech choq,
Ushbu stansiya deyilar- ____________
***************************
Ularning 17 turi bunda jam,
Kichiklarin erkalab adeli derlar.
Ammo bir turi bor go‘zal, purviqor,
Nomi ham ajoyib bu-______________ ********************************
Muz bo‘lagi suv yuzida
Suzar misli barg,
Fan tilida uning nomin
Derlar -__________.
*************************
Bu hududni o‘rganmoq chun 11 mamlakat,
Bitim tuzib kelishildi aniqlab maqsad-
Bu maqsadning birinchisi ilmiy maqsaddir,
Ochilmagan hudud sirin o‘rganmoq shartdir.
Ayni damda 16 yurt uning poyiga,
Qadam bosar maqsadlari ezgu, mushtarak,
Bitmdagi yana bir shart qoldi ochilmay,
Bilmasangiz toping kitob varaqlab tinmay.
JANUBIY AMERIKAbobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Bu materik suvga serob, o‘rmonga serob,
“Sayyoramiz o‘pkasi” ham aynan shu yerda.
Eng uzun And tog’i yastanib yotar,
Odamxo‘r balig’i, iloni ham bor.
Gar Kolumb bu yerga kelsada 5 bor,
Uni Hindiston deb o‘ylagani rost.
Vespuchi nomiga atalgan o‘lka,
Mayalar vatani budir -___________ ****************************
Peru sovuq oqimi
Unga yog’in keltirmas,
Shudring yagona manba,
Cho‘l nomi-____________
******************
Juda keng va go‘zal
Bo‘lib tushar suv,
Nomini unutmang,
Bu - ________
**********************
Dunyodagi eng baland,
Suvi chuchuk va katta.
Ko‘lning nomi qanaqa?
Albatta- _________
**********************
Undan sayyoh Tur Xeyerdel
Yasagan “Kon-Tiki”ni,
Yengil va juda qattiq,
Toping daraxt nomini.
*********************
Janubiy Amerika savannalardan
Bir oz janubroqda dashtlar joylashgan.
Tarjima qilganda “Daraxtsiz” emish,
Indeyeslar uni qanday atashgan.
******************************
Tog’larning tik yonbag’rida,
Yirik va yirtqich qush yashar.
Changalidan qochmoq dushvor,
Bu qushning nomidir-______________
SHIMOLIY AMERIKA bobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Dunyodagi eng katta oroli bor materik,
Eng katta arxipelag, chuqur darali ko‘prik.
Eng uzun g’or muzlik ham shu hududda erur jam,
Sharsharasi maftunkor, go‘zal, chiroyli biram.
Nomini o’ylab ko’ring, pand bermasin xotira,
Kolumb misol adashib demang u “Vest Indiya”.
Mana, topdingiz darhol, quvonib deng “Evrika”,
Ushbu materik nomi bu- ____________________
**************************
Uzoq yillar daryo suvi,
O‘yib oqib boravergan.
Natijada dunyodagi
Chuqur dara paydo bo‘lgan.
Vaqt va suvning kuchin ko‘ring,
Hatto toshni etar ado.
Eng chuqur deb tan olingan,
Ushbu kanyon-_______ **********************
Go‘zal va maftunkor
Ushbu sharshara,
O‘n million sayyohni
Jalb etar qara.
*****************
Oyning tortish kuchi ostida ba’zan,
Dengiz suvi keskin ko‘tariladi.
Ta’sir kuchi qaytgach, suv tushar qalqib,
Bundan ham kimlardir foydalanadi.
Qalqish to‘lqinining kuchun jilovlab,
Sanoatda ezgu qo‘llaniladi.
Qalqish hodisasin juda balandi,
Materikning yirik qo‘ltig’i- _________ ***********************************
Avval uni ruslar o‘rgangan,
“Ruslar Amerikasi” deya atalgan.
Neft-gaz zahirasi unda mujassam,
Uni AQSH deydi mening ____________ ****************************
Amerikaga borgangiz gar,
Bu g’orni bir ko‘rib keling.
Eng uzun g’or, sirli hamon,
Uning nomi -____________
****************************
Beshta ko‘l bor materikda
Biri Eri, biri Guron,
Michiganu, Ontario
Bir -biriga bo‘gliq hamon.
Yuqoriko‘l eng balandda,
Bo‘lsa hamki kichik ko‘llar,
Barchasini birlashtirib,
Deyishadi - ________
***********************
Hindular der “Katta daryo”
Irmog’ini “Loyqa daryo”
Toping ularning nomini,
Aytaqoling javobini.
****************************
Kim qanday xohlasa shunday tushunar,
Ikki materikni bog’lar-ajratar,
Insonlar yaratgan yaratilmadir,
Ushbu kanal nomi –de __________ ********************************
YEVROSIYO MATERIGI bobi bo'yicha she'riy topishmoqlar
Qor chizig’i-balandlik qutbi,
Ham shimolning sovuqlik qutbi.
Eng katta ko‘l va eng chuqur g’or,
Barchasi shu materikda bor.
Sakkiz minglik “ 14 cho‘qqining,
Hammasi ham shu yerda qarang,
Bunday supermaterik faqat,
Yerimizda topilar arang.
Ikki qit’a unda birlashgan,
Yereb-asu deya atashgan.
Bu materik nomini ayting,
Faxru-g’urur birla boyiting.
**********************
Ayni vaqtda bu vulqon,
Doimiy harakatda.
Rossiya Kamchatkasi
Bu - __________
****************************
Iqtisodiy inqiroz,
Bu davlatga cho‘t emas.
Aholiga juda boy,
Bu davlat nomi- __________
*********************
Turkmanlaru-qozoqlar,
Qirg’iz, ozarbayjonlar.
Qoraqalpoq, tatarlar,
Qaysi guruhga kirar
**************************
Dunyodagi eng chuqur,
Hamda eng tiniq bu ko‘l.
Tektonik yoriqdagi,
Albatta nomi…
**********************
Sulton Uvays, Bo‘kantog’,
Quljuqtog’u, Tomditog’.
O‘rta Rossiya Valday,
Bular - ________________
********************************
Uning balandligin ko‘rolmay hatto,
Do‘ppingiz tushadi boshda ham turmay.
Everest cho‘qqisi joylashgan tog’ bu,
Nomini bilasiz, budir- _____________ ******************************
Sovuqlik qutbi deb
Nom olgan makon,
Rossiya yurtida
Bu -____________
*************************
Alp tog’ining eng baland
Cho‘qqisi bu- _________
Yer yuzasi juda notekis,
Bordir unda to‘g, tekislik, qir.
Vodiy, soylar hamda boshqalar,
Birgalashib ___________ atalar.
*************************
Sovub ulgurmagan lavalar ichra,
Oqib chiqar bunday issiq buloqlar.
Hatto ba’zan ular bo‘lib favvora,
Bular nima, o‘ylang, topsangiz zora
******************
Yerning qimirlashini
Juda sezuvchi asbob.
Bizga undan ko‘pdir naf,
Bu asbob _______
*******************************
Yomg’ir, shamol, muzliklar,
Quyosh nuri, suvliklar.
Relyefni hosil qilar,
Bulardir __________
***************************
Okeanu dengizda,
Turar suvlikdan chiqib.
Barcha tomondan suvlik,
O‘rab turgan quruqlik.
Nomin topaqol darhol,
Ular deyilar ________
*********************
Yerning mag’zidir u,
Markazda der olimlar.
Qaynoq va suyuq olov,
Nomi deyilar _______
******************
Okean, dengiz, ko‘lning
Ikki katta qismini,
Tutashtirar tor, tig’iz,
Bu suvlik nomi________
*********************
Dengiz, okeanlarda,
Yuborilar aks-sado.
Bunday o‘lchovchi asbob,
Deyiladi _______
**********************
U qatlamlar orasidagi,
Bosimli suv hisoblanadi.
Ba’zan o‘zi oqar, otilar ba’zan
Fanda uni deymiz- bu-_________
***********************
Oqib turar suv oqimi,
O‘zan ataluvchi chuqurlik aro.
Bundayin tabiiy yo‘l topgan suvlik,
Fanda ataladi, shunchaki- ______
**********************
Daryoga yon tomondan
Kelib quyilar ular,
Deymiz kichik daryolar,
Fanda nomi_____
****************
Tog’dan boshlanuvchi asl bosh daryo,
Irmoq, tarmoqlari uning bolasi.
Barchasin mujassam, jam hosilasi,
Budir daryo ____________
*******************
Ular to‘g’ri keladi,
To‘glar qirralarida,
Ba’zida tekislikning,
Balandroq joylariga.
Qo‘shni daryo havzalarin,
Bir- biridan ayirgich.
Fanda bunday chegara,
Deyilar- ________
***************************
Ular dengizdan farqli,
Tutashmagan ummonga.
Hatto oqmas o‘zanda,
O‘xshamas daryolarga.
Tabiiy chuqurlikda,
To‘planib qolsa suv mo‘l.
Bunday tabiiy suvlik,
Fanda deyiladi _______
********************
Atmosferaning quyi qatlami,
Paydo bo‘lar unda bulutlar.
Yuqorisi stratosfera,
Bu qatlamdir- _________
*******************
Ma’nosi og’irlikdir,
Ular bo‘lar ikki xil,
Udir bosim o‘lchovchi
Simobli va metalli.
*************************
Fransuzcha –“shabada”,
Almashar kecha-kunduz.
Esar quruqlik-dengiz,
Bu shamol nomi-________
SHE’RIY TOPISHMOQLARNING JAVOBLARI
Do'stlaringiz bilan baham: |