Shayboniylar — Buxoro xonligida hukmronlik qilgan oʻzbek sulola (1500—1599/1601).
Shayboniyxon XV asr oxiri va XVI asr boshlarida toju taxt uchun oʻzaro kurashayotgan temuriy shahzodalar oʻzaro nizolari oqibatida Movarounnahrning asosiy shaharlari: Samarqand va Buxoroni osonlik bilan egallab, yangi davlatga asos solgan. Keyinchalik Movarounnahrning qolgan hududi va Xuroson ham bu davlat tarkibiga kiritildi. Ismoil I Safaviy bilan boʻlgan jangda Shayboniyxon oʻldirilgach 1510-yil, Koʻchkunchixon xon qilib koʻtarilgan. Uning vafotidan soʻng oʻgʻli Abu Saidxon qisqa muddat 1530—1533-yillarda hukmronlik qildi. Shayboniyxonning jiyani Ubaydullaxon davrida poytaxt Samarqanddan Buxoroga koʻchirilgan va davlatning rasmiy nomi Buxoro xonligi deb ataladigan boʻlgan. Xususan, Ubaydullaxon Shayboniylar sulolasini saqlab qolish va uni mustahkamlashda muhim rol oʻynadi. Ubaydullaxon vafot etgach (1540), xonlik qisqa muddat 3 qismga boʻlinib, Buxoroda Abdulazizxon; Samarqandda Abdullatifxon; Balxda Pirmuhammadxon hukmronlik qilishgan. Abdullaxon II bu tarqoqlikka barham berib, xonlik hududini birlashtirgan va uni yanada kengaytirgan. Abdullaxon II vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmoʻminxon va amakivachchasi Pirmuhammadxon II qisqa muddat xon boʻlishgan. XVI asr oxiri XVII asr boshlaridagi murakkab qaramaqarshiliklar natijasida Shayboniylar hokimiyatdan ayrilishdi. Soʻnggi shayboniy Pirmuhammadxon II oʻziga qarshi chiqqan Samarqand hokimi Boqi Muhammad bilan 1601-yil iyunda Samarqand yaqinidagi Bogʻi Shamolda boʻlgan jangda magʻlubiyatga uchragach, taxtni topshirishga majbur boʻldi. Shunday qilib, 1601-yildan Buxoro xonligini yangi turkiy sulola — Ashtarxoniylar (Joniylar) boshqarishga kirishgan.
Ashtarxoniylar, Joniylar – 1601–1757-yillarda oʻzbek davlatchiligini boshqargan sulola. 1601-yil ashtarxoniylardan Boqi Muhammad Buxoro hokimiyatini qoʻlga olgach, shayboniylar sulolasi hukmronligi tugatilgan. Ashtarxoniylar Joʻjixon naslidan boʻlib, XIV asrning 80-yillaridan boshlab Astraxon (Ashtarxon, Hoji Tarxon) va uning atrofidagi yerlar, xalqlar ustidan xukmronlik qilgan. Buxoroga koʻchib kelgan. Buxoro xoni Iskandarxon (1563–83) qizi Zuhroxonimni uning oʻgʻli Jonibek sultonga bergan. Jonibek sulton Zuhroxonimdan uch oʻgʻil (Din Muhammad, Boqi Muhammad, Vali Muhammad) koʻrgan. Din Muhammad Abdullaxon II (1583–98) zamonida Niso va Abivard hokimi boʻldi. Abdulmoʻminxon oʻldirilgandan keyin (1599) amir va ruhoniylar Jonibek sultonni xon taxtiga koʻtarmoqchi boʻldilar. Lekin, Jonibek bundan voz kechdi. Shunda ular uning katta oʻgʻli Din Muhammad nomiga xutba oʻqitdilar. Ammo u Buxoroga borayotib yoʻlda halok boʻldi. Oxiri taxtga Jonibek sultonning oʻrtancha oʻgʻli Boqi Muhammad oʻtqazildi. Shundan boshlab Buxoro xonligi Ashtarxoniylar qoʻliga oʻtdi (Ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Movarounnahrning siyosiy, iqtisodiy, madaniy hayoti va tashqi siyosati xususida Buxoro xonligi maqolasiga q.).
Do'stlaringiz bilan baham: |