Qobiliyatlar va qiziqishlar diagnostikasi. Amaliy psixologiyaning bugungi kundagi eng muhim va dolzarb vazifalaridan biri layoqat kurtaklarini ilk yoshlikdan aniqlash, intellekt darajasiga ko’ra shaxs qobiliyatlari yo’nalishini ochib berishdir. Shuning uchun ham hozirda ko’plab intellekt testlari va qobiliyatlarni diagnostika qilish usullari ishlab chiqilgan va ular muvaffaqiyatli tarzda amaliyotda qo’llanmoqda.
Qobiliyatlarni o’lchash muammosi XIX asrning oxiri — XX asrning boshlariga kelib izchil hal qilina boshlandi. Xorijda bunday ishlar Spirmen, Bine, Ayzenk va boshqalar tomonidan o’rganildi. Ular qobiliyatlar va iqtidorni o’rganish uchun maxsus tastlardan foydalandilar. Bu testlarning umumiy mohiyati shundaki, ularda topshiriqlar tizimi tobora qiyinlashib boruvchi testlar — topshiriqlar batareyasidan iborat bo’ladi. Masalan, Ayzenkning mashhur intellekt testi 40 ta topshiriqdan iborat bo’lib, u intellektual jarayonlarning kechishi tezligini o’lchaydi. Bu yerda vaqt mezoni muhim hisoblanadi. Boshqa mualliflar sekin ishlash — qobiliyatsizlik belgisi emas deb, boshqacharoq usullarni o’ylab topganlar. Ko’pchilik olimlar uchun, masalan, rus olimlari uchun qobiliyatni o’lchashning ishonchli mezoni — bu shaxs yutuqlarini va uning qobiliyatidagi o’zgarishlarni bevosita faoliyat jarayonida qayd etishdir. Rus olimi Ye. A. Klimov yoshlar iqtidorining yo’nalishini aniqlash maqsadida faoliyat va kasb-xunar sohalarini asos qilib olib, metodika yaratdi va uning «Professional-diagnostik so’rovnoma» deb atadi. Shunday qilib, u barcha kasblarni ularning yo’naltirilgan sohasiga ko’ra 5 toifaga bo’ldi:
P (T) — tabiat (o’simlik, hayvonlar, mikroogranizmlar);
T — texnika (mashina, materiallar, energiyaning turlari);
Ch (O) — odam (odamlar guruhi, jamoalar);
Z (B) — belgilar (turli ma’lumotlar, belgili simvollar);
X (I) — badiiy, ijodiy obrazlar (tasviriy san’at, musiqa).
Temperament va faoliyatning individual xususiyatlari. Shaxsning individual xususiyatlari haqida gap ketganda, ularning tug’ma, biologik xususiyatlariga alohida e’tibor beriladi. Chunki aslida bir tomondan shaxs ijtimoiy mavjudot bo’lsa, ikkinchi tomondan — biologik yaxlitlik, tug’ma sifatlarni o’z ichiga olgan substrat-individ hamdir. Temperament va layoqatlar individning dinamik-o’zgaruvchan psixik faoliyati jarayonini ta’minlovchi sifatlarini o’z ichiga oladi. Bu sifatlarning ahamiyati shundaki, ular shaxsda keyin ontogenetik taraqqiyot jarayonida shakllanadigan boshqa xususiyatlarga asos bo’ladi. Odam temperamentiga aloqador sifatlarning o’ziga xosligi shundaki, ular odam bir faoliyat turidan ikkinchisiga, bir emosional xolatdan boshqasiga, bir malakalarni boshqasi bilan almashtirgan paytlarda reaksiyalarning egiluvchan va dinamikligini ta’minlaydi va shu nuqtai nazardan qaraganda temperament — shaxs faoliyati va xulqining dinamik (o’zgaruvchan) va emosional-hissiy tomonlarini xarakterlovchi individual xususiyatlar majmuidir.
Temperament xususiyatlari shaxsning ichki tuzilmasi bilan bevosita bog’liq bo’lib, ularning namoyon bo’lishi uning konkret vaziyatlarga munosabatini, ekstremal vaziyatlarda o’zini qanday tutishini belgilab beradi. Masalan, inson turli vaziyatlarda o’zini turlicha tutadi: oliy o’quv yurtida talabalar safiga qabul qilganligi to’g’risidagi axborotni eshitgan bolaning o’zini tutishi yoki hayotning og’ir sinovlari (yaqin kishining o’limi, ishdan xaydalish, do’stning xoinligi kabi) paytida odam beixtiyor namoyon qiladigan reaksiyalari uning temperamentidan kelib chiqadi. Shuning uchun ham ikkala vaziyatni ham kimdir og’ir — bosiqlik bilan, boshqasi esa o’zini yo’qotgudek darajada xis-hayajon bilan boshidan kechiradi. Shuning uchun ham temperamentning shaxs shakllanishi va ijtimoiy muhitda o’ziga xos mavqyeni egallashidagi ahamiyati juda katta. O’zini bosib olgan, hayot qiyinchiliklarini sabr-bardosh bilan ko’taradigan insonning odamlar orasidagi obro’si ham baland bo’ladi. Bu uning o’z-o’ziga nisbatan hurmatini ham oshiradi, ishga, odamlarga va narsalarga munosabatini takomillashtirib borishiga imkon beradi. Temperamentning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, u hayotiy voqyealar va vaziyatlarni, jamiyatdagi ijtimoiy guruhlarni «yaxshi-yomon», «ahamiyatli-ahamiyatsiz» mezonlari asosida ajratishga imkon beradi. Ya’ni, temperament odamning ijtimoiy obyektlarga nisbatan «sezgirligini» tarbiyalaydi, professional mahorat va kasb malakasining oshib borishiga yordam beradi.
Temperamental xususiyatlar aslida tug’ma hisoblansada, shaxsga bevosita aloqador va anglanadigan bo’lgani uchun ham ma’lum ma’noda o’zgarib boradi. Shuning uchun ham tug’ilgan chog’ida sang-vinikka o’xshash xarakatlar namoyon qilgan bolani umrining oxirigacha faqat shundayligicha qoladi, deb bo’lmaydi. Demak, har bir temperament xususiyatlarini va uning shaxs tizimga aloqasini bilish va shunga yarasha xulosalar chiqarish kerak.
Temperamentning fiziologik asoslariga ulkan o’z hissasini qo’shgan olimlardan biri rus fiziologi I.P.Pavlov (1849-1936) hisoblanadi. I.P.Pavlov temperament ham shartli reflektor faoliyatining individual xususiyatlarini keltirib chiqaruvchi omillar bilan bog’liq bo’lishi mumkin, degan xulosa chiqaradi. I.P.Pavlov ta'limoti bo’yicha, shartli reflekslar paydo bo’lishining individual xususiyatlari ro’yobga chiqishining sabablari nerv sistemasini xususiyatlari mohiyatidandir. Unga ko’ra quyidagi 3 ta xususiyatni ajratib ko’rsatadi:
1) qo’zg’alish va tormozlanish jarayonlarining kuchi;
2) qo’zg’alish kuchi bilan tormozlanish kuchi o’rtasidagi muvozanatlilik darajasi;
3) qo’zg’alishning tormozlanish bilan almashinish tezligi yoki nerv jarayonlarining harakatchanligi.
I.P.Pavlov shartli reflektor faoliyatining individual xususiyatlari bilan temperamentga aloqador nerv sistemasi xususiyatlarining o’zaro qo’shiluvini nerv sistemasining tipi deb nomlaydi va uni to’rtta tipga ajratadi. Ular quyidagilardan iborat.
1. Kuchli, muvozanatli, epchil;
2. Kuchli, muvozanatsiz, epchil;
3. Kuchli, muvozanatli, sust;
4. Kuchli, muvozanatsiz sust.
Yirik rus psixologlaridan biri B.M.Teplov (1896 - 1965) va uning shogirdlari, maslakdoshlari I.P.Pavlovning tadqiqotlarini davom ettirib, inson nerv jarayonlari xususiyatlarining o’ziga xos tomonlarini ochishga muvaffaq bo’ldilar. Ular nerv-fiziologik jarayonlarning nozik hirralarini o’rganishga maxsus moslamalar yordami bilan o’zgarishlarni qayd qilish hamda olingan natijalarni (omillarni) matematik statistika metodlari orqali hisoblashni tatbiq etdilar. Shuningdek, B.M. Teplov ilmiy maktabining namoyondalari tomonidan ijobiy va tormozlovchi shartli reflekslarning hosil bo’lish tezligini tavsiflovchi individual xususiyatlar turkumi ham ta'riflab berilgandir. Ushbu individual xususiyatlar mohiyatida ifodalanuvchi nerv sistemasining notanish xususiyati dinamiklik deb nomlangan ham tavsiflangan. Bundan tashqari, ular shartli reflektor faoliyatining bir guruh individual xususiyatlari qo’zg’alish jarayoni to’xtalishining tezligi mahsuli sifatida taxmin qilingan xususiyatni (yangi xislatni) labillik deb atay boshlaganlar. Shuning bilan birga nerv sistemasining boshqa xususiyatlari mavjudligi to’g’risida ilmiy taxminlar ilgari surilgan, chunonchi: senzitivlik, reaktivlik va hokazo.
Do'stlaringiz bilan baham: |