SHARQ RIVOYATLARI
IBRAT KO'ZGUSI
Sharq xalqlari qadim ul-ayyomdan maqol-matallar, teran ma'noli hikmatli so'zlar, ibratli hikoyat va rivoyatlarga moyilliklari bilan ajralib turadilar. Xalq ertaklari donishmand ota-bobolarimiz har bir hikmatli so'zni bir tillaga teng ko'rishganidan shohidlik beradi. Rivoyat qilishlaricha, Olloh taolo Luqmoni hakimdan: «Payg'ambarlik beraymi yoki hikmatmi?» — deb so'raganida hikmatga esh kishining o'zi to'g'ri, so'zi ma'noli, ishi puxta bo'ladi deb hikmatni tanlagan ekan. Shundan keyin Xudovandi karim unga shunchalik ko'p hikmat ato etibdiki, barcha payg'ambarlar ham uning pand-nasihatlariga muhtoj bo'libdi.
Sharq so'z san'ati o'zining butun taraqqiyoti davomida didaktik yo'nalishga alohida ahamiyat berib keldi. Pand-nasihat bu adabiyotning qat-qatiga singib, uning asosiy xususiyatlaridan biriga aylangan. Bu o'rinda «Kalila va Dimna», «Ming bir kecha», «To'tinoma», «Chor darvesh» («To'rt darvesh»), «Qo'rqut ota» kabi xalq kitoblari, «Otalar so'zi», «Maxzan ul-ilm» («Ilmlar xazinasi»), «Majmuayi tib» («Tibbiy to'plam») kabi muallifl noma'lum hikmat va rivoyatlar to'plamlari, Unsurmaoliy Kaykovusning «Qobusnoma», Muhammad Avfiyning «Javome' ul-hikoyot va lavome' ur-rivoyot» («Hikoyatlar majmuyi va rivoyatlar yolqini»), Mahmud Zamaxshariyning «Rabe' ul-abror va nusus ul-axyor» («Ezgular bahori va yaxshilar bayoni»), Abul Farojning «Ajoyib ul-hikoyot» («Ajoyib hikoyatlar»), Sa'diy Sheroziyning «Bo'ston» va «Guliston», Abdurahmon Jomiyning «Bahoriston», Alisher Navoiyning «Mahbub ul-qulub» («Ko'ngillarning sevgani»), Faxriddin Ali Safiyning «Latoyif ut-tavoyif» («Turli toifadagi kishilarning latifalari»), Majdiddin Xavofiyning «Xoriston» («Tikanzor»), Mu'iniddin Juvayniyning «Nigoriston», Hakim Qooniyning «Parishon», Xojaning «Gulzor», Barxurdor ibn Mahmudning «Mahfiloro» («Anjumanlar ziynati»), Abdulla Avloniyning «Turkiy «Guliston» yoxud axloq» kabi asarlarini eslashning o'zi kifoya.
Ma'lum bo'ladiki, Sharq adabiyotining tamal toshi hikmat bilan ko'tarilgan, hikmat asosida rivojlangan va hikmat tufayli o'z taraqqiyotining yuksak cho'qqisiga chiqib, butun dunyo ilmu adab ahlini asrlar davomida hayratga solib kelayapti. Buyuk ajdodlarimiz hatto pand-nasihatdan xoli asarlarni asar o'rnida ko'rishmagan.
Bu hikmatlar silsilasida rivoyatlarning o'rni ayniqsa beqiyos: qalam ahli borki, yo o'zining pand-nasihatlarini dalillash uchun bu namunalarga murojaat qilgan, yo avval rivoyatlarni keltirib, keyin qissadan hissa tarzida ular yuzasidan xulosalar chiqargan, yo ta'sirchanligini kuchaytirish, o'qishliligini oshirish uchun joyini topib, ularni asarlari qatiga mahorat bilan qistirib ketgan. Shuning uchun «Kalila va Dimna», «Ming bir kecha», «To'tinoma», «Chor darvesh» kabi xalq kitoblarini olasizmi, «Qobusnoma», «Guliston», «Bo'ston», «Bahoriston», «Nigoriston», «Xoriston», «Parishon», «Gulzor» «Zarbulmasal» kabi pandnoma asarlarni olasizmi, «Ilohiynoma», «Mantiq ut-tayr», «Masnaviyi ma'naviy», «Lison ut-tayr» kabi ramziy-majoziy mazmundagi masnaviylarni olasizmi, «Xamsa» dostonlarini olasizmi, ularning barchasi turli-tuman mavzudagi ko'plab hikoyat va rivoyatlar bilan muzayyan ekanligiga guvoh bo'lasiz. Mumtoz so'z san'ati namunalarida qoliplovchi hikoya sifatida asosan rang-barang hikoyat va rivoyatlardan foydalanilgan.
Abu Rayhon Beruniyning «Kitob al-jamohir fi ma'rifat al-javohir» («Qimmatbaho toshlarni aniqlash bo'yicha ma'lumotlar kitobi»), «Al-osor al-boqiya an al-qurun al-holiya» («Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorlik!ar»), «Saydana» («Dorivor o'simliklar haqida») kabi ilmiy, Nizomulmulkning «Siyosatnoma» nomi bilan mashhur «Siyar ul-muluk» («Podsholarning tarjimayi holi»), Xoja Samandar Termiziyning «Dastur ul-muluk» («Podsholar uchun qo'llanma»), Sayfiyning «Dastur ul-vuzaro» («Vazirlar uchun qo'llanma») kabi siyosiy, Umar Xayyomning «Navro'znoma», Nosir Xisravning «Safarnoma» kabi tarixiy, Muhammad G'azzoliyning «Ixyou ulumiddin» («Din ilmlarini tiriltirish»), Nosiriddin Rabg'uziyning «Qisas ar-Rabg'uziy» («Rabg'uziy qissalari»), Muhammad Siddiq Rushdiyning «Tazkirat ul-avliyoi turkiy» kabi diniy, Farididdin Attorning «Tazkirat ul-avliyo» («Avliyolar tazkirasi»), Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns» («Azizlar nafasi»), Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» (Muhab-bat shabadalari) kabi tasavvufiy, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning «Chahor maqola» («To'rt maqola»), Davlatshoh Samarqandiyning «Tazkirat ush-shuaro» («Shoirlar tazkirasi») kabi adabiy, Badriddin Qorining «Xulosat ul-hukamo» («Hakimlar xulosasi»), noma'lum muallifning «Majmuayi tib» («Tibbiy to'plam») kabi tibbiy, Xondamirning «Makorim ul-axloq» («Yaxshi xulqlar»), Zayniddin Vosifiyning «Badoye' ul-vaqoye'» («Ajoyib voqealar») kabi memuar, Hamza va Abdulla Avloniyning pedagogik asarlarida ham ko'plab rivoyatlar keltiriladi.
Muhammad Avfiyning «Javome' ul-hikoyot va lavome' ur-rivoyot», Mahmud Zamaxshariyning «Rabe ul-abror va nusus ul-axyor», Abul Farojning «Ajoyib ul-hikoyot»,
Faxriddin Ali Safiyning «Latoyif ut-tavoyif», Hasanxoja Nisoriyning «Anis ul-ushshoq» («Oshiqlar do'sti»), G'ulom Muhammad Vosifning «Hikoyoti dilpisand» («Dilkusho hikoyatlar»), Abulbarakot Qodiriyning «Kach-kuli sultoniy» («Shohona kachkul»), Muhammad Jabalrudiyning «Jome' ut-tamsil» («Masallar majmuasi»), Sayf uz-Zafar Navbahoriyning «Durr ul-majo)is» («Majlislar duri») kabi alohida rivoyat to'plamlari ham tuzilgan.
Ma'lum bo'ladiki, Sharqda rivoyatlardan u yoki bu darajada istifoda etilmagan nafaqat adabiy, balki ilmiy, siyosiy, tarixiy, diniy, tasavvufiy, tibbiy, falsafiy asarlar ham yo'q hisobi. Rivoyatlarning Sharq xalqlari hayotida qanchalik katta o'rin tutganligini shundan ham bilsa bo'ladi.
Rivoyat arabcha so'z bo'lib, hikoya qilish, biror narsani naql etish ma'nosini bildirib, «voqea va hodisalarni, inson faoliyatini ba'zan uydirmalar vositasida, ba'zan real tasvirlovchi og'zaki hikoya, folklor janri. Hajmi qisqa — ikki yoki uch epizoddan tashkil topadi, an'anaviy uslubiy shaklga ega bo'lmaydi. Odatda, oddiy bir hikoyachi bayonidan boshlanib, og'izdan-og'izga o'tish jarayonida erkin talqin qilinadi. Rivoyat asosida voqelik va tarixiy shaxs bilan bog'liq hodisalar yotadi»:.
Ma'lum bo'ladiki, rivoyat tarixiy haqiqatga asoslanib, mavzu jihatidan cheklanmagan. Unda ko'proq asriy tajribalar ommalashtiriladi, ezgu insoniy fazilatlar ulug'lanib, banibashar tabiatidagi har turfa qusur va illatlar qoralanadi, mashhur kishilar hayoti va faoliyati bilan bog'liq ibratli voqealar hikoya qilinadi, odob-axloqning ideal me'yorlari targ'ib-tashviq etiladi. Ayni xususiyati bilan har bir rivoyat o'ziga xos pandnoma, odobnoma sifatida namoyon bo'ladi.
Mashhur nemis shoiri va mutafakkiri Gyote: «Har kuni aqalli bitta qo'shiq eshitish, yaxshi rasm ko'rish va iloji bo'lsa, istagan bir hikmatli so'zni o'zlashtirib olish kerak», — degan edi. Menga qolsa, bunga qo'shimcha qilib, har kuni birorta ibratli rivoyat ham o'qish lozim, degan bo'lar edim. Chunki bundan kishida qadimgi yunon olimi Demokrit aytganidek, «uch qobiliyat hosil bo'ladi: eng to'g'ri xulosa chiqarish, nuqsonsiz gapirish va nima qilish kerakligini aniq bilish». Shuning uchun ham Luqmoni hakim taomdan och bo'lsang ham, hikmatdin to'q bo'l, degan ekan. Bu gina emas, hikmat har qanday cho'kkan ko'ngilni ko'taradi, tushkun ruhga umid bag'ishlaydi, kishini ishlashga ilhomlantirib, yashash shavqini kuchaytiradi.
Qadimda rivoyatlar maxsus kishilar tomonidan naql qilingan. Ularni roviylar deb ataganlar. Roviy rivoyat so'zidan olingan bo'lib, rivoyat qiluvchi, naql qiluvchi ma'nosini bildiradi. Abu Rayhon Beruniy diniy va tarixiy rivoyatlarni hofizasida saqlab, davralarda aytib yuradigan professional roviylar haqida ma'lumot beradi '. Ko'pchilik rivoyatlar yoki xalq kitoblaridagi «Roviylar andoq rivoyat qiladilarkim...» boshlanmasi ham o'tmishda professional roviylar faoliyat ko'rsatganligidan guvohlik beradi. «Roviylar repertuarini ko'proq rivoyat, afsona va tarixiy voqealar bilan bog'liq hikoyalar tashkil etgan». Roviy rivoyatni aytar ekan, ko'pincha «Men bu voqeani ulug'lardan eshitganman», «Bu voqeaning o'zim guvohi bo'lganman». «Donishmandlar aytadilarki», «Xalq aytadiki», «Bu voqeani men buvimdan eshitganman, buvim esa bobomdan eshitgan ekan», «Shuning uchun keksalar deydilarki» kabi jumlalarni ishlatadi — ular tarixiy voqealarni dalillash barobarida tinglovchida ishonch hosil qiladi.
Ushbu to'plamga xalq og'zaki ijodi va yozma adabiyotdagi eng mashhur va ibratli rivoyatlar asosida tartib berildi. Sharq rivoyatlarini bir yerga to'plash yo'lidagi ilk urinishi mahsuli sifatida dunyoga kelgan ushbu to'plam barcha yoshdagi o'quvchilar ommasiga ma'qul keladi, deb o'ylaymiz.
Ergash OCHILOV. filologiya fanlari nomzodi
Do'stlaringiz bilan baham: |