70
populatsiya alohida faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan o‘zaro munosabat
turi. Tabiatda shunday baliq turlari borki, ular yirik baliqlar terisini, jabra va
og‘iz bo‘shlig‘ini parazitlardan tozalab beradi. Asalarilar gulli o‘simliklardan
o‘ziga oziq (chang, nektar) olish davomida o‘simliklarni changlantiradi.
Kommensalizm
(fransuzcha «commensal» – hamtovoq) – birgalikda
yashaydigan organizmning biri ushbu munosabatdan foyda oladi, ikkinchisi
hech qanday naf yoki zarar ko‘rmaydigan o‘zaro munosabatning bir turi
sanaladi. O‘z navbatida kommensalizm:
hamsoyalik, hamtovoqlik, hamxo‘rak-
lik kabi turlarga ajratiladi (17-rasm).
Bir tur ikkinchisidan yashash joyi sifatida foydalanadigan va bu
munosabatda o‘z «yashash joyi»ga zarar ham, foyda ham yetkazmaydigan
o‘zaro munosabat turi
sinoykiya (yunoncha «syn» – birga, «oikos» – uy) –
hamsoyalik deb yuritiladi. Masalan, daraxtlarning tanasi va shoxlarida epifit
o‘simliklar (orxideya, yo‘sinlar) va lishayniklar joylashib oladi. Qushlar,
kemiruvchi hayvonlarning uyalarida turli o‘rgimchaksimonlar va hasharotlar
yashaydi. Ayrim baliqlar meduzalar va aktiniyalarning paypaslagichlari
orasiga yashirinib oladi. Boshqa bir baliq turi esa ikki pallali molluskalarning
mantiya bo‘shlig‘iga tuxum qo‘yadi. Baliq tuxumlari molluskaga hech
qanday zarar ham, foyda ham keltirmagan holda chig‘anoqlar himoyasida
bo‘ladi.
Hamtovoqlik
– bitta oziq manbayining turli qismlarini iste’mol qilishda
ifodalanadi. Masalan, tuproqda yashovchi saprofit bakteriyalar va o‘simliklar
o‘rtasidagi munosabat chirituvchi bakteriyalarning o‘simlik qoldiqlari bilan
oziqlanib, ularni mineral moddalargacha parchalashi va o‘simliklarning shu
mineral moddalarni o‘zlashtirishida aks etadi.
Kommensalizmning yana bir shakli
hamxo‘raklik bo‘lib, bu munosabat
oziq orqali bog‘lanishlarga asoslangan. Bir tur boshqa turning oziq qoldiqlari
bilan oziqlanishi
hamxo‘raklik deyiladi. Masalan, ayrim qushlar timsoh va
sirtlonning, tasqara esa sherning ovqat qoldiqlari bilan oziqlanadi. Odamning
yo‘g‘on ichagida yashovchi bakteriyalar odamga ziyon yoki foyda yetkazmagan
holda hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlari bilan oziqlanadi. Yopishqoq baliq esa
maxsus so‘rg‘ichlari bilan akulalar terisiga yopishib olib akula bilan birgalikda
harakat qiladi va uning ovqatlari qoldiqlari bilan oziqlanadi.
Kommensalizm tabiatda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bir hududda
ko‘plab turlarning yashashi va yashash muhitidan hamda resurslardan
to‘liqroq foydalanishga imkon beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: