Sharq akademiyalari
Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklash, ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’rifiy, madaniy va ma’naviy merosini o‘rganish, asrab-avaylash hamda keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada Xorazm Ma’mun akademiyasi faoliyatining qayta yo‘lga qo‘yilishi ulug‘ ajdodlarimizning munosib vorislarini tarbiyalashdek ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Oradan o‘n asr o‘tib, akademiyaning eshiklari qayta ochildi. Hozir bu yerda mamlakatimiz ilmiy salohiyatini yanada yuksaltirish yo‘lida salmoqli ishlar davom ettirilmoqda. Akademiya olimlari xorijdagi qator ilmiy muassasalar bilan faol hamkorlik qilmoqdalar. Jumladan, Fransiyaning Sorbonna universiteti va Fanlar akademiyasi, Misrning Ayn Shams universiteti, Koreya Respublikasining Kyon-Xi universiteti, Saudiya Arabistonining Podshoh Faysal ilmiy-tadqiqot markazi va boshqa nufuzli ilmiy dargohlar bilan aloqalar o‘rnatilgan.
Yurtboshimiz tashabbusi bilan qayta dunyo yuzini ko‘rgan Xorazm Ma’mun akademiyasi ilm-fanni rivojlantirish, madaniy aloqalar va xalqlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini mustahkamlash kabi ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Xorazm Maʼmun Akademiyasi
VIII asr oxiri IX asr boshlarida xalifalikning markazi Bagʻdodda ilm-fan rivojlandi. Xalifa Xorun ar-Rashidning oʻlimidan soʻng (813-yil), uning oʻgʻli al-Maʼmun xalifa etib tayinlandi. U xalifa sifatida Bagʻdodga koʻchgach (819-yil), u yerda Ilmiy markaz tashkil etib, unda barcha musulmon oʻlkalardan olimlarni toʻpladi. Bu Ilmiy markaz tarixda «Bayt ul-hikma» («Donishmandlar uyi») nomi bilan mashhurdir. Bu yerda, asosan, riyoziyot, tibbiyot, ilmi-nujum, joʻgʻrofiya, astrologiya va shunga oʻxshash boshqa fanlar oʻrgatilgan.
Xorazmshoh Maʼmunning oʻgʻli Ali ibn Maʼmun taklifi bilan 1004-yilda Gurganchda (Qoʻhna Urganch) «Dor ul-hikma va maorif» nomli ilmiy muassasa shakllanadi. Bu yerga ibn Iroq va Beruniyning takliflari bilan har tarafdan olimlar kela boshlaganlar. Bu yerda ilmning barcha sohalari boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borilgan. Yunon tillaridan tarjimalar ham qilingan. XVIII asr fransuz ensiklopedistlari al-Maʼmun faoliyatini va Bagʻdoddagi «Bayt ul-hikma»ning faoliyatini oʻrganib chiqib, uni Afinadagi Platon Akademiyasiga juda oʻxshatganlar va «Bayt ul-hikma»ni «Al-Maʼmun Akademiyasi» deb ataganlar. Gurganchdagi «Dorul-hikma» esa «Ikkinchi Akademiya» boʻlib qoldi. Maʼmun Akademiyasining faoliyati 1017-yilda Mahmud Gʻaznaviy bosqini tufayli tugatiladi.
Mustaqilligimiz sharofati tufayli birinchi Prezidentimizning tashabbusi bilan bu Akademiya qayta tiklandi. Hozirda Xorazm Maʼmun Akademiyasi tarkibida «Arxeologiya, tarix va falsafa», «Biologiya muammolari» va «Til va adabiyot» boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda.
Mahmud az-Zamaxshariy
Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy 1075-yil 19-martda Xorazm viloyatining Zamaxshar qishlog‘ida dunyoga keldi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ishtiyoq va havasni sezgan otasi uni madrasaga beradi. U madrasada o‘qitiladigan ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy ilmlarni puxta egallaydi. Xattotlik san’atini mukammal o‘rganadi.
Az-Zamaxshariy hayoti davomida Marv, Nishopur, Shom, Bag‘dod, Hijoz va ikki marta Makkada bo‘ladi. Bu yerlarda dunyo ilmining ulug‘ bilimdonlaridan turli fan sirlarini o‘rganadi, ilmiy ishlarini davom ettiradi, arab tili grammatikasi, lug‘ati, mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rganadi, geografiyaga doir ma’lumotlarni to‘plash bilan shug‘ullanadi. Az-Zamaxshariy 1144-yil 14-aprelda vafot etadi. Buyuk mutafakkir az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunosligi, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq ilmiy asarlar yaratgan. Bu asarlarning aksariyati bizgacha yetib kelgan. Uning “Al-Mufassal” asari arab tili morfologiyasi va sintaksisini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham katta shuhrat topgan asarlaridan hisoblanadi. Az-Zamaxshariy o‘zining “Muqaddimat ul-adab” asarida ham o‘sha davr arab tilining iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga katta e’tibor qilgan. Bu asar fors, o‘zbek, turk, fransuz, nemis tillariga tarjima qilingan.
Az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, ilm-fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali u hayot paytidayoq butun musulmon Sharqida unga katta shuhrat keltirgan. Allomani chuqur hurmat va mehr bilan “Ustoz ul-arab va-l-ajam” (“Arablar va g‘ayri arablar ustozi”) “Faxru Xorazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ataganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |