yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferi uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishni ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Davlat innovatsion siyosatining asosiy maqsadi – respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, ilm-fan va ilmiy faoliyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va natijadorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirishdir.
Respublikani innovatsiyalar sohasidagi global reytingdagi ilg‘or 50 ta mamlakatlar ro‘yxatiga kiritishga qaratilgan strategik dastur tasdiqlandi, ilmiy loyihalarni moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etildi, ilm-fan sohasida yuqori malakali kadrlarni moliyaviy rag‘batlantirish uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratildi.
Shunday bo‘lsada, mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar ilm-fan va innovatsiya sohasida davlat boshqaruvi mexanizmlarini takomillashtirish, ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirishda shaffoflikni oshirish hamda iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda ilm-fan yutuqlari va innovatsion texnologiyalarni joriy etish ishlarini jadallashtirish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Davlat innovatsion siyosatining maqsadi va mazmunini O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi amalga oshiradi.
Shu nuqtayi nazaridan quyidagilar vazirlikning asosiy vazifalari etib belgilangan:
mamlakatni innovatsion rivojlantirishning uzoq muddatli ssenariylari asosida ustuvor soha va tarmoqlarni ilm-fan yutuqlari va innovatsiyalar asosida rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqish;
hududlarning intellektual va texnologik salohiyatini oshirish, ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini shakllantirish, tasdiqlash va ularning ijrosini nazorat qilish;
ilmiy darajali kadrlarni tayyorlash tizimini muvofiqlashtirish;
yoshlarni ilmiy va innovatsion faoliyatga jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish va ular tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirishda investitsiyalarni keng jalb etish, xususiy sektor faolligini oshirish va venchurga asoslangan moliyalashtirishni rivojlantirish;
innovatsion ishlanmalar asosida amalga oshiriladigan loyihalarning moliyaviy, iqtisodiy va texnik ekspertizasini o‘tkazish va intellektual mulk obyektlarini tatbiq etish uchun zarur sharoitlarni ta’minlash;
iqtisodiyotning real sektori va ishlab chiqarish tarmoqlarining ilmiy ishlanma va innovatsiyalarga bo‘lgan ehtiyojlarini aniqlash hamda tarmoq ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish asosida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish, startap loyihalarini amalga oshirish, intellektual mulk qatnashadigan yangi tashkilotlarni shakllantirish va ratsionalizatorlik faoliyatini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoit yaratish;
ilm-fan va innovatsiyalar sohasida xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, innovatsiyalar va texnologiyalar transferi bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
Quyidagilar Innovatsion rivojlanish vazirligining 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari etib belgilangan:
biotexnologiyalarni rivojlantirish sohasida biofarmatsevtik mahsulotlar, rekombinant va DNK vaksinalar, biotibbiyot tashxislash texnologiyalari hamda hududlar xususiyatidan kelib chiqib gen va hujayra muhandisligiga asoslangan qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi biotexnologik navlarini yaratish;
tuproq unumdorligini oshirish sohasida tuproq resurslari holatini kompleks monitoring qilish tizimi hamda resurs tejamkor sug‘orish va o‘g‘itlantirish agrotexnologiyalarini yaratish, bunda hududlarda mobil laboratoriyalar tarmog‘ini tashkil etib, tuproqdagi mavjud foydali va zararli moddalarni aniqlash asosida qishloq xo‘jaligi ekinlarining agrokimyoviy xaritalarini ishlab chiqish;
“sun’iy intellekt”ni joriy etish sohasida yo‘l transport infratuzilmasi, ta’lim va sud tizimida “aqlli” innovatsion texnologiyalarni yaratish;
qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish sohasida muqobil va ekologik toza energiya manbai — “yashil” vodorodni ishlab chiqarish, saqlash va qo‘llash bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni yaratish;
chorvachilikni rivojlantirish sohasida genetika usullarini qo‘llash orqali chorva zotlarining genofondini ko‘paytirish va go‘sht mahsuldorligini oshirish, yem-ozuqa bazasini kengaytirish bo‘yicha innovatsion texnologiyalarni joriy etish;
qishloq xo‘jaligi sohasida qayta ishlash samaradorligini oshirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi texnikasining innovatsion konstruksiyalarini hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishning yangi texnologiyalarini yaratish.
O‘zbekiston Respublikasida hududiy innovatsion siyosatni amalga oshirishdagi muhim qadamni muhtaram Prezidentimiz 2021-yil 1-apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida” gi PF-6198-sonli Farmoni hamda “Ilm-fan sohasidagi davlat siyosati va innovatsion rivojlantirishdagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-5047-sonli Qarori bilan tashlab berdi. Unga muvofiq hududiy Innovatsion rivojlanish boshqarmalari tashkil etildi. Bugungi kunda hududlarda innovatsion siyosatni aynan hududiy boshqarmalar amalga oshirmoqda. Bundan tashqari avvalroq hududlardagi ilm-fan va innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari huzuridagi Innovatsion faoliyat va texnologiyalar transferi markazlari tashkil etilgan bo‘lib, hozirda uning faoliyati hududiy boshqarmalar tomonidan muvofiqlashtiriladi. Hududlarda innovatsion siyosatni amalga oshirishning yangicha yondashuvi ishlab chiqilgan bo‘lib, har bir hududda bittadan tuman Innovatsion hudud deb e’lon qilingan va ushbu hududadlarda ilmiy, amaliy, startap va innovatsion hamda tijoratlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari turli xil innovatsion texnologiyalarning ichki va tashqi transferi ham amalga oshirilmoqda.
Xususan, Samarqand viloyatida Urgut tumani Innovatsion hudud deb e’lon qilingan bo‘lib, 2021-yil 23-iyul holatiga ko‘ra ushbu hududga innovatsion loyihalar uchun 2.520 mlrd so‘m miqdorida mahalliy va 6.4 mlrd so‘m miqdorida Respublika budjetidan mablag‘lar ajratilgan bo‘lib, hozirda ilmiy, startap va tijoratlashtirish loyihalari amalga oshirilmoqda.
Innovatsion rivojlanish vazirligining hududlarda 2021-2022-yillardagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.