Freydning nega do‘sti bo‘lmagan? Zigmundning xarakteri o‘ta og‘ir bo‘lganligi uchun ham uning do‘stlari deyarli bo‘lmagan. Freyd keyinchalik Eynshteynga yozgan xatida buni o‘zi ham tan olgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u yolg‘izlikka intilgan. U hatto mashhur bo‘lib ketganida ham yolg‘iz qolgan. Freydning bolalik paytidagi o‘ta o‘jarligi keyinchalik kuchaysa kuchaygan-u, biroq barham topmagan. Hatto o‘zining dastlabki shogirdlari – Alfred Adler va Karl Gustav Yung bilan ham kelishmagan. Ular Freydni tark etishgan. Balkim Freydning o‘zi ulardan voz kechgandir. Agar Gyote “Oddiylik – bu buyuklikdir” degan bo‘lsa, Freyd “Yolg‘izlik – bu buyuklikdir” degan tamoyilga asoslanib yashagan va ijod qilgan bo‘lsa kerak. Freyd va BreyerZ. Freyd Parijdan Venaga qaytgach, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan psixiatri Iosif Breyer bilan isteriya va nevrozlarni chuqur o‘rgana boshlaydi. Ular Sharko asarlarida ko‘rsatilgan usullarni nevroz va isteriyani davolashda qo‘llay boshlashadi. O‘sha paytlari endi amaliyotga kirib kelayotgan fizioterapiya usullari va keng qo‘llanib kelayotgan gipnoz Freyd kutgan darajada yordam bermayotgan edi. Freyd nevroz va isteriya bilan murojaat qilayotgan bemorlarning aksariyati ayollar ekanligiga e’tibor qaratadi. 1896 yili Z.Freyd Breyerga: “Ustoz, ayollardagi nevroz va isteriyaning asl sababi seksual qoniqmaslik emasmikan” deydi. I.Breyer uning bu fikriga qo‘shilmaydi va avvalgi davolash usullarini davom ettiraverish kerakligini aytadi. Freyd asta-sekin o‘z ustozidan uzoqlasha boshlaydi va uni tark etadi. Shu yerda I.Breyer haqida ikki og‘iz so‘z. Agar Freyd haqidagi o‘nlab materiallarni o‘qib chiqsangiz qiziq faktlarga duch kelasiz. Aynan I.Breyerning ishlari Freydda psixoanaliz ta’limotining ilk kurtaklarini paydo qilgan. Chunki I.Breyer nevroz va isteriya tashxisi qo‘yilgan bemorlarga kasallik alomatlarini uzoq so‘zlatgan. Bemor o‘zini bezovta qilayotgan belgilar haqida qancha uzoq so‘zlasa, uning ahvoli shuncha yaxshilanavergan. Bunga dastlab Breyer e’tibor qaratgan va bu holatni katarsis deb atagan. “Katarsis” grekchadan ruhiy poklanish degani. Demak, Freyd asarlarida eng ko‘p qo‘llaniladigan katarsis atamasi ustozi I.Breyer tomonidan taklif etilgan. Ammo Breyer o‘zining davolash usullarini yanada takomillashtirmadi va eski uslublar bilan chegaralanib qoldi. Freyd esa izlanishni to‘xtatmadi, nevroz va seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqliklarni izlashga berilib ketdi. Nevroz – seksual qoniqmaslik alomatimi?Z.Freyd 1897 yildan boshlab nevroz va seksual qoniqmaslik orasida bog‘liqliklarni sistematik tarzda o‘rgana boshlaydi. Freyd seksual qoniqmaslik g‘oyasiga shu qadar berilib ketadiki, u nafaqat nevrotik buzilishlar va xulq-atvordagi o‘zgarishlarni, balki psixosomatik simptomlarni (bosh og‘rig‘i, oyoq og‘riq, bel og‘riq, qorin og‘riq, yurak og‘rig‘i va h.k.) ham seksual qoniqmaslik bilan bog‘laydi. Buning natijasida Freyd “panseksualist” degan laqabni oladi. Undan ko‘p olimlar va hatto o‘zining ustozlari ham yuz o‘giradi. Uning maqolalarini chop qilmay qo‘yishadi. Chunki o‘sha paytlari ijtimoiy omillarga burkangan psixologik nazariyalar yaxshi rivojlanib kelayotgan edi. Freyd esa aslida hayvonlar xulq-atvorini belgilab beruvchi biologik instinktlar insonlar xulq-atvorini ham belgilab beradi degan edida. Freyd bunday bemorlarga gipnozning yordam bermasligiga ishonch hosil qiladi va bu usuldan voz kechadi. U Sharkoning davolash usullarini deyarli qo‘llamay qo‘yadi. “Gipnoz – bemorning ahvolini vaqtincha yaxshilovchi vosita, xolos” degan edi Freyd. U gipnoz usulini ham tark etdi va ruhiyatning yangi modelini yaratishga kirishdi.