SH. S. G‘offorov I. G‘. Sattarova samarqand tarixi



Download 0,92 Mb.
bet1/8
Sana27.12.2019
Hajmi0,92 Mb.
#31718
  1   2   3   4   5   6   7   8
Bog'liq
uslub янги
АКТдан намунавий жавоблар ўзбекча, GINISALOGIYA, InformatikavaATMaruzalarmatni2-qism2008, Induvidual topshiriq, kombinatorika, Талаба психологик паспорти Asl nusxa, Tarjima tillararo va madaniyatlar aro kommunikatsiyaning turi sifatida , 1-MAVZU taqdimt, 123, 1-chorak hisobot, gazlarni-QAYTA-ishlash, Elektrolitlarda elektr toki, 7-8 maruza Bootstrap, 15.02.2022, fayl 519 20210427
O‘zbekiston respublikasi

oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi

Samarqand davlat universiteti


SH.S.G‘OFFOROV

I.G‘.SATTAROVA

Samarqand tarixi (qadimgi davrdan to hozirgi kungacha)

(o‘quv qo‘llanma)



Samarqand – 2019
Mas’ul muharrir:
RAJABOV Q.K.–tarix fanlari doktori,

professor



Taqrizchilar:
tarix fanlari nomzodi, dotsent, R.Sh.Xoliqulov
tarix fanlari nomzodi, dotsent, M.A.Hamdamova


Mazkur qo‘llanma Samarqandning qadimgi davridan to hozirgi kungacha bo‘lgan tarixini o‘z ichiga olgan bo‘lib, tarix fani magistrlari va talabalari uchun mo‘ljallangan. Qo‘llanmada Samarqandning tarixiy voqealari bilan birgalikda tarix darslarida qo‘llash mumkin bo‘lgan ba’zi treninglar (texnologiyalar) va baholash shakllari ham ilova qilingan.
Ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanma SamDU o‘quv-uslubiy kengashining 2019- yil _________ kunidagi __-sonli yig‘ilish qaroriga asosan chop qilishga tavsiya etilgan.
KIRISH.
Ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahri betakror sharqona ruhi va qiyofasi, boy tarixi, bu yerda saqlanib qolgan noyob, har qanday odamni hayratga soladigan obidalari bilan turli o‘lkalarda afsonaviy shahar sifatida ma’lum-u mashhurdir. Moviy gumbazlari millionlab sayyohlarni o‘ziga maftun etadigan Samarqandning Rim bilan bir qatorda “abadiy shahar” degan nom bilan butun dunyoda shuhrat qozongani bejiz emas, albatta.

Samarqand tarixi bo‘yicha ko‘plab asarlar yozilgan: D.Alimova, E.Rtveladze, Sh.Raxmatullayev. “Samarqand tarixi (qadimgi davrdan bugungi kungacha)”, A.Malikov “Samarqand tarixi”, A.Berdimurodov “Samarqand tarixidan tomchilar” vatadqiqotchilar: M.J.Juraqulov,Sh.S.G‘afforov, N.A.Avanesova, N.U.Xolmatov,B.S.G‘oyibov,A.E.Kuraxmedov, G.B.Normurodova,O.J.Irisqulov, M.Siddiqovalarning monografiya, avtoreferatlarida aks etgan. Ushbu qo‘llanma SamDU O‘zbekiston tarixi kafedrasida ishlab chiqilgan o‘quv dasturi asosida tayyorlangan. Mazkur qo‘llanma sodda tilda, talabalar va magistrlarga mos qilib tuzulgan.

Samarqand tarixi haqida turlicha qarashlarni o‘zida mujassamlashtirgan o‘nlab asarlar yaratilgan bo‘lsa-da, vaqt va zamonda shahar tarixi yuzasidan qilingan kashfiyotlar uning mazmunini yangi manbalar va yondashuv asosida doimiy ravishda to‘ldirib borish, ayniqsa, mustaqillik davri talabidir.

Samarqand qulay geografik holatga ega bo‘lib, Movarounnahrning o‘rtasida joylashgandir. U sersuv bo‘lib, uni uch tomondan tog‘o‘rab olgan, unga havoning uch oqimi – tog‘, daryo va keng yaylov daraxtzor vodiy, adir qo‘shilib xushmanzarali, xushtabiatli, orombaxsh iqlim barqarorligini beradi. Bu shahar haqida ko‘plab tarixiy solnomalarda ma’lumotlar beriladi:

“...Samarqand shahri tekis yerda joylashgan bo‘lib, atrofi qum tepaliklar va jarliklar bilan qoplangan.U Sevilye (Ispaniya) shahridan bir oz kattaroq. Shahar tevaragida ko‘plab uy-joylar qurilgan. Uning atrofini butunlay bog‘ va uzumzorlar qoplab olgan. Bog‘lar ba’zi joylarda bir yarim ikki liga masofaga cho‘zilib ketadi. Bog‘larning ora-oralarida ko‘chalar, orombaxsh maydonlar bor. Bularda ko‘p odamlar yashaydi...Bog‘ va uzumzorlar shunchalik ko‘pki, daladan shaharga qaytayotib orqaga qaralsa, ular baland-baland daraxtlardan iborat o‘rmonga o‘xshaydi. Ana shu o‘rmonning o‘rtasida shahar joylashgan. Shahar va bog‘lar bo‘ylab ariqlar o‘tib, ulardan doimo suv oqadi...Bu yer hamma narsaga boy: g‘alla ham, vino ham, meva-cheva ham, parandalar ham, har xil go‘sht ham mo‘l-ko‘ldir. Boshqa mollar ham ko’p va arzon...G‘alla juda ham arzon, sholi esa oshib-toshib yotadi. Bu shahar va uning atrofidagi yerlar shunday to‘kin-sochinki, hayron qolmaslik mumkin emas”. (Ispan elchisi (XV asr) Ryui Konzales de Klavixoning kundaliklaridan)”.

“...Samarqand shahri ajab orasta shahredur, bu shaharda bir xususiyat borkim, o‘zga kam shaharda andoq bo‘lg‘ay. Har hirfagarning bir boshqa bozori bor, bir-birlariga maxlut emastur, tavr rasmedur, Ho‘b nonvoliqlari va oshpazlari bordur...

Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddan chiqar. Juvozi qog‘ozlar suvi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar. Samarqandning yana bir matoi qirmizi baxmaldurkim, atrof va javonibqa eltarlar (Zahiriddin Muhammad Bobur. “Boburnoma” T.; “Yulduzcha” 1988. ).

“Bu shaharning havosi yaxshi va o‘rtachadir. Sira og‘irlik va kasallikka sabab bo‘lmas, bahor faslida bu shahar go‘zallikda uchmoqning bir namunasi bo‘lur. Shuning uchun Samarqandni “firdavsmonand”, ya’ni janantga o‘xshash Samarqand deyirlar. Har dashtining yuzidan jannat ko‘rinadir va har dala parchasidan Eram bog‘i bilinadir. Har tog‘ning etagida ming turlik gullar to‘foni qaynamoqda va har sahroning burchagida ko‘kargan yuz tup sabza va rayhonlar o‘z qo‘yinlaridan “behisht” bog‘larini ko‘rsatmoqda. Yoz faslida bu shaharning havosi issiq, sovuqlikda o‘rtachadir. Har tomondan ko‘p gul ochatirgan yellar va orttiratigan havolar esib ruhga rohat bag‘ishlaydi va jonni toza qiladi. Kuz faslida bu shaharning havosi bir oz sovuqroq bo‘ladi. Sharq tomondagi tog‘dan necha kunda bir qattiq yel esadir. Bu shaharning qish fasli ko‘pincha sovuq bo‘lur, ba’zi yillarda qor uch qarichgacha yog‘adi. Bu yerga kelgan musofir quvonadir” (Abu Tohirxoja. “Samariya” T.; 1991).

Samarqandning nomlanishi turli tarixiy davrlarga tegishli asarlarda, shuningdek, rivoyatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarda uchraydi. Masalan, bu shaharning Afrosiyob, Marokanda, Samariana, Saramanka, Sakkana, Sumron, Shamarkent, Samaron, Semizkent, Samarqand deb nomlanishi mavjud. Abu Rayxon Beruniy, Mahmud Qoshg‘ariy, Bobur asarlarida, shuningdek, tarixchi Mirxondning “Ravzat ul-safo” kitobida va Amir Temur saroyiga kelgan ispan elchisi Riu Gonzales de Klavixoning kundalik daftarida ham qayd etiladi.

Umumiy miqyosda qaraganda, Samarqand atamasining bunyodga kelgan vaqti va “Samarqand” degan so‘zning kelib chiqishi hali to‘liq aniqlangan emas.

Mo‘g‘ilistonda XIII asrdayoq Samarqand degan shahar bo‘lgan, Boburning tog‘asi Ulug‘bek Afg‘onistondagi bir qishloqni Samarqand deb atagan, Qozog‘istondagi Temirtov shahri XX asirning 40-yillariga qadar Samarqand deb atalgan, aynan shu yerda Nura daryosi bo‘yida Samarqand suv ombori qurilgan, Farg‘ona viloyatining Bog‘don tumanida Samarqand nomi bilan atalgan qishloq mavjud, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida Bog‘i Samarqand qishlog‘i bor, Turkiston tog‘ tizmasida Samarqand cho‘qqisi bor. Haqiqatga yaqin bo‘lgan ilmiy qarash Samarqand Buyuk ipak yo‘lida chorraha vazifasini o‘tagani uchun uni “Chorahadagi shahar” ( arab manbalarida “Smirig‘” chorraha mazmunini beradi) deb atashgan(Shirinov T.Samarqand Rimning tengdoshi. // “Xalq so’zi”, 2003-yil 13-dekabr).

Samarqand – buyuk Amir Temur nomi bilan atalgan ordenni birinchi bo‘lib olishga sazovor bo‘lgan tabarruk shahardir. 1996-yil 28-avgustda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Samarqand shahrini Amir Temur ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risidagi Qarori chiqarildi, shu yili 18-oktyabrdaAmir Temurning haykalini ochilish marosimi bo’ldi va marosimda samarqandliklarga ushbu orden topshirildi, 18-oktyabr “Samarqand shahri kuni” deb e’lon qilindi.

Samarqand shahrini Amir Temur ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentining Farmoni “Temuriylar davlatining poytaxti sifatida jahon ilm-u fani, madaniyati va me’morchilik san’atining rivojlanishiga hamda davlatlararo hamkorlikni, tinchlikni, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlash ishiga katta hissa qo‘shganligi va shahar ahlining o‘zbek xalqi tarixiy va ma’naviy merosini ko‘p asrlar mobaynida avaylab-asrab, jahonga mashhur etishdagi g‘oyatda katta xizmatlarini e’tiborga olib, mustaqil mamlakatimizda tub islohotlarni amalga oshirish, uning iqtisodiy taraqqiyotini jadallashtirishdagi faol ishtiroki uchun hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Samarqand shahri “Amir Temur” ordeni bilan mukofotlansin”(O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov. Toshkent shahri, 1996 yil 28 avgust).

YUNESKO bosh direktori Koichiro Mazuura 2006 yil 8 sentyabrda shahrimizga tashrifi chog‘ida, mustaqillik yillaridagi bunyodkorlik, yodgorliklarning ta’mirlanishi, restavratsiya ishlarining yuqori saviyada bajarilganligini e’tirof etgan holda “Samarqandning jahon tsivilizasiyasi taraqqiyotidagi o‘rni beqiyosdir, bu nafaqat o‘zbek xalqining balki butun insoniyatning mulkidir” deganida haq gapni aytgandi.

Samarqandning qadimgi tarixini yoritishda Afrosiyobda olib borilgan tadqiqotlarga tayanamiz. Shu o‘rinda Afrosiyob nomi qayerdan kelib chiq­qan, degan savol tug‘ilishi tabiiydir. Ma’lumki, ulug‘ shoir Abdulqosim Firdavsiy o‘zining mashhur «Shohnoma»sida Eron bilan Turon o‘rtasidagi munosabatlar, nizolar haqida so‘z yuritar ekan, Turonning podshosi Afrosiyob bo‘lganligini yozadi. Mah­mud Koshg‘ariyning yozishicha esa Turon podsho­sining nomi Alp Er Tung‘a bo‘lib forslar uni Afrosiyob deb ataganlar. Samarqand Alp Er Tunga - Afro­siyobning poytaxti bo‘lganligi uchun uning ilk o‘rni ham Afrosiyob nomi bilan atalib ketgandir.

Atrofi baland jarlar bilan o‘ralgan, hozirda 219 gektar maydonni egallagan Afrosiyob shaharchasida ilk qazish ishlari Turkistonni Rossiya imperiyasi istilo qilganidan so‘ng boshlangan.

1883- yili V.Krestovskiy ilk marta bir necha harbiylar ishtirokida qazish ishlarini boshladi va ko‘p­lab tarixiy buyumlarni qo‘lga kiritdi. Bu qazish­ma­lar ilmiy-uslubiy tadqiqotlardan juda yiroq bo‘lsa-da, rus harbiylari va ziyolilari o‘rta­sida Samarqand tari­xiga bo‘lgan qiziqishni kuchay­tirdi. Shundan so‘ng yana bir necha harbiy amal­dorlar Afrosiyobda qazish ishlarini olib borib juda ko‘plab tarixiy buyumlarni topdilar. Afro­siyobni ilmiy tomondan o‘rganish V.Vyatkin, A. Tere­nojkin, M. Masson, V. Bartold, Ya. G’u­lo­mov, Sh. Tosh­xo‘jayev,V. Shishkin kabi arxeolog va sharq­­shunos­larning faoliyatlari bilan bog‘liqdir. Bu zahmat­kash olimlar Afrosiyob bag‘ridagi ko‘plab sir-as­ror­larni o‘rganishib jamoatchilikka ma’lum qildilar.

1965 yil arxeologlar uchun ayniqsa omadli keldi. Akademik Ya.G’ulomov rahbarligida qazish olib borayotgan olimlar VI-VII asrlarda barpo qilingan hashamatli saroy qoldiqlarini topib ochdilar. Saroyning devorlarini tozalayotgan arxeologlar hayratdan lol qoldilar. Saroy devor­lariga rang-barang buyoqlar bilan nafis suratlar chizilgan ekan. Suratlar bir necha asrlar mobaynida zax tuproq tagida yotganligiga qaramay ularning rangi hayratlanarli darajada tiniq edi. Samar­qand ixshidi- podsho Varxuman saroyi devorlariga o‘z davrining mohir musavvirlari tomonidan chizilgan ushbu suratlarning mavzusi turli tuman edi... Suratlarda Samarqandga turli mamlakat­lardan kelayotgan elchilar, fillarda sayr qilayotgan malikalar, to’y marosimlari, ov marosimlari aks ettirilgan bo‘lib, har bir personaj haqqoniy qiyofaga egadir. Ushbu devoriy suratlar Sug‘diyona tasviriy san’atining naqadar yuksak bo‘lganligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Afrosiyobning kulollar va zargarlar mahalla­laridan topilgan kulolchilik, zargarlik buyumlari ham yuksak mahorat va did bilan yaratilganligi bilan yaqqol ajralib turadi.

Afrosiyobda so‘nggi yillarda o‘zbek va frantsuz arxeologlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar bu shaharning yoshi 2750 yil ekanligini isbotladi. Bu Afrosiyob-Samarqand qadimgi Rimning Sharq­dagi tengdoshi ekanligini ko‘rsatib turibdi.

219 gektar maydonni egallagan shahar qadimda to‘rtta mustahkam mudofaa devorlari bilan o‘rab olingan. Hukmdorning arki joylashgan maydon birinchi mudofaa devori bilan o‘ralgan bo‘lsa, qolgan uchala mudofaa devorlari shaharning shahriston qismi atrofini o‘rab turgan. XX asrning 40-80-yillarida arxeologik tadqiqotlarga asosan 2 va 4-mudofaa devorlari oralig‘idagi maydonda olib borilgan qazishmalar paytida esa tepadagi madaniy qatlamgina, ya’ni XI-XIII asrlarda faoliyat ko‘rsatgan masjid qoldiqlari ochilgan.

Agarda Afrosiyob shaharchasining 219 gektar (11 ta madaniy qatlamdan iborat) maydoni birdaniga o‘zlashtirilmaganligini, uning eng qadimgi negizi birinchi mudofaa xalqasining ichida shakllanib, so‘ngra shahar maydoni to‘rtinchi mudofaa devori orasida kengayib borganligini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi savollarga javob topiladi.

1970 yilda nishonlangan Samarqandning 2500 yillik yubiley sanasi shaharning eng qadimgi qismidan emas balki ikkinchi va to‘rtinchi mudofaa devorlari orasidan topilgan arxeologik dalillar asosida belgilangan edi.

So‘nggi yillarda Afrosiyobda o‘zbek-frantsuz qo‘shma ekspeditsiyasi hamkorlikda qazishmalar olib borildi. Frantsuz arxeologlari akademik Pol Bernar, professor Frans Grene va o‘zbek arxeologi M.Isomiddinovlar keyingi yillarda bu yerdan Samar­qand tarixiga oid g‘oyatda muhim ilmiy kashfiyotlarni qo‘lga kiritdilar.

Xo‘sh bu kashfiyotlar nimalardan iborat? Ma’lumki, Afrosiyob shahar­chasi qadimdayoq mustahkam mudofaa devori bilan o‘ralgan va uning ichida hukmdor arki, shaharliklar yashashi uchun shahriston barpo qilingan. Shahriston ichida bir necha mahallalar, keng, ravon ko‘chalar, maydon­lar va bozorlar bo‘lgan. Shuningdek, shahar ichida hashamatli Jome’ masjid, aslzodalarning saroy­lari, zilol suvlarga to‘la hovuzlar ham barpo qilingan. Shahar ichiga ichimlik suv Juyi arzis (Qo‘rg‘oshin ariq) orqali kiritilgan, oqova suvlar esa maxsus sopol quvurlar orqali tashqariga chiqarib yuborilgan. Bu murakkab injenerlik tarmoqlari o‘sha davr uchun eng ilg‘or kashfiyot edi. Arxeologik tadqiqotlar tufayli yuqorida tilga olingan inshootlar va devorlar topilib o‘rganildi. Natijada ekspeditsiya a’zolari shahar arkining eng pastki madaniy qatlamlarini ham to’laqonli o’rganishga erishdilar. Hozirgi er sathidan 10-15 metr chuqurlikda qazishmalar olib borilayotganda avvallari bu erda uchratilmagan tosh qurollarga, sopol idishlarga, ibodatxona va saroy qoldiqlariga va qalinligi 7 metrdan oshiq g’ishtsimon guvaladan barpo qilingan mudofaa devoriga duch keldilar. Tadqiqotlarning ko’rsatishicha, bu mudofaa devori O’rta Osiyodagi eng qadimiy bo’lib, u eramizdan oldingi IX-XII asrlarga mansubdir. Hech bir shak-shubhaga o’rin qoldirmaslik uchun bu erdan topilgan ashyoviy dalillardan namuna olinib, Frantsiya ilmiy tadqiqotlar markaziga qarashli Jiv-Syur-Ivst shahridagi radioaktiv laboratoriyada tadqiq qilindi. Laboratoriyadagi tahlillar bu ashyolar bundan 2750 yil ilgari yaratilganligini ro’rsatdi. Shu tariqaSamarqandga 2750 yil ilgari asos solinganligi isbotlandi (Shirinov T. G’arbda Rim, Sharqda Samarqand. // Fidokor. 2006 yil, 9-yanvar).

1-Mavzu. SAMARQAND HUDUDINING QADIMGI ODAMLAR TOMONIDAN O‘ZLASHTIRILISHI

Reja:


  1. Paleolit davriga oid Samarqand hududidagi manzilgohlar

  2. Mezolit davrida Samarqand hududidagi makonlar

  3. Neolit davriga oid Samarqand hududidagi yodgorliklar

  4. Jez davrida Samarqand

Mamlakatimizning mustaqillikka erishishi tufayli ajdodlarimiz asrlar osha yaratgan ilmiy, tarixiy va tafakkur mahsuli bo‘lgan boy tariximizni, madaniyatimizni, tilimizni, qadriyatlarimiz tarixini bilish hamda o‘zligimizni anglashga keng imkoniyat yaratildi. Endilikda ajdodlarimiz kim bo‘lganligini, o‘zimiz tavallud topib, voyaga yetgan makon, qishloq, ilm-fan va ma’rifato‘cho‘g‘i bilan avlodlarimizni ma’naviy qurollantirishda muhim rol o‘ynagan hamda g‘oyaviy, ma’naviy ozuqa berib, milliy g‘oya va milliy mafkura tuyg‘ularini shakllantirishda ilhombaxsh «generator» rolini o‘ynagan shaharlarimizning, xullaski, u bilan bog‘liq Vatanimiz tarixini ilmiy, adolatli, beg‘ubor va beminnat o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lindi.

Darhaqiqat, mamlakatimizning muhim tarkibiy sarhadlarini tashkil qiluvchi Zarafshon havzasi hududida ham vaqt va zamonda ajdodlarimizning bir necha ming yilliklarga teng, boy tarixga ega, asrlar osha ilm-fan va ma’rifat markazlari bo‘lib, jahon uzra madaniyat durdonlarini tarqatib kelgan yirik markazlar, shaharlar shakllangan. Shulardan biri ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridir. Samarqand insoniyat sivilizasiyasining qadimiy beshigi va markazlaridan biri, jahon madaniyati, fani taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan shaharlardan bo‘lib, u o‘zining qariyb 3 ming yillik tarixi jarayonida o‘z taqdirida ne-ne larzali silsilalarni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, ammo beshafqat davrlar sinovlaridan omon qolib, ajdodlarimiz uzoqni ko‘zlab yaratgan intellektual merosni, fan va madaniyatimizning yuksak an’ana – fazilatlarini avlodlarga yetkazib kelishda ham xizmati buyuk va mashhur shahardir.

Samarqand shahrining paydo bo‘lishi va rivojlanish tarixi juda qadimiy hamda murakkab. Uning tarixi Zarafshon havzasi tarixi bilan bevosita bog‘liq bo‘lib, nafaqat mo‘tadil tabiiy iqlim sharoiti, shuningdek, vohada vaqt va zamonda kechgan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy taraqqiyot omillari bu shaharning tashkil topishida muhim rol o‘ynagan.

Samarqand vohasi Samarqand botig‘ida joylashgan Zarafshonning viloyat hududidagi qismining uzunligi 193 km bo‘lib, shimoldan G‘ubdintog‘ – Oqtog‘ – Qoratog‘, janubdan Qoratepa – Zirabuloq – Ziyovuddin kabi uncha baland bo‘lmagan tog‘lar bilan o‘ralgan, voha ancha, ya’ni 50 km gacha keng va janubiy-g‘arbiy yo‘nalishda asta-sekin pasayib hamda kengayib boradi. Vohaning ilk o‘tmish tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, uning ustini to‘rtlamchi davr allyuvial jinslari qoplagan, uchlamchi davr cho‘kindi jinslardan tarkib topgan bo‘lib, bu yerda neogen davrigacha dengiz bo‘lgan. Alp orogenezida vodiy quruqlikka aylangan. Zarafshon daryosi o‘z o‘zanini tobora chuqurlashtirib, ko‘hna qayirlar (terassa), tog‘lardan oqib tushgan suv daryoga qo‘shilishi jarayonida keng soy va vohalar hamda jarliklar hosil qilgan. Xullas, shahar joylashgan vohaning sersuv Zarafshon daryosi bilan bog‘liqligi, unumdor tuprog‘i, mo‘tadil iqlim va ekologik tabiiy sharoiti, sersuv soylari, barqaror chashmalari hamda tirikchilik ozuqalariga va boshqa resurslarga boyligi kabi xususiyatlari qadimdan odamzod e’tiborini tortgan holda, taraqqiyot sari intilgan ajdodlarimizning yaratuvchanlik faoliyatlari esa shaharning tashkil topishida muhim omillardan bo‘lib xizmat qildi. Demak, shaharning tashkil topishi avvalo inson aql-zakovati mahsulidir.

Ushbu satrlarda Samarqandning ilk, ya’ni urbonik davrigacha bo‘lgan ibtidoiy davri tarixi to‘g‘risida fikr yuritilishi nazarda tutilgan bo‘lib, bu borada bajarilgan asosiy ilmiy tadqiqot ishlari natijalarini yangi yondashuv asosida ifodalab berilishi maqsad qilib olingan. Binobarin, Samarqand vohasining ibtidoiy tarixi yuzasidan jamlangan ma’lumotlarning e’lon qilinganligiga 30 yildan ko‘proq vaqt o‘tdi (Asqarov, Lev, Samarqand tarixi. II tomlik, I tom. Toshkent, 1971, 21-30). Ammo so‘nggi yillar mobaynida, ayniqsa, mustaqillik davrida Samarqand vohasi ibtidoiy tarixi haqida yangi, boy arxeologik manbalar qo‘lga kiritildi va fan sahifalaridan munosib o‘rin egalladi. Shuni alohida qayd etish lozimki, vohada davrlar osha yashab madaniyat yaratgan ajdodlarimiz kashfiyotlari, aql-zakovati mahsuli sifatida shaharlar vujudga keldi. Shuning uchun ham Samarqand shahri tarixini voha tarixi bilan bog‘lamasdan o‘rganib bo‘lmaydi.

Samarqand vohasi ibtidoiy davr tarixini o‘rganishni shartli ravishda ikki bosqichga ajratish, ya’ni ikkinchi jahon urushigacha va undan keyingi, ayniqsa, mustaqillik yillarida bajarilgan tadqiqot ishlari natijalariga ko‘ra ifodalash mumkin.

Urushga qadar bo‘lgan yillar davomida ham voha ibtidoiy tarixiga tegishli, balki yakka-yagona, yarim-yorti tarzda bo‘lsa-da, anchagina qimmatli ma’lumotlar to‘plangan edi. Bu topilma manbalar asosan turli kasb egalari tomonidan yig‘ilgan bo‘lib, ilmiy talqindan yiroq edi. Hamma masala mutaxassis kadrlarga borib taqalardi. Mamlakatning boshqa hududlarida bu borada olamshumul tadqiqotlar qilingan bir vaqtda, bu yerda hali ibtidoiy madaniyat tarixini o‘rganish ishlari rejali yo‘lga qo‘yilmagan edi. Biroq yillar davomida qo‘lga kiritilgan arxeologik ashyolar bu zamin eng qadimgi tarixga egaligidan guvohlik berib, bu hodisalar keyinchalik keng ko‘lamda maqsadli arxeologik tadqiqot ishlari olib borish uchun muhim turtki bo‘lib xizmat qildi.

Darhaqiqat, Samarqandning ilk tarixidan guvohlik beruvchi dastlabki ma’lumotlar, aslida XIX asrning 80-yillariga borib taqaladi. Jumladan, 1881 yilda Afrosiyob (Samarqand)ning sharqiy qismidan Samarqand-Toshkent yo‘lini qurish vaqtida geolog va yozuvchi D.Ivanovning paleolit davri chaqmoqtosh o‘zagini, N.Veselovskiy esa shu atrofdan vulqon (obsidion) toshidan ishlangan paleolit qirg‘ichchani, shuningdek, Dahbed va avvalgi Voykova ko‘chasidan ham tosh qurollar topilgan bo‘lib, bu topilmalar aslida Samarqand paleolit makoni ashyolarini eslatardi. Bu kabi arxeologik topilmalar yakka-yagona tarzida bo‘lsa-da, keyinchalik Turkiston havaskor arxeologlari to‘garagi (THAT) a’zolarida ham qiziqish uyg‘otgan. Shuningdek, 1930 yil Samarqand janubidan o‘tadigan Darg‘om kanali qirg‘oqlaridan B.M.Kastalskiy mikrolit qurollar topgan va 1950 yilda ularni Sankt-Peterburgdagi Ermitajga topshirgan. 1939 yili Siobcha soyining o‘ng qirg‘og‘ida hozirgi viloyat o‘quvchi yoshlar ijodiyot markazi saroyi binosi atrofida N.Xorlamov, keyinchalik arxeolog M.V.Voyevodskiy va geolog V.Shumovlar ham bu yerda kichik qazishmalar o‘tkazishib, paleolit davriga tegishli arxeologik va paleontologik ashyolar, shuningdek, G.Grigoryev 1940 yili paleolit davriga doir ikkita qo‘l chopqisini topgan edi. Nadomatlar bo‘lsinki, ikkinchi jahon urushi tufayli I.Suxarev, G.Grigoryev, P.Lifirenko kabi tashabbuskor olimlarning jangda halok bo‘lishlari, tadqiqot ishlarining borishiga putur yetkazdi. Ammo qo‘lga kiritilgan bu kabi topilmalar Samarqand diyorida juda qadimdan inson jamoalari yaratgan madaniyat izlaridan guvohlik berardi, bu esa kelajakda boshlanadigan qator arxeologik kashfiyotlarning ro‘yobga chiqishiga turtki bo‘ldi.

Ikkinchi jahon urushi ayni qizigan davrda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi (1943) tashkil topdi. Tarix va arxeologiya instituti faollashdi, Samarqand davlat universiteti (1944) qayta tiklanib, vohada arxeologik ishlarni yangitdan yo‘lga qo‘yishga sharoit tug‘ildi. Alloma ustozlar Ya.G‘ulomov, I.Mo‘minov, V.Shishkin, M.Aminov singari rahbar olimlarning rahnamoligida arxeolog D.Lev 1944 yili Samarqand davlat universitetida ilmiy ekspedisiya tuzdi va tarixchi talabalar ishtirokida vohada keng ko‘lamda dastlabki dala tadqiqot ishlarini boshlab, yangi va qiziqarli natijalarga erishdi. Jumladan, Omonqo‘ton, Takalisoy paleolit g‘or makonlari kashf qilindi, keyinchalik Samarqand paleolit makonini astoydil o‘rganishga kirishildi. Cho‘ponota massivida va Navbog‘ qishloqlari atrofida paleolit davri odamzod izlari, mezo-neolit davrlariga doir bir necha makon-u manzilgohlar topildi. A.Asqarov va N.Avanesova hamda boshqalar tadqiqotlari tufayli metall, ya’ni jez davriga tegishli qator yodgorliklar o‘rganilib, Samarqand tarixi bo‘yicha boy manbalar qo‘lga kiritildi va bu muzofotda ilk paleolit davridan boshlab (bundan 350 ming yil avval) inson jamoalari uzluksiz yashab, davriga nisbatan o‘ziga xos va mos yuqori madaniyat yaratilganligi haqidagi yangi xulosalar qilishga erishildi. Ayni satrlarda yuqorida zikr etilgan tadqiqot natijalari tahliliga asosiy e’tiborni qaratmoqchimiz.

Paleolit. Omonqo‘ton o‘rta paleolit davri g‘or tipidagi makonning 1947 yili kashf qilinishi va undan keyingi yillarda ochilib o‘rganilgan shu tarzdagi yodgorliklar, Teshiktosh inson to‘dalarining O‘zbekiston diyorida tanho yashamaganligini ko‘rsatdi. Omonqo‘ton makoni Urgut tog‘ining Taxtaqoracha davonidagi Omonqo‘ton qishlog‘ida joylashgan Bulbulzorsoyning o‘ng qirg‘og‘ida ochilgan bo‘lib, u D.Lev tomonidan (1947-1957) qazib o‘rganildi. G‘or dahlizsifat makon, uning uzunligi 29,5 metr va shipining balandligi bo‘yicha bemalol odam yurishi va yashashi mumkin. Izlanishlar davomida boy arxeologik va paleontologik topilmalar qo‘lga kiritilib, ularning tahlili o‘rta paleolit davridan to hozirgacha bu vohada tabiiy ekologik sharoit keskin o‘zgarmaganligi masalasiga oydinlik kiritildi. Topilmalar, toshdan ishlangan mehnat qurollarining soni 220 dan ziyod. Ma’dan qatlam bilan bog‘liq tuproq va tog‘ jinslari qalinligi 25 sm dan to 1,5 metrgacha boradi. Yaxshi ishlangan mehnat qurollaridan 37 tasi alohida ajralib turadi. Bu kolleksiya tarkibida dag‘al paraqalar asosida yasalgan pichoqsimon qurollar, nayza tig‘lari, kichikroq chopqich va teshgich uskunalari o‘rin olgan. Foydalanilgan tosh o‘zaklaridan odatda dag‘alroq uchburchak paraqalar olingan. Bu texnologik uslub Teshiktosh va Qo‘tirbuloq yodgorliklariga o‘xshashligi kuzatildi. Omonqo‘ton g‘or makonini qazish davomida gulxan va o‘choq qoldiqlari hamda to‘rtlamchi davr hayvonot dunyosi qoldig‘i, jumladan, Osiyo qo‘yi (muflon), ibtidoiy buqa, ayiq, bo‘ri, jayra, bug‘u kabilarning suyak qoldiqlari qo‘lga kiritilgan bo‘lib, jami topilmalarning tahlili ibtidoiy jamoalarning turmush tarzi, davr tabiati, iqlimi, o‘simlik dunyosi, ekologiyasi kabi masalalarni oydinlashtirishda muhim manba hisoblanadi.

Omonqo‘ton sayyoh to‘da (guruh)lari ovchilik va terim-termachilik bilan tirikchilik qilishganlar. G‘orda taxminan 15-20 kishidan iborat to‘da ovchilar yashagan bo‘lib, ijtimoiy nuqtai nazardan ular qon-qarindosh kichik bir to‘dadan iborat bo‘lgan. Turmush tarzi kishilarning mehnat qurollarini doimiy takomillashtirish va tirikchilik o‘tkazish ularga to‘da bo‘lib birlashib yashashni taqozo qilardi. Bu omillar ularni tabiat xavfi va injiqliklaridan saqlab qoldi. Omonqo‘ton makoni rivojlangan o‘rta paleolit (mustye) davriga oid bo‘lib, tarixan sanalganda milloddan avvalgi 100-40 minginchi yillarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda, ko‘pchilik olimlarning fikriga qaraganda, punalua (o‘rtoqlik) oilasining tashkil topa boshlagan bo‘lsa-da, ammo qon-qarindoshlik tamoyil an’analari kuchli edi.

Jahon miqyosida yangi yondashuv asosida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, arxeologik jihatdan ilk va o‘rta paleolit davri ibtidioy to‘da davri hisoblanadi. Fan olamining xulosasiga ko‘ra, ular to “aqlli odam” (homa sapiens) holatiga kelgunigacha, ya’ni mil. avv. 40-35 ming yillikka qadar o‘zining tadrijiy shakllanish yo‘lini bosib o‘tgan. Ular eng oddiy tosh qurollardan va olovdan foydalanishni o‘rgandilar. Madaniyatning dastlabki kurtaklari vujudga keldi, ma’noli nutq paydo bo‘ldi. Inson peshma-pesh taraqqiyoti tufayli u biologik jihatdan takomillasha bordi va yuksak taraqqiy etgan, mehnat qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan odam darajasiga yetdi. Bu jarayonning barchasi avvalo mehnat va aql-zakovatning mahsuli edi. Demak, avvalo mehnat, so‘ngra so‘zlash – ikkita muhim sabab bo‘ldiki, bu sabablar ta’siri ostida eng ilk ajdodlarimizning miyasi sekin-asta aqlli odam miyasiga aylandi.

Ilk va o‘rta paleolitdan uning so‘nggi bosqichi o‘tish davrida tosh qurollarni yasashda, shuningdek, ovchilikda ancha yutuqlarga erishildi. Ibtidoiy to‘dadan so‘nggi paleolitga (40-12 ming yilliklar) ijtimoiy munosabatlar va odam qiyofasi ancha o‘zgardi va bu jarayon peshma-pesh taraqqiy etishi bilan xarakterlanadi.

Omonqo‘ton makonidan tashqari vohada kechgan bu davr tarixini yanada to‘laroq ifodalab beruvchi yodgorliklardan so‘nggi yillarda talayginasi topilib tekshirildi va serob manbalarga ega bo‘lindi. Takalisoy, Qo‘tirbuloq, Zirabuloq, Olmalisoy, Go‘rdara, Zirabuloq va boshqalar shular jumlasidandir.

Takalisoy g‘or makoni ham 1952 yilda D.Lev tomonidan topilib o‘rganilgan bo‘lib, u ham Omonqo‘ton makoniga yaqin joylashgan. Qazishmalar tufayli bir necha tosh qurollar, paraqa va uchrindilar, hamda to‘rtlamchi davr hayvon suyaklari topilgan. Tadqiqotchining fikricha, bu g‘or Omonqo‘tonga qaraganda sayyoh ovchilarning mavsumiy qo‘nim makoni bo‘lgan.

Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqotlar bunday makonlarning bu atrofda tanho emasligini ko‘rsatdi. Jumladan, Omonqo‘ton va Qoratepa tog‘larining shimoliy qiyalarida paleolit davriga tegishli yana bir necha joylardan inson izlari topilib o‘rganildi. Xususan, Go‘rdara va Olmabuloq makonlari shular jumlasidandir.

Go‘rdara g‘or makoni aslida A.Asqarov rahbarligidagi arxeologlar guruhi tomonidan 1966 yilda kashf qilingan bo‘lib, keyinchalik uni N.Toshkenboyev qazib o‘rgandi, natijada ma’dan qatlam bilan bog‘liq to‘rtlamchi davr faunasi va bir necha mehnat qurollari, jumladan, dag‘al paraqalar asosida ishlangan qirg‘ichsimon qurollar, ishlov berilgan turli shakl-shamoyilga ega uchrindilar, o‘zaklar topilgan bo‘lib, ular yasashda foydalanilgan texnik-texnologik uslub Omonqo‘ton, Qo‘tirbuloq makonlarinikiga yaqinligi kuzatilgan. Biroq yodgorlik tabiiy murakkablik tufayli to‘la o‘rganilgan emas. Olmabuloq makoni esa Sazag‘on qishlog‘ida joylashgan qadimgi chashma atrofida joylashgan bo‘lib, yodgorlik SamDU arxeologlari tomonidan 2004- yilda topilib, qisman o‘rganilgan. Natijada qo‘pol paraqadan ishlangan keskich, nayza tig‘i, ishlov berilgan uchrindilar, o‘zaklar topilgan bo‘lib, ularning yasalish shakl-shamoyillari rivojlangan o‘rta paleolit davrini eslatadi. Bu yerda tekshirish ishlarini davom ettirish nazarda tutilgan.

1970-1980 yillarda vohada keng ko‘lamda bajarilgan dala tadqiqotlar tufayli nafaqat tog‘ massivlari, shuningdek, voha tekisliklari ham mustye davri to‘dalari tomonidan o‘zlashtirilganligini ko‘rsatdi. Shulardan O‘zFA arxeologiya institutining O‘rta Zarafshon ekspeditsiyasi tomonidan 1971- yilda kashf qilingan Zirabuloq va Qo‘tirbuloq o‘rta paleolit davri makonlari vohaning eng qadimgi tarixini o‘rganish bo‘yicha boy manbalar berdi.

Zirabuloq makoni Zarafshon daryosining so‘l qirg‘og‘ida, Samarqanddan 100 km g‘arbda Ziyovuddin yassi tog‘i etagidagi qadimgi chashma atrofida joylashgan bo‘lib, dastlab uni o‘rganish ishlarini M.Jurakulov rahbarligidagi SamDU arxeologik guruhi boshlagan, keyinchalik arxeolog N.Toshkenboyev tomonidan to‘la qazib o‘rganildi. Dastlabki ishlar yer yuzidagi sochma tarzdagi tosh buyumlarni yig‘ishdan boshlangan bo‘lib, keyinchalik qazishma ishlar ham olib borildi va natijada 1000 nusxadan ziyod ishlangan tosh ashyolari topilib, uning tarkibida turli shakl-shamoyilga ega o‘zaklar, nayza tig‘lari, pichoqsimon qurollar, chopqilar, dag‘al paraqalarda ishlangan keskich qurollar, qirg‘ich va randasifat qurollar taqdim qilingan. Tosh ashyolar tarkibida so‘nggi paleolit davriga xos ayrim qurollarning, jumladan, ixcham ishlangan qirg‘ich va paraqalarning yasalish texnologiyasiga qaraganda, makonda o‘rta paleolitning so‘nggi fazalarida ovchi va termachi aholining bir to‘dasi yashagan. Ular chaqmoqtoshdan turli qurollar ishlab chiqishning ustamonlari bo‘lgan. Bu yodgorlik O‘rta Osiyoda o‘rganilgan o‘rta paleolit makonlari orasida manbaga juda serobligi bilan ajralib turadi. Aftidan, balki bizgacha saqlanmagan bo‘lsa-da, bu yerda bir to‘da ibtidoiy odamlar o‘zlarining kapalariga ega bo‘lishgan bo‘lib, uzoq yillar yashagan. Topilgan gulxan (o‘choq) izlari bundan guvohlik beradi. Hudud ozuqabop narsalarga serob bo‘lib, bu sharoit esa odamzod e’tiborini tortgan.

Qo‘tirbuloq makoni Zirabuloq makonidan uncha uzoq bo‘lmagan masofada, Charxin qishlog‘i yaqinida joylashgan. Yodgorlik N.Toshkenboyev tomonidan qazib o‘rganilgan. U 5 ma’dan qatlamdan iborat bo‘lib, ular arxeologik va paleontologik manbalarga boy ekanligini ko‘rsatdi. Masalan, faqat 3-4 ma’dan qatlamlarning har biridan 3 mingdan ziyod tosh ashyolar, o‘choq, gulxan izlari, olovda kuygan hayvonot dunyosi suyak qoldiqlari topilgan. Asosan, chaqmoqtosh va boshqa jinslardan ishlangan turli-tuman va shakl-shamoyilga ega qurollarning yasalish texnologiyasi bu yerda yashagan to‘da aholining o‘z davrida muayyan madaniyatga erishganligidan guvohlik beradi. Topilma hayvonot dunyosi qoldiqlari orasida ibtidoiy ot, buqa, qulon, fil, bug‘u kabilar asosiy o‘rinda turadi. Bu jonivorlar makon egalarining muhim ov obyektlari bo‘lgan. Ma’dan qatlamlardan, o‘choq qoldiqlari va boy hayvonot dunyosi topilmalari bu yerda kishilar guruhi uzoq davrlar yashaganligidan guvohlik beradi. Topilma mehnat qurollarining yasalish texnik usullari, hayvonot olami qoldiqlari, Teshiktosh, Omonqo‘ton makonlarini eslatadi. Aftidan, bu yerda rivojlangan o‘rta paleolit davri kishilarining bir to‘dasi makon qurib, uzoq yillar yashagan va qo‘ni-qo‘shni aholilar bilan o‘zaro madaniy aloqalar olib borgan.

Ibtidoiy to‘da, ya’ni o‘rta paleolit davriga oid odamzod izlari shahrimiz va vohaning turli joylarida ham qalamga olinib o‘rganilgan bo‘lsa-da, bu ashyolar joylarda alohida tekshiruv ishlarini olib borishni taqozo qiladi. Jumladan, o‘rta paleolit davrini eslatuvchi tosh ashyolar 1952 yilda Cho‘ponota balandligida, 1963 yilda qurilish ishlari davomida Dahbed ko‘chasidan yirik hajmdagi tosh qirg‘ich, 1969 yilda Registon maydonida olib borilgan qurilish ishlari vaqtida o‘zak va ishlov berilgan tosh uchrindilar, 1967-1970 yillarda Afrosiyob qazishmalari vaqtida topilgan 30 dan ziyod tosh ashyolar shular jumlasidan bo‘lib, ashyolar D.Lev, N.Toshkenboyevlar tomonidan yig‘ilgan va o‘rganilgan. Shunday ashyolar, jumladan, sun’iy tosh uchirmasi paleazoolog B.Botirov tomonidan 1965 yilda shahardan 4 km janubda Darg‘om kanali yoqasida, 1966 yilda arxeolog O.V.Obelchenko Ohalik atrofidagi qo‘rg‘onlarni tekshirish vaqtida topgan tosh o‘zak singari topilmalar ibtidoiy o‘rta paleolit guruhlari vohani muayyan tarzda o‘zlashtirib yashaganligidan guvohlik beradi.

Voha o‘rta paleoliti haqida xulosa tarzida shuni qayd etish lozimki, bu hududda yashagan aholilar mil. avv. 100-40 ming yilliklar davomida mehnat qurollarini doimiy takomillashtirish asosida muayyan ijtimoiy, madaniy taraqqiyotga erishganlar. Samarqand vohasida yashagan bu aholi o‘zga yurtlardan kelgan emas, balki tub mahalliy negizda tashkil topgan. Binobarin, O‘zbekiston diyori eng qadimgi ajdodlar maskanidir. Masalan, Farg‘onadagi Selung‘ur makoni manbalari 1 mln 300 ming yillar bilan sanalangan, Zarafshon havzasining pastki oqimlari hududida, xususan, Qizilqumning Ko‘k-Ayaz cho‘kmalari atrofidan topilgan tosh qurollar, ilk paleolit davriga, aynan shunday topilmalar Ko‘lbuloq qatlamlarida taqdim qilinganligi bundan guvohlik beradi. Bu dalil – manbalar voha o‘rta paleolit to‘dalarining mahalliy o‘tmishdoshlari vorislari bo‘lganligiga shubha qoldirmaydi.

Arxeologik ishlarning mutassil yo‘lga qo‘yilganligi tufayli Samarqand vohasida o‘rta paleolit davri kishilari vorislari bu diyorda uzluksiz yashab, o‘z davriga xos va mos madaniyat yaratganligi ma’lum bo‘ldi. Bu taraqqiyot davri so‘nggi paleolit bosqichi sifatida fanda o‘z o‘rniga ega bo‘lib, u o‘tmish tariximizning mil. avv. 40-12 ming yilliklarini o‘z ichiga oladi va zamonasiga nisbatan buyuk ijtimoiy, madaniy o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, mehnat vositalarini ishlab chiqish jarayoni avvalgi davrga nisbatan takomillashadi, hozirgi zamon aqlli odamlari to‘la shakllanadi, ona urug‘chilik tizimi tashkil topadi. Aslida tarixan birinchi ijtimoiy-iqtisodiy formasiya – ibtidoiy urug‘chilik jamoasi edi. U urug‘ jamoalarining paydo bo‘lishidan to birinchi sinfiy jamiyatning shakllanishiga qadar bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladi. Ibtidoiy to‘da davrida esa ishlab chiqarishning o‘zi bo‘lmagan. Xullas, bu davr odamzodning uzoq davom etgan tadrijiy shakllanish bosqichi bo‘lib, aslida ishlab chiqarishga o‘tish davri hisoblanadi. Ibtidoiy urug‘chlik davrida inson hayotida katta sifat o‘zgarishlari yuz berdi. Bu davrda dastlabki jamoa-jamoa bo‘lib yashash kurtagi paydo bo‘ldi. Bu kurtak urug‘ jamoasining tarkib topishiga asos solgan onalar atrofida yuz berdi. Shuning uchun ham urug‘chilik jamoasining bu ilk bosqichi – ona urug‘i – matriarxat deb ataldi. Urug‘chilikning dastlabki evolyutsion rivojlanish bosqichida ishlab chiqarish munosabatlari to‘laligicha urug‘ manfaatiga mos tushgan holda, jamoada esa ijtimoiy ishlab chiqarish hukmron edi. So‘nggi paleolit davrida yuzaga kelgan bu ijtimoiy hodisa doimiy tadrijiy rivojlanishda bo‘lib, so‘nggi paleolit davrida bu jarayon hamon ancha sust edi, ammo tosh asrining galdagi taraqqiyot bosqichida – mezo-neolit davrida esa gullab yashnadi.

Yuqorida zikr etilgan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotni ifodalab beruvchi manbalar vohada ko‘plab topilgan. Jumladan, Xo‘jamazgil, Siobcha, Samarqand so‘nggi paleolit makonlari hamda turli joylarda alohida topilgan bu davr ashyolari shular jumlasidandir.

Xo‘jamazgil makoni Bulung‘ur tumanining shu nom bilan yuritiladigan qishloq yaqinidagi chashma atrofida joylashgan bo‘lib, dastlab u 1969-yilda A.Asqarov rahbarligidagi arxeologik guruh tomonidan ochilgan edi. Keyinchalik esa N.Toshkenboyev tomonidan qazib o‘rganildi. Yer sathidagi sochma tosh ashyolardan tashqari 3 metr yotqiziqdan pastda buzilmagan ma’dan qatlam ochib o‘rganildi va u bilan bog‘liq turli shakl-shamoyildagi o‘zaklar, tosh qurollari va ishlov berilgan tosh parchalaridan iborat 200 dan ziyod ashyolar topildi hamda gulxan va tabiiy buyoq izlari kuzatilindi. Makon to‘la qazilib o‘rganilgan. Tadqiqotchining xulosasiga qaraganda gulxan va qizil buyoq izlari hamda tosh mehnat qurollarining yasalish texnik-texnologik xususiyatlari, ularning yuqori did bilan ishlangani, ayniqsa, vohadagi Samarqand, Siobcha makonlarini eslatadi. Makonda bir ona urug‘i jamoasi uzoq yillar qo‘nim topib yashaganlar va ular qo‘ni-qo‘shnichilik aloqalari olib borishganlar. Xullas, makondan topilgan arxeologik ashyolar, xususan, mehnat qurollari jamoaning turmush tarzi, madaniyati va turmushda erishgan yutuqlari haqida ma’lumot beradi.

Siobcha makoni Samarqand shahrining g‘arbiy qismidan o‘tadigan Chashma – Siob arig‘ining Siob daryosigacha tutashgan qirg‘og‘ida joylashgan bo‘lib, u 1969- yilda Afrosiyob ekspeditsiyasi ilmiy xodimi U.Alimov tomonidan topilgan edi va keyinchalik N.Toshkenboyev tomonidan tekshirildi. Aslida makonning bir qismi so‘nggi yillardagi qurilish ishlari tufayli qisman zarar ko‘rgan. Uning bir qismida 2,8-3 metr chuqurlikda saqlangan madaniy qatlam ochilib, so‘nggi paleolit davriga tegishli mehnat qurollari, jumladan, nayza tig‘lari, dag‘al kertuv bilan o‘tkirlangan randa, qirg‘ichsifat qurollar, chopqichlar, pichoqsifat qurollar, randalar, qirg‘ichlar va muayyan maqsadlar uchun qo‘llanilgan boshqa turdagi tosh uskunalar, shuningdek, o‘zaklar topilgan holda bu ashyolarni ishlab chiqishda qo‘llanilgan texnologik uslub Samarqand va Xo‘jamazgil makonlariga xosdir. Paleobotanik olimlarning ma’lumotlariga qaraganda bu hududlar juda qadimgi zamonlarda bo‘tazor va mahalliy xususiyatga ega o‘rmonzorlardan iborat bo‘lib, ozuqabop narsalaga, hayvonot olamiga serob voha bo‘lgan. Bundan keyingi yillarda olib borilgan dala tekshiruv ishlari Chashma – Siob o‘zani bo‘ylab yana bir necha joylarda so‘nggi paleolit davri jamoalari qo‘nim topib yashaganligi ma’lum bo‘ldi. Shulardan eng muhimlaridan biri Samarqand makonidir.

Samarqand makoni «Dinamo», «Komsomol ko‘li» nomlari bilan ham tarixga kirgan. Yuqorida uning ochilishi va to 1958 yilgacha o‘rganilmasdan qolgan sabablari haqida ma’lumot bergan edik. Makonni astoydil o‘rganish ishlari 1958-1973- yillarda avval arxeolog D.Lev va keyinchalik uning shogirdlari tomonidan bajarilgan. Bu yerda ish boshlagan D.Lev rahbarligidagi SamDU arxeologik guruhi ishiga avvalo O‘zFA arxeologiya instituti, shuningdek, Ya.G‘.G‘ulomov, V.A.Shishkin va I.M.Mo‘minovlar katta ilmiy yordam ko‘rsatishdilar.

Qazishmalar yordamida yodgorlik deyarli to‘la ravishda tekshirilib chiqilib, natijada makonning peshma-pesh rivojlanishini aks ettirgan 3 madaniy qatlamga ega ekanligi aniqlandi. Ulardan hammasi bo‘lib 10 mingga yaqin arxeologik ashyolar topildi. Topilmalarning yirik qismini turli shakl-shamoyilga ega mehnat qurollari hamda boy paleontologik manbalar tashkil qiladi. Mehnat qurollari tarkibida turli qo‘l chopqilari, nayza tig‘lari, qirg‘ichlar, randalar, chopqich qurollar, ishlov berilgan uchrindilardan yasalgan panasifat qurollar, keskich va teshgich uskunalar alohida o‘rinda turadi. Dag‘al o‘zaklardan tashqari ularning prizma shakldagilari ham uchraydi. Madaniy qatlamlar bilan bog‘liq o‘choq, gulxan hamda qizil tabiiy bo‘yoq, shuningdek, chaylasimon kulba izlari topildi. Bu makonda yashagan, ona urug‘i tizimi asosidagi jamoalar ovchilikni davriga mos ilg‘or yo‘lga qo‘yganlar. Ular buqa, ot, bug‘u, tuya, dala qo‘yi singari jonivorlarga ov qilishib, xo‘jalik yuritganlar. Tadqiqotchi D.Lev xulosalariga qaraganda, bu atrofda bir necha urug‘dosh jamoalar istiqomat qilib, ular o‘zlarining chaylasifat kulbalariga ega bo‘lgan. Har bir shunday kulbada bir ona urug‘iga tegishli jamoa yashagan. Bu jamoalar uzoq-yaqin jamoalar bilan madaniy qo‘shnichilik aloqalarini olib borgan. So‘nggi paleolit davrida odamzod muayyan ma’naviy madaniyatga erishgan. San’at yuzaga keladi. Bunday taraqqiyot namunalarini Samarqand makoni manbalarida ham kuzatish mumkin. Jumladan, suyakdan, dengiz chig‘anoqlaridan maxsus ishlangan taqinchoqlar topildi. Bunday chig‘anoqlarning asl joyi Hind ummoni va Qizil dengiz ko‘rfazlari hisoblanadi. Demakki, manbalar Samarqand makoni jamoalari nafaqat voha, shuningdek, uzoq masofada yashagan jamoalar bilan ham o‘zaro madaniy aloqalar o‘rnatganligidan guvohlik beradi. Makondan topilgan so‘nggi paleolit davriga oid odam suyaklarining topilishi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u O‘rta Osiyoda antropogenez masalalarini oydinlashtirishda ham muhim manbadir. Olimlarimizning tadqiqotlariga qaraganda so‘nggi paleolit odamlari yevropaliklarga o‘xshash irqiy qiyofada bo‘lgan. Xullas, Samarqand makoni Markaziy Osiyodagi etalon yodgorlik sifatida fanga kirdi.

Shunday qilib, Samarqand vohasida o‘rganilgan so‘nggi paleolit davri madaniyatining vujudga kelishi va shakllanishi avvalambor tub joyli ilk va o‘rta paleolit madaniyati negizida tashkil topganligini e’tirof qilish mumkin. Shuni qayd etish lozimki, Zarafshon vohasi paleolit madaniyati to‘g‘risida olimlarimiz xulosaviy fikrlar bildirib, uning Old Osiyo, Janubiy Osiyo, Sharqiy Osiyo, hatto Ovropa, xususan, Mo‘g‘ul-Sibir paleolitining ayrim o‘xshashlik xususiyatlari borligi haqida mulohazalar mavjud. Masalan,Sankt-Peterburglik taniqli arxeologlar akad. P.Yefimenko va prof.P.Boriskovskiylar Samarqand paleolit makoni manbalariga yuqori baho berib, uning Yaqin Sharq mamlakatlari eng qadimgi tarixini o‘rganishda ham muhim ahamiyat kasb etishi haqida, arxeolog D.Lev ham Samarqand paleolit makoni ashyolarining ayrim xususiyatlari Mo‘g‘ul-Sibir o‘lkalarida o‘rganilgan paleolit yodgorliklarida mavjudligini e’tirof qilgan holda, ibtidoiy jamoalar madaniyati mamlakatimiz janubidan sharqiy-shimoliy yo‘nalishlar bo‘ylab tarqalganligiga shama qilganligi fanda inkor qilinmaydi. Boz ustiga Samarqand makoni madaniyati Toshkent vohasidagi Obirahmat, Ohangaron vohasidagi Ko‘lbuloq makonlari madaniyatiga yaqinlik alomatlari borligi fanda isbotlangan. Shuni qayd etish lozimki, ibtidoiy davrda turli ma’qul ekologik burchaklar va vohalardayashagan jamoalar turmush tarzida madaniy aloqalar konvergensiya, divergensiya, diffuziya, innovatsiya jarayonlari asosida, vaqt va zamonda sodir bo‘lganligini e’tirof qilish lozim. Ammo bu jamoalar qanday sharoitda yashagan bo‘lmasin, o‘z madaniyatining avtoxtonligi, mahalliy xususiyat va an’analarini muayyan darajada saqlab, e’zozlab, ajdoddan avlodlarga yetkazgan. Galdagi uzluksiz taraqqiyot jarayonni Samarqand vohasi mezo-neolit davri madaniyatida ham ko‘rishimiz mumkin.

Mezolit. Keyingi 30 yil hamda mustaqillik yillarida olib borilgan arxeologik dala tadqiqot ishlari tufayli vohada so‘nggi paleolit davri jamoalari vorislariga tegishli qator mezo-neolit yodgorliklari topib tekshirildi va qiziqarli ilmiy natijalarga erishildi. Bu toifaga taalluqli yodgorliklarning katta bir guruhi Qoratepa tog‘ining shimoliy qiyalari bo‘ylab topilib tekshirildi va ko‘plab manbalar qo‘lga kiritildi. Shu vaqtga qadar Samarqand vohasi so‘nggi paleolit bilan jez davri oralig‘ida uzilish bo‘lib, mezo-neolit madaniyati noma’lum bo‘lib kelardi.

D.Lev rahbarligidagi SamDU arxeologik otryadi vohaning janubiy muzofotlari bo‘ylab keng ko‘lamda tadqiqot ishlari olib borib, natijada, bu bo‘shliq to‘ldirildi, keyinchalik uning izdoshlari tomonidan bu davrlarga tegishli ko‘plab yodgorliklar topilib tekshirildi va natijalari fanga kiritildi.

Aslida mezolit (o‘rta tosh) davri paleolitdan neolitga o‘tish davri bo‘lib, u mil. avv. 12-7 ming yillik o‘tmish tarixiy bosqichni o‘z ichiga oladi. Bu davrda tabiatda ham, inson hayotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Jumladan, yer ustining aksariyat qismini abadiy qoplab yotgan muzliklar chekinib, golosen davri boshlanib, o‘simlik va hayvonot dunyosi o‘zgarib, hozirgi zamon tabiiy sharoiti shakllanadi. Inson hayotida katta o‘zgarishlar sodir bo‘lib, u mehnat qurollarining takomillashuvi bilan bog‘liq edi. Bu davrda o‘q-yoyning kashf etilishi bilan yakka oila bo‘lib yashash imkoniyati tug‘ildi – ona urug‘doshlik tizimiga asoslangan jamoada ijtimoiy o‘zgarishlar yuz berib, yanada rivoj topdi. Toshni yangi usul bilan qayta ishlash tufayli ixcham mikrolit qurollar, o‘q-yoy, pichoq, qirg‘ich, bolta singari asboblarning paydo bo‘lishi bilan va ularning yordamida kishilar yakka holda ov qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi, iste’mol mahsulot unumdorligi oshdi. Hayvonlarning xonakilashtirilishi, xullas, mahsulot ishlab chiqarishning ilk kurtaklari yuzaga keldi. Aynan shunday manzara va jarayonni vohamiz mezolit yodgorliklarini o‘rganish tufayli tiklash mumkin bo‘ldi. Jumladan, Qoratepa tog‘i shimoliy qiyalarida joylashgan Sazag‘on qishlog‘i atrofida o‘rganilgan mezolit makoni Sazag‘on-1 nomi bilan ma’lum. Qoratepa va Urgut tog‘lari shimoliy yon bag‘irlarida aynan shunday yodgorliklardan bir nechasi topilib, o‘rganildi. Shulardan arxeologlar R.Xudoyberdiyev va T.Grechkinalar qazib o‘rgangan Zaminchatosh, Ohalik g‘or makonlari bu davr voha tarixi bo‘yicha qiziqarli manbalar berdi. Masalan, Zaminchatosh g‘ori qazilib tekshirilganda 2 ta madaniy qatlamdan, yuqorida aytilganidek, turli-tuman va shakl-shamoyilga ega qurollar va golosen davri hayvonot dunyosi qoldiqlari topildi. Samarqand vohasi mezolit madaniyati, olimlarimizning xulosalariga qaraganda, voha so‘nggi paleolit davri madaniyati merosxo‘rlari edi. Ular qizg‘in o‘zaro qo‘shnichilik aloqalar olib borgan.

Neolit. Universitet arxeologlari tomonidan olib borilgan arxeologik tadqiqotlar vohada mezolitdan keyin madaniy hayotda uzilish bo‘lmaganligi, xususan, vohaning janubiy hududlarida o‘nlab neolit davri makon-u manzilgohlarining topilib tadqiq qilinishi, bu taraqqiyot jarayonini manbalar asosida isbotlab berdi.

Aslida neolit (yangi tosh) tosh asrining oxirgi bosqichi bo‘lib, mil. avv. 6-4 ming yilliklarni o‘z ichiga oladi. Bu davrda odamzodning turmushida muhim o‘zgarishlar yuz berib, u mehnat qurollarining takomillashuvi, yangi qurollarning kashf qilinishi, ishlab chiqaruvchi xo‘jalikka asos solinishi, kulolchilik va oddiy to‘qimachilikning kashf qilinishi kabi tadrijiy jarayon bilan bog‘liq edi.

Bu davrning yana muhim xususiyatlaridan biri chaqmoqtoshdan mayda va yirik maxsus (o‘q-yoy, nayza paykonlari, parma, pona, arra, o‘roq, bolta, randa) qurol va asboblar yasalib, tosh qurollar yasash texnologik uslubiyati takomillashdi. Silliqlash, parmalash yo‘llari bilan qurollar yasaldi. Ip yigirish, to‘qimachilik kashf qilindi, ibtidoiy san’at rivojlandi, loy guvalasidan kulbalar qurish ixtiro qilindi, sopol idishlar ishlab chiqarish kashf qilindi. Bu davrda ona urug‘doshlik jamoasi tizimi gullab yashnadi. Ziroatchilik va xonaki chorvachilik yuzaga kelib, mahsulot ishlab chiqarishga o‘tildi. Shu kabi va turmush, madaniy xo‘jalikdagi o‘zgarishlarning yuz berishini sivilizasiyaning kurtaklaridan bo‘lib, olimlar bu ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy taraqqiyot majmuasini fanda “Neolit inqilobi” deb atashadilar.

Samarqand vohasida sodir bo‘lgan bu davr taraqqiyotini universitet tomonidan o‘rganilgan qator joyli neolit yodgorliklari zamirida ham ko‘rish mumkin. Samarqand vohasida neolit davriga tegishli dastlabki makon o‘tgan asrning 60-yillarida Qoratepa tog‘i soylaridan biri bo‘lgan Sazag‘onsoyda shu nom bilan ataluvchi qishloqning yuqori qismida joylashgan. Makonni D.Lev va O.Ibragimovlar topgan edi, qaysiki, u Sazag‘on-2 nomi bilan ma’lum. So‘nggi yillar davomida Ohalik va Qoratepa tog‘lari shimoliy yon bag‘irlaridagi daralar qayirlaridan 30 dan ziyod ochiq va g‘or tarzidagi makonlar topilib, ularning bir nechasida arxeolog N.Xolmatov qazishma ishlarini bajardi va natijada 12 mingdan ziyod turli tosh ashyolar qo‘lga kiritildi. Dala kuzatuv harakatlari shu manzarani ko‘rsatdiki, ibtidoiy jamoalar nafaqat pastqam, serunum, sersuv daralar qayirlarida, shuningdek,bu tog‘larning eng baland joylarini ham o‘zlashtirganliklari ma’lum bo‘ldi. Arxeolog N.Xolmatov o‘zining ko‘p yillik qazishma ishlarini, odatda Jangal-1, 2, Tepaqul-2, 3, 4, 5, Qayrag‘och va Lobar, Qorakamar, Annakamar, Kichik Quruqsoy-1, Qorakamar-2, Kamar Quduqsoy, Ochil g‘ori tipidagi g‘or makonlarda olib bordi. Bu yodgorliklar universitet tarixchi talabalarining arxeologiyadan amaliyot o‘tashning haqiqiy dala laboratoriyasiga aylandi. Bu yodgorliklar orasida Jangal, Tepaqul va Ochil g‘or makoni, ayniqsa, ma’dan qatlamlari bilan bog‘liq boy manbalar berdi. Agar biz bu yodgorliklardan topilgan ashyoviy manbalarni, ayniqsa, ishlab chiqilgan mehnat qurollarida foydalanilgan texnik-texnologik uslublar tahlili haqida xulosa bildirsak, Samarqand vohasi neoliti o‘ziga xosligi bilan, xususan, mehnat qurollarining did bilan ishlab chiqilishi, ularning odatda paraqalar asosida yasalishi, so‘nggi xususiyatlari paleolit an’analarining mavjudligi va boshqalar xarakterlidir. Shu va boshqa xarakterli xususiyatlar tahlil qilingan holda, Qoratepa tog‘i yon bag‘irlarida o‘rganilgan 30 dan ko‘proq makonlar madaniyat majmuasi “Sazag‘on madaniyati” nomi bilan fanga kirdi. Analitik tahlillar bu muzofotda yashagan ajdodlarimiz vohaning so‘nggi paleolit davri madaniyati davomchilari – merosxo‘rlari ekanligidan guvohlik beradi. Arxeolog R.A.Xudoyberdiyev tomonidan o‘rganilgan Ohalik makoni ham tosh ashyolarining tipologiyasiga qaraganda uni zikr etilgan madaniyat majmuasiga kiritish mumkin.

Xullas, Qoratepa tog‘i shimoliy yon bag‘irlari neolit davrida muhim ekologik burchak bo‘lib, bu jamoalar vohada birinchi bo‘lib, oddiy dehqonchilik, xonaki chorvachilikni kashf qilishib, mahsulot ishlab chiqarish jarayoniga o‘tganlar. Bu buyuk hodisa ilk sivilizasiyaning kurtaklaridan edi.

Topilgan ashyolar tarkibida tosh o‘roq tig‘lari, g‘allani ezadigan yorg‘uchoqlar, xavanchalar, silliqlangan tosh boltalar, o‘q-yoy va paykonlar, igna, bigiz, nayza tig‘i, pichoq, toshdan yasalgan munchoqlar, naqshlangan sopol idishlar va boshqalar, hayvonot olamidan qoramol, qo‘y, echki, it kabi jonivorlarning suyak qoldiqlari serob tarzda taqdim qilingan. Bu jamoalarningyordamchi xo‘jaligi, ovchilik va terimchilik hali o‘z kuchini yo‘qotmagan edi.

Qazishmalar davomida (Tepaqul) madaniy qatlamlar bilan bog‘liq o‘choq qoldiqlari, kulbalarning poydevori uchun foydalanilgan xarsang toshlar kuzatildi. Bu faktorlar bu yerda yashagan ona urug‘dosh oilalarga tegishli kulbalar qoldig‘idan guvohlik beradi. Neolit davrida daraxt cho‘plaridan tiklangan kulbalar o‘rniga loy guvalasidan xonalar qurib yashashga o‘tish muhim madaniy yutuq bo‘lib, bu manzara sivilizasiyaning ilk va muhim omillaridan edi. Arxeologik manbalarning tahlillari voha neolit jamoalarining Farg‘ona vodiysi, Hisor va Quyi Zarafshon havzasi neolit jamoalari bilan muayyan o‘zaro madaniy aloqalarda bo‘lganligini ko‘rsatdi. Xullas, vohada tashkil topgan neolit davri jamoalari madaniyati o‘z davriga mos va xos yuksak bo‘lib, u mahalliy paleolit jamoalarining vorisi va meroxo‘ri davomi edi.

Neolit davridan keyin insoniyat eneolit (mis-tosh) davrini boshidan kechirgan. Bu davr O‘rta Osiyo sharoitida mil. avv. IV-III ming yilliklarni o‘z ichiga olib, neolitdan jez davriga o‘tish bosqichi hisoblanadi va dastlab metallni kashf qilinishi bilan mashhurdir. Zarafshon havzasining yuqori va quyi oqimi vohalarida bu davrga tegishli talaygina makonu manzilgohlar topib tekshirilgan. Biroq Samarqand vohasida bu davr tarixi hozircha o‘rganilgan emas. Vaqti kelib ikkala davr oralig‘idagi bo‘g‘inni to‘ldiruvchi yodgorliklar topiladi, deb umid qilish mumkin.

Jez davri. Vohada galdagi tarixiy taraqqiyot bosqichi – bronza (jez) davrida (mil. avv. II-I ming yillik) ibtidoiy jamoalar turmushida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Aniqsa, metallning kashf qilinishi va uning ishlab chiqarishda qo‘llanilishi butun insoniyat jamiyati ijtimoiy, iqtisodiy tuzumini larzaga keltirdi. Mil. avv. III ming yillik oxiri – II ming yillik boshlarida mahalliy ustalar miss, qalay, rux manbalarini qorishtirib jezni kashf qildilar va undan turli keskir qurol-yarog‘lar, ro‘zg‘or buyumlaridan tashqari kosmetika buyumlari, naqshdor muhrlar, san’at namunalari, ma’budalar yasala boshlandi. Sug‘orma o‘troq dehqonchilik va yaylov chorvachiligi rivojlandi. Transport vositalari – aravalar kashf qilindi, yerga metall omochlar bilan ishlov berish takomillashdi, buning uchun yirik hayvonlar kuchidan foydalanildi. Suv inshootlari yuzaga keldi – kanal va ariqlar qazildi. Me’morchilik rivojlandi, monumental binolar barpo etildi. Bu hodisalar mehnat unumdorligini keskin oshirishga olib keldi va oqibatda xo‘jalikning yaylov chorvachiligiga, dehqonchilik va hunarmandchilikka asoslangan ishlab chiqarish shakli qaror topdi. Kulolchilik va metallurgiya rivojlandi. Sopol buyumlarni charxda yasash, ma’danni maxsus quralarda eritib qo‘yish, to‘qimachilik texnologiyalari joriy qilindi. Bu o‘zgarishlardan hunarmandchilikni rivojlantirish asosidagi yirik mehnat taqsimotlari ro‘y berdi. Zarafshon havzasida ham bunday rivojlanish sodir bo‘ldi. Ishlab chiqarish bilan bog‘liq yirik aholi punktlari – qishloqlar, shahar tipidagi qishloqlar, ular negizida ilk shaharlar shakllana boshlandi. Ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotda, davriga xos tub o‘zgarishlar yuz berdi. Iste’moldan tashqari ishlab chiqilgan mahsulot – boylik bir guruh aristokrat kohinlar (oqsuyaklar) qo‘lida to‘plana bordi, xususiy mulkchilik tashkil topdi. Darhaqiqat, bu hodisalar ibtidoiy jamiyat tuzumining shiddat bilan yemirilishiga olib keldi, qabilalar o‘rtasida dastlabki sinfiy jamiyatni vujudga keltirdi. Olimlarimizning ko‘p yillik tadqiqotlari tufayli mamlakatimiz hududida kamida bundan 3,5 ming yil avval shaharlashish jarayoni bilan bog‘liq dastlabki davlat tuzilmalari tashkil topganligi isbotlandi. Zarafshon vohasi ham bu jarayondan mustasno emas edi. Karnap, Muruntov cho‘llari, Ingichka tog‘lari va vohaning boshqa joylaridan ushbu davrga oid qadimgi ma’dan konlarining topilishi, bu mintaqalarda tashkil topgan shaharlar va davlatchilikningiqtisodiy negizlari kuchli bo‘lganligidan guvohlik beradi. Binobarin, metallurgiya – sivilizasiyaning iqtisodiy bazasi bo‘lib xizmat qildi.

To‘g‘ri, Samarqand vohasida Farg‘onadagi Cho‘st, Xorazmdagi Tozabog‘yob, Amirobod va boshqalar, Quyi va Yuqori Zarafshon vohasidagi Zomonbobo va Sarazm madaniyati singari ko‘p madaniy qatlamlarga ega yirik yodgorliklar, hozircha topilib tekshirilmagan bo‘lsa-da, ammo bu mintaqada jez davriga tegishli ko‘pgina yodgorliklar topilib o‘rganildi va serob manbalar to‘plandi, qaysiki, ular voha jez davri madaniyat tarixini muayyan tarzda ifodalab berishga xizmat qiladi.

Aslida bu atrofda yashagan jamoalar Sazag‘on neolit davri qabilalarining merosxo‘rlari edi. Voha jez davri madaniyat tarixini o‘rganishda (1970-2005) A.Asqarov, D.Lev va N.Avanesovalarning munosib hissalari bor. Darhaqiqat, 1960-2005 yillarda olib borilgan tadqiqot ishlari natijasida Mo‘minobod, Chakka, Soyg‘us, Jom, Siob, To‘qayli singari va qishloqlar qoldiqlari topilib o‘rganildi. Natijada vohada yashagan jamoalarning xo‘jalik madaniyati tarixi haqida guvohlik beruvchi qiziqarli manbalar qo‘lga kiritildi. Bular orasida, ayniqsa, Mo‘minobod qabristoni qiziqarli manbalar berdi. Yodgorlik Urgut tog‘i daralaridan biridagi Mo‘minobod qishlog‘i atrofida joylashgan bo‘lib, uni dastlab D.Lev va keyinchalik A.Asqarov hamda N.Avanesovalar tekshirib o‘rgandilar. Asosan, yakka tarzda dafn qilingan 6 ta qabr o‘rganilgan bo‘lib, ular ayollarga tegishli edi. Marhumalar bukchaytirib, bosh tomoni g‘arbga qaratib dafn qilingan holda, ular bilan birga sopol idishlar, ayniqsa, mo‘l zeb-ziynat buyumlari qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu topilmalar tarkibida jez oyna, kumush siri berilgan son-sanoqsiz munchoqlar, oltin suvi bilan ishlangan isirg‘alar, uzuklar, bilaguzuklar, shuningdek, qabrlarning biridan suyakdan yasalgan sibizg‘a (nay) topilgan bo‘lib, bu manzara vohada yashagan jamoalarning yuksak zargarlik san’ati madaniyatidan, shuningdek, musiqa san’atining naqadar qadimgi davrga borib taqalishidan guvohlik beradi. Xullas, bu ashyolarning o‘rganilishi tufayli vohada yashagan qadimgi chorvador va dehqon qabilalarning turmush tarzi, ma’naviy dunyosi, tashqi kiyim-bosh qiyofasi kabi masalalarni oydinlashtirishda muhim manba hisoblanadi. Yodgorlik mil. avv. XIV-XIII asrlarga oid ekanligi aniqlandi. Mo‘minoboddan topilgan sopol idishlar, shuningdek, vohaning boshqa joylarida o‘rganilgan yodgorliklarda topilgan shu kabi sopol idishlarning yasalish shakl-shamoyillari Shimoliy Qozog‘istonda yashagan chorvador «andronova» madaniyatli qabilalarnikiga o‘xshashligi e’tirof qilinmoqda.

Urgut tumaniga qarashli Soyg‘us qishlog‘i yaqinidan N.Avanesova jez davriga tegishli qabrni o‘rgandi. Qabrdan o‘ng biqiniga yotqizib dafn qilingan ayol qoldig‘i bilan birga andronova tipidagi sopol idish, shuningdek, serob zeb-ziynat buyumlari – munchoqlar, bilaguzuklar, qachov, juvoldiz singari ashyolar topildi. Soyg‘us qabri ham mil. avv. 2 ming yillik 1-yarmiga doir jamoalarga mansubdir. Topilma ashyolarning tipologiyasi muzofotda yashagan chorvador – dehqon jamoalari turmush tarzi va madaniyatini o‘rganishda muhim manba sanaladi.

1986- yilda N.Avanesova “Samarqand” davlat xo‘jaligi hududida joylashgan To‘qayli qishlog‘i atrofida jez davriga mansub makon qoldig‘ini qazib o‘rgandi. Makon daryo qirg‘og‘ida joylashganligi sababli uning bir qismi jarlikka nuraganligi aniqlandi. Saqlangan madaniy qatlamning qalinligi 04-07 metr. Yodgorlikning 216 metr kv maydoni qazib tekshirildi. Natijada to‘rtburchak shakldagi yarim yerto‘la qoldig‘i topilib, uning poli va devori loy bilan suvalganligi aniqlandi. Bundan tashqari makon topilmalari tarkibida toshdan ishlangan o‘q-yoy uchlari, tosh bolta siniqlari, o‘sha zamon hayvon suyaklari, gurzilarning sop uchlari, jezdan ishlangan ba’zi bezaklar, chig‘anoqlar, hayvon tishlari, sopol, lojuvard va gipsdan yasalgan munchoqlar, sopol idishlarni silliqlab sayqal beradigan asboblar mavjud. Eng muhimi, makon-qishloqning bir chekkasida ma’dan, ya’ni metall rudasini eritadigan, diametri 40 sm, chuqurligi 60 sm doira shaklidagi qo‘ra qoldig‘i topilgan. U maxsus pechga o‘rnatilgan holda undagi ko‘mir kuli qoldig‘i qalinligi 30 sm gacha boradi. Qo‘ra atrofida qariyb 32 kv metr maydonda ko‘plab mis toshqalari (shlak), oksidlangan ruda qoldiqlari, ko‘mirga aylangan yog‘och bo‘laklari, sopol parchalari eritib tozalangan metalni quyish terrakota qoliplari, bolg‘acha, o‘g‘ir va uning dastasi, ma’danli maydalash uchun foydalanilgan granit tosh sandallar, shuningdek, rudani maydalaydigan, ezadigan boshqa qurollar topildi. Bu topilmalarning analitik tahlili bu yerda mil. avv. II minginchi yillarga doir metallurgiya jamoasiga tegishli hunarmandlar qishlog‘i bo‘lganligidan guvohlik beradi.

Vohaning Nurobod tumaniga qarashli Jom qishlog‘i atrofida shu davrga doir yana bir yodgorlik topilib, u qadimgi qabristondan iborat. Ammo turli davrlarda yerdan foydalanish maqsadida u buzilib ketgan. Faqat saqlangan 4 ta qabr qazib tekshirildi. Ularning uchtasi mil. avv. XVI asrga, ya’ni Sopolli madaniyatiga, bittasi esa jez davrining Andronova madaniyatiga mansubligi aniqlandi. Qabrlardan dafn bilan bog‘liq sopol idishlar, jezdan yasalgan pardoz-andoz buyumlari, jumladan, to‘g‘nog‘ich, dastali, aylana shakldagi oyna, dastasiz oyna hamda munchoq-taqinchoqlar topildi. Jom qishlog‘i yassitog‘ darasining shimoliy-sharqiy tomonidagi keng soyni egallab yotgan maskan bo‘lib, uning bir necha joylaridan, jumladan, Jom, Galasherik, Sigirtepa, Beshbuloq, Qorazov, Qoratepa nomlari bilan yuritiladigan joylaridan ham jez davri ashyolari topilgan. Bunday zeb-ziynat buyumlari yodgorlik buzilganda ayrim kishilar qo‘liga ham tushgan bo‘lib, ularning ham muayyan qismi yig‘ib olindi va kolleksiyaga kiritildi. Xullas, bu yodgorlik va qishloq ahlidan to‘plangan ashyolar ham chorvador – dehqon ajdodlarimizning madaniyat tarixini o‘rganishda muhim manba sifatida N.Avanesova tomonidan o‘rganildi va fanga kiritilindi.

Qiziqarli yodgorliklardan biri Chakka qabristoni hisoblanadi. U 1975- yilda Samarqand shahridan 9 km g‘arbda Zarafshon daryosining so‘l qirg‘og‘idagi Chakka qishlog‘i atrofida joylashgan bo‘lib, uni o‘rganish ishlari dastlab 1975 va 1977 yillari arxeolog Ya.K.Krikis boshlab bergan edi. Bu yerda 4 ta yakka holatda dafn qilingan ayollar qabri tekshirilib, jasadlarning yuz tomoni janubga, boshi shimoliy-sharqqa qaratilinib, chap biqiniga yotqizilinib, oyoq-qo‘llari bukilgan, g‘o‘janak holatda dafn qilinganligi aniqlandi. Qabrlardan topilgan sopol idishlar ancha dag‘al yasalgan. Ularning aksariyati tuxumsimon shaklda bo‘lib, sirti qiya, aylana chiziqlar bilan naqshlangan. Umuman, idishlar mil. avv. II ming yillikda kirib kelgan andronova qabilalariga xos. Qabrlarning ayrimlarida (№2) jezdan yasalgan bilaguzuklar, oltin suvi berilgan spiralsimon jevaklar, 40 tagacha jezdan yasalgan mayda munchoqlar topilgan bo‘lib, bu buyumlar yuksak did, zargarlik san’ati asosida ishlangan. Uchinchi qabrdan naqshlangan sopol idishlar bilan birga taqinchoq-munchoqlardan tashqari oltin qalami bilan bir yarim marta o‘ralgan 6 dona spiralsimon shokila topilgan. Munchoqlarning ayrimlari nafaqat jezdan, shuningdek, xolsedon, lojuvard toshlaridan ham yasalgan. Umuman, Chakka qabrlaridan topilgan ashyolar mil. avv. XIV-XIII asrlarda vohada yashagan ajdodlarimizning ma’naviy dunyosi va yuksak zargarlik san’atidan guvohlik beradi. Shuningdek, bu topilmalar Samarqand atrofida yashagan qadimgi ajdodlarimizning urf-odatlari, an’analari, diniy qarashlari, ularning o‘ziga xos rivojlanish jarayoni haqida qimmatli ma’lumotlar berdi. Xullas, bu topildiq ashyolar voha aholisi ma’naviy va xo‘jalik turmushini o‘rganishda qiziqarli manba hisoblanadi.

Siob qabri O‘rta Osiyodagi ilk Andronova madaniyatini eslatuvchi yodgorliklardan biri sifatida qayd qilingan. Qabr Samarqand shahri chegarasida, Siob daryochasining so‘l qirg‘og‘ida qadimgi Afrosiyob shaharchasi sharqiy darvozasidan bir necha metr narida joylashgan bo‘lib, 1977 yilda qurilish ishlari paytida topilgan va N.Avanesova tomonidan o‘rganilgan. Qabr 1,75x1,55 metr hajmida bo‘lib, ayol kishiga tegishli, uning bosh qismi esa shimoliy-g‘arb tomonga qaratilgan, g‘o‘janak holatda dafn qilingan. Odam qoldig‘i bilan birga jezdan yasalgan shokila-cho‘lpi, har xil zeb-ziynat bezaklari – taqinchoqlar, munchoqlar, feruza, lojuvard toshidan ishlangan marjonlar hamda naqshlangan sopol idishlar topilgan. Siob qabridan topilgan ashyolarning shakl-shamoyillariga qaraganda, bu ashyolar mil. avv. XIX-XVIII asrlarga tegishlidir. Bu manzara qabr yagona bo‘lmaganligi, balki bu yerda chorvador-dehqonlarning o‘troq qishlog‘i bo‘lib, turli davrlardagi yer ishlari tufayli makon va qabrlar buzilib ketgan bo‘lishi mumkin. Chunonchi, qabrlarning mavjudligi qishloq bilan bog‘liq jarayon. Muhim xulosalardan biri shuki, Samarqand shahri vujudga kelishidan ancha avval bu atrofda qadimgi qishloq bo‘lib, keyinchalik uning negizida markaz qishloqlardan biri tarkib topgan bo‘lishiga shubha qilmasa ham bo‘ladi. Sababi, qabriston bor joyda, albatta, qishloq bo‘lgan. Kichik ovullar birlashmasi negizida qishloqlar tashkil topgan, bu yerda mavjud bo‘lgan qishloq ham shu bosqichni o‘tagan bo‘lishi mumkin. Jez asrining so‘nggi bosqichlariga kelib, bu qishloq vohadagi markaz qishloqqa aylangan va uning negizida Samarqand shahrining ilk ildizlari shakllana borgan bo‘lishi mumkin degan ilmiy farazga olib keladi.

Shu masalani qayd etish lozimki, O‘rta Osiyoning dasht o‘lkalari, shuningdek, butun Zarafshon havzasi, jumladan, Samarqand vohasida o‘rganilgan aksariyat jez davri yodgorliklarida andronova madaniyati izlari kuzatilinadi. Bu jarayon O‘raldan Sibirgacha cho‘zilib yotgan Qozog‘iston dashtlari bo‘ylab yashagan chorvador qabilalarning bir qismi mil. avv. II minginchi yillikning 2-yarmida serunum yaylovlar va ma’qul ekologik burchaklar izlab bu muzofotlarga kirib kelganligi va asrlar osha ular mahalliy aholi tarkibiga singib ketganligidan guvohlik beradi.

Yuqorida ma’lumot berilgan Samarqand vohasi tarixining jez davriga doir asosiy yodgorliklardan tashqari, vohaning turli joylaridan, turli kasb egalari tomonidan yillar davomida to‘plangan yakka tarzdagi manbalar ham mavjud bo‘lib, ularni ilmiy-analitik tahlil qilish, shuningdek, vohada bu borada arxeologik tadqiqot ishlarini jadallashtirish ishlari oldindagi vazifalardandir. Samarqand vohasi ham umumiy tarixiy taraqqiyotdan chetga ajralib qolmagan va yuqorida zikr etilgan jez davriga xos rivojlanish dinamikasini boshdan kechirgan, albatta. Masala endilikda bu davrga tegishli va xarakterli yodgorliklarni izlab topish va tadqiq qilishdadir.

Darhaqiqat, 1955-1990 yillarda Samarqand vohasi bilan tutash muzofotlarda, jumladan, Zarafshon havzasining quyi va yuqori vohalarida eneolit va jez davrlariga doir qiziqarli qator yodgorliklar kashf qilinib, o‘rganildi. Shulardan Gudjayli sohillaridan 12 ta makon qoldiqlari, Qizilqir va Zomonbobo qabristoni, Panjikent shahriga yaqin joyda joylashgan Sarazm qadimgi qishlog‘i, bu shahardan 50 km sharqda, daryoning so‘l qirg‘og‘idagi Dashti-Qozi qabristoni singari yodgorliklar bu davr tarixi yuzasidan boy va qiziqarli manbalar berdi. Bu yerda yashagan qabilalar o‘zaro iqtisodiy va madaniy aloqalar o‘rnatgan.


Download 0,92 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7   8




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2022
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa
davlat universiteti
ta’lim vazirligi
axborot texnologiyalari
maxsus ta’lim
zbekiston respublikasi
guruh talabasi
O’zbekiston respublikasi
nomidagi toshkent
o’rta maxsus
davlat pedagogika
texnologiyalari universiteti
toshkent axborot
xorazmiy nomidagi
rivojlantirish vazirligi
pedagogika instituti
Ўзбекистон республикаси
tashkil etish
haqida tushuncha
таълим вазирлиги
vazirligi muhammad
O'zbekiston respublikasi
toshkent davlat
махсус таълим
respublikasi axborot
kommunikatsiyalarini rivojlantirish
vazirligi toshkent
saqlash vazirligi
fanidan tayyorlagan
bilan ishlash
Toshkent davlat
sog'liqni saqlash
uzbekistan coronavirus
respublikasi sog'liqni
coronavirus covid
koronavirus covid
vazirligi koronavirus
qarshi emlanganlik
risida sertifikat
covid vaccination
sertifikat ministry
vaccination certificate
Ishdan maqsad
fanidan mustaqil
matematika fakulteti
o’rta ta’lim
haqida umumiy
fanlar fakulteti
pedagogika universiteti
ishlab chiqarish
moliya instituti
fanining predmeti