Назорат ва муҳокама учун саволлар
Макроиқтисодий барқарорликни таъминлашда бизнеснинг ўрнини қандай таърифлаш мумкин?
Кичик ва ўрта бизнесни ривожлантириш чора-тадбирлари нималардан иборат?
Маҳаллий хом ашё ресурсларини қайта ишлаш йўллари нималардан иборат?
Кичик ва ўрта бизнесни ривожлантириш қандай истиқболга эга?
Milliy iqtisodiyotning Markaziy Osiyo mustaqil davlatlari transformatsiyasi
Xorijiy davlatlar, xalqaro ekspertlar Markaziy Osiyo davlatlarining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlari faollashganini Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston prezidenti sifatida ish boshlagan davr bilan bog‘lashadi. Bu jarayonda O‘zbekiston yetakchisining amaliy harakatlari va tashabbuslari muhim ahamiyat kasb etayotgani e’tirof etiladi.
Darhaqiqat, davlatimiz rahbarining qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida yuritayotgan tashqi siyosati, avvalo, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minladi. Bu, o‘z navbatida, O‘zbekiston, shuningdek, mintaqamizning investitsion jozibadorligiga yo‘l ochdi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga so‘nggi murojaatnomasining tashqi siyosat bo‘limida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Davlat yetakchisi tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlari bilan ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va o‘zaro ishonch ruhidagi aloqalarimizni yanada mustahkamlash alohida e’tiborda bo‘lishini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro instituti tashkil etilib, joriy yil 15−16 iyul kunlari poytaxtimizda «Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston prezidentining Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlarining yillik maslahat uchrashuvlarini tashkil etish tashabbusi ham mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Birinchi shunday uchrashuv 2018 yili Nursultonda, ikkinchisi 2019 yili Toshkentda o‘tkazilgan bo‘lsa, uchinchisi pandemiya sabab 2021 yilga qoldirilgan.
Shunisi ahamiyatliki, davlatimiz rahbari ilk xorijiy tashriflarini 2017 yilning mart oyida Markaziy Osiyo davlatlaridan boshladi: avval Turkmaniston va Qozog‘iston, so‘ng Qirg‘iziston va Tojikistongatashriflar amalga oshirildi. Ushbu tashriflar chog‘ida biznes forumlar o‘tkazilib, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo bitimlarning salmoqli paketlari imzolandi. Bu esa O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo-sotiq, kooperatsion aloqalarni rivojlantirishga xizmat qildi. Bundan tashqari, qo‘shni davlatlarning O‘zbekiston bilan chegaradosh hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va mintaqaviy iqtisodiy forumlar o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining O‘zbekistonga javob tashriflari esa ko‘p tomonlama hamkorlik poydevorini yanada mustahkamladi hamda iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirdi.
Birgina 2021 yilning mart oyida Qirg‘iziston rahbari O‘zbekistonga, shu yil iyun oyida esa mamlakatimiz rahbari Tojikistonga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar chog‘ida sanoat kooperatsiyasi yo‘li bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yirik investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish va qo‘shma ishlab chiqarish obyektlarini yaratish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Xususan, keyingi yillarda Qirg‘iziston va Tojikiston bilan o‘zaro tovar aylanmani ikki baravar ko‘paytirish maqsadlari qo‘yilib, O‘zbekistonda suv ta’minotini sezilarli darajada yaxshilaydigan gidroenergetika loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Mahsulotlarimizni Markaziy Osiyo bozorlarida targ‘ib qilish maqsadida qo‘shni davlatlarda O‘zbekiston savdo uylari ochila boshladi.
Shu tariqa O‘zbekistonning qo‘shni davlatlar bilan yaxshi qo‘shnilik, do‘stona, o‘zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlash siyosati savdo-iqtisodiy, kooperatsiya, investitsiyaviy hamkorlikni, shuningdek, mintaqa mamlakatlari o‘rtasida transport logistikasi sohasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli zamin yaratdi.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan 2016 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan savdo aylanmasi 2 barobardan ziyod oshib, 2,5 milliard dollardan 5,2 milliard dollargacha o‘sdi. O‘sish ko‘rsatkichi Qozog‘iston bilan — 1,8, Qirg‘iziston bilan — 5, Turkmaniston bilan — 2,7 va Tojikiston bilan — 2,4 barobarni tashkil etdi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan umumiy savdo aylanmasidagi ulushi hajmi ham 10,2 dan 12,4 foizga oshdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli iqtisodiy faollikning umumiy susayishi sabab 2020 yil yakunlariga ko‘ra Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi qisman, ya’ni 2019 yildagiga nisbatan 5,4 foiz pasaydi, biroq O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 12,4 foizdan 13,6 foizga oshdi.
2021 yil yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz o‘sdi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning umumiy tovar aylanmasida Markaziy Osiyo mamlakatlari ulushi 17,2 foiz ortdi. Bu mamlakatimizda ichki mintaqaviy savdo-sotiqning kengayganidan dalolat beradi.
Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qozog‘iston ulushi O‘zbekiston tovar aylanmasining eng katta hajmiga ega. 2020 yilda O‘zbekiston bilan mintaqaviy tovar aylanmasida Qozog‘istonning ulushi 61, Qirg‘izistonniki 18,2, Turkmaniston ulushi 10,6, Tojikiston ulushi esa 10,1 foizni tashkil etdi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasing eng asosiy ko‘rsatkichi eksport hajmi bo‘lib, bunda eksport qilinayotgan tovarlarning chet el bozorlarida kirib borish imkoniyatlarni hamda ularning raqobatbardoshlik darajasini ko‘rsatadi.
2016 yildan 2019 yilgacha O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksporti qariyb 2 barobardan yoki 1,3 milliard dollardan 2,5 milliard dollargacha va O‘zbekiston umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi 10,8 dan 14,5 foizga o‘sdi. Shuningdek, eksport hajmi Qozog‘istonga — 1,5, Qirg‘izistonga — 5,5, Tojikistonga — 2, Turkmanistonga 1,8 baravar oshdi.
Koronavirus pandemiyasiga qaramay, 2020 yilda Qirg‘iziston va Tojikistonga eksport mos ravishda 13 hamda 23,5 foiz ko‘paydi.
2021 yilning yanvar-aprel oylari yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz oshdi. Shuningdek, O‘zbekistonning umumiy eksportida Markaziy Osiyo davlatlari ulushi sezilarli — 19,9 foiz oshdi, ya’ni eksportning deyarli beshdan bir qismi mintaqa mamlakatlariga to‘g‘ri keldi.
Markaziy Osiyo mamlakatlariga asosan qayta ishlash sanoatining tayyor mahsulotlari eksport qilinishini hisobga olsak, yetkazib beriladigan xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham mintaqa davlatlarining umumiy eksport hajmidagi ulushi ancha yuqori bo‘ladi.
2020 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo mamlakatlariga 454 million dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yoki sohadagi umumiy eksportning 45 foizi, 365 million dollarlik to‘qimachilik tovarlari yoki ushbu mahsulotlar umumiy eksportining 20 foizi yetkazib berildi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo mamlakatlariga qariyb 150 million dollarlik yengil avtomobillar eksport qilingan, bu esa barcha avtomobillar eksportning 85 foizidan ortiqdir. Shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlar ichida yengil avtomobillar eksport ulushining asosiy qismi Qozog‘istonga to‘g‘ri keldi.
Shuningdek, eksport qilinayotgan elektrotexnika mahsulotlarining 20 foizga yaqini Markaziy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berilmoqda va mintaqa bozorlari ayrim tovar pozitsiyalari, xususan, maishiy texnika uchun «qaynoq manzil» hisoblanadi.
Masalan, 2020 yilda mahalliy «Artyel» kompaniyasi mahsulotlarining Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi yarim avtomatik kir yuvish mashinalari bozoridagi ulushi 50, Tojikistonda 70 foizga, oshxona plitalari uchun: Qozog‘istondagi ulushi 65, Qirg‘izistondagi ulushi 20 foizga, suv isitgichlar uchun: Tojikistondagi ulushi 58, Qozog‘istondagi ulushi 37 foizga yetdi.
O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga eksport qilish hajmini yanada oshirish istiqbollari ulkan. Ta’kidlash joizki, 2020 yilda mintaqa davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 142,6 milliard dollarni tashkil etdi, shundan 12,7 milliard dollari yoki 8,9 foizi ichki mintaqaviy savdo ulushidir. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo mamlakatlarining xomashyo eksportini hisobga olmagan taqdirda ham foydali qazilma hisoblanmaydigan tovarlar uchun mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo ulushi ancha yuqori bo‘ladi.
Shuningdek, ichki mintaqaviy savdo hajmini, ayniqsa, tayyor mahsulotlar hisobiga oshirish ulkan istiqbolga ega, deb hisoblanmoqda. Xalqaro savdo markazi metodologiyasi bo‘yicha qilingan hisob-kitoblar Markaziy Osiyo mamlakatlarining o‘zaro savdoda 1,1 milliard dollar, xususan, oziq-ovqat mahsulotlari borasida 530 million, kimyo sanoatida 180 million, metallurgiya sanoatida 120 million, yengil sanoat tovarlari borasida 110 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyati mavjudligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston ham Markaziy Osiyo mamlakatlariga 600 million dollardan ko‘proq, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari bo‘yicha 350 million, yengil sanoat mahsulotlari bo‘yicha 90 million, kimyoviy mahsulotlar bo‘yicha 80 million dollarlik hamda metallurgiya mahsulotlari bo‘yicha 48 million dollarlik amalga oshirilmagan eksport salohiyatiga ega.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining ichki bozorlarga o‘zaro kirishining kengaytirilishi, asosan, tayyor mahsulot eksportini oshirish bo‘yicha ko‘p jihatdan ular tomonidan qo‘yilgan vazifalarni hal qilishga yordam beradi. Chunki xomashyo bo‘lmagan ko‘pgina tovarlar o‘zaro savdosida ular raqobatchi emas, balki sheriklar bo‘lishi mumkin.
Markaziy Osiyo iqtisodiyoti va aholisining o‘sishi bilan ichki hududiy bozorning umumiy salohiyati ham yuksaladi, mamlakatlararo kooperatsion aloqalar va o‘zaro savdo-sotiq kengayishi esa uning investitsion jozibadorligini oshiradi.
BCG xalqaro konsalting kompaniyasi hisobotiga ko‘ra, keyingi 10 yil davomida Markaziy Osiyoning to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish salohiyati 170 milliard dollarni tashkil etadi.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining investitsion jozibadorligi oshishi bilan O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan investitsion hamkorligi ham kengayib bormoqda. Masalan, so‘nggi yillarda Qozog‘iston kapitali ishtirokida O‘zbekistonda ro‘yxatga olingan korxonalar soni 856 tadan 999 taga, Qirg‘iziston korxonalari 169 tadan 217 taga, Tojikistonniki 171 tadan 205 taga, Turkmaniston korxonalari esa 155 tadan 159 taga ko‘paydi.
O‘zbekiston sarmoyalari ham Markaziy Osiyo davlatlarida faol ishtirok eta boshladi. Masalan, Tojikistonda maishiy elektronika ishlab chiqarish bo‘yicha «Artel Avesto Elektroniks» qo‘shma korxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Transformator ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tuzish rejalashtirilmoqda. Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida plastik eshik va deraza romlari, maishiy texnika ishlab chiqarish qo‘shma korxonalari ishlamoqda, hamkorlikda qishloq xo‘jaligi texnikasi va avtotransport ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Qozog‘istonda avtomobillarni yig‘ish qo‘shma korxonasi, to‘qimachilik fabrikasi faoliyat yuritmoqda, maishiy texnika ishlab chiqarish zavodi ochilishi ko‘zlanmoqda. Bundan tashqari, ishlov berish sanoati, qurilish, avtomobillar savdosi va servis xizmati sohalarida o‘zbek kapitali ishtirokidagi 1200 dan oshiq kichik biznes korxonasi ishlamoqda.
Oliy darajadagi tashriflar doirasida imzolangan kelishuvlar asosida tashkil etiladigan O‘zbek-qirg‘iz investitsion jamg‘armasi va O‘zbek-tojik investitsion kompaniyasi mablag‘lari investitsion hamkorlikning yangi shakli sifatida hamkorlikdagi investitsion loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston chegarasidagi «G‘ishtko‘prik» chegara bojxona posti hududida Markaziy Osiyo xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi qurilishi boshlanib, u ikki davlatning hamkorlikdagi investitsion loyihalarini amalga oshirish uchun yirik sanoat va savdo-logistika maydoniga aylanadi. Markaz 400 gektar maydonni egallaydi va u bir kecha-kunduzda ikkala yo‘nalishda 35 ming odam va 5 mingta yuk avtomobilini o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligi rivoji transport sohasida ham o‘z aksini topdi. Jumladan, mintaqada xalqaro transport yo‘lagi va infratuzilmasini shakllantirish mintaqa davlatlarining eksport mahsulotlarini jahon bozorlariga yetkazishda transport xarajatlari pasayishiga imkoniyat yaratadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston uchun ishonchli va xavfsiz transport yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish o‘ta muhim masala. Chunki mahsulotlarni ochiq dengiz portlariga yetkazib berish uchun yuk tashuvchilarimiz istalgan yo‘nalishda kamida ikkita mamlakat hududini kesib o‘tishi kerak bo‘ladi.
O‘zbekiston Prezidenti o‘zining Turkmanistonga qilgan ilk tashrifi chog‘ida Amudaryo orqali o‘tgan Turkmanobod — Farob avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Ushbu ko‘priklar yuk tashish hajmini 2,5 baravar oshirish imkonini beradi va O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon transport yo‘lagining muhim qismi hisoblanadi.
Xitoy va Qirg‘iziston bilan hamkorlikda qurilgan Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li ham O‘zbekiston uchun muhim loyiha hisoblanadi. U amaldagi yo‘nalishlarga nisbatan masofani 900 kilometrga, yuklarni yetkazib berish vaqtini esa 7−8 kunga qisqartirish imkonini beradi.
Qozog‘iston bilan shimol-janub va teskari yo‘nalishda to‘g‘ri, multimodal transport yo‘nalishlarini yagona tarif siyosatida shakllantirish transport sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi va u ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshiradi.
O‘zbekistonning geografik jihatdan Markaziy Osiyo markazida joylashuvi mintaqadagi savdo-sotiq doirasida tovarlarni qo‘shni mamlakatlar bozorlariga qisqa yo‘nalishlar bilan yetkazib berish va transport xarajatlarini minimallashtirishga yo‘l ochadi. Bu esa mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshiradi va eksport hajmini ko‘paytirish uchun qulay imkoniyatlarni taqdim etadi.
So‘nggi vaqtlarda Markaziy Osiyoda ko‘p yillar davomida go‘yoki yechimi yo‘qdek tuyilgan chegara va suv-energetika sohasidagi masalalarning aksariyati ijobiy hal qilindi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning iliqlashishiga qaysi omillar ta'sir ko‘rsatdi?
Markaziy Osiyoning qoq o‘rtasida joylashgan, eng yirik inson salohiyati hamda barcha mintaqa mamlakatlari bilan umumiy chegaraga ega yagona davlat – O‘zbekiston. 2016 yil oxirigacha davlat chegaralari minalashtirilgan, suv va gaz zaxiralaridan oqilona foydalanish bo‘yicha dahanaki tortishuvlar, o‘zaro chetlab o‘tish va tashqi siyosiy-iqtisodiy manfaatlarga qaram bo‘lmaslikka yo‘naltirilgan muxtor naqliyot hamda temir yo‘llar barpo etilishi natijasida mintaqada ishonchsizlik kayfiyati keskinlashib ketgandi. Hatto qarindoshlar darajasidagi bordi-keldi tashriflari ham nihoyatda cheklangan edi. Oxirgi yillarda mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarda katta yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, yaqin istiqbolda hal qilinishi kerak bo‘lgan bir qancha masalalar mavjud.
Siyosiy muzlar ancha erib, 2017 yil 17 sentyabrida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev «mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratishga erishilgani» va «bu tendensiyaning mustahkamlanishi Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari muntazam uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratishi» haqida dasturiy nutq qilgandi.
Undan avval, 2017 yil 7 fevralda tasdiqlangan 2017–2021 yillar uchun Harakatlar strategiyasining «chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlar» deya tavsiflangan 5.2-bandida «O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini shakllantirish» tamoyili belgilab qo‘yilgan. Fikrimizcha, «yon-atrof» atamasi ortida Afg‘oniston ham nazarda tutilgan.
Umuman olganda, tashqi siyosat davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli ichki rivojlanishi, islohotlarni amalga oshirish, aholi turmush farovonligining oshishini ta'minlash, hayot sifatini ko‘tarish uchun qulay tashqi sharoitni yaratish hisoblanadi. Shundan kelib chiqib O‘zbekiston atrofida tinchlik, barqarorlik va xavfsizlik muhitini shakllantirish eng asosiy vazifalardan biridir. Aynan O‘zbekiston joylashgan mintaqadagi xavfsizlik barqaror rivojlanishning eng asosiy shartidir. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Markaziy Osiyo davlatlari – bevosita qo‘shnilarimiz bilan do‘stona, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash asosiy ustuvor tashqi siyosiy yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yilgan.
Xo‘sh, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatining Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik va umumiy tashqi siyosat yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?
Do'stlaringiz bilan baham: |