5-MAVZU. OLAMNING UNIVERSAL ALOQALARI VA RIVOJLANISH. FALSAFANING QONUN VA
KATEGORIYALARI
79
organizmda juda xilma-xil ko‘rinishlarda sodir bo‘ladi. Bu ko‘rinishlar — hodisalar. Mohiyat va
hodisa o‘zaro umumiy va o‘ziga xos xususiyatlarga egadir. Bu xususiyatlar quyidagilardan
iboratdir:
1.
Mohiyat ichki aloqalarni, hodisa esa tashqi aloqalarni ifodalaydi. Masalan, inson
daraxtning shitirlashini, qushlarning sayrashini eshitadi. Bu hodisalarning sababi turlicha bo‘lsada,
ularning mohiyati bittadir, ya’ni havo zarralarining tebranishidir. Biroq inson buni birdan payqay
olmaydi. Dastlab u hodisa sifatida yuz bergan narsani faxmlaydi, so‘ng uning mohiyatini bila
boshlaydi.
Mohiyat narsalarning ichki aloqadorligi bo‘lgani sababli, u chuqur tahlil qilish va izlanish
natijasida, amaliyot jarayonida bilib boriladi. Hodisa esa aksincha, hissiy organlar orqali bevosita
idrok etiladi. U hissiy organlarimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir etib, u yoki bu sezgi va
idroklarimizni hosil qiladi.
2.
Mohiyat bilan hodisa o‘zaro birlikda bo‘lishi bilan, ular bir-biriga qarama-qarshi
ham, shu sababli ular hech vaqt bir-biriga aynan mos kelmaydi. Ularning qarama-qarshiligi
borliqdagi narsalarning o‘z tabiatidan kelib chiqadi. Mohiyat hodisada yashirin bo‘ladi va uni
bevosita hissiy organlar orqali bilish mumkin emas. Hodisa — narsalarning namoyon bo‘lishi
shakli sifatida mohiyat bilan hech vaqt mos kelmaydi. Agar narsalarning namoyon bo‘lish shakli
bo‘lgan hodisa mohiyat bilan bevosita mos kelganda edi, u holda har qanday fan ortiqcha bir narsa
bo‘lib qolgan bo‘lur edi. Fanning vazifasi borliqning ko‘pdan-ko‘p hodisalari, ularning tashqi
tomonlari va belgilari ostida yashirinib yotgan, ularning asosini tashkil qiladigan mohiyatlarni
izlab topishdan iborat.
3.
Mohiyat nisbatan doimiyligi va barqarorligi bilan hodisadan farq qiladi. Mohiyat
va hodisa munosabatini daryoning yuzidagi ko‘piklar va uning ostidagi suvning tez oqimiga
o‘xshatish mumkin. Bundagi daryo harakatining yuzidagi ko‘piklar hodisa bo‘lsa, ularning
ostidagi suvning tez oqimlari mohiyatdir. Lekin uning ustidagi ko‘piklar ham mohiyatning o‘ziga
xos ifodasidir.
4.
Mohiyatning nisbiy doimiyligi va barqarorligini, hodisaning o‘zgaruvchanligini
mutlaqlashtirmaslik lozim. Chunki mohiyat ham, hodisa ham o‘zgarib boradi. Lekin mohiyat
hodisaga nisbatan sekin o‘zgaradi, u ma’lum barqarorlikka ega.
Mohiyat va hodisa o‘zaro umumiy tomonlarga ega. Masalan: a) har qanday mohiyat
hodisada namoyon bo‘ladi, hodisa esa mohiyatning u yoki bu holda ko‘rinishidir: b) mohiyat va
hodisa ob’ektiv xarakterga ega bo‘lib, ular inson ongiga bog‘liq bo‘lmagan holda ham mavjuddir;
v) mohiyat ham, hodisa ham doimo o‘zgarishda va rivojlanishda bo‘ladi. Biroq mohiyat va hodisa
ziddiyatli xarakterga ham ega. Shu bilan birga, mohiyatning o‘zi ham ziddiyatlidir. Dialektika
buyumlarning o‘z mohiyatidagi ana shu ziddiyatlarni o‘rganadi.
Dialektikaning mohiyat va hodisa kategoriyalari konkret fanlarning shu sohada erishgan
yutuqlarini umumlashtirish asosida doimo boyib, rivojlanib boradi. Ular inson amaliyoti va barcha
fanlar yutuqlarini umumlashtirish natijasida kelib chiqqandir. SHu jihatdan mohiyat va hodisa
kategoriyalari inson bilimlari tizimining hamma sohalariga tegishli bo‘lib, dunyoni bilishning
metodologik vositasi sanaladi.
Mohiyat va hodisa bog‘lanishlari fan va amaliyotda ham muhim o‘rin tutadi. Bunda
hodisani mohiyatdan ajrata bilish muhim. Mohiyatni hodisadan ajrata bilmaslik nazariya va
amaliyotda jiddiy xatolarga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: