Tushuncha
–
narsalar va hodisalarning umumiy, muhim xossa va aloqalari aks etuvchi fikr.
Tushuncha – tafakkur, tushunish faoliyatining mahsuli. Ular
nafaqat narsalar va hodisalarning
umumiy jihatlarini aks ettiradi, balki
ularni bir-biridan ajratadi, ular o‘rtasida mavjud farqlarga
qarab ularni
guruhlaydi, tasniflaydi. Bundan tashqari, biz biror narsa haqida tushunchaga ega
ekanligimizni ta’kidlar ekanmiz, bunda mazkur ob’ektning mohiyatini tushunishimizni nazarda
tutamiz. Masalan, «inson» tushunchasi nafaqat muhim umumiy, ya’ni barcha odamlarga xos
bo‘lgan jihatni, balki har qanday odamning boshqa har qanday narsalardan farqini ham aks ettiradi,
mazkur odamning mohiyatini tushunish esa, umuman insonning mohiyati, ya’ni inson haqidagi
tushunchaning mazmunini bilishni nazarda tutadi: «Inson – aql, so‘zlashish va mehnat qilish
qobiliyatiga ega bo‘lgan bioijtimoiy mavjudot». Sezgi, idrok va tasavvurlardan farqli o‘laroq,
tushunchalar ko‘rgazmalilik yoki hissiylikdan xolidir. Idrok daraxtlarni, tushuncha – umuman
daraxtni aks ettiradi. Tushunchaning mazmunini ko‘pincha aniq obraz ko‘rinishida tasavvur qilish
mumkin emas. Inson, masalan, yaxshi odamni tasavvur qilishi mumkin, biroq u yaxshilik,
yomonlik, go‘zallik, qonun, yorug‘lik tezligi, sabab, qiymat kabi tushunchalar va jarayonlarni
sezgi obrazi ko‘rinishida tasavvur qila olmaydi. Har qanday fanning barcha tushunchalari haqida
shu fikrni aytish mumkin. Ularning ob’ektiv ta’rifi ko‘rgazmalilik chegaralaridan tashqarida
bilvosita aniqlanadi.
Tushuncha muhim jihatlar va xossalarni aniqlaydi va ularni o‘zida mujassamlashtiradi: tushuncha
mohiyatning fikrda ifodalangan obrazidir. SHuning uchun ham oz sonli tushunchalar son-sanoqsiz
narsalar – xossalar va munosabatlarni qamrab oladi. Tushunchalar turli davrlarda mazmunan har
xil bo‘lgan. Ular ayni bir inson rivojlanishining turli darajalarida har xildir. Haqiqiy ilmiy tafakkur
madaniyati biron-bir tushunchani aniq ta’rifsiz qoldirmaslikni o‘zi uchun qoida deb biladi. Buyuk
mutafakkir Suqrot tushunchalarni mantiqiy jihatdan aniq ta’riflash haqiqiy bilimning bosh
shartidir, degan edi. Tushunchalar inson ongida ma’lum bog‘lanishda, mulohazalar ko‘rinishida
yuzaga keladi va mavjud bo‘ladi. Tafakkur – biror narsa haqida hukm chiqarish, narsaning turli
tomonlari o‘rtasidagi yoki narsalar o‘rtasidagi muayyan aloqalar va munosabatlarni aniqlash
demakdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |